OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Konstantin Balmont (1867-1942)

* * *

U sendan yuz burib ketganda yiroq,
Izidan jaranglab taraldi kulgung —
Kumush ohanglardan hatto mayinroq,
Bargidan-da mayin marvaridgulning.

Mayinroq — tongdagi ko‘lning barqidan,
Epkindan-da mayin — tungi, mudroqi.
Mayinroq — yoddagi qo‘shiq shavqidan,
Ilk bo‘sa o‘tidan mayin hattoki.

Mayinroq — nigohlar tubidan uchgan
Umid shu’lasidan, baxt so‘rab tayin.
Nogoh shaloladek osilib tushgan,
Nurli kokillardan hattoki mayin.

Mayin — mo‘‘jizaga termilgan sayin
Toshgan hayratdan-da, yurak qa’ridan.
Polyak go‘zalidan ham chandon mayin,
Demakki mayindir bari-baridan.


BODLERGA

O, Bodler, qalbingni anglab yetgani,
Intildim, sen kabir shoirsan, ya’ni
Dahshatlar, girdoblar, xulyo jazmani!

Sen chohga yiqilgan samoviy jonsan,
Qabohat komida nebkin insonsan,
Johillar qo‘lida garov sultonsan.

Mangulik ko‘ziga boqding muzaffar,
Ruhingda uch qo‘shiq yaxlit jaranglar:
Iforu ohanglar va sermavj ranglar!

Sen bilding Ayolni, iblisdir, yohu!
Iblis ham sochar goh munavvar yog‘du,
Aslida ayolga o‘zing ham og‘u.

Tinglab kelajakning sirli sasini,
Chizding uning zabun manzarasini,
Tirnading odamlar dil yarasini.

Sen badkor dunyoda sargardon ruhsan,
Murtadlar qalbiga qutqu shukuhsan,
Xo‘rlangan rohibsan, buyuk majruhsan!

Mening yuragimning osmoni bo‘l hur,
Har qachon ruhing-la bo‘lay men masrur,
Odamlar ichida yurmoq-chun mag‘rur!


QUSHCHA

Jonsarak bir qushcha qo‘ndi darchamga
Va parvo qilmayin mendagi g‘amga,
Tund, g‘arib kulbamni ko‘mdi ohangga.

Oqshom shafag‘idan so‘nar alvon iz —
Zulmat bosib kelar falakni tig‘iz,
Vido aytmoqdaydim men tanho, yolg‘iz.

Qushcha derazamga qo‘nib bu choqda
Sayrardi hech so‘nmas kunduzlar haqda,
Sirli dunyolarni olqishlab, maqtab.

Ko‘zimni yumdim men g‘am-qayg‘usiz, shan,
Qushcha ham men bir-la uchib, daf’atan,
Jimjitlikdan cho‘chib, tindi sayrashdan.

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.