OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yulian Tuvim (1894-1953)

REJISSYOR

Sizni yolg‘iz foldirib bo‘lmas
aqalli o‘ttiz daqiqaga ham!
Kim bozorga soldi bu qo‘sqi loshni?
Ko‘zlarim o‘ngidan yo‘qotingiz zud!
O‘ngroqqa, o‘ngroqqa, endi balandroq.
Nima?! Tupurmoqqa izn bermangiz!
Axir mehmonxonada emas,
studiyadasiz,
janoblar!
Men sizlarga ko‘rsatib qo‘yaman!
Duglas qaerda? U nahorlik qilyapti, shaksiz?
Duglas!! Shu yerdamisan, xudoga shukur!

Ha. Darvoqe, xonimlar kelayotir...
Xijolat... shoshqin shivirlar...
Ohista, biroq xiyol tamanno bilan
yaqinlashasan xonnmlarning biriga.

Va nogahon — chaqinvor — xanjar!
Talvasaga tushgan irkanj to‘dalar,
ayanch faryod, uchqun, qaldiroq,
Va bomba portlashi va qulaydi uy!
Ey, Billi! Merovlanma — bas!
To‘xtating. Ovoz! Parchalandi!
Hech kim
hech narsani
o‘ylamas.
Uy go‘r bo‘lsin! Lekin bu ko‘cha
so‘ngsizlikka qadar uzangan.
Sahrolarga. To ummonlar qa’riga dovur.
So‘ngra (diqqat, Fersen!)
bahodirlarnnng siniq ustixonlari
Oy nurlarin ko‘lkalarida. Va Duglas. Tanho Duglas.
To‘rt nafar oppoq xonim yuzib kirar ekan
nimqorong‘ulikka
ko‘lkalar qulaydi gilotinadek va kesib tashlaydi
oy kallasini!
Ana shuning o‘zi — bomba.
Uloqtirib yuboramiz oynp tippa-tik!
Ishshaymoqda ulgurasiz hali, nokaslar!
Diqqat, Billi, qani!
Tilingizni tish bilan saqlang!
«Stsenariy!» — stsenariy bu yerda — Men!
Men haqiqatni ko‘rib turibman oshkor.
Va dunyoni tuzataman men.
Umuman, dunyo suvratbop emas —
bu moddiylik g‘oyat buyukdir:
men dunyoni qayta quraman!
Shunday qilib, yangicha uslublar yaratamiz,
bizning nodir kashfiyotimiz qarshisida
xira tortib kolar har nechuk qaqir-ququr filmlar!
Sindiramiz sarhadlarni
va sadlarni buzib tashlaymiz,
barcha yupiterlar qalqar oyoqqa,
Milliardlab, trillionlab sham!
Oh, qanday oydin! Men sizlarni ko‘ryapman —
statistlar, buzuqilar, shaloqlar:

hayotni bulg‘adingiz — biroq u go‘zal narsa edi!

Diqqat!
Mening yangi stsenariyam,
to‘g‘rirog‘i — favqulodda ko‘hna
va barchaga tanish, shubhasiz...
Shanob korchalon
hotirjam bo‘lsin o‘z dollarlarnga,
u o‘z hamyonini oladi. Foyda qilar xarjidan ko‘proq!
Bordiyu biz favqulodda stsenariyga
ba’zi bir ilovalar kiritsak...
Demak, boshladik.
Birinchi ko‘rinish.
Jannat. Odam Ato va Momo Havo.
Daraxt ostidagi maysazorda.
Er o‘z xotini bilan.
Ilon.
Bir so‘z bilan aytganda, hamma narsa o‘z o‘rnida.
Ilon bilan muloqot. Ta’qiq mevasi.
Tanish hazin aldov. Vasvasa.
Yaqinlashish.

Ikkinchi ko‘rinish. Jannat hududidagi dala.
Jannatda afsunkor bahor kunlarining biri,
janoblar!
Hobil podasini o‘tlatayapti.
Kain yakinlashadi. Birodarlar kelisholmaydi.
Bahs mushtlashish istagi bilan o‘rin almashtirar,
kadrlar miltirar, miltirar, miltirar,
Kain yerdan tosh ko‘taradi,
va nogoh — apparat ters aylanadi.
Hobil hayqirar: «Suyumli birodarim!»
Bu o‘rinda ham biz hammasini qaytadan quramiz:
Kain hech qachon Avelga hasad qilmaydi!
Hobil Hobilni o‘ldirmaydi!!!
U Hobilning qo‘llarin siqar. Ko‘zlar yonadi.
Musaffo nigohida shodlik barq urar.
Axir bu Hobil-ku, suyumli birodar!

Uchinchi ko‘rinish.
Vijdonan yarashib Hobil va Hobil,
tangriga qurbonlik keltirar birga
va tangri qabulgohiga ma’yus musiqa ostida
eltar umid va ishonch kalomlarin.

To‘xta. Kim xalaqit berayotgan? Allo, allo!
O-o-o!.. Mister kapitalist!
Nima? Men aqlimni yeb qo‘yayotibman?
Demak, siz tuzatishlarni rad etayapsiz,
ko‘hna stsenariy ma’qulroq sizga?
O‘zgarmasdan qolsin edi demak sizningcha
Hasad va jinoyat?!
Aksincha? Allo... Eshitmayapman!.. Ah-ha!
Siz o‘z kapitalingizni qaytib olmoqchisiz!..

