OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘oyib Safarzoda (1940-1972)

G‘oyib Safarzoda 1940 yil 20 fevralda Xatlon viloyatining Xovaling nohiyasi, Mullojon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1957-1962 yillarda Dushanbe Pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan. Uzoq yillar «Sovet Tojikistoni» gazetasida xizmat qilgan.
«Orzu korvoni» she’riy kitobi chop etilgan. «Oshyoni oftob», «Merosi javoniy», «Kulliyot», «Saylanma» kabi kitoblari olamdan o‘tganidan so‘ng nashr etilan. 1971 yilda Tojikiston yozuvchilar Ittifoqiga a’zo bo‘lgan. 1972 yilda avtomobil halokati tufayli vafot etgan.

BUYUKLIK

Tog‘ buyuk bo‘lmishdir poydorlikdan,
Buloq ham buyukdir beqarorlikdan,
Quyosh porloqligu harorat ila,
Dengiz-chi, kenglikdan — bekanorlikdan.

Sevgi sofligiyu chinligi bilan,
Oshiq ham buyukdir umidvorlikdan.
Ona-chi, buyukdir farzand beshigi
Uzra uygokdikdan — tunga yorlikdan.

GUMONLAR

Sen kim bilan ketding bu kech,
olib ketdi qaysi yo‘l?
Go‘zal, yumshoq ham billuriy
qo‘llaringdan tutdi kim?
Kim tun rangli, atir bo‘yli
sochlaringga taqdi gul?
Yuksak, silliq qomatingni
quchog‘iga yutdi kim?
Sen kim bilan tag‘in yo‘lda
oyoq bosding nechalar?
Mening oyoq izlarimni
buzdi kimning izlari?
Xumor ko‘zing kimni sarxush
etdi bu tund kechalar?
Kim ochdi-yu qalb eshigin,
aytdi sirli so‘zlarin?
Kim u o‘ynoq ko‘zlaringning
bu porloq ko‘zgusida
Meni emas, ko‘rmoqda o‘z
aksu iztirobini?
Kim bo‘yningga qo‘llarini
o‘ramoq orzusida
Bu qorong‘u tunda ko‘rar
ko‘kda o‘z oftobini?
Kim bu qecha sening bilan
shaffof anhor bo‘yida
Ko‘rar sening aqsing sari
titrayotgan aksini?
Bu qech sening qokillaring
o‘ynar kimning qo‘lida?
Kim nigohin chaqinida
ko‘rdi umid raqsini?..
Ey, shubhalar, xayolimni
o‘ynatmangiz, tortishib,
Ey, ruhimni tushirmangiz,
qiynamangiz jonimni,
Mening sevgim — umidimning
indan adashgan qushi
Tag‘in qachon qaytar,
qachon to‘ldirib oshyonimni?!.

KOSMONAVT QO‘SHIG‘I

Onajonim, sendan ogoh yurak oldim men,
Bukun olis samo sari yo‘lim soldim men.
Yo‘l yorug‘i bo‘lgan mehring, o‘gitlaringni
O‘shal uydan, ul dargohdan olib keldim men.

Uchmoq uchun qanot topdim boqishlaringdan
Ham tiriklik kuyin topdim yonishlaringdan,
Ey, suyukli onajonim,
Ey, suyukli onajonim!

Yaralganman ehsoningdan sening, ey, Vatan,
Sen tan bo‘lsang, men joningman sening, ey, Vatan,
O‘g‘loningman, kezar joyim bukun koinot,
Faxrlangum farmoningdan sening, ey, Vatan.

Bukun tag‘in yoding bilan uchmoqdaman men,
Shodman, falak sirlarini quchmoqdaman men,
Ey, suyukli jonajonim,
Ey, suyukli jonajonim!

Ona, Vatan, ismingizni kuylar tillarim,
Amr etdingiz, falaklarga tushdi yo‘llarim.
Sinalmagan manzillarga qadam qo‘ydim men,
Yer xabarin quyosh, oyga eltar dillarim.

Men mag‘rurman falak taxti, ko‘k peshtoqida,
Maqsad gulin teradurman umid bog‘ida,
Ey, suyukli jonajonim,
Sevikli yurt — jonajonim!

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.