OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqar Hakim (1946)

Asqar Hakim 1946 yilning 10 oktyabr kuni Xo‘jand nohiyasining Ro‘mon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1967 yilda Tojikiston davlat Universitetining tarix-filologiya fakultetini bitirgan.
Adabiyotshunoslikka doir «She’r va zamon», «Dar qalamravi suxan», «Tvortsы sozvuchiy», «Ispыtanie poeziey» kabi kitoblari nashr etilagan. «Rahnavard», «Ro‘ze umed», «Putnik», «Bargpayvand» kabi kitoblari chop etilan.
Tojikiston xalq shoiri, Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomli davlat mukofoti sohibi. 1976 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi.

YUKSAKLIK

Tog‘ning har toshida ko‘zlardan nihon
Bor ekan, bilmasdim, behad ramzu pand.
Cho‘qqiga fotihdek qadam qo‘ygan on
Yangi cho‘qqi ko‘rdim bosh uzra baland.

Tongning elchisiday esdi sho‘x sabo,
Zavq bilan sayradi bir qush butoqdan.
Bu navo tog‘ ichra berib aks-sado,
Ming sado taraldi birdan har yoqdan.

Bir zumda qoraydi osmonning yuzi,
Toqqa chodir qurdi dahshatli bulut.
Ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi quyoshning ko‘zi,
Ro‘shnolik nogahon bo‘lganday unut.

Quyosh ko‘rinmasdi, cho‘kkandi go‘yo
Qop-qora bulutning tubsiz komiga.
Yashin tig‘ urdi-yu, yorishdi samo,
Shamol changal soldi bulut domiga.

Inondim, bulutsiz bo‘lmaskan osmon,
Bo‘lsa ham, deyolmam soflikka shukuh.
Tog‘ning balandligi senga ne ayon,
Past bo‘lsa agarda vujudingda ruh.

Inondim, bir boqib topmoqdir mahol
Tosh sirin, yotsa ham dumalab yo‘lda.
Mushkuldir cho‘qqida ko‘rsatmoq jamol,
Gar fotih bo‘lmasang sahroyu cho‘lda.

Yuksaklik sirini aytgin, baland tog‘,
Axir, cho‘qqilaring ko‘k birla hamroz.
Nechun ko‘rinarkan osmon balandroq,
Inson yerda bo‘lsa qancha sarafroz?!

ERTAKCHI CHOL

Soqolu qoshlari qordayin oppoq,
Egnida-chi? Surpdan tikilgan xil’at.
Hayotda ko‘rdi u visolu firoq,
Achchig‘u chuchuk ham azobu rohat.

Yuzidan shafaqday yog‘ilardi nur,
Sirli afsonalar — uning ta’limi.
Ko‘zlardan shashqator oqizmoqda dur —
Shirinning g‘ussasi, Farhod o‘limi.

Dev bilan olishar maydonda botir,
Mo‘ysafid ko‘zida qalqdi qatra yosh.
Chol kamon otguday to‘lg‘anayotir,
Botirga tilaydi omad va bardosh.

Shahsuvor bag‘rida oy yuzli jonon
Ot surib bormoqda qo‘msab diyorin...
Mo‘ysafid ko‘zidan yoshlari ravon,
Balkim eslagandir sevimli yorin...

Soqolu qoshlari qordayin oppoq,
O‘zi ham, so‘zi ham ajib afsona.
Xuddi ertaklardan chiqqanday shu choq,
Faridun dardidan qalbi vayrona.

Umring boqiy bo‘lsin, ey, ertakchi chol,
Boshingdan o‘tganin so‘yla birma-bir.
Hijron xazon bo‘lsin, yashnasin visol,
Qora xat bitmasin oshiqqa taqdir.

Ishq deb jon berganlar afsona bugun,
Ularga, to‘g‘risi, qilarman havas.
Mayli, yurak-bag‘rim ishqtsan bo‘lsin xun,
Meni ham bir kuni eslasalar, bas...

YIG‘LAYOTGAN TOSHLAR

Ortda qoldi biyday biyobon,
Tog‘ ko‘rindi, osmonda boshi.
Baland qoya ostida nolon
Bir uyum tosh, tinmaydi yoshi.

Qaynarbuloq misoli oqar
Tosh qalbidan sizib chiqqan yosh.
Har tosh mungli onaday boqar,
Ona ko‘zin chizganday naqqosh.

Oynak taqqan yo‘l boshlovchi qiz
Aytib berdi mungli hikoyat:
Tosh ko‘zini silab cho‘kdim tiz,
Eski dardni qo‘zg‘adi g‘oyat.

Bir zamonlar, tog‘liqning yovi —
Cho‘lda qumday ko‘chib yurgan zot,
Yetdi deya molu jon ovi,
Tog‘ boshiga yuz tutdi, hayhot!

Yoymoq bo‘ldi o‘z podasini
Yashnab turgan bog‘u chamanda.
Tog‘ning ohu ko‘zli qizini
Etmoq bo‘ldi kanizu banda.

