OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zohid Xalil (1942)

Zohid Xalil (Xalilov Zohid Abdulla o‘g‘li) 1942 yilda Yevlax shahrida tug‘ilgan. 1959—1965 yillarda Ozarbayjon Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. Yevlax shahar madaniyat uyida mudir, "G‘alaba" tumanlararo gazetada adabiy xodim, "Tashabbus" tuman gazetasida mas’ul kotib, universitetning "Yosh muallim" gazetasi muharriri, 1970 yilda Adabiyot tarixi kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Filologiya fanlari doktori, professor.
Adabiy faoliyati 1958 yilda "Yangi Yevlax" gazetasida bosilgan "Mening vatanim" she’ri bilan boshlangan. Keyin "Uchayotgan chiroqlar" (1968), "Chumolilar"(1971), "Men ranglarni taniyman" (1972), "Ko‘kdan uch olma tushdi" (1974), "Qushlar" (1977), "To‘rg‘aylar kuylaydi" (1979), "Ballija" ("Bol tashuvchi mitticha", (1981), "Chiroq Nananing naqllari" (1983), "Jirtlon ila Azmonning yangi mojarolari" (1985), "O‘tlar yurtining poytaxti" (1992), "Dunyoning eng bolacha naqllari" (2002) singari kitoblari nashr etilgan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
2002 yili "Qizil qalam" mukofoti sovrindori degan unvonga sazovar bo‘ldi. Asarlari rus tiliga ham tarjima qilingan va “Literaturnaya gazeta”ning "Zolotoy telyonok" ("Oltin buzoq") mukofotiga sazovor bo‘lgan.


QOLAJAK BU SO‘QMOQLAR

Zarrin nurga burkanib,
Dilni tortar yiroqlar.
Tog bag‘rida ko‘rinar
Qancha-qancha so‘qmoqlar.
Qushqo‘nmas qoyalarning
Yo‘lda go‘yo ko‘zlari:
Yodgor bo‘lib qoladi
Bunda oyoq izlari...
Tumanlarni parchalab,
Tog‘ boshida qor kechib,
So‘qmoqlardan o‘tishgan
Sho‘x bolalar suv ichib.
Bu jar uzra echkilar
Gurs-gurs urar boshga bosh,
Tegsa jayron oyog‘i
Tosh ketidan tushar tosh.
Suv ichgan deb o‘ylamang
Bunda marol yo jayron,
Tilga kirar lol buloq:
— Bundan o‘tdi qiz, o‘g‘lon..
Chor atrofga sas, sado
Solajak bu so‘qmoqlar.
O‘tajak oylar, yillar,
Qolajak bu so‘qmoqlar.


TO‘LQINLARNING NAG‘MASI

Oq dolg‘alar hujum qilar
Oq ayiqlarday,
Bir yuksalar, birda inar
Misli chag‘alay.
Dengiz bu kun g‘azablidir,
Ko‘pirar, toshar.
Mayli, toshsin, dengizlarga
Jo‘shmoq yarashar.
Hujum qilgan dolg‘alarning
Gapi bormikin?
Sohillar-la gaplashishdan
Umidvormikin?
Quyosh oltin baliq kabi
Ko‘k suvda suzar.
Dengiz go‘zal, osmon go‘zal,
Sohillar go‘zal.
O‘zaniga sig‘may sira
Dolg‘alar toshar,
Mayli, toshsin.
Dengizlarga
Jo‘shmoq yarashar.
O‘zing kabi fikring chuqur,
Qalbing javohir.
Ko‘k dolg‘alar, ko‘k to‘lqinlar
Asarlaringdir.
Ilhoming ham ulkan buloq,
Ko‘pirar, toshar,
Jo‘sh, e dengiz, dengizlarga
Jo‘shmoq yarashar.


QO‘ZILARNI HURKITMANG

Yangi tushgan kelinchak — bahor
Ro‘molini yechib yubordi.
To‘lib ketdi ranglarga o‘tzor,
Qovog‘ari gullarga bordi.
Shudring o‘ynar o‘tlar bargida
Qo‘zi chaynar beda poyasin.
Qora-qora tumshuqlarida
O‘ynar ikki shudring donasi.
Uydan chiqing, yuguring, ko‘ring:
Qanday go‘zal bahorda tuproq!
Qovog‘ari zavqini bo‘ling,
Qo‘zilarni hurkitmang biroq.

Miraziz A’zam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.