OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Tojiboyev (1909-1998)

Qizil O‘rda shahrida dunyoga kelgan. Internatda o‘qib tarbiyalangan. 1948 yilda Qozog‘iston Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. Shundan keyin yoshlar gazetasida Bosh muharrir o‘rinbosari, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi boshqarmasining Raisi, kotibi, “Qozoq adabiyoti" gazetasining Bosh muharriri, M.Avezov nomidagi Adabiyot va san’at institutida bo‘lim mudiri vazifalarida ishlagan.
Ilk she’rlari 1927 yildan chop etilgan. Qozog‘iston Oliy kengashining Faxriy Yorlig‘i, Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1985 yilda "Qozog‘iston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
“Chin yurakdan” (1949), “Sevgan yuraklar” (1951), "Hayot va she’riyat” (1962), “Tanish ovozlar” (1984) kabi ko‘plab to‘plamlari nashr etilgan.
Abdulla Tojiboev - XX asr qozoq she’riyatida yorqin iz qoldirgan shoir. Uning lirik she’rlarini yod bilmaydigan qozoq yo‘q desa bo‘ladi.

SHOIRLIK

Shoirlik og‘ir mehnat tushunganga,
Kon qazuvchi, tosh yo‘nuvchi ishindan-da.
Yolg‘izsan, yordam tilab ololmaysan
Eng yaqin, eng suyukli kishingdan-da.

Ajibdir ilk sevgiga duchor kezing,
G‘oyibdan dunyolarni quchar kezing.
O‘yingda uya qurgan polaponing
Yuksakka qanotlanib uchar kezing.

Ajibdir tug‘ilishi tuyg‘ularning,
Ko‘zingdan qochar payti uyqularning
Hislaring yuragingda mavjlanganda
Ajibdir tovlanishi yog‘dularning.

Osonmas ruhing yerga hech qo‘nmasa,
Taskinu tasalliga hech ko‘nmasa;
Ya’nikim she’r qiynog‘i yuragingda
Hovurin chiqarmasa, hech so‘nmasa.

Bilmaysan shunda kimga ne deringni,
Ber, deysan, shirin damlar, ko‘magingni,
Qopqog‘in yonartog‘ning ochib yubor,
Osmonga ro‘para qil yuragimni!

BETKENBOYGA

Yosh edint, aylanding-ov qartimizga*,
Yotibdi talay yillar ortimizda.
Bir kezlar olov-otash qalblar edik,
Qolmapti bugun shundan yortimiz-da.

Ortmayin otimiz-da, dong‘imiz-da,
Shunda ham kerak edik xalqimizga.
Bugunga aynimasdan yetdik omon
Burungi bukilmagan qalpimizda.

Yurdik biz kechikib, goh erta ketib,
Qo‘ymadi hech kim bizni erkalatib.
Umrimiz ardoqlagan ushbu yurtdir,
O‘stirdi o‘tdan qo‘rqmas erkak etib.

Birovlar o‘z nazdida o‘lmas go‘yo,
Umrining cho‘g‘i so‘nish bilmas go‘yo.
To‘ygach so‘ng kekiradi, qapriqadi,
Sir suvi tizzasidan kelmas go‘yo.

U juda ulug‘, oddiy ermas go‘yo,
Har kimdek o‘z rizqini termas go‘yo.
Uyatu andishani qaydan bilsin,
Undayga xudo jazo bermas go‘yo.

Betkenboy, aylanding-ku qartimizga,
Qolibdi talay yillar ortimizda.
Yetaylik xush ayyomga qo‘l ushlashib,
Burungi sutdek toza qalpimizda.
______________
* Qari, keksa ma’nosida.


TILAK

Men bugun sochi oq-oppoq
Abdulla degan otaman.
Kun sayin senga, Vatanim,
Oq tilak tilab yotaman.

Oq tilak tilab yotaman,
Oq fe’li shundoq otaning.
Takrorlab so‘zin tilagim,
Senga baxsh etgum, Vatanim.

Tog‘larim turcin silkinmay,
Dengizim tinsin xo‘rsinmay,
Quyoshim yonsin yarqirab,
Oydinim tursin yaltirab.

Tiniqsin yaqin, olislar,
Tiniqsin tegra-atroflar.
Qon to‘kar ofat urushdan
Titramasin hech yaproqlar.

Ohlar tortmasin sibizg‘am,
Qayg‘ulanmasin kuy sira.
Ingranmasin hech qo‘bizim,
G‘ussalanmasin do‘mbiram.

Nevaram o‘ynab-kulsin-ey,
Kapalak quvib yursin-ey.
Kuz payti ketgan oqquvim
Ko‘klamda qaytib kelsin-ey.

Oqquvim qaytib kelsin-ey,
Moviy ko‘liga qo‘nsin-ey,
Oq bulutlarni ko‘rsin-ey,
So‘ng sho‘x sayrab bersin-ey.

Men bugun sochi oq-oppoq
Abdulla degan otaman.
Yangi yil keldi — yo‘llaring
Oq bo‘lsin doim, Vatanim!

* * *

Tun — mudragan qora baroq misoli,
Mudraydi u junbushlardan tinch, xoli.
Bu chog‘ kimdir tebratadi g‘oyibdan
Qalbimdagi o‘langa esh xayolim.

Ko‘nglim tinchdir kunduz yongan yalovday,
Allalayman tuyg‘ularim hurkitmay.
Tek qotmishdir ro‘paramda o‘ylarim
Burchakdati to‘mag‘ali* burgutday.
______________
* Burgutlar boshiga kiydirib qo‘yiladigan xalta-kallapo‘sh.

* * *

Ko‘kni ko‘rdim, ko‘klamga yana yetdim,
Chechaklari tovlandi chekka-chetning.
Qorato‘rg‘ay chaqirdi derazamdan
Yep-engilday turdim-da, yurib ketdim.
Va shu zum bu ko‘klamga yetmagan ko‘p
Do‘stlarim nomini jim zikr etdim.

* * *

Men ham shu yurt ko‘rkining bir xumori,
Men ham uni sevaman el qatori.
Soxta o‘lan hech qalbni titratmaydi,
Asl she’rning bo‘lmaydi hech g‘ubori.
Nahot mening qalbimda yolg‘on jarchi?
Xanjar bilan qoq yorib qaranglar-chi.

* * *

O‘y-xayollar ergashtirsa izidan bog,
Yetolmaydi unga agar chopsa-da ot.
Adog‘i yo‘q o‘kinchlarga ko‘milgaydir
Vijdoni-la bahsga tushsa har qanday zot.
Shu asnoda tungi uyqu buziladi,
Shundaylarga ajal ko‘zi suziladi.

* * *

Tuqqan yurtga o‘tadi erkaligim,
Abekem, — deb siylaydi elim bugun.
Tirishsa ham nomimdan ne bir kaslar,
Bosolmas aslo ular qalbim unin.
Qozoqqa yetsa bas-da so‘zim, axir,
Emasmi bu men uchun buyuk faxr?!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.