OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Haqnazar G‘oyib (1943)

Haqnazar G‘oyib 1943 yilning 7 yanvarida Ko‘lob nohiyasining Oftobliqo qishlog‘ida tavallud topgan.  Pedagogika bilim yurtini (1960) hamda Ko‘lob davlat Muallimlar institutini tugatgach, bir yil muallimlik qilgan. 1966 yildan muxbirlik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lgan. Jamoatchilik asosida Madaniyat xodimlari kasaba  Itttifoqining  raisi (1966-1970), Ko‘lob viloyati televizion va radio Qo‘mitasi boshlig‘i (1974-1981), yozuvchilar Ittifoqi Ko‘lob bo‘limi mas’ul kotibi, «Xatlon» (1990-1993), «Ko‘lob yangiliklari» (1993) gazetalari  bosh muharriri bo‘lgan. 2002 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqining Xatlon viloyati bo‘limi raisi.
Xaqnazar G‘oyib  «Ehyonoma», «Firdavsiy hasrati», «Eynshteyn hasrati» «Oftob ashki» kabi dostonlar muallifi. «Hayot ramzi», «Issiq nigoh», «Ishqning yashil bargi», «Taqdir», Muqaddasnoma» kabi ko‘plab kitoblari chop etilgan.  Haqnazar G‘oyib  I.Bunin, I.V. Gyote, Ye.Yevtushenko, S.Yesenin, A.Muxtor, Ya.Kolas, E.Mejelaytes, N.Baratinskiy, A.Rifning alohida she’rlarini tojik tiliga o‘girgan. 2000 yilda Abu Abdulloh  Ro‘dakiy nomli davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. «Sharaf» ordeni sohibi. Tojikiston xalq shoiri. 1976 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi.

ILK QASAM

Yana tongda qo‘shni hovlida
O‘q ovozi sukutni tildi.
Shodlandim men, axir, bu onda
Yangi inson dunyoga keldi.

Lekin bir o‘y keldi-ku, dilga:
Nega, axir, tojiklar har dam
O‘q otarlar yorug‘ dunyoga
Farzandlari qo‘yganda qadam?

Isyonkor va adolattalab
Bo‘lsin deya etarlar orzu
Ham o‘q uzib, asta ochib lab,
Shunday tilak tilarlar mangu:

Bolajonim, kelding dunyoga,
Isyonkor bo‘l shu ondan doim.
Bolalikdan izimdan borgin,
Shudir mening chin muddaoim.

O‘q sadosi ostida, bolam,
Hayotimdan ol der namuna,
Umringda hech tortma der alam,
So‘nggi dam ham jon ber mardona.

Shundan balki, tog‘liq tug‘ilsa,
O‘q yangragay titratib ochun —
Ozodlikning yovi kim bo‘lsa,
Yuragiga qadalmoq uchun.

Quloq solsam olis-olisdan,
Qulog‘imga yetadi sado,
Go‘yo turib moziy bag‘ridan
Mard bobolar bergandeq nido.

Faqat shunday tug‘ilar farzand,
Faqat shunday ko‘z yorar ona.
O‘q yangraydi — ilk qasam kabi
Yuraklarda shiddat, tantana.

TARONA

Yulduzlar gul kabi ochilgan zamon
Oydin lolazorga o‘xshaydi osmon.
Navbahor kelganda, ey, ko‘nglim guli,
Qoshimga tashrif et, aylab xiromon.

Boshimdan sochding sen gullar isini,
Keltirding hayotning tiniq shamolin.
Keltirding muhabbat, mehring so‘zini,
Olis yoshligimning orzu-xayolin.

Olislarga boqding.
Guvladi nasim,
Yulduz gullariga tikding sen nigoh.
Qayta yashamoq hech bo‘lmas deb nasib,
Nigohing oh chekib yig‘lardi go‘yo.

Nogoh lablaringni yondirdi bo‘sa,
Sen ketding, men qoldim oh chekib darddan.
Sen go‘yo ko‘kdagi yulduz eding-u,
Aylanding umrimning guliga birdan.

Tongdan o‘cha boshlar yulduzlar ko‘kda,
Ammo yuragimda tungi navolar —
Ammo yuragimda tungi navolar —
Xonamga qaytganman oqargach sahar.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.