OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'rxon Veli Qoniq (1914-1950)

http://ziyouz.com/rasmlar/poems/orhanvelikanik.jpg

Istanbulda tug‘ilgan. Istanbul universiteti Adabiyot fakulteti, Falsafa bo‘limida o‘qigan. Axborot-aloqa idorasida (RTT), bir muddat Milliy Ta’lim Vazirligining tarjima byurosida ishlagan. O’limidan oldinroq o‘n besh kunlik "Yaproq" jurnalini tashkil qilgan.
She’r kitoblari: "G’arib" (O’ktoy Rifat va Melih Javdot bilan birga, 1941), "Voz kecholmaganim" (1945), "Doston kabi" (1946), "Yangisi" (1947), "Nasriddin xo‘ja hikoyalari" (1948), "Qarshi" (1949). O’limidan so‘ng bu kitoblarga kirmagan she’rlari bilan bu kitobdagi she’rlar nashr qilingan (1951,1982). Tarjima she’r kitoblari "La Fontening ertaklari" (ikki kitob, 1948), "Frantsuz she’riyati antologiyasi" (1982).
O’rxon Veli tashbeh va istiora kabi badiiy tasvir vositalari haqida shunday fikrda: "...tashbeh bilan istioradan qochgan, ko‘rganini hamma qo‘llayotgan kalimalar bilan tushuntirgan odamni bugunning munavvari (olimlari) g‘alati qabul qilishmoqda".
O’rxon Veliga ko‘ra "She’rni she’r qilgan faqat adosi (yakuni)dagi xususiyat bo‘lib, bu ma’noga oiddir. She’r barcha fazilatlari yakunida jam bo‘lgan bir so‘z san’atidir. Ya’ni, tamoman ma’nodan iboratdir. Ma’no insonning besh tuyg‘usiga emas, aqliga xitob qiladi. Binobarin, to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson ruhiyatiga xitob etuvchi va butun qiymati ma’nosida bo‘lgan haqiqiy she’r unsuri borligini ham unutmaylik".
O’rxon Veli she’riyatda qo‘llagan turkcha o‘ziga xosligi, tabiiyligi bilan ajralib turadi.
O’rxon Velining tarjimalari ham zamonaviy turk tarjimashunosligining mumtoz namunalaridir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.


AORIST

Ey, xotirasi ichimda qasam qadar buyuk,
Ey, bog‘chasining xush kunlarga ochiq eshigi.
Hanuz ro‘yolarimga kirgan eng suyuk,
Bola peshonasidagi kabi issiq bo‘sa hadigi.

Ey,sevgi shoximda ilk chechak ochgan g‘uncham,
Qonim oqishini yengillatgan tomir...
Gul rangi nurlari, savdo to‘la oqshom,
Ichimda yangi bir shafaqday qolur...

Ey,taxta to‘siqdan oshib o‘tgan gul
Va havolari sasimizga to‘la bahor ...
O’ynaganimiz suvlar, yugurganimiz yo‘l,
Qog‘oz bir kemayu, quvonch yuklari bor...

Eshitib qarshi minoradan xuftonga chorlov,
Yotog‘imga issiqligin keltirgan ro‘yo...
Dengizlarda yashaganim - kuydirmas olov,
Va qirg‘oq eng katta beg‘ubor dunyo ...

Oh, ko‘p narsa bergan o‘rik daraxti,
Ilk yo‘lchilikda boshlangan hasrat...
Qo‘ng‘iroqli faytun taqqan ot shaxti ...
Kichik ro‘molchamda yumalagan dard ...


ABOBIL

Saqlab ichiga saslar, uchgan bu oqshomdan,
Hofizamni dengiz qirg‘og‘iga tortgan yo‘l...
Oydinlik, ro‘yolar iziga tushgan kongul ,
Moviy dengizda suzar kabi yongan shamdon...

