OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maritsa Bodrojich (1973)

Maritsa Bodrojich 1973 yilning 3 avgustida Xorvatiyada tavallud topgan. 1983 yili Germaniyaga ko‘chib kelgan. O‘n yoshidan e’tiboran Berlin shahrida istiqomat qilmoqda. “Tito o‘ldi” nomli hikoyalar to‘plami (2000) orqali adabiy jamoatchilikka tanildi. “Botiniy lahzalar o‘yinchisi” (2005) romani, “Bitta patida o‘zgarmabdi kolibrining” (2007) she’riy kitobi nashr etilgan. “Xotiraning qalb surati” badiiy filmi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan. O‘nga yaqin mukofotlar sovrindori.
M.Bodrojichning turkum she’rlari “Guliston”, “Jahon adabiyoti” jurnallarida, “Hurriyat” gazetasida, “Meros yulduzlar jilosi” essesi “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilgan. Nemiszabon xorvat adibasi she’riy turkumi “XX asr jahon she’riyati” antologiyasiga (Toshkent, 2011) kiritilgan.

* * *

Bitta pati-da o‘zgarmabdi kolibri*ning
tush odamiga kirib kelarkan
qanotlari ila havoni chizar
men osmonman, deydi,
men moviy osmonman.

Odamlar uchayotgan go‘zallik
qoshida lol qolisharkan,
ustomonlik qilishar
chamalab-chamalab
shunday deyishadi kolibriga:
sendagi rang — rang emas, xayol.

Qush taajjubni odamlardan o‘rgandi
binafsha rang gullar yoqqa uchib ketdi.
Daf’atan sehrli kitobini ochib ko‘rdi-yu
shosha-pisha varaqladi-yu
kapalakka aylandi varaqlar yopilguncha to.

Qanotlari ila havoni chizib
men osmonman, deydi,
men moviy osmonman.

Bundan buyog‘iga bolalar tush ko‘rishmas,
gapirayotgan mo‘jizani barmoqlari orasiga
olishsa chang to‘kiladi.
Kapalak battar sarg‘ayib
uchib ketdi suratlarning ko‘hna makoni tomon,
unda limon hidi hukm surardi.

Endi u — kolibri. Bitta pati-da o‘zgarmagan
parvoz qilayotgani tushlar olami.
Yana o‘sha tevarak-atrof,
yana o‘sha hayrat og‘ushidagi odamlar.
_________
* Kolibri — Dunyodagi eng kichik qush

* * *

Bir ming yil o‘tar ikki bora,
toki mo‘‘jizalar kurtak yozguncha,
yorongulga aylanguncha so‘zlar navbatma-navbat,
dam uzilib, dam suzilib o‘sishgunicha,
o‘zlarini unutib ahyon-ahyonda.

Botinida — Ulkan ko‘z.
Bu dunyoga nisbatan
Misoli Ko‘zgu.
Unda akslanadi taqdir chigalliklari,
beomon urush lavhalari. Ochlik. Qahatchilik.
Qalbning o‘ziga xos o‘rta asri.

Biroq bunda ham kitoblar yozilar.
Asl shimol bug‘ulari
tavallud topar. Yoz o‘z mavsumini tugatar.
Ertaklar, rivoyatlar,
shamol birma-bir sanab yurgan mavjudotlar.
Binobarin o‘sha daho Motsart
bir kuni albatta tirilar qayta.

* * *

Apelsin osmoni. O‘zga bir ohang
aylanar foniylik girdobi ichra
xush damlarning samimiy sasi.

Mevalar ko‘zi rangdor jomadon,
gir-atrof mezbon. Havodan ilingani
Mehr. So‘ragani — Mo‘‘jiza.

Inson bulutlarni ushlab ko‘radi:
to‘kilayotgan shabnam — orzusi,
nur esa go‘zal ishqdan charchab ko‘rgan tushlari.

* * *

Baliq parvoz qilar.
Soyalar avval daryoda
so‘ng ko‘lda cho‘milishadi.

