Ikkinchi jahon urushidan insoniyatga yadro bombasi “meros” qoldi. Dunyoda undan kuchliroq qirg‘in quroli yo‘q. Lekin odamzod uchun bugungi mafkuraviy tahdidlar ham hazilakam qutqu hisoblanmaydi. Shuning uchun “Mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham kuchli” degan iqror mavjud.
Mafkuraviy tahdidchilarning eng xavfli usuli — “sopini o‘zidan chiqarish”ga urinishlaridir. Ya’ni targ‘ibot yo‘lida yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan o‘zimizning bolalardan foydalanishadi. Yoshlarimiz o‘zlari bilmagan holda ularning “nog‘orasi”ga o‘ynaydi.
Kuy va qo‘shiq kuchli targ‘ibot qurollaridan hisoblanadi.
Musiqaning kuchidan isnoniyat tarixida ham yovuz g‘oya ijodkorlari ancha “unumli” foydalanishgan. Masalan, Ikkinchi jahon urushi sababchisi “Adolf Gitler o‘zining eng yovuz va ayni damda sog‘lom aql hech qabul qilmaydigan eng absurd g‘oyalarini xalqqa e’lon qilar ekan, o‘z ma’ruzasini maxsus tanlangan marshlar, ya’ni kuy jo‘rligida amalga oshirgan. Bunda kuyning inson ruhiyatiga ta’siri kuchli bo‘lib, u aqlni jilovlab olgani uchun insonlar faqat hissiyotlar ta’sirida ish ko‘rgan, Gitlerning ruhiy asiriga aylangan ekanlar”. (Farhod Alimov: “Kuyga sig‘magan fikrlar”, “Jannatmakon” jurnali, 18-bet, 2005 yil, iyun).
Kuy va musiqaning inson ruhiyatiga ta’siri xususida so‘z borarkan, bugungi qo‘shiqlarimiz yoshlar tarbiyasida salbiy o‘rin tutayotganini e’tirof etmaslik mumkin emas. Birinchidan, bugungi san’at orqali fahsh oshkora tarzda targ‘ib qilinayapti. Ikkinchidan, milliyligimizga mutlaqo mos kelmaydigan G‘arb madaniyati yoshlarimiz ongiga singdirilmoqda.
Kiyinish ham... mafkura
Insonning tashqi ko‘rinishi, kiyinish madaniyatiga har bir jamiyatda jiddiy e’tibor qaratiladi.
Masalan, kiyim orqali o‘zi e’tiqod qiladigan dinni, oila a’zolarini, har xil qarashlarni reklama qilgani, shu bilan birga sportchi va muxlislar kiyinish ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani uchun futbol bo‘yicha 2002 yilgi jahon chempionatida o‘yin vaqtida ustki kiyimini yechgan o‘yinchiga sariq kartochka, agar avval ham ogohlantirilgan bo‘lsa, o‘yindan chetlashtirish qoidasi kuchga kirdi.
Albatta, sport sohasidagi qat’iy qoidalar bilan madaniyat xodimlari, ijodkorlari faoliyati baholanmaydi. San’atda qizil kartochka ko‘rsatadigan odam yo‘q.
Balki shuning uchundir, o‘zini yulduz hisoblaydigan bir guruh yosh xonandalar kontsertlarda muxlislari qalbini iste’dodi, betakror ovozi, yuksak ma’naviyati bilan emas, balki yarim-yalang‘och qizlarning raqsi, raqqosalarning bellaridan tepada faqatgina ko‘krak libosi kiyib chiqishi bilan zabt etishga intilishmoqda...
Vaholanki, faqat bizdagina emas, balki qadimgi Rimda ham ichki kiyimda hatto “... ko‘chada yurish taqiqlangan” (G. K. Hasanboeva, V. A. Chursina “Kostyum tarixi”, Toshkent — “O‘zbekiston”, 2002, 29-bet).
Xonandalar — milliy san’at ko‘zgusi. Yoshlar ularga qarab kiyinishadi. Yigit-qizlar o‘zlari yoqtirgan ashulachilarga taqlid qilishadi.
Bundan tashqari, kiyim ham — mafkura. Shuning uchun xonandalarimiz milliy ma’naviyatimizga, o‘zligimizga mos ravishda zamonaviy kiyimlar kiyishsa, yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir qilgan bo‘lar edi.