Xo‘sh, nima ham qilardik...
sarmoyadorlarga shafqat qilmoq kerak...
Burungi lentani aylantira boshlaymiz.
Takror aylantiramiz — xullas,
qaerda to‘xtagan edik?!
...G‘ira-shira... oy... chiqdi...
Shundaymi?!
Ko‘cha... Ko‘lka... Duglas panada...
Pauza... Xo‘sh, keyin-chi?
Ah-ha! Esladim! Yaxshi kadr!
Bomba va xanjar!
Bomba va xanjar!
Bomba va xanjar!

AB URBE CONDITA*

Ertasi kuni,
bir ming to‘qqiz yuz qirq beshinchi yilning
o‘n sakkizinchi yanvarida,
Shahar dud ichida qolgan edi.
Muqaddas olovda yonib bitayozgan qurbonlikdek,
changakka aylangan oyoqlardagn hayot
o‘limga do‘nib borardi.
Va terisi shilingan qurbonlikning
achqimtil hididan nafas olardi.
O‘shanda,
kelgusi avlodlar uchun olovli afsonaga
bunda esa vulqonning so‘ngan og‘ziga,
tub-tubigacha qurg‘agan qoniga aylanmoq uchun
ilondek bo‘ralagan dud narvoni orqali
Varshava falakka ko‘tarilmoqda edi,—
Bir ming to‘qqiz yuz kirq beshinchi yil,
o‘n sakkizinchi yanvar.
Xarobat va Oqibat muyulishida,
Vayrona va O‘lim muyulishida,
Dahshat va Vahima muyulishida,
Marshalkovskiy va Yerusalimskiy muyulishida
yoniq bo‘salar bilan manguga vidolashib,
bir-birovining olovli bag‘riga yiqilgancha
to‘ladan kelgan varshavalik kampir paydo bo‘ldi.
Ro‘molga chirmalgan.
O‘lmas grajdan.
U qandaydir qutini xarobalar ustiga qo‘ydi
va tirkab qo‘ydi uchar yulduzdek
yonib bitgan shahar boshini —
va bor ovozda mangulikni chorladi:
«Toza pishloq,
choy, choy!»
Men uni ko‘rmadim, biroq ko‘rayapman,
unsiz ko‘zyosh daryolarini
nima bo‘lganda ham kulib turgan ko‘zlarida.

U balki iztirob chekayotgan Niobey bo‘lishi mumkin edi,
Iovaning qadimiy bashoratchi xotini
yoxud farzandlariga motam tutayotgan Raxil
va bari bir unga ham ishonardilar.

Yoxud supurgida jodugardek uchardi
yo aksincha qaynab-qovrilib bitardi
qozon ichida —
va unga ham ishonardilar.

U buyuk Pyotrning soyasi bo‘lishi mumkin edi,
hissiy yamblarda kurib so‘zlarni
aytardi:
Bunda vayrona ustida shahar tiklanar
«Takabbur hamsoyaga barqasd»,—
va shunda ham haq bo‘lardi u.

Yoxud quti ustidagi haykal bo‘lardi
so‘ng qiroat qilardi dohnyona qiyofada:
“Per me se va nella citta dolente!”**
Va hech kim hayratlanmagan bo‘lardi.

Eh, oxir-oqibat — Klio bo‘lishi mumkin edi u
yo yubkadagi Liviya
o‘tirardi o‘lik poytaxt ostonasida,
qanaqadir mix-la har nechuk g‘ishtga
tirkar edi ushbu so‘zlarni:
«Garovga qo‘yilgan shahardan»...
Biroq u o‘zga so‘zlarni bptgan bo‘lardi:
«Toza pishloq,
choy, choy!»

Asoschi! Darakchi! Muza!
Bu kun o‘yinda va g‘amda Varshava,
bu sen uchun sharaf!
Endi har bir g‘isht teruvchi senga haykal tiklar!
Va butun Polsha — grajdanin beva! —
Gdansk porti hayqiradi —
sharaf!
Lodz fabrikasi bong urar —
sharaf!
Sileziya zavod va shaxtalari —
sharaf!
Vrotslav — jangovar shahar —
sharaf! sharaf!
Shcheyin — jangovar shahar —
sharaf! sharaf!

Sharaf vayrona tojli malikagakim,
ismi juda oddiy: Varshava!
____________
*Garovga qo‘yilgan shahardan (lot.).
**«Musibatlar shahriga yo‘l mening ustimdan o‘tadi» («Ilohiy komediya»dan. Dante).

A.Mahkam va D.Rajab tarjimalari

MAYSA

Tizza qadar ko‘k maysa,
Kel, bag‘rimga singa qol.
Ikkimizni ayirmay
Qo‘mitsin sarin shamol.

Toki yashay hayratu
Hasrat, g‘amingga to‘lib,
Toki so‘zlar o‘rtada
Turmasin devor bo‘lib.

Toki bizni atashsin
Yolg‘iz bitta so‘z bilan
Atashsin yo maysa deb,
Yoki Tuvim Yulian.

Xurshid Davron tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.