OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikkyu Sodzyun (1394-1481)

Ikkyu Sodzyun — dzen ta’limotining yorqin namoyandasi. U 1394 yilning 1 fevralida Yaponiyaning qadimgi poytaxti Kioto shahri yaqinidagi Saga manzilida dunyoga kelgan.
Ikkyu Sodzyun o‘z davrining taniqli musaviri va xattoti bo‘lib, yapon tasviriy san’ati tarixidagi e’tiborli Soga maktabining asoschisi hisoblanadi.


* * *

So‘qmoqlari ko‘pdir
Bu yuksak tog‘ning,
Ammo cho‘qqisiga yetganing zamon
Ko‘z o‘ngingda balqir
Tanho porloq oy.

* * *

Moychiroqning oldida
Duolar pichirlagan
Bu bechora och rohib —
Buddaga aylanganu
Hamon seni o‘ylaydi.

* * *

Rindzayning shogirdlari dzen nima bilmaslar,
Ammo,men – so‘qir eshak,
Haqiqatni angladim.
Ayolning muhabbati
O‘limsizlik bag‘ishlar.

* * *

Nima o‘zi “Yurak” otli ruh,
Tasavvur qila olasizmi
U o‘zi nima? –
U qora tush bilan chizilgan
Qayinzorda kuylagan shamol…

* * *

Inson ruhi pinhon,
Na isi, na sasi bor.
Agar kimdir so‘zamollik qilsa
Yurak haqida –
Bilingki, u g‘irt yolg‘onchi, u zot – firibgar!

* * *

Kulbamda qoldirgum boru yo‘g‘imni,
Qoldirgum finjonu cho‘b qoshig‘imni.
Yukim yengil – olis yo‘lga chiqmog‘im
Uchun kifoyadir eski boyligim –
Samon yoping‘ichu eski qalpog‘im.

* * *

Umrimiz vaqtlidir –
O‘tkinchi dunyodan Abadiyatga
Borguvchi yo‘ldagi manzildir,xolos.
Shunday ekan, yomg‘ir yog‘sa – yog‘aversin izillab,
Shamol essa – esaversin betinim.

* * *

Kecha-kunduz rohiblar qiladilar ibodat,
Tillarida aylanar Qonundagi hikmatlar.
Ammo, bular befoyda – chunki nodon rohiblar
Shamolu qor, yomg‘iru oy yo‘llagan
Ishqiy maktublardan bexabarlar,bexabar.

* * *

Demak, hech kim bilmasa
Umr yo‘li oqibat
Qay manzilga eltishin –
Adashaman,deb qo‘rqma,
Qo‘rqmasdan boravergin.

* * *

Iltimos,qayg‘urmagin,qayg‘urmagin,iltimos,
Necha marta aytayin bu hikmatni men senga –
Qaerda va kim bo‘lmog‘ing
Qaerda va kimliging
Bilan bog‘liq hammavaqt.

* * *

Qudratli to‘lqin kelsa,
Unga qarshi kurashib,
Kuchingni sarflamagin.
Yaxshisi, sen o‘sha
Kuchli to‘lqinga ishon.

HAZIL TANKALAR

* * *

Rohib bo‘laman deya
Uylanmasang,unda sen –
Eshakdirsan bor–yo‘g‘i .
Voz kechsangu yor topsang.
Odamdirsan bor–yo‘g‘i.

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.