OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yaroslav Ivashkevich (1894-1980)

HALI...

Hali gullar nastarin porloq,
Hali itlar tunlar akillar.
Hali olis-olisga, titroq
So‘zlar aytib bir qiz tikilar.

Hali xamir qorarlar nonga,
Hali to‘ylar sershovqin, shodmon.
Hali aza to‘lib fig‘onga
Qo‘llarini cho‘zar ko‘k tomon.

Hali toychoq charchamay yelar,
Oshiq yig‘lar: “Bu qanday darddir!”
Hali ertak tinglar bolalar…
Demak hali she’r yozmoq shartdir!

OQSHOM

Osmon yorqin. Bulutlar erir.
Ko‘kka shoxin tiragan o‘rmon.
Egasiz it ko‘chada daydir.

G‘aramlarni tortarkan zo‘rg‘a
Tolg‘in otning ko‘zlari tinar.
G‘aram uzra lolaqizg‘aldoq
Kabi qizning ko‘ylagi yonar.

Dala uzra pichanning isi,
Sigirlar mast bu suyuk isdan.
Chirildoqlar chorlar chirillab
Qora tunni olis-olisdan.

Xurshid Davron tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.