Yojef Ratko — 1936 yilda tug‘ilgan. «Hech qo‘rqmay» (1966 yil), «Bequrol» (1968 yil), «Faqat non ila» (1970 yil) kabi she’riy kitoblar muallifi.
YOZ NIHOYASI
Qaytmoqqa shaylanar yozning kunlari,
Reaktiv motorin ishga tushirib,
Yengil uchar-ketar kulrang samoda,
Sukunat cho‘kar so‘ng. Kuygan singari,
Yerning chehrasida qolar qizg‘ish dog‘.
Baland tog‘ soyida yuvib-chayilgan
Pokiza, yarqiroq ko‘zadek oyni
Boshida ko‘tarib chiqar sayrga
Serburma yubkaga burkangan yellar.
Qushchalarni esa qattol ob-havo
Ko‘kdan uzib olib, janubga otar,
Tosh kabi otilgan sho‘ring qurg‘urlar
Ufqqa urilib, ko‘tarar chuvvos.
Yechar o‘z libosin daraxtlar asta,
Orzu kabi shirin olmalar shu on
Begona ko‘zlarga bo‘lib namoyon,
Isitma tutganday qizarar — titrar,
So‘ng ko‘zday to‘kilar odam yo‘liga.
Daraxtlar sezishar — falokat yaqin.
Yomg‘ir boshlab kelar momaqaldiroq,
Vazmin etigining nag‘ali bilan
Ayamay zarb urar yelkaga chaqmoq.
Himoya qilmasdi farzandlarin Yer,
Tabiat zug‘umi shu qadar zo‘rki,
Dod deb yuborardi hattoki bo‘ri,
Olmalar esa jim,
Rost-da, ne ham der!
Ular istiqbolin bilaman. Tezda
Barchasi-barchasi bo‘lajak ozod,
Tanlari kasb etib yana nafislik,
Ishq va sharbat oqib tomirlaridan:
— Libosim bering! — deb qilgaylar talab
Va tez yasangaylar elaro mag‘rur,
Ular xizmatiga bel bog‘lar el ham:
Qadoqli qo‘l bilan erkalab asta,
Qish bo‘yi ayozda charchagan, xasta
Daraxtlar tanini uyg‘otar odam.
XOKISORLIK, TARK ETMA BIZNI
Xokisorlik, tark etma bizni,
Yetti karra sinov etib ko‘r,
Qattiqroq tut etagimizdan
«Havolanma bemavrid» deya,
Artib tashlab ko‘zdagi nurni,
Yoshimizni namroq aylagin,
Behayolar peshonamizga
Qog‘oz belgi qo‘yib ketmasin
To‘qligidan o‘qchigan kimsa
Buyurarkan lo‘licha qo‘shiq
Cho‘ntagidan yuz so‘mlik olib,
Uni avval tupuk-la ho‘llab,
So‘ng yakkaxon skripkachining
Manglayiga yopyshtirgandek.
Xokisorlik, tark etma bizni,
Yurak kabi tirik tuprog‘in
Tark aylashdan cho‘chimaydigan
Farzandlarni uyiga qaytar,
Muqim bo‘lgach yot shaharlarda
Nonni oyoq osti qilguvchi
Diyonatsiz birodarlarning
Yuragini bir-bir chertib o‘t.
Xokisorlik, tark etma bizni,
Eslatib qo‘y vazminlik bilan:
Amal-taqal topib ketganlar
Onalarin unutishmasin.
Chiqsin deya ular balchiqdan,
Yordam qo‘lin uzatganlar — biz...
Bugun esa, yana o‘sing deb,
Zina kabi tutib turibmiz
Joni shirin peshonamizni
Ularning cho‘ng poshnalariga.
Xokisorlik, tark etma bizni,
So‘z ila ish o‘rgat ularga,
Qo‘llariga esa otash-la
Biznikiday tamg‘a bosib qo‘y:
E’tiqoddan tug‘ilgandir u,
Muhabbatdir uning onasi,
Yer mehri va mehnat ishqidan
Tug‘ilgandir bu noyob tamg‘a.
Xokisorlik, tark etma bizni,
Ko‘kka qarab o‘ssin maktablar,
Serob bo‘lsin buloqlarda suv,
So‘z mehrga omuxta bo‘lib,
Har yurakni yoritib tursin
Istiqbolning pokiza nuri.
Ruschadan Husniddin Sharipov tarjimalari