OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dzyun Takami (1907-1965)

Taniqli yapon shoiri va yozuvchisi Dzyun Takami Xonsyu orolida tug'ilgan. Asl ismi Yoshio Takami. Uning she'riy ijodida sarbast (verlibr) asosiy qismni tashkil etadi.

Dzyun Takami Yaponiyaning ko'plab adabiy mukofotlari bilan taqdirlangan.

1988 yilda nashr etilgan 'Dengiz yaproqlari' to'plamida Takamining 37 ta she'ri ilk marotiba o'zbek tiliga tarjima qilingan.

 

HAR NOVDADA BIR DONADAN GUL

Men mudradim,
Yaxshi tush ko'rdim:
Qayoqqa qarama -
Har bir daraxt,har bir novdada
Bir donadan gul ochilganmish.
Xuddi har bir odam ko'ksida
Ochilib turganday bittadan quvonch.

BARDOSH

Bardoshimni olgin mening,
Qoyadagi ey,daraxt.
O'z kuchidan bexabar
Bardoshingni menga ber.

QISH

Qish sovug'idan
Goh titrar qo'l,
Gohida oyoq.

Qayg'u esa
Faqat qalbga
Soladi titroq.

MEN TUSHIMDA KEMANI KO'RDIM

Men tushimda kemani ko'rdim,
Oq yelkanli mitti kemani.
Qanday go'zal kema edi u!
Ko'zlarimdan qalqidi yoshim.

Shamol yeldi,
Gurladi to'lqin,
Ko'rdim - cho'kar u mitti kema,
Cho'kar edi dengiz tubiga -
Ushlab qola olmadi tushim,
O,men ne qilay?

MEN OJIZMAN

Men ojizman,
Kurasha olmayman -
Biroq tirik qolmoq uchun
o'zgalarga choh qazimayman.

Men ojizman,
Uyalaman,qodir emasman,tirik qolay deb
Boshqalar bo'g'ziga pichoq tirashga.

Men ojizman -
Boshqalar so'zini o'zimninki deb ko'rsatishga,
Juda-juda nomus qilaman.

Men ojizman
Va men avaylayman ojizligimni.

Xurshid Davron tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.