Chingizxon-chun agarchi taqdir
Buyurgandi qumda yurishni.
Balandlikni ko‘zlab, bebasir,
Orzu qildi tog‘da turishni.

Yuqsaqlikii qilmoq-chun havas
Yuksaklikda tug‘ilmoq darqor.
Tagi pastdan past tug‘ilar, bas,
Qolgan gapning hammasi beqor.

Bel bog‘ladi tog‘liq degan zot,
Rustam kabi chiqib safma-saf.
Hurliq — hayot, tutqunliq — mamot,
O‘lsaq mayli, dushman bo‘lsin daf!

Tog‘ boshida yangrardi nido:
Har bitta tosh boshing naqshidir!
Yurtni yovga ko‘rgancha ravo,
Toshday qotmoq ming bor yaxshidir!

Hayqirardi safdan shohsuvor:
Bu so‘nggi jang emasdir hargiz...
Qora qiyib onalar nochor,
Yosh to‘kishar, yig‘lashar unsiz.

Yo‘l boshida aytib rozi dil,
Hasrat chekib kutdilar mushtoq.
Ko‘zlardan yosh oqdi xuddi sel,
Toshlar ham yosh to‘qdilar shu choq.

Qissaxon qiz bir dam tin olib,
Dedi: — Tamom, qo‘shmog‘im mahol...
Yig‘lab qoldi, «ne ko‘rgiliq!» deb,
Oppoq sochli oshufta ayol...

Oqar edi zilol qatralar,
Ajin bosgan chehrasin yuvib.
Mushtdekkina edi mushtipar,
Zor yig‘lardi, jigarbandim, deb.

Jangga ketdi aziz o‘tloni,
Hanuzgacha benomu nishon.
Ushalmasa qutlug‘ armoni,
Toshlar yig‘lar bir kun, begumon...

Bir uyum tosh, yosh yuvar yuzin
O‘lkamning eng baland tog‘ida.
Ko‘rdim mushtoq onalar ko‘zin,
Yosh to‘karlar farzand dog‘ida.

* * *

Tong chog‘ida faryod chekar balkondan ota,
Nolib-nolib faryod chekar o‘shondan ota.
O, qanchalar ma’yus, mahzun uning nolasi,
Qon bo‘ldi-ku, faryod chekib, qayda bolasi?!

Ming xil sado yutar uning ohu nolasin,
Ko‘chada-ku, o‘ynab yurar shodon bolasi!
Nechun ota faryodiga parvoyifalak?!
Uchib kelgin, kutar, axir, otang jonsarak!

Jon-jonimdan o‘tar har tong mungli ovozi,
Bora-bora bo‘lib qoldim uning hamrozi.
Qo‘shni edik, og‘a-ini tutindik oxir,
Kuyinaman, bo‘lgan kabi taqdirimiz bir.

So‘qqabosh u,
Ayrilibdi o‘z qanotidan,
O‘zin chetga tortar mudom ayol zotidan.
Ko‘zlari der:
Gar qaro kun tushsa boshimga,
Kuymaysiz ham, kelmaysiz ham mening qoshimga.

Tamakiga qo‘shib go‘yo butun zahrini,
Tinmay chekar, tutun puflar, puflar qahrini.
Tutunlarning halqasidan izlar yo‘ldoshin,
Halqa-halqa tutun o‘rar egilgan boshin.

Hech kim bilmas, nechun tashlab qetdi ayoli,
Qarib qolgan, olmaydimi uning uvoli...
Qulog‘imga chalinadi tong chog‘i faryod,
Bu faryodga bormi, ayting, do‘stlarim, imdod?!
So‘roqlaydi balkim bahor, yozu quzini?
Ham o‘g‘lonin ham ayolin hamda o‘zini...

* * *

Qo‘shiqlar bitardi senga shalola,
Navbahor tutardi qaftida lola,
Yel o‘pib o‘tardi qokiling tarab,
Qushlar to‘qishardi ming bir risola.

Maysalar — yo‘lingda yashil poyandoz,
Shabnam dur misoli bermoqda pardoz.
Gul bargi poyingni o‘pmoqda qonib,
Bundan ham ziyoda bo‘lurmi e’zoz!

Bulut ham bisotin to‘kdi boshingga,
Kumushdan xat chizdi qalam qoshingga,
Qovjirab turardi mening lablarim,
Bir qiyo boqmasding hasratdoshingga.

Olam ham, odam ham bo‘lgandi unut,
Quvonch ham, alam ham bo‘lgandi unut.
Shivirlab quylarda yomg‘ir ishqingni,
Qo‘shiq ham, qalam ham bo‘lgandi unut.

Navnihol qaddingni yuvardi yomg‘ir,
Goh zaru goh kumush bo‘lardi zohir.
Gul yomg‘ir yog‘ardi qokillaringdan,
Shoxlardan yog‘ardi go‘yo javohir...

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.