Kindigimda shahodat bitigi bor,
kindigimga Yer yashiringan.
Yakshanba shitob ila o‘tarkan
bir kishi Yerni zambilg‘altakda tashiydi.

Shunda barmoqlarim hunar ko‘rsatadi
Yomg‘ir tomchilari ostida ochiladi.
Dov-daraxtlar ketishga taraddud ko‘rar
ularning qismati shu-da axir.

Shamol daraxt uchlari bilan majlis tuzib
shoxchalarning shivir-shiviridan iborat
suhbatini taqqa to‘xtatdi.
Go‘yo shuni kutib turganday
Uyg‘onar mushuklar oilasi ham —
Botinimda. Peshona va yurakning orasida.

Yolg‘izgina delfinim bor edi
munofiq odamlar delfinimni
uzoq vaqtgacha yashirib qo‘yishgan ekan.
Men buni bilib qoldim.

Yana bitta ilova:
O‘zimni ko‘rdim — shuncha urinib-turtinib
hech qachon meni o‘z izmiga sololmagan
O‘zimni ko‘rdim.

* * *

Shamollar ortida, palmalarning narigi tarafida
qanaqa bitiklar bizni kutib olmoqchi ekan.
Ular bizni yashillik og‘ushida kutishadi.
Ular tog‘lardagi
hech qachon topib bo‘lmaydigan
sarhadlarda bizga ilhaqdirlar.

May marvaridguli vodiysida
gul muhabbatga qodirligini namoyon etar.
Kun to‘xtab qolgan edi. Hamon bugungi kun edi
chunki marvaridgullarni ko‘rinmas narsalar ila oziqlantirdik.
Sal-pal teginib, sabrli tilimiz ila parvarish qilarkan
tasvirlanishga munosib qilardik marvaridgullarni.

* * *

Yuzma-yuz tuyg‘u,
ko‘llar pastda, yerda
kuldirgichlar osha sochilgan mo‘‘jizalar —
ortga qarayotib shularni ko‘rdik.
Soatimiz millarini qordek sovuq farishtalar to‘xtata bilmadi,
buning sababi xotirot og‘riqlari qo‘llarimizga ma’no berib turardi.

O‘shanda dekabr oyi edi, advent o‘rtalari
bildikki, xamirtog‘arada bilimimiz uxlab yotgan ekan
ashyolar go‘zalligini tush ko‘rib.

Ismlarimiz oyoqlarimizdagi poyabzal kabi
fe’l-atvorimizga mos tushgan edi.
O‘lchoqlarimizni hech kimga o‘g‘irlatmagan edik.

Tashqarida esa
insonlarning haqiqiy dunyosida
hozirgi zamon qalingina kiyinib olgan edi.
O‘tmish lom-lim demadi.
U bilan azob-uqubatlarni baham ko‘rganlar
bu yoqqa tashrif buyurmadilar ham.

Sen va men,
ya’ni singlim va sening bolang
yoyilgan masofalarni fikrlar cho‘tkasi ila
tarab-tarab bosib o‘tishdi.
Gumbaz yerto‘lasida,
qadam tovushlarimiz ortida
asalli kulchalar hamda ziravorlarning
dimoqni yorguday xush bo‘ylari anqir edi.

Dekabr ob-havosi iliq kelgandi.
bu tarovat davrimizgayam yuqar edi
qadam-baqadam.
Davrimizda dekabr iliqligi qulf urar edi.

* * *

Bir tulki ishkom oralab
yaproq kosasidagi shudringlarni sipqorib qo‘ydi,
dum-dumaloq ko‘zlari ila menga uzoq tikildi,
xuddi tanbeh berishimni kutib turganday.
Men esa uni ham, boshqa bir hayvonni ham
huzurimga chorlamagan edim.

Ro‘parada tog‘ darasi,
yuqoriga qarasam darada aksim ko‘rindi.
Shunda
pirillab qushlar uchib chiqishdi daradan,
qanotlarida notanish ifor —
begona bir hid.
Qornimda
xayrixoh qo‘shiq jarangi,
kelishuv, botiniy bitim nomasi.

