OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xans Magnus Ensensberger (1929)

Xans Magnus Ensensberger jahonga mashhur nemis yozuvchilaridan biridir. U nasrnavis sifatida ham, shoir sifatida ham birdek tanilgan. Shuningdek, noan’anaviy usullar to‘g‘risidagi adabiy- tanqidiy maqolalari adabiyot ixlosmandlarida qiziqish uyg‘otgan.
U 1929 yilda Germaniyaning Kaufboyren shahrida tug‘ilgan. Hozirgi davrda Myunxenda istiqomat qiladi. “Bulutlar tarixi”, “Rebus”, “Vujud ostida” singari ko‘plab she’riy to‘plamlari bosilgan. Uning she’rlari o‘zbek tiliga ilk bora 1997 yillarda o‘girilgan. Robiya Abdullaeva va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimasida “Yoshlik” jurnalida bosilgan o‘sha she’rlar “Tanishuv” kitobiga (Toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 2000 yil) kiritilgan.


VUJUD OSTIDA

Bu zim-ziyo koinot
vujud ostidagi koinotdir.
U xayol surmaydi.
sen pinakka ketar ekansan oromingga orom qo‘shar u.
Yer osti ma’budi Plutonga xos notinchlik,
erda, ko‘kda sodir bo‘lajak zilzilalar
ulkan kimyoviy ofatlar chizgilari
zohir bo‘lgan idishga u ham aloqador.

Tush ko‘rayotganing – chakalakzorlar
eng olis o‘tmishlarga xos.
ko‘zni aldaydigan ranglar.
hovuri chiqayotgan havo.
obi yovg‘on.
urchitilayotgan tekintomoqlar.
antiqa to‘da
yilt etib o‘tib ketaveradi,
qirilib bitar yilt etganida.
Saytrsfer asbobida shundoq tasvir,
sen esa ne bo‘layotganini bilmaysan.
Tinchgina, sokingina nafas olib yotibsan,
hech neni ko‘rmaysan, hech neni eshitmaysan.
nelar sodir bo‘layotir – ishing yo‘q.
Operator esa
ichingga
rezina ichak yuborib
kuzatib turibdi
ulkan ekran osha
tan a’zolarining
qiy-chuv shovqinlarini.

LEVIAFAN*

Bu tarvaqaylab ketgan maxluq
bo‘rni paqqos tushirdi ko‘z oldimizda.
oq tishlarini ko‘rsatib tirjaymokda u.
Agarda gapirmoqchi bo‘lsa
tepadan pastga qarab gapiradi
o‘zining tushuniksiz olmon tilida.
Biz aniq bilamizki,
u qatliomda ustasi farang,
har joyda hoziru nozir.
Ochofat. Ovqat bersang yeb to‘ymas sira,
odamovi,
yokimsiz.
Goho gandiraklab yiqilib qolar,
so‘ng o‘rnidan turadi arang.
U bizsiz, xesh-aqrabolarisiz
hech kas emas.
U yelimtaloqdek bizga yopishar,
bu abadiy mijg‘ov jonimizga tekkan,
bu befoyda maxluqqa
ishi tushmas hech kimning.
_____________
* Leviafan – Tavrotda nomi keltirilgan dengiz hayvoni.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.