TOBLANISH
Ko‘z yoshdan or qilmang, yosh shoirlar,
Ko‘z yoshdan uyalmang.
Oydan,
Oydin kechadan,
Bulbul xonishidan
Zavq ola biling.
Falakka uchmoqdan zarra cho‘chimang,
Yulduzlarga cho‘zing qo‘lingizni.
Yulduzga ko‘zlarni qilingiz taqqos.
Kamalakrang tepalikdan,
Quyoshning tug‘ilishidan,
Boychechakning ko‘z ochishidan
Zavq ola biling.
Kabutarlarga don ulashing,
Tabassum bilan boqing,
Itlar, gullarga, narovozlarga.
Orzular haqida bahslashing,
Yoshlikka qasida o‘qing hayqirib.
Yana odamlarga ishoninglar.
Sodda shoirlar, go‘zallikka ishoning.
Zavqli shoirlar ishoning odamlarga.
Ko‘z yoshdan uyalmang, yosh shoirlar,
Ko‘z yoshdan uyalmang.
* * *
Oxiratdan so‘ng,
O‘limdan so‘ng,
Men hayot qo‘ynida ko‘z ochdim.
Bu stol dedim men.
Bu stol.
Stolning ustida non bilan pichoq.
Pichoq nonni kesish uchun,
Non esa odamlarga.
Inson sevishi kerak,—
Ta’kidladim kechayu kunduz.
Nimani sevish kerak?
Insonni, ta’kidladim, insonni.
Bu deraza dedim men,
Bu deraza.
Derazadan narida bog‘,
Bog‘ qo‘ynida olma.
Olma gullagan.
Shamolda gullari to‘zg‘ir,
Mevalar
Yaralmoqda.
Otam olmalarni terib olmoqda.
Mevalarni terayotgan u odam —
Mening otam.
Men o‘ltiribman uyning ostonasida.
Echkisini yetaklab ketayapti
Bir kampir.
Dunyoning yettita mo‘‘jizasidan ham
Azizroq.
Uni endi kerakmas deb,
O‘ylagan
Jalloddan battar.
Bu — odam.
Bu — daraxt, bu — non.
Odamlar yashamoq uchun
Ovqat yeydilar,
Ta’kidladim o‘zimga-o‘zim.
Faqat inson hayoti muhim.
Faqat inson hayotining ma’nosi ulkan.
Hayotning bahosi
Inson yaratgan
Narsalarni bahosidan
Beqiyos ortiq.
Inson — buyuk mo‘‘jiza,—
Ta’kidladim men qayta-qayta.
Bu — suv, — dedim men.
To‘lqinlarni qo‘lim bilan siladim.
Suhbat qurdim daryolar bilan.
Ey daryo, — dedim men —
Ey daryo, bu — men...
Inson
Suvga so‘z qotdi.
Oyga so‘z qotdi.
Yomg‘irga, gullarga
Qushlarga, osmonga,
Yerga so‘z qotdi.
Osmon jim turdi,
Zamin jim turdi.
Faqat sado keldi
Sado...
Yana bir odamning tovushi.
Usmon Azim tarjimalari
IJOD
Men yozardim
Unutib vaqtni –
Lahzamidi, soniyamidi,
Oqshommidi, yo kechamidi.
Yozar edim g‘azabga to‘lib,
Yozar edim g‘amdan kar bo‘lib.
Ko‘zlarimni uzmay ko‘zimdan,
Bosh aylanib yozgan so‘zimdan
Yozar edim – sobit, bebardosh,
Bor dunyoni to‘sgandi ko‘z yosh.
Yozar edim, tinmay yozardim,
Faqat nogoh yuzim bo‘zardi
Va qo‘rquvdan yurak titradi:
Voh, qo‘limda qalam yo‘q edi.
***
Rishard Pshibilskiyga
erga qaytmoq
judayam og‘ir
bunday uzoq
umrdan keyin
odamlarni sevmaslik og‘ir
juda og‘ir ularni sevish
ayniqsa juda yaxshi bilsang
ular nimalarga qodirligini
ummonlaru
tog‘lar, qal’alar
ortidagi odamlarni
sevish osonroq
o‘rtamizni birgina devor
ajratgan odamlarni sevgandan ko‘ra
Dedi u ketish oldidan
Xurshid Davron tarjimasi