Turk xalq shoiri Oshiq Veysel Turkiyaning Sivas viloyatida 1894-yili tug'ilgan. U ham shoir, ham bahshi, ham sozchi edi. Onado'li ishq qo'shiqlarini yangi usulda ijro etardi. Uning she'r va qo'shiqlari ma'yus ohangda, tasavvufiy yo'nalishdadir.
Yetti yoshida chechak xastaligidan ko'zi ojiz bo'lib qolgan Veysel sozga mehr qo'ydi. Esma degan qizga uylangan Veysel undan bir qiz, bir o'g'il ko'rdi. Ammo og'li 10 kunligidayoq vafot etdi. Qizi esa 2 yil yashadi. Otasi va onasi, bolalaridan ayrilgan Veysel dardli-dardli qo'shiqlar kuylay boshladi. Uning "Mening sodiq yorim qora tuproqdir", "Do'stlar meni xotirlasin", "Uzun-qisqa bir yo'ldaman" she'rlari shu davrda yozilgan.
1931-yili Oshiq Veysel Sivas litseyi o'qituvchisi Ahmet Kutsi Tejer bilan birgalikda "Xlaq shoirlari uyushmasi"ni tuzdi.
1933-yilgacha Oshiq Veysel xalq so'zi hamda boshqa shoirlarning she'rlarini kuyga solgan bo'lsa, endi u o'z she'rlarini kuyga solib, taqdim etdi.
Uning she'rlari "Izohlar" (1944), "Sozimdan saslar" (1950), "Do'stlar meni xotirlasin" (1970) kitoblarida to'plandi. Vafotidan so'ng "Mukammal asarlari to'plami" (1984) chop etildi.
1973-yilning mart oyida Oshiq Veysel o'zi tug'ilib o'sgan Sivrialan qishlog'ida vafot etdi.
UZUN-QISQA BIR YO'LDAMAN
Uzun-qisqa bir yo'ldaman
Ketayapman kunduz-kecha.
Bilmayapman ne holdaman
Ketayapman kunduz-kecha.
Dunyoga kelganim onda,
Yurardim ayni zamonda,
Ikki eshikli xonada,
Ketayapman kunduz-kecha.
Uyquda yana yurarman,
Qolmakka sabab so'rarman,
Ketgan hammani ko'rarman,
Ketayapman kunduz-kecha.
Qirq to'qqiz yil bu yo'llarda,
Vodiyu, tog'u cho'llarda,
Tushganim g'urbat qo'llarda,
Ketayapman kunduz-kecha.
Chuqurroq anglab bo'lguncha,
Uzoq ko'runur ko'rguncha,
Bir yo'l lahza miqdorincha,
Ketayapman kunduz-kecha.
Hayratda Veysel bu hola,
Ba'zan yig'lab, ba'zan kula,
Yetishmak uchun manzila,
Ketayapman kunduz-kecha.
MENING SODIQ YORIM QORA TUPROQDIR
Do'st-do'st deya nechasiga yiqildim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Behuda aylanib, quruq charchadim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Necha go'zallarga bog'landim, qoldim,
Na bir vafo ko'rdim, na foyda topdim,
Nimaki istasam tuproqdan oldim,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Nafas olmoq uchun havo keltirdi,
Menga turli-turli meva bitirdi,
Har kun meni tepasida ko'tardi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Qornin yordim kurak bilan, bel bilan,
Yuzin yirtdim tirnoq bilan, qo'l bilan,
Yana meni qarshiladi gul bilan,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Unga azob bersam, menga kulardi,
Bunda yolg'on yo'qdir, har inson ko'rdi,
Bitta danak eksam to'rt bo'ston berdi,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Havoga qarasam havo olaman,
Tuproqqa qarasam duo olaman,
Tuproqdan ayrilsam qayda qolaman,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Tilaging bor esa so'ra Allohdan,
Olmoq uchun uzoq ketma tuproqdan,
Jo'mardlik tuproqqa berilmish Haqdan,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Haqiqat izlasang ochiq bir nuqta,
Alloh qulga yaqin, qul ham Allohga,
Haqning sirli hazinasi qora tuproqda,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Barcha ayblarimni tuproq yashirar,
Malham berib, yaralarim tuzatar,
Qo'lin ochmish yo'llarimni kuzatar,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
Har kim vafot etsa bu sirri mazhar,
Dunyoga qoldirar o'lmas bir asar,
Kun kelar, Veysalning bag'riga bosar,
Mening sodiq yorim qora tuproqdir.