Ichkariga kirdim, ko‘zim yoridi,
tulkiga ko‘rsatdim bolamni.
Tulki go‘dakning mitti quloqlaridan
oyoqchalariga qadar tikiddi.
Shunda shosha-pisha
birvarakayiga to‘rtta soatiga qarab
oyog‘ida yaltillagan shudringga imo qildi.

Ko‘rsatkich barmog‘iga
mahliyo bo‘lib turgan paytimda
bolaga chang soldi,
ko‘z ochib yumguncha g‘oyib bo‘ldi u.

Uzumzorga qarasam marvarid shudring donalari,
ishkom uzra g‘ir-g‘ir esmoqda yoqimli bir tong shabbodasi.
Havoni simirdim.
O‘yga cho‘mdim,
so‘ng esa uyimga jo‘nadim.

Kelasi kuzda,
yangi hosil yig‘imi vaqti,
yana ko‘rib qoldim o‘sha tulkini.
Anchayin horg‘in…
Aytishiga qaraganda bu yoqqa atayin kelmagan ekan,
yo‘l-yo‘lakay burilgan shunchaki.
men bu gapiga ishondim.
Shundan so‘ng boshqa ko‘rmadim uni.

OTAM MENI QOR QIZIM DERDI

Boisi tug‘ilgan vaqtimda
og‘zimdan onamning ko‘ksiga
qor uchqunlari sochilgan ekan.
Qish kelsa ko‘zguning ichiga kirib
qayta chiqqisi kelmaydigan qorqiz edim
Onamning yumshoqqina bag‘rida
osuda uxlardimmi yoki…
bularning bari xotiramda yo‘q.,
Jigarrang chambarli do‘ng ko‘krak,
biroq avvalgiga nisbatan o‘ta yangi joy.
Hali “Men” qiyomiga yetmagan
qayga qaramang mensizlik.,
barcha-barchasi mensiz,
barchasi hamisha mensiz.
Ota-onam sayohatga chiqishlaridan sal oldin
meni boshqa ism bilan atagan ekanlar.
Biri Dengizga Yaqin deyishsa,
ikkinchisi Yorug‘ deb chaqirgan.
Aynan o‘shanda
yoz soyam uzra uzoq cho‘zilgan,
biroq menga yaqin kelmay shuvillaganicha
o‘tganu ketgan.
Otamning tushlarida: Qor, Qor Ayol,
Millionlab hujayralar
va vergul,
vergul ortida millionlar –
o‘zini batamom unutish uchun.
Men Dengizga Yaqin va Yorug‘,
O‘zimni haqiqiy yozga atab asramoqda edim.
Oq uchqunlar
oq rangni surib olib
yuz-ko‘zlarga urilar edi.
Hatto quloqlardan pag‘a-pag‘a bo‘lib
qor yog‘ar edi.
Quloqlardan yog‘ayotgan qorni nazorat qilib
bo‘lmasdi. Burundan muz tushar edi,
muzdan boshqa hech vaqo yo‘q edi.
U yerda mening muzim
chana uchishga mo‘ljallanib qotib qolgandi.
Kanday yaxshi hammayoq yax, yax, yax –
bo‘g‘iq tovushli qish,
uchib ketolmagan kaptarlarning sovuq ini,
g‘o‘ngillab yurgan eski asalari
o‘z fe’lidan qochib
to‘ppa-to‘g‘ri menga qarab uchib kelmoqda.
Tosh otdim – qulab tushdi.
Qo‘limdagi ashyo – musiqa negizi.
Qishloqqa rosmana yoz keldi,
Yozdan tug‘ilgan kunimga atab bir bo‘lak
tortib oldim.
Onam shaharga keldi,
eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldi
va bor vujudi bilan
to‘ldirib turdi avgust oyini.
Cho‘ntagidan chak-chak
tomardi
bo‘sag‘aga,
na-da bo‘sag‘aga, oyog‘im ostiga,
na-da oyog‘im osti, butun hayotimga
muqaddas Bibi Maryam bayramining daqiqalari.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.