Shandor Petyofi (1823–1849) venger xalqining iftixori va milliy she’riyati asoschisi hisoblanadi. Venger adabiyotshunoslari shoirning adabiyotda tutgan o‘rnini Pushkin va Shevchenko bilan tenglashtirishsa, asarlarining g‘oyasini Beranje, Geyne ijodi, ijtimoiy qirralarini Nekrasov she’riyati bilan yonma-yon qo‘yishadi.
Shandor Petyofi 1823 yil 1 yanvarda tavallud topgan. Ilk she’rlar to‘plami 1844 yili dunyo yuzini ko‘rdi. Petyofi shakl va mazmun jihatidan venger she’riyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Ona vatani ozodligi haqida baralla kuylagan yosh shoir Avstriya imperiyasi istibdodiga qarshi olib borilgan 1848–1849 yillardagi jangovar kurash yo‘lboshchilaridan biri sifatida tanildi va yigirma olti yoshida milliy inqilobni bostirishda qatnashgan rus kazaklari bilan bilan kechgan tengsiz jangda qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shoirning “Qishloq bolg‘asi” (1844), “Pahlavon Yanosh” (1844), “Shamollar” (1845–1846), “Pishta Silay” (1846), “Shalgo” (1846), “Havoriy” (1848) to‘plamlari hamon qo‘lma-qo‘l o‘qiladi.
«Yanosh botir» (1965) dostoni,«Tanlangan asarlari» (1973) o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
HASRAT
G‘am-hasrat — kattakon bir dengiz,
Quvonch-chi, undagi javohir.
Shuni ham, shuni ham, ming afsus —
Topguncha qilamiz qaro yer.
NIMA YEGANSAN TUPROQ?
Nima yegansan tuproq? —
Bir lahza bo‘lgin sirdosh.
Namuncha qon ichasan,
Ichasan muncha ko‘zyosh?..
Ruschadan Ma’ruf Jalil tarjimasi
* * *
Nur bag‘ishlab , rangsiz umrimga
Yana keldi kuz bilan afsun.
Bu faslga oshnoman nega? –
Mudom undan izlayman mazmun.
Tikilaman olis ufq sari;
Qiyama tog‘ chimzorlar aro
O‘tiraman tinglab, xazonning
Shitirlashi qalbimga oro.
Zamin uzra quyosh jilmayar,
Charaqlaydi sokin nur elab,
Ona kabi asta tebratar,
Farzandini beshikka belab.
Borliq zamin mudraydi asta,
Bu o‘limmas – uyqudir faqat.
Yo‘q, u pari o‘z xobgohida
Hali tirik, uxlaydi bevaqt.
Yoyibdi u yon -atrofiga,
Egnidagi ko‘rkam libosin,
Va nogahon cho‘chib qolsa gar,
Kiyib olar hayo qabosin.
Uxla, xushro‘y, tanti tabiat,
Uxla, bahor kuni kelguncha.
Hali kelar nurafshon kunlar,
Shirin tushlar ko‘rgin ungacha.
Titroq barmoq uchlari bilan
Ushlamoqchi bo‘laman uni.
Sokin shivir taralar birdan,
Tushlariga chorlar u meni.
O‘tir, do‘stim, men-la salqinda,
Sukut saqla , gapirma, tin ol.
Tovush so‘nar suvning sathida,
Shivirlaydi birgina shamol.
Agar dillar bo‘sa istasa,
Sal tegsa-da lablariga lab,
Uyg‘otmasin shu onda bo‘sa
Orom olsin farishtam uxlab.
ERKAKMISAN, ERKAK BO‘L!..
Erkakmisan, erkak bo‘l,
Minba’d bo‘lma – qo‘g‘irchoq,
Taqdiringni kimlardir
Qilmasinlar o‘yinchoq!
Jasurlarni qo‘rqitmas
It hurgandek taqdirlar, –
Demak, sen taslim bo‘lma,
Darhol unga peshvoz chiq!
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Erkni sevgin , so‘znimas.
Gapga chechan bo‘lish-chi
Erkakka loyiq ishmas!
Yemir, sindir, bo‘l dadil,
Tor-mor qil yovlaringni,
Ko‘kragingni tut adl,
Ishga sol dovlaringni!
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Haqiqatga bo‘l qalqon,
Sen haqsan va bo‘l tayyor,
Arzir u deb to‘ksang qon!
Yaxshisi, sen yuz bora
Shirin joningdan kechgil,
Baxtsiz bechora bo‘lib
Yashashni sen or bilgil?
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Erkak emas o‘z g‘amin yeb,
Dunyo va boylikni deb
O‘z erkini berganlar!
Razildir manfaat-chun
Ona yurtin sotganlar!
“Faqirman, lek ozodman!” –
Bo‘lsin sening shioring.
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Jasur bo‘l jangda , inon.
Na taqdir, na odamlar
Senga yetkazmas ziyon!
Bamisli azim eman –
Dovullarda mag‘rur bo‘l,
Qismating zabun kelsa
Qaddingni tik tutib o‘l!
Ruschadan Davron Rajab tarjimasi