DO'STLAR MENI XOTIRLASIN
Men ketarman, nomim qolar,
Do'stlar meni xotirlasin.
To'ylar bo'lar, bayram bo'lar,
Do'stlar meni xotirlasin.
Jon qafasda turmas, uchar,
Dunyo kulba, kimlar ko'char,
Oy aylanar, yillar kechar,
Do'stlar meni xotirlasin.
Jon badandan ayrilgan choq,
Yonmas o'tin, yonmas o'choq,
Salom bo'lsin quchoq-quchoq,
Do'stlar meni xotirlasin.
Ne kelsamdi, ne ketardim,
Kundan kunga ortar dardim,
G'arib qolar daydi gardim,
Do'stlar meni xotirlasin.
Ochar, so'lar turli chechak,
Kimlar kulmas, kim kulajak,
Orzu yolg'on, o'lim barhaq,
Do'stlar meni xotirlasin.
Kun ortidan oqshom bo'lar,
Boq, bu boshga nelar kelar,
Veysel ketar, nomi qolar,
Do'stlar meni xotirlasin.
Turk tilidan Davronbek Tojialiyev tarjimalari
SANING YO‘LINGDA
Xatar bo‘ldi yoshlik chog‘im
Saning yo‘lingda-yo‘lingda,
So‘ldi chechagim, yaprog‘im
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Man na edim? Man na bo‘ldim?
Goh bo‘shaldim, goho to‘ldim,
Yondim, kuydim, otash bo‘ldim,
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Mana, keldi so‘ng bahorim,
Mani istar sodiq yorim,
Xatar bo‘ldi nomus-orim
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Qo‘lingdan bir boda ichdim,
Turli –turli dardga tushdim,
Jumla borlig‘imdan kechdim
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Dilsiz bo‘ldim: ko‘kalandim,
Yomg‘ir bo‘ldim: safolandim,
Tuproq bo‘ldim: tepalandim,
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
Sanga cho‘zilgan qo‘l bo‘ldim,
Goh oqil, goho dol bo‘ldim,
Ojizlikda Veysal bo‘ldim
Saning yo‘lingda-yo‘lingda.
SAN BIR CECHAK BO‘LSANG…
Har sahar oqarsa, suvga ketarkan
Yor yo‘lingda tuproq bo‘lsam, tuz bo‘lsam!
Boqib to‘rt tarafa sayr etarkan,
Qoraqosh oldida ola ko‘z bo‘lsam.
Nozlana-nozlana chiqarkan yo‘lga,
Necha dilsizlarni keltirar dilga,
Yashilbosh o‘rdakdek suzarkan ko‘lda
Yo bir burgut bo‘lsam, yo bir boz bo‘lsam.
Veysal, o‘rdak bo‘lsin, sen-da ko‘l, yorim,
Basdir, menga karam ayla, kel, yorim,
Lola, sumbul, mor binafsha, gul, yorim,
San bir chechak bo‘lsang, man bir yoz bo‘lsam.
PARVONALAR OVORADIR…
Kelgan yo‘q, ketgan yo‘q, uzoqdir ora,
Ilgaz tog‘i yo‘l bermadi, kecholmam.
Havolanib yo‘ldosh bo‘lsam qushlara,
Qo‘llarim yo‘q, qanotim yo‘q, ucholmam.
Bahor kelib, turnalarga esh bo‘lsam,
Yomg‘ir bo‘lib, ko‘zdan oqqan yosh bo‘lsam,
Ola ko‘zli bir go‘zalga qosh bo‘lsam,
Ul zamonning qiymatini bicholmam.
Bu yil yana Qo‘yqo‘y manga yurt bo‘ldi,
Ilgaz tog‘i oramizda sad bo‘ldi,
Sandan ayrilganim manga dard bo‘ldi,
Dardim sandan boshqasiga ocholmam.
Dard bir yona chekar, savdo bir yona,
Yonmoq uchun ovoradir parvona,
Qayon boqsam, sani ko‘rdim har yona,
Yor Veysaldan, man yorimdan kecholmam.
BO‘LOLMADIM
Saning ishqing-la Majnun
Bo‘lay dedim, bo‘lolmadim.
