OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isroil Saparboy (1941)

O‘zbekistonning Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. Chimkent Pedagogika institutini bitirgan. Chimkent viloyat yozuzchilar bo‘limida adabiy maslahatchi, Jalin nashriyotida katta muharrir, “Qozoq adabiyoti” gazetasining she’riyat bo‘limi mudiri, 1998 — 1999 yillarda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasida matbuot attashesi vazifalarida ishladi.
Uning “Oqqush armoni” (1976), “Yorug‘ umr” (1978), “Yuragimga uya qurgan qaldirg‘och” (1986), “Barmoqdaygina baxt” (1999), “Amir Temur” (dramatik doston, 1998) kabi kitoblari e’lon qilingan.
“Tarlon” mukofotining sohibi.

QAT’IY SO‘ZLI QAYSARLARIM

(“Jelto‘qson sururi”)

Qulunday erka bo‘lib o‘sdingizlar,
Har g‘amni ko‘krak bilan to‘sdingizlar.
Ensasi haqsizlikdan enkaymagan,
Mardsizlar, bugun qo‘rqmas botir — sizlar!

Hayiqib qaytmadingiz ortingizga,
Erk uchun jondan azob tortdingiz, ha.
Ichimda iztirobim bisyor edi,
Qorildim men ham sizning qayg‘ungizga!

Men uchun tug‘ishgandan aziz bari,
O‘zini otdi qo‘rqmay olov sari.
Quv dunyo quyunida qoldi-ku, oh,
Qiyilib qirchinidan orzulari!

O‘rfe’l, o‘jarlarim, o‘tkirlarim,
O‘ksuk-la o‘tdi, attang, ko‘p kunlaring.
Dog‘ qoldi bo‘sag‘amda o‘chmaydigan,
Toptaldi tosh maydonda cho‘g‘ gullarim...

Qoni bir, hasrati bir tuqqanlarim,
Aylandi azalarga xursand daming.
Yodimdan yotsam-tursam ketmas sira
Gunohsiz oq betingni yuvgan qoning...

Joni bir, yarog‘i bir qurdoshlarim,
Tegmadi qora yerga yonboshlaring.
Chidangiz dushmanlikning firibiga,
Zafar oni to‘kilsin ko‘z yoshlaring!

Erk uchun boshin tikkan bovurlarim,
Yengillat bu zamonning og‘irlarin.
Afsuski, yurt qayg‘usi, millat g‘amin
Tuymayin, mudrar mudom ovullaring...

Adolatni tan olmay zamonamiz,
Barchamiz — yuraklari g‘amxonamiz.
Yaratgandan marhamat bo‘larmi deb,
Ko‘zlarni mo‘ltiratib, jim yonamiz.

Topmassan jo‘mard zotni bunday onlar,
Kibrdadir “xudosin unutganlar”.
Xoksorlarning ko‘zida yoshlar milt-milt,
Kunbotarning ufqiday titrar tonglar...

Qora qismat dastidan zor ayladik,
Yuraklarga hasratu g‘am joyladik.
G‘ira-shira maqsadga dilni berib,
Belgisiz bir safarga bel boyladik.

Kimki to‘qdir — o‘zini oldirmaydi,
Qashshoq odam har damda dovdiraydi.
Ko‘ganidan bo‘shalgan uloqdayin
Bani inson alanglab javdiraydi.

So‘ndimi kun nurlarin shomga qorib,
Ko‘rinar yo olisdan tong oqarib?
Adashganning holiga bir qaragin,
Tegmasmi boshlarimiz toshga borib?

Oldinda hali tole, orzu go‘yo,
Ushbu kunda arzandadir shu’la, ziyo.
Ne tongki, och qashqirday bo‘zlasam gar,
Qovurg‘am qayishtirdi bu tor dunyo!

* * *

Ko‘klam kechib, ko‘ngilga kuz enadi,
Kuz rangidan yuragim muz emadi.
Gunoh, nola, tuhmatdan zada bo‘lgan
Manov zamon qay kuni tuzaladi?

Men mehnatga ishqimni kanda qilmam,
Lekin zamon ra’yi ne — ayon bilmam.
Yaltiragan yoshi bor yaprog‘ida —
Ayozlarda titragan men bir gulman.

Xo‘rlar hargiz izg‘irin gulning sha’nin,
Qayda bugun olligi gul-g‘unchaning?
Ko‘kayimda — ko‘z yoshi yesirlarning,
O‘zagimda — o‘ksigi yetimchaning.

Meni baxtmas, qayg‘ular chirmab olgan,
Tomirimda orzular to‘ngib qolgan.
Qaroqchiday qoshimdan ketmay nari,
O‘z ko‘lankam — dilimga qutqu solgan.

Har kim qilar dunyoni har xil talqin...
O‘z-o‘zim-la xo‘shlashar kun ham yaqin.
Qanday mudrab, qandayin orom olar
Erta kunni oldindan bilsa oqin?!

Har kim tole taqdirin har xil yo‘ygan,
Men diyonat haqida toldim o‘yga.
O‘ralib Momo Havo etagiga,
Zamonning “diydiyo”sin soldim kuyga.

Garchi tegram xazonrez, ayoz yelar,
Ko‘klam yitmas, u yana qaytib kelar.
O‘zagimni tilkatar o‘lan bor-ku,
Men ko‘nglimni yupatay o‘zga ne-la?..

YO‘L OLDI DUOSI

Xudo yo‘ling o‘nglasin,
Xizir bo‘lsin yo‘ldoshing.
Arvohlar ham qo‘llasin,
Qirq chilton qo‘rg‘asin.

Chorlaganda chor taraf,
Dilingga ol o‘t qalab,
Yursin doim farishta
Qanoti-la qalqalab.

Yaratgandan so‘rayin:
Yorug‘ bo‘lsin Kun, Oying.
Ilashmasin joningga
Iblisu jin, iloyim.

Olis yo‘llar bosar on
Ko‘liging bo‘lsin omon,
Ishonchingni yo‘qotib,
Rang-ro‘ying qilma somon.

Rizqing butun bo‘lsin, ayt,
Tortilmasin hech bir payt.
Ko‘rishaylik tinchlikda
Oy borginu omon qayt.
Omin!!!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.