OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Bunin (1870-1953)

Bunin Ivan Alekseyevich [1870.10 (22) 10, Voronej 1953.8.11, Parij] — rus shoiri. Peterburg Fanlar akademiyasi faxriy akademigi. (1909). 1920 yildan emigratsiyada. Poeziyada rus mumtoz she’riyati an’analarining davomchisi («Xazonrezgi», to‘plam, 1901). Hikoya va povestlarida (ko‘pincha o‘tmishni qo‘msash kayfiyatiga berilgan holda) dvoryanlar xonadonining qashshoqlashuvi («Antonov olmalari», 1900), qishloqning og‘ir qismati («Qishloq», 1910; «Qaqragan vodiy», 1911), turmush ma’naviy asoslarini unutishga mahkumlik fojiasi («Sanfransiskolik janob», 1915) yaqqol tasvirlangan. Kundalik tarzidagi «Badbaxt kunlar» (1918 yil, 1925 yilda nashr etilgan)da Oktabr to‘ntarishi keskin rad etilgan; Rossiyaning o‘tmishini tiklash, adibning o‘z bolalik va yoshligiga qaytish kayfiyatlari aks etgan. Sevgi haqidagi hikoyalarida («Mityaning sevgisi», 1925); «Qorong‘i xiyobonlar» (1943) kitobida insoniyat taqdirining fojiaviyligi qalamga olingan. G. Longfelloning «Gayavata haqida qo‘shiq» (1896) asarini tarjima qilgan. Nobel mukofoti laureati (1933).


* * * 

Ey qalb! Kengroq ochil, qabul ayla, oh,
Bahoriy hislarni — oniy mehmonni!
Tabiat, et meni og‘ushingga jo,
Chiroyingga fido etayin jonni. 

Ey sen, yuksak osmon, yiroqdan-yiroq,
Cheksiz moviy kenglik — yo‘q senda sarhad.
Ey poyonsiz dala — yam-yashil o‘tloq,
Chin dildan talpingum sizlarga faqat!


QISHLOQ TILAMCHISI

Uxlab yotar eman tagida 
Tilamchi chol, nochor, nogiron.
Yamoqlari mo‘l chakmonining,
Etagida oftob saqlar jon.

Mo‘l yo‘l yurib, horigan dilxun,
Yotib qolgan eman ostida.
Oyoqlari tolgan, yonar kun,
Tig‘ sanchar o‘t cholning ustiga.

Oh, qashshoqlik yengmishdir butkul,
U boshpana topmas hech joydan.
Qismat erur g‘aribga nuqul,
Ostonadan tilamoq foyda.

Gadolar yo‘q poytaxtda aslo,
Muhtojlik xor aylagan yakkash!
Zindon ichra — panjara aro,
Kam uchraydi bu xil jafokash.

Uzoq umrin yo‘llarida ul
Bor quvvatin mehnatga berdi.
Go‘r qoshida o‘sha kuch butkul
Yetmay qolsa netsin? Ne derdi?

Qishloqlardan qishloqqa o‘tar,
Tili arang o‘qir duoni.
Yo ajal — haq qo‘lidan tutar,
Jabri ko‘pdir qadim dunyoning.

Uxlar. Yana qalqiydi tezda:
“Xudo haqqi, xayr qil. Yana xayr... ”
Ayanch - buncha xo‘rlikni Rusda,
Ato etgan bo‘lsa nahot dayr?!


DALA GULLARI

O‘t shu’lasi, oyna orti yashirin,
Nozlanib ochilar bebaho gullar.
Nafis atri tiniq, musaffo, shirin,
Bargi, bandi go‘zal, nodirdir ular.

O, gulni o‘stirar issiqxonada,
Moviy ummon osha keltirmish uni.
Qo‘rqitolmas uni sovuq shabada,
Chaqmog‘u guldurak, tunlar salqini.

Vatanimning so‘lim dalalarida
Shu gulning kamtarin aymoqlari bor.
Ochilar bahor, yoz pallalarida,
Bag‘rida goh yashil o‘rmon, o‘tloqzor.

Oyna issiqxona, yo‘q, yo‘q, bu gullar,
Osmon kengligini ko‘radir dilband.
O‘tga emas, sirli ma’voga ular,
Abadiy burjlarga bo‘lgancha payvand.

Ulardan uyatchan go‘zallik esar,
Yurak va ko‘zlarga yaqin qarindosh.
Boshqa kim ham o‘sha kezlarni eslar,
Allaqachon unut va... tag‘in sirdosh.


* * *

Yodimdadir uzoq qish tuni,
Ola-oydin. Sukunat har yon.
Ajib porlar shamlar yolqini,
Ostonada yig‘laydi bo‘ron.

«Bolajonim, — shivirlar onam, —
Uyqung kelgan bo‘lsa agarda,
Ertaga ham bo‘lish-chun bardam,
Uyg‘onish-chun shodmon saharda,

Unut bo‘ron uvlayotganin,
Mening birla ekaning unut.
Esla o‘rmon mayin shivirin,
Qaynoq kunlar taftin yodda tut.

