OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qosim Omonjo‘lov (1911-1955)

Oqin Qarag‘anda viloyatining Qarqarali tumanida dunyoga keldi. Shoirning “Abdulla”, “Oqinning o‘limi” nomli epik dostonlari xalqorasida shuhrat qozonib, she’riyat maydoniga o‘ziga xos ovozli, yorqin iste’dod kirib kelganini isbotladi.
Qosimning nomi qozoq she’riyatini yangi nazmiy ohanglar, shakllar bilan boyitib, badiiy kashfiyotlar yarata olgan shoir sifatida mangu qoldi.

* * *

Oshiq edim, netayin,
Bu kun sen olis-yiroq.
Qandoq chora etayin,
Qiyin bo‘ldi ko‘rishmoq.

Netay, orzum kulmadi,
Armon bu kun visoling.
Orzum ro‘yob bo‘lmadi,
Nigun erur iqbolim.

Qayda yursang omon bo‘l,
Senga tole tilayman.
Yuragimda axdim shul,
Men o‘zgani suymayman.

Xafa qilgan bo‘lsam gar,
Meni afv etgin sen.
O‘pkalama, ranjima,
Gunohimdan o‘tgin sen.

Oshiq edim, netayin,
Meni anglar qalb bormi?
Mayli, qismat etayin
Men g‘amniyu ozorni.

Yolg‘izgina umidim:
Xotirdan bari o‘chsa;
So‘ng bor qalbim ilisin,
So‘nggi bora ber bo‘sa.

USTIMDA SUR SHINELIM

Ustimda sur shinelim.
Oqsoqlanib kelaman.
Ajal komidan omon
Chiqmoq qiyin, bilaman.

Ustimda sur shinelim,
Oqsoqlanib kelaman.
Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ham,
Ajal yetsa, o‘laman.

Ustimda sur shinelim,
Oqsoqlanib kelaman.
O‘sha-o‘sha Qosimman,
Tilda qo‘shiq-o‘lanim.

Ustimda sur shinelim,
Oqsoqlanib kelaman.
Do‘st unutsa o‘lmayman,
El unutsa o‘laman.

QIZG‘ALDOQ

O‘rtangan bir uy o‘rnida,
O‘sgan yolg‘iz qizg‘aldoq,
Uchrab qolding sen yo‘limda,
To‘xtab o‘tdim men ozroq.

Vayrona va kul zaminda
Yelda alvon hilpirab,
Qandoq qilib o‘sding bunda?
Qandoq sir bu, qandoq gap?

Yo oqqan qon tomchisan bir,
Aybsiz murg‘ak yurakdan?..
Yoki sensan — yosh bir umr.
Eskisiny kuzatgan?...

SENING OLMA BOG‘INGDA

Sening olma bog‘ingga
Chiviq sanchib ketgandim,
Toleim — ardog‘imga
Shuni belgi etgandim.

Qaytdim men jang maydondan,
Zafarlardan chehram ol:
O‘sha chiviq novdadan
O‘sibdi bir navnihol.

Chorlar u ishva bilan
Ayni shirin visolday;
Eding bu chog‘ o‘zing ham
Xuddi o‘sha niholday.

O, yog‘ar ko‘kdan yog‘du,
Tevarak — jannat misol!
Bir so‘z aytgim kelar-u,
Aytolmayin tilim lol!

TUQQAN YER

Toqqa chiqqin, qaragin keng dalaga;
Xursandlikdan o‘xshab xuddi bolaga —
U chetidan bu chetiga yugursang,
Yuragingning xumori bir qonar-a?

Tuqqan yerim mening uchun oltin, zar,
Tuqqan yerim menga ilhom, ruh berar.
Tuprog‘ingda tebranmay tinch yotardim,
Oqin bo‘lmay, bir tosh bo‘lsam men agar!

Sen azaldan poyon bilmas yer eding,
Zarra hissi borga ulug‘ she’r eding.
Senda o‘sdim, o‘lar bo‘lsam senda gar, —
Armonim yo‘q bu dunyoda der edim.

Men ham sendek durkun edim, keng edim,
Saxovatda men ham senga teng edim.
Sen ayamay berding menga boringni,
Berajakman bor mehrimni men, dedim.

Yuragimda butun mudom chin ahdim,
Sen — quvonchim, sen — taskinim, sen - baxtim!
Quchog‘ingda topar dilim farog‘at,
Sen beshigim, sensan mening zar taxtim!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.