O‘rujov Hidoyat Xudush o‘g‘li 1944 yilda Armanistonda tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, publitsist, yirik jamoat arbobi. Ozarbayjon Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan. Turli adabiy-badiiy tashkilotlarda, davlat idoralarining mas’ul lavozimlarida ishlagan. O‘nga yaqin kitoblari chop etilgan.
Hidoyatning dramalari muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilgan. She’rlari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. U Armaniston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
BA’ZAN KUZ BO‘LURSAN...
Ba’zan kuz bo‘lursan, ba’zida bahor,
Qishingda sochimga elanadi qor...
Goh sig‘mas ko‘ksimga tuyg‘ular zinhor —
Nega meni sokin qo‘ymaysan, yurak?
Shirin xayollardan to‘ymaysan, yurak.
Sevasan insonni, tabiatni sen,
Qaydan topding bundoq muhabbatni sen?
Izlab tinmagaysan saodatni sen...
Men-da ingrog‘ingni tuyaman, yurak,
Sen bilan yonaman-kuyaman, yurak.
Asr asablari yelkangda yukdir,
Dard-g‘aming dunyodan yuz bor buyukdir.
Senga aytolmaslar: ishqing so‘niqdir;
Ko‘kda ming yulduzga hayronsan, yurak,
Yerda-chi, bir qizga qurbonsan, yurak.
Sirdirsan, bilgisiz koinoting bor,
G‘amgin fursating bor, xush soating bor...
Sening-da, sening-da o‘z hayoting bor,
Menga sur’at bergan to‘fonsan, yurak!
Sen — samo, sen — daryo,
Jahonsan, yurak...
* * *
Esadi sarsari kuzak yellari
Burgutli tog‘larga chang tushgan zamon.
Yuragim lovullar, yuragim yonar
Xayol osmonimga sen tushgan zamon.
Axir, ne qoladi mening izimdan?
Bilakdan kuch ketsa, quvvat tizimdan,
Qaytmasman ilk ishqim — yoniq so‘zimdan,
Qora sochga oppoq rang tushgan zamon.
Ilhom — goh holsiz soy, goh jo‘shqin kulak*,
Har misra yurakdan chiqmog‘i kerak,
Qani ne tuyarkin sendagi yurak,
Uning eshigiga man tushgan zamon!
________________
* Kulak — shamol.
TUG‘MALIK
Aziz Xudushga — otamning ismi qo‘yilgan jiyanimga
Bir kent bag‘rida dunyoga keldim.
Bu elda azaliydir har tosh, har bir tog‘.
Ko‘p sirni keyinroq angladim, bildim,
Bunda go‘zalikka yetmagay sanoq.
Quyosh ham o‘zgacha chiqar bu yerda,
G‘urubi g‘aroyib ertakka mengzar.
Bunda poy-piyoda, bunda egarda
Chaqmoq shijoatli yigitlar kezar.
Eng toza muhabbat, ulfat, sadoqat
Bundagi insonlar orasidadir.
E’tibor, jasorat, mardlik, diyonat
Bu qora ko‘zlarning qorasidadir.
Bunda taronadir tog‘ ham, chaman ham...
Gohida toliqib, ishdan bezgan kun,
Ketaman u yerga topgali ikrom,
Ketaman u yerga poklanmoq uchun.
Guldasta tizmoqqa, nargiz termoqqa.
Har kasdan minnatsiz hurmat ko‘rmoqqa,
Nuroniy chollar-la ko‘rishmoq uchun,
Qaynar chashmalar-la o‘pishmoq uchun.
Yo‘llarni sayr etib, dovon oshmoqqa,
Shirin tuyg‘ular-la quchoqlashmoqqa,
Hikmat dunyosiga bo‘ylanmoq uchun,
Ma’badlar oldida tayanmoq uchun,
Mingteran savolni so‘rgali tag‘in,
Yo‘llarni arqokday o‘rgali tag‘in...
borgum u yerga.
Bilsayding, unda men naqadar aziz,
O‘zim pok, so‘zim pok, ruhim pok, tamiz.
Ilhom-la, hikmat-la, so‘z-la to‘laman,
Yangidan cho‘qqilar o‘g‘li bo‘laman!..
...Shaharga qayturman, bilmayman, nega, —
Dunyodan, hayotdan qilgali gina?!
...Bir kent bag‘rida dunyoga keldim,
Bu elda azaliydir har tosh, har bir tog‘.
Ko‘p sirni keyinroq angladim, bildim,
Bunda go‘zallikka yetmagay sanoq!...
Usmon Qo‘chqor tarjimalari