Husaynov Mammad Abbos o‘g‘li Ozarbayjon xalq shoiri, xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Arman istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. Bokuda baqqol oilasida tug‘ilgan. Ozarbayjon pedagogika institutining sharqshunoslik fakultetini bitirgan.
Ilk she’riy kitobi "Orzular" (1930) bosilgan. Yozuvchilar uyushmasida (1938— 1940), mudofaa bo‘limi rahbari (1941 — 1946) bo‘lib ishlagan. 1977 yil 6 mayda Bokuda vafot etgan.
"Xoqoniy"(1955) dramasi, "Sayot Nova" (1956), "Notavon" (1962) dostonlari muallifi. Sh. Petefi, P. Beranje, A. Tvardovskiy, A. Blok, F.Shiller, N.Nekrasov, O.Tumanyan asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan.
YOLG‘IZ MOZOR
Egnimda bo‘z shinel, qo‘limda yaroq,
Oyog‘im ostida yarador tuproq.
Yelkamga askarlik xaltasin ortib,
Odimlayman yo‘llar tanobin tortib.
Tepamda aylanib uchar bir shunqor,
Osmonga to‘sh urib qanotin qoqar,
Men-chi, qanotsizman, tushganman tuzga,
Horg‘in oyoqlarim kirmaydi so‘zga —
Sudrab bosayapman ularni zo‘rg‘a,
Manzil esa olis, vujud qovurg‘a.
Mador yo‘q askarning oyoqlarida,
Bir tepa ko‘rindi sag‘al narida.
Safar shinelimni yerga solish-chun,
Biroz non-tuz tatib nafas olish-chun,
O‘sha tepa tomon yo‘l soldim shu dam,
Yuksakka intilar hamisha odam.
Ana yetib keldim do‘nglikka, qara,
O‘ngimda namoyon g‘arib manzara.
Men tepa deganim bir mozor ekan,
Qonli jang-jadaldan bir yodgor ekan.
Shu tuproq ostida bir askar yotar,
Qirg‘in-barotlardan bexabar yotar.
Qayd etib urushda u o‘lganini,
Yozishgan taxtaga kim bo‘lganini:
"Bu yerda jim yotar bitta nafardir,
Ozarbayjon o‘g‘li jangchi Safardir.
Gullar hid taragan chog‘i har yoqqa,
Biz uni topshirdik qora tuproqqa"
Qo‘shin ilgarilab ketdi suv misol,
Suruvdan ayrilgan bir qo‘zi misol,
U orqada qolib ketgan yiroqda,
Charchadim turibman zo‘rg‘a oyoqda.
Egilar ko‘ksimga kadarli boshim,
Go‘yo yotar bunda og‘am-qardoshim.
Tark etib ketolmam qabrdan nari,
Shu payt o‘tayotgan onaxon-qari,
Kelib o‘ng tarafda, yonma-yon turdi,
Cho‘qinib xochiga qo‘lini urdi.
Bilmasdan marhumning u milatini,
Shunday bajo aylar o‘z hurmatini.
So‘ng ketdi tugunni olgancha qo‘lga.
Men ham chikdim hasrat-la yo‘lga.
Mozor olislarda qoldi xol kabi,
Nazardan yo‘qoldi bir xayol kabi.
Yo‘q, yo‘q gapning rostin aytmayin nechun
O‘sha go‘r xotira bo‘lar men uchun...
Aylanar haftalar, o‘tadi oylar,
Qulab tushadilar qadim saroylar.
Oqar shaharlarda seldek qizil qon,
O‘qlardan go‘daklar bo‘ladi qurbon.
Ne bo‘lsa, ne ko‘rsam o‘shandan beri,
Ul mozor xayoldan ketmaydi nari.
Ko‘zlarim o‘ngida jonlanar har on,
Xoch tutib cho‘qingan o‘shal onaxon.
Yo‘llarning horg‘ini, g‘amgin nazari
Hamda notanishning tanho mozori.
QISH
Qor qopladi tog‘larni,
Qir-adiru bog‘larni.
To‘ngdi daryo, buloqlar,
Muz bog‘ladi butoqlar.
Qish shunday davron surar,
Chorlab sovuqni — qorni,
Qirsa zararkunandani
Qish yomon degan bormi?
Bug‘doyni yopmasa qor
Ko‘rpadayin agarda.
Sunbullar ummon kabi
Chayqalarmi bahorda?
Qish bizga ne’mat berar,
Tam berar, lazzat berar.
Qor tushmasa cho‘llarga
Yetarmizmi gullarga?
Qishsiz bahor ham bo‘lmas
Bog‘lar mevaga to‘lmas.
Qish bizga ne’mat berar,
Tam berar, lazzat berar.
Fayzi Shohismoil tarjimalari