Suratlar ustida zulmatning qo‘rqinchi
Va birdan qalblarga urilgan xotira.
Meni cheksiz saodatga tortib botirar,
Kichik barmoqlaringda ro‘yolar ilinji...

Ayrilmoqda ko‘zlarimdan yillarcha kechalar
Va yolg‘iz qolmoqda yozga rom sohil...
Uchishadi ko‘k yuzida bir gala abobil;
Sevgim va hasratim abadiy qolar...

Ochiq pardalardan saslarning to‘kilishi;
Bir sardoba yanglig‘ ruhning cho‘kishi...
Eng yaqin sevgining sezilmagan o‘pichi...
Yashamoqdan go‘zal bo‘lgan uning kulishi...

Iliq soyalarda uxlatib o‘ylaring,
Oq etaklaring bilan menga ko‘ringaning ...
Va nafasingni yashil tonglarga ilinganing,
Mening yoz tunidagi issiq o‘ylarim...

Rangli fonuslarning tagiga tushgan sevinchi,
Yelkalaringda oy nuridan jamalak.
Hasratni quvolmay fitratim halak,
Kichik barmoklaringda esa, ro‘yolaring ilinji...


KITOBAI SANGI MOZOR

I
Hech narsadan azob ko‘rmadi dunyoda,
Nosirdan ko‘rgani qadar.
Hatto xor, chirkin yaratilganidan ham
Bu qadar qayg‘uli emasdi.
Tuflisi oyog‘in qismaganda,
Eslamasdi ammo Allohni.
O’zini gunohkor hisoblamasdi,
Yoziq bo‘ldi Sulaymon afandiga ...

II
Masala u qadar shov-shuv emasdi,
Na boshqalar, na o‘zi uchun;
Bir oqshom uxladi,
Uyg‘ona olmadi.
Olib ketdilar,
Yuvildi, namozi o‘qildi, ko‘mildi.
Eshitsalar o‘lganin oladiganlar,
Haqqini halol qiladilar albatta.
Oladiganiga kelganda...
Zotan, oladigani yo‘q edi rahmatlining...

III
To‘fangini omborga qo‘ydilar,
Savobini boshqasiga berdilar.
Ortiq na to‘rvasida non bo‘lagi,
Na yostig‘ida dudoqlarining izi;
Shunday bir shamol kabi
O’zi ketdi,
Hatto ismi ham yodgor qolmadi.
Yolg‘iz shu bayt qoldi,
Qahva o‘chog‘ida qo‘l yozuvi bilan:
"O’lim Allohning amri,
ayriliq bo‘lmasa edi"...


TONGGA QADAR

Shu shoirlar ma’shuqalardan battar,
Nimadir bu odamlardan chekkan azobim...
Shunday bo‘ladimi tongga qadar,
Bir misra deb uchsa yonog‘im...

Tingla, tingla, eshitasanmi,
Qo‘shig‘ini tom mo‘risining.
Yoxud bug‘doy tashiganini,
Chumolining uyalariga.

Kutmasam na bo‘lar quyosh tug‘ishin,
Qo‘llangan qofiyalarni qo‘llash uchun.
Tongda kelgan qog‘oz oluvchilarga,
Buklangan qog‘ozni yo‘llash uchun.

Shayton deyaptiki: "Och derazangni,
Baqir, baqir, baqir,
Tongga qadar...".


GO’ZAL HAVOLAR

Meni bu go‘zal havolar mahv etdi,
Shunday havolarda iste’fo qildim,
Vaqfdagi. ma’muriyatimdan.
Tamakiga ham shu havoda o‘rgandim,
Shunday havoda oshiq bo‘ldim;
Uyga non va tuz olib kelishni,
Shunday havolarda unutdim.
She’r yozish xastaligim,
Doim shunday havolarda nuqs etdi,
Meni bu go‘zal havolar mahv etdi...