Man bu ishqda jonu darmon
Bo‘lay, dedim, bo‘lolmadim.
Ishqing mani etdi giryon,
Goh boshyalang, goho hayron,
Jondan sevgan go‘zalimni
Olay, dedim, ololmadim.
Man bir jismu san bir jonsan,
Ham dinimsan, ham imonsan,
Manga mandek yaqin sansan,
Do‘st yo‘lida o‘lolmadim.
Borim-yo‘g‘im bir Veysalim
Etagingda qoldi qo‘lim,
Ey, manim shonli go‘zalim,
Xayolingda qololmadim.
SAN BO‘LMASANG…
San bir ishqsan, man bir Majnun,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
San bir gulsan, man bir bulbul,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
Qalbimda yasharsan har on,
Borim-yo‘g‘im sansan, inon,
Qalbimdagi aziz mehmon,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
G‘aflatda qalbimga kirding,
Turli-turli dardlar berding,
Dunyodan aziz bu dardim!
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
Sansan manim jumla borim,
Yo‘qdir boshqa kasbu korim,
Ham yozimsan, ham bahorim,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
Quvon, Veysal quvon tag‘in,
Jo‘shdi ko‘ngil, yetdi ohing,
Sansan manga mandek yaqin,
San bo‘lmasang, man bo‘lmasdim.
BU MANDAGI ISHQ BO‘LMASA…
Go‘zalliging bilinmasdi
Bu mandagi ishq bo‘lmasa,
Aylanajak yerim bo‘lmas,
Ko‘nglimdagi ko‘shk bo‘lmasa.
Ta’rifing sig‘mas qalamga,
Darding darmondir yaramga,
Oting yoyilmas olamga
Oshiqlarda mashq bo‘lmasa.
Kim o‘qirdi, kim yozardi?!
Bu dunyoni kim chizardi?!
Qo‘ying gurd ila kezardi
Fikr boshqa-boshqa bo‘lmasa.
Go‘zal yuzing ko‘rilmasdi,
Ishqing manda tirilmasdi,
Gulga qimmat berilmasdi
Oshiq va ma’shuq bo‘lmasa.
Sandan oldim bu faryodni,
Bu erur dunyoning dodi!
Yoyilmasdi Visol oti,
Ul sanga oshiq bo‘lmasa.
BU KECHA
Bilmam o‘ngimmidi, yo‘qsa tushmidi,
Ko‘nglim orzusini bildi bu kecha,
Soching qilichmidi yo otashmidi?! –
Yuragim ko‘z ila to‘ldi bu kecha.
Bilolmadim kecha ila kunduzni,
Ko‘rolmadim quyosh ila yulduzni,
Mastona ko‘zlari mast etdi bizni,
Aqlimni boshimdan oldi bu kecha.
Oy o‘zina boqqan bila to‘yolmas,
Yulduz-yulduz xollari bor, uyalmas,
Ishq mayidan ichgan oshiqlar o‘lmas,
Bilmam, manga nima bo‘ldi bu kecha?
So‘nmay yonur to‘g‘rilarning chirog‘i,
Yaqin bo‘lur ahliishqning yirog‘i,
Veysal bo‘ldi Veysallarning firog‘i.
Xayoli qarshimga keldi bu kecha.
AGAR KO‘RSAM EDI KO‘Z ILA SANI
San bir jiyron bo‘lsang, man-da bir ovchi,
Ovlasam cho‘llarda soz ila sani.
Bo‘linmas darmoni, yo‘qdir iloji –
Tutsam, yaralasam so‘z ila sani.
Kel, sani sevdigim, go‘zalim, deyin,
Belanma qaroga, ol-alvon kiyin,
Men bir cho‘pon bo‘lay, san manim qo‘yim,
Bog‘lasam oldimda tuz ila sani.
Qo‘yim bo‘lsang, o‘tlatardim yaylovda,
Tillarini yuldirmasdan har yonda,
Baliq bo‘lib suzsang agar daryoda
Ushlardim daryodan tezlikda sani.
Veysal der; oting tushmas tilimdan,
Ayri tushdim, vatanimdan, elimdan,
Qush bo‘lsang-da, qutulmasding qo‘limdan,
Agar ko‘rsam edim ko‘z ila sani.
Xurshid Davron tarjimalari