TONG MANZARASI
Oltin qo‘ng‘iz ivirlab,
Nozik qadam bosadi.
Nozli shamol shivirlab
Chorrahada esadi.
Har o‘tkinchi bariga,
Yenglariga ilashib...
Vaqt o‘tmoqda talashib...
Yangrab Shubert maqomi
Tong qo‘yniga oqadi.
Go‘yo tuman chulg‘agan
Olisni uyg‘otadi.
Go‘yo tongning yuziga
Kuydan shu’la purkaydi.
Go‘yo ufq labiga
Qizil bo‘yoq surkaydi...
Yo‘l chetida mizg‘igan
Ko‘m-ko‘k, ko‘m-ko‘k – har yaproq
Go‘yo tong mo‘‘jizasin
Ko‘rmagandek hech bir choq
Hayron qolib ko‘zini
Katta-katta ochadi.
Qushlar esa saldan so‘ng
Shahar bo‘ylab uchadi.
Ammo shamol bulutning
Soqolini qirmoqda.
Bulut esa yolvorib
Unga izoh bermoqda:
«Quyosh yuzin to‘smayman,
Chiqaversin bemalol...»
Yupqa kumush oq parda
Ufq betin o‘raydi.
Tomga qo‘ngan bulutlar
Asta-asta eriydi.
Bulut — hurlik yalovi,
Yuksaklarda bilmas g‘ov.
Bo‘ron uni parchalab
Tashlagandir beayov.
Endi o‘sha parchalar
Yer betiga qo‘nmoqda.
Naqshi ko‘cha-ko‘ylarni
Bezab, porlab yonmoqda.
Go‘yo kafan bo‘lib u
Sonsiz halok bo‘lganlar,
Joni tirik qolganlar
Jasadini o‘raydi,
Oh-dodini o‘raydi...
Rahming kelsin, ey, davr!
Demak, yaqin fursatda
Ko‘z yoshimni quritsang,
Ko‘ngil kular albatta!
DARYODAGI YILTILLAGAN YO‘L
Kumush bo‘lib tovlanar bu yo‘l,
Chor atrofi tiniq, ko‘m-ko‘k suv.
Gar istasang, mayli, sayyoh bo‘l,
Nur to‘shalgan bu yo‘llar suluv.
Suv ostidan tinglaysan har kun
Goho yig‘i, goh kulgi — nido,
Goh soyalar suhbatin sekin,
Goh quloqni yorgudek sado.
O, yorilib ketdimi daryo, —
Keldi o‘g‘lim tovushi, evoh!
...Suv ostida yashil yo‘llar bor,
Bu yo‘llarda qumlar hayajon
Zavqli qo‘shiq aytadi bedor...
Nahot kirdi soyalarga jon?
Nahot ular tirigu, hayot
Kamalaklar nurida o‘ynar?
Suvdek moviy ko‘zlari yonar?
Nahot buning bari xayolot?
Oq bulutlar — oppoq kaptarlar,
Vayronalar ustidan osha —
Uchishingiz qanday tomosha!..
Shuhrat tarjimalari