Qayinlarning sadosin tingla,
Yod et — o‘rmon ortida uvat.
Dalalarda, yuzlab, ming-minglab
Zar boshoqlar to‘lqini qat-qat».

Men ham tanish maslahatni-ku,
Dasturamal bildim o‘zimga.
Orzularning og‘ushida tun,
Uyqu kela boshlar ko‘zimga.

Uyqu bilan kelar yonma-yon,
Alla aytgan xayol nafasi,
Ham shivirlar pishib bo‘lgan don,
Anglab bo‘lmas qayinlar sasi...


* * *

Qaldiroq-la meni qo‘rqitma,
 Toshqin suvning shovqini quvnoq!
Bo‘rondan so‘ng bo‘lar, unutma,
 Moviy osmon chunon moviyroq.
Tingach bo‘ron, yana yosh bo‘lib,
 Yangicha ko‘rk yaltirashida
Iforliroq, chiroyga to‘lib,
 Gul ochilar aylab nashida!

Qo‘rqaman, lek yog‘inli kundan,
 O‘ylash og‘ir, hayot o‘tadi.
G‘amsiz, baxtsiz, goh u, goh bundan,
 Tirikchilik olib ketadi.
Borar so‘lib quvvatda hayot,
 Na mehnatsiz, na bir kurashsiz,
G‘amgin, namchil, tuman ham, hayhot,
 Mehrni umrbod ko‘madir shaksiz!


* * *

Ko‘rinmaydi qushlar. Huvilloq, bemor,
Chiriydir taqdirga tan bergan o‘rmon.
Zamburug‘ yo‘q, lekin achchiq izi bor,
Jarliklardan, ko‘ring, anqir bearmon.
 
O‘rmon qa’ri cho‘kdi, oydindir oydan,
Butalar bag‘rida o‘lan yonboshlar.
Kuz, yomg‘ir zarbidan so‘ljaygan loyday,
Qora barglar tag‘in qoraya boshlar.

Dalada-chi, shamol. Kun esa sovuq,
Qovog‘i soliqdir, men-chi kun bo‘yi,
Kimsasiz dashtzorga borgancha yovuq,
Ketaman qishloqdan dunyoga to‘yib.

Meni allalaydi otlar dupuri,
Darddosh bir qayg‘u-la anglayman alhol,
Miltig‘im nayida — bir xil sururi,
Neni navo aylab kuylaydir shamol?


ONA 

Kun bo‘yi, tun bo‘yi — sahargacha to,
Dashtlarda quturdi bo‘ron ham chunon.
Chetan devorlarni ayladi vayron,
Qishloqlar buzilib ketgandi hatto.
Kimsasiz bir uyga kirgandi bosib,
Deraza oynasi ketdi zirillab,
Quruq qor aylandi qaqshab, chirillab,
Zimiston xonaga emas munosib.

Ammo olov bor-di — kechasi o‘chmay,
Yoritib turardi qovoqxonani,
Tongga qadar holin ko‘ring onani,
Ayol yummay ko‘zin, na yeb, na ichmay,
Bunda bo‘ldi... Yo yel, yo bitgan moyi —
Daf’atan o‘chirdi chiroqni so‘ngra,
Bolasini olib kiftiga o‘nglab,
Ayol yo‘lga tushdi qilib xirgoyi...

Tun rosa cho‘zildi — Yaldo ham bekor...
Ba’zan uni shirin mudroqqa chulg‘ab,
Sekin sas berar bad quyun ochmay lab,
Qora peshayvonda shopirgancha qor.
Bo‘ron yovvoyi his iskanjasida,
To‘satdan tashlanib qolgandi uyga.
Dir-dir titragay deb borgandi o‘yga,
G‘amda kimdir uning muz panjasida.
Dashtda zaif ingrar — tushmish ne ko‘yga?
Necha bor tonggacha, qo‘yganmi tanda?
Horg‘in ko‘z yoshdan yaltiramadi,
Demam, bola ko‘rgach — qaltiramadi,
Unga nursiz ko‘zi bilan boqqanda...


MAYOQ

Ko‘zsiz oyna, mayoq ichida,
Kuz shamoli yelar uvillab,
Shovqin solar mayoq uchida,
Salqin shamol meni mast qilar.

Men burama zinada to‘xtab,
Pastga boqdim — to‘lqinlar sasi.
Sohil mavji, osmondir ajab,
Va ummonning moviy nafasi.

Pastda to‘lqin, tepada tordek
Zanjir bog‘i jaranglab kuylar.
Mayoq, ko‘rfaz, to‘lqin o‘rkachdek
Va men, osmon, bulutlar, uylar...


IKKI KAMALAK

O, bir juft kamalak — zarnigor, malham,
Bahor yomg‘irlari. Jilo sochar nur.
Quyuq daraxtzorlar ichra ushbu dam
Namchil may havosi qoldirgan billur.
Ufqda qorong‘u bulutlar zil-zil,
Qora nuqta — qushning qanot izlari.
Kamalak turfa rang, nofarmon, yashil,
Anqir boshoqlarning totli islari.

Rus tilidan Tursun Ali tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.