OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rasul Rizo (1910-1981)

Ozarbayjon xalq shoiri Rasul Ibrohim o‘g‘li Rizaev (Rasul Rizo) Go‘ychoy tumanida tug‘ilgan. 1927—1937 yillarda Zakavkaze universitetida, Moskva Millatlar institutida o‘qigan.
Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi, Ozarbayjon Kinematografiya qo‘mitasi raisi, Ozarbayjon Entsiklopediyasi Bosh muharriri, Xabar agentligi raisi bo‘lib ishlagan.
1981 yilda Bokuda vafot etgan. U shoira Nigor Rafibeylining umr yo‘ldoshi, yozuvchi Anorning otasi, yozuvchi Gunel Anorqizining bobosidir.
Shoirning ilk she’ri 1927 yilda "Qizilqum" to‘plamida chop etilgan. "Derazamga tushgan yog‘du", "Tuyg‘ular, tushunchalar", "To‘zim", "Janublar, shimollar", "Qizil gul bo‘lmasa edi", "Bir kun ham inson umri", "Xalq hakimi" kabi o‘nlab she’riy kitob va dostonlari nashr qilingan. Bulardan tashqari u bolalar uchun ham asarlar, ilmiy-tanqidiy, publitsistik maqolalar ham yozgan, chet tillardan Ozarbayjon tiliga o‘nlab badiiy durdonalarni tarjima qilgan.


KO‘NGIL

Omon ko‘ngil, sening dastingdan omon!
Meni bu savdoga solgan sen o‘zing.
Visol ohanglari yangragan zamon,
Hijron torlarini chalgan sen o‘zing.

Umidlar yosh kabi to‘kildi-ketdi,
Ishqim chok-chokidan so‘kildi-ketdi,
Men yondim hajrida, u kuldi, ketdi,
Ayriliqda bo‘zlab qolgan men o‘zim.

Fuzuliydan o‘rgan muhabbat nadir,
Sevinchdir, g‘ussadir, g‘amdir, noladir,
Bir kun firoq dardi uzun yilchadir,
Ahdiga vafoli qolgan men o‘zim.


IRODA

Bu kunning kechasi, ham ertasi bor,
Kelib ketdi kunlar.
Kelar, yana ketar bir zamon.
Umidlar, orzular
Bor edi kecha,
Bugun ham bor,
Ertaga ham bo‘lur begumon.
Quyosh porlagandi kecha,
Bugun ham,
Ertaga ham bo‘lur nurafshon.
Kechani umid-la yakunlab doim,
Ertani umid-la boshlaylik har on.

Nosir Muhammad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.