ANGLATOLMAYAPMAN

Yig‘lasam, sasimni anglolasizmi,
Misralarimda.
Uchrata olasizmi ko‘z yoshlarimni
Qo‘lingiz bilan?
Bilmasdim qo‘shiqlarning bu qadar go‘zal,
Kalimalarning esa tansiqligini.
Bu dardga chalinmay turib.
Hammasini aytish mumkin bo‘lgan
Bir yer borligi bilan...
Xiyla yaqinlashibman, deyapman,
Ammo, anglatolmayapman...


POYEZD OVOZI

G’aribman;
Na bir ko‘ngil ovutar go‘zal bor bu shaharda,
Na bir tanish chehra.
Bir poezd ovozin eshitishga tashna,
Ikki ko‘zim,
Ikki chashma...


ISTANBULNI TINGLAYAPMAN

Istanbulni tinglayapman, ko‘zlarim yumilgan,
Yengilgina shamol esmoqda.
Sekin, sekin sollanmoqda,
Yaproqlar daraxtlarda,
Uzoq, juda uzoqlarda
Meshkopchilarning saslari shamolga ilingan...
Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan.

Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan,
Gala-gala qushlar uchadi.
Yuksaklarda chug‘ur-chug‘ur ovozlari
To‘rlar tortilarkan qirg‘oqqa,
Bir ayol o‘tirar oyog‘i suvda, xayolga ko‘milgan
Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan...

Istanbulni ting‘layapman ko‘zlarim yumilgan,
Salqin, salqin yopiq bozorlar.
Jonli, jonli Mahmud posho...
Kabutar to‘la hovlilar...
Bolg‘asaslari kelar portlardan.
Go‘zalim bahor shamolida turar, yuzlari kulgan,

Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan...
Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan,
Boshimda eski zamonlar sarxushliklari,
Eski qayiqlari bilan bir qirg‘oq.
Bo‘ronlarining shovqini, dengiz tinchligi brilgan,

Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan...
Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan,
Bir go‘zal o‘tmoqda tosh yo‘ldan,
Kufr gaplar, qo‘shiq, gap otishlar...
Bir narsa tushar qo‘lidan,
Sochilgan gullari ortidan termulgan...

Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan...
Istanbulni tinglayapman ko‘zlarim yumilgan,
Bir qush potirlaydi etaklarida;
Peshonasi sovuqmi, issiqmi bilaman;
Dudoqlari ho‘lmi, quruqmi bilaman;
To‘lin oy chiqmoqda kungaboqar ortidan,
Qalbimning urishini anglaganday anglayapman,
Istanbulni tinglayapman!...

("Qarshi" kitobidan)


BURGA SHE’RI


Bu ne ajoyib bilmacha ,
Na kunduz bitar, na kecha.
Kimga aytamiz dardimiz,
Na hakim anglar, na xo‘ja.

U kimdir ishinda, kuchinda,
U kimdir sasi yo‘q ichinda?
Og‘iz bor, quloq bor, burun bor.
Ammo bari ayri bichimda.

U kimdir payg‘ambar deb yonar?
U kimdir soat kabi aylanar?
U kimdir kotib yozuvin yozsa?
U kimdir ko‘chalarda tilanar?

U kimdir qamchi taqar beliga?
U kimdir sho‘ng‘ir dunyo yeliga?
Ayol hisobida tunlari,
Kunduzlari ota qo‘lida?

Bu nizom shunday ketarmi?
Burgalar filni yutarmi?
Yetti nufuzli yotar joyda,
Uch betayin yotsa yetarmi?

Qorishiq ishlar bu vassalom,
Telbalikni yozadi qalam.
Yozganingni tongda o‘qisang,
Hech qiymatga arzimas kalom...


YO’LCHILIK

Ne sir bor bu yo‘lchilikda,
Har safar yig‘latar meni,
Menki yolg‘izman bu dunyoda!
Yo‘lga chiqaman tonggi qizillikda...

