OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jarken Bo‘deshov (1944)

Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon o‘lkasi Tarbag‘atay aymog‘iga qarashli To‘langit ovulida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1969 yili otamakon Qozog‘istonga keldi va 1974 — 1980 yillari Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi.
Ilk she’rlari 1962 yildan boshlab “Shinjon gazeti”, "Ili ro‘znomasi”, “Shinjon adabiyoti va san’ati" kabi qator gazeta-jurnallarda chop qilingan. Dastlabki she’riy turkumlari 1975 yilda “Jazushi” nashriyoti va “Ko‘klam jamoli” nomli yosh shoirlar to‘plamida chop qilingan. 1976 — 1984 yillarda Qozog‘iston Davlat kitob palatasida katta muharrir bo‘lib ishlagan.
Uning “Qo‘nish quroq” (1979), “Qo‘sh qanot” (1982), “Osmon tovushi” (1985), “Nurli bo‘yoqlar” (1988), “Zehn” (1989), “Yulduzga o‘rnini oy bermas” (1990) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan.

QUSHLAR UCHIB KELGANDA

Zamin uzra yangratar ko‘klam nayin,
Bir farahga chulg‘anar borliq mayin.
Uchib kelar chayqalib g‘oz-turnalar,
Biqinidan muz siqqan kemadayin.

Uzoq yo‘ldan kelarlar tog‘lar oshib,
O‘z qadrdon o‘lkasiga mehri toshib,
Jo‘rajon, ayoz kunlar tambalangan
Eshigu derazani qo‘y-chi ochib.

Surib qo‘y pardani-da ushbu on sen,
Qushlarning chug‘uriga yurak qonsin.
Chiroyli qanotlarning epkinidan
Dimiqib ketgan uylar tozalansin.

Yoshlikning otashlari o‘xshar tushga,
Sururi chulg‘anadi ruhga, hushga.
Sen tongda chorlab chiq-chi bolalaring,
Aylanib ketsak zora biz ham qushga.

OLAKO‘LGA AYTAR SO‘Z

Bo‘yingda bosib qalbim taftlarini
Kezganman surib o‘ylar avjlarini.
Undoq suzib, gohida bundoq suzib,
Updim men suving mayin mavjlarini.

Esingga, Olako‘lim, olgin takror,
Men sening bolang edim sho‘xligi bor.
Qirg‘oqda qarmoq tashlab o‘ltirardim,
Shomlaring shafag‘iga boqib xumor.

Sarxushman yodga olib endi barin
(Alvon ufq nafaslari biram sarin).
O‘ynashar edi senda yulduzlar-la
Kumush to‘sh yoqut ko‘zli baliqlaring.

Gar butun bo‘lsa edi menda tole,
Kezarmi edim senda yolg‘iz qolib.
Oydin tun chag‘alaying ma’sum oyni
O‘ynardi qanotiga ilib olib.

Epkinin yo‘llaganda tog‘lar mag‘rur,
Bag‘ringga to‘lar edi ohanglar hur.
Bamisli lochindayin — adil uchgan,
Qo‘zg‘algan to‘lqiningdan edim masrur.

Qalbimni ilhom mavji chulg‘agan dam,
Shu mavjga o‘xshab ketgum goh o‘zim ham.
Xayolchan o‘tirganim sohilingda —
O‘tdi-ku bolaligim ko‘z o‘ngimdan.

* * *

Targ‘il toshni tuyog‘i-la tarashlab,
Tog‘ ohusi tik so‘qmoqlar yasar zab.

Xavf-xatarga ko‘kragini tutib, ha,
Chiqib borar naq chaqmoqli bulutga.

Qo‘rqmay dara, qoyalardan sakrar u,
Qanday yuksak,
Qanday qiyin
Shahddir bu!

Bu yo‘llarda achchiq tering tomchilar.
“Arxar yo‘li” deydi buni ovchilar.

Poyimgamas, chirmashgandek bo‘yimga,
Yurar hargiz bu so‘qmoqlar o‘yimda.

Kimga kerak yashab, umr surmog‘im.
Bo‘lmasa agar mening o‘z so‘qmog‘im!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.