Uzun ko‘prikdan qir bo‘ylab,
Yaylovning otlari dupur, dupur...
Haydovchim o‘n to‘rt yoshida,
Yuzimni yosh bilan qo‘yaman siylab...

Ko‘nglim shod bo‘lishi kerak-ku axir,
Qaerda men izlagan shodlik.
Aytinglar ne sir bor yo‘lchilikda,
Ko‘zimdan ne uchun yosh oqayotir?...

("Voz kechmaganman" kitobidan)

Abdulatif Abdullayev tarjimalari

ISTAMBULNI TINGLAYAPMAN

Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq,
Sokin bir shabada esmoqda mayin;
Sokin-sokin tebranadi
Yaproqlar og’ochlarda;
Uzoqlarda juda uzoqlarda
Birin-sirin jaranglamoqda
Meshkoblarning qo’ng’roqchalari
Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq.

Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq
Qushlar o’tar yuksaklardan
Qator-qator, shovqin solib.
Baliqchilar yoyishadi to’rlarini
Bir ayolning oyoqlarin to’lqin yuvar
Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq

Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq
Salqin-sarin Qopalichorsu*
Gurros-gurros Mahmudposhsho*
Kabutarlar g’ujg’on hovlilar
Cho’kich sasi kelar dok*lardan
Go’zal bahor yellarida terning hidi bor
Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq

Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq
Boshimda eski alamlarning sarxushligi
Rangsiz qayiqxonali ko’rkam bir hovli
Janub shamolining sokin shiviri aro
Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq

Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq
Bir sohibjamol o’tib borar,
Uni kuzatar
Qarg’ishlar,qo’shiqlar,alyorlar,loflar
Nimadir tushadi qo’lidan yerga
Gul bo’lsa ajabmas
Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq

Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq
Bir qush qo’nay deydi sohibjamol etaklariga
Yuzi qizardimi,yo’qmi,bilmayman
Dudoqlari nammi, yo’qmi,bilmayman
Oppoq oy ko’rinar daraxtlarning ortida
Istanbulni tinglayapman, ko’zlarim yumuq

VATAN UCHUN

Ne ishlar qilmadik shu vatan uchun!
Birimiz o’ldik,
Birimiz nutq so’zladik..

AYRILIQ

Tikilib qolaman kemalarning ortidan;
Otolmayman o’zimni dengiz qa'riga
- Axir,dunyo g’ozal;
Erman,axir, yig’layolmayman.

KO’ZLARIM

Ko’zlarim,
Ko’zlarim qayda?

Shayton oldi-ketdi,
Sotolmasdan qaytardi.

Ko’zlarim,
Ko’zlarim qayda?

SABOHGA QADAR

Bu shoirlar oshiqlardan battar,
Axir nima oldim o’zi ulardan?
Shuyam ishmi,butun bir tunni
Bir misra sirini bilishga bermoq?

Bir dam quloq bergin,
Eshityapsanmi
Tomlarning,quvurlarning qo’shig’ini
Yoxut uyasiga bug’doy tashiyotgan
Chumolilarni?

Quyoshning chiqishin kutishim shartmi,
Tuni bilan bitgan qofiyalarimni
Tongda eshik qoqqan farroshlar bilan
Dengiz qirg’og’iga jo’natmoq uchun?

* * *

Tekin yashayapmiz,tep-tekin,
Havo tep-tekin,bulut tep-tekin.
Dara,tepa tep-tekin;
Yomg’ir loy ham tep-tekin
Avtomobillar tutuni,
Kinozallar eshigi
Fohishalar tep-tekin;
Nonu pishloqmas ammo
Dengiz suvi tep-tekin;

Ozodlik bosh evaziga
Qullik esa tep-tekin
Tekin yashayapmiz,tep-tekin

* Qopalichorsu - Istambuldagi bozor
* Mahmudposhsho - Istambuldagi masjid
* dok - kemalar ta'mir qilinadigan ustaxona nazarda tutilmoqda

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.