Qo‘shiqlarga ishlanayotgan klip (Klip so‘ziga “novыy slovar inostrannыx slov” (AST. Moskva, Minsk, Xarvest. 2005 yil, 472-bet) kitobida “ang. Clip — obrыvat — videoklip, ili rolik televizionnaya xudojestvennaya interpretatsiya estradnoy ili rokpesni, kak pravilo, s primeneniem “drobnogo” (melteshaщego) montaja i spetsialnыx effektov; 2) korotkiy i reklamnыy film” deb ta’rif berilgan)larning ma’naviy jihati yana ham ko‘proq tashvishlantiradi.
Aslida o‘zbekcha, arabcha, turkcha, eroncha harakatlar bir-biriga qorishib ketgan tana qimirlatishni, tomoshabin qo‘ziga tik qarashni aslo raqs deb bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, yoshlarni raqsning saviyasi emas, balki raqqosaning ochiq-sochiqligi jalb etadi.
Ardoqli raqqosamizning armoni
Lola Ahmedova (“Omon-omon”), Iroda Dilroz (“Yor bo‘ldim”), Mansur Usmonov (“Sog‘inib-sog‘inib”), Go‘zal Shaydo (“Tanlaganim sen...”), Odil To‘laganov (“Yagonamsan”), Bahrom Bek (“Yurak”) deganlari ochiqlikni o‘zbekcha qo‘shiqlarga qachonlardir musulmonlarni toatdan chalg‘itgan omil — arabcha raqs tushish orqali ham targ‘ib qilsa bo‘ladi deb hisoblashadi.
“Se Tanho” qizlari esa Raksana (“Shunchaki”), Ozoda Nursaidova (“Shekaste”), Shohsanam (“Bilmagaysan...”), Yasmina (“O, Lalli”), Anora (“Nagufti”), Ziyoda (“Tinch qo‘y”) va boshqa xonandalar ijodini tomosha qilgach, faqat qizlar emas, o‘g‘il bolalar ham kindiklarini ochib yurishi kerak degan fikrga boradi. Guruhning “Tы daleko” qo‘shig‘i klipidagi raqqoslarning kindigini hammaga ko‘z-ko‘z qilganidan boshlari osmonda.
Ularni to‘g‘ri yo‘lga soluvchilar, albatta, shu sohada yillar davomida ijod qilgan xalq artistlaridir. Qaysidir ma’noda “bebosh” raqqosalarni tergashga, “unaqa raqs tushmanglar” deyishga to‘la haqqi bor, dunyoning deyarli barcha davlatlariga o‘zbek raqsini ko‘z-ko‘z qilgan, raqs olamining ardog‘imizdagi malikalaridan birining yosh hamkasblari haqidagi fikriga bir ko‘z yugurtirsangiz, ularga bugun ardoqli raqqosamizning ham havasi kelayotganini payqab qolasiz: “Qizlar raqsga tushishadi. Bizning davrimizda bunday imkoniyat berilmagandi. Maza qilib arabcha raqsga tusholmaganmiz. Bu raqsda, asosan, beldan pastki qism harakatda bo‘ladi. Men barcha hollarni qo‘llardim, lekin montaj ishlarida beldan pastki qism olib tashlanardi. Hozir esa istagan holatda arabcha raqs tushish mumkin” (“Yosh ko‘rinish bu — raqs!”. “”Darakchi gazetasi, 2006 yil, 2 fevral, 25-bet)...
Bosh qo‘shig‘imizga munosabat shumi?
Nima uchun tinglovchilarning didini o‘ldiradigan, tarbiyasiga salbiy ta’sir qiladigan qo‘shiqlar har xil nodavlat radio va texnikalarda muntazam uzatilmoqda? Xususiymi, xususiy emasmi — ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifasi yoshlarimizni to‘g‘ri tarbiyalash yo‘lida xizmat qilishdan iborat bo‘lishi kerak emasmi?
Qo‘shiqqa bo‘lgan munosabatlari orqali ma’naviy qadriyatlarimizni emas, balki qonunlarimizni ham toptayotgan ommaviy axborot vositalari bor. Faoliyatini boshlagandan buyon ba’zi xususiy telekanallar, kabel kanallari, radiokanallarning hammasi ham mamlakatimizning bosh qo‘shig‘i — Davlat madhiyasini bir marotaba bo‘lsin efirga uzatishgan, deb o‘ylaysizmi? “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida “Yangi yil kechasi Toshkent vaqti bilan soat 24 da respublika televideniesi va respublika radiosi orqali; ... har kuni O‘zbekiston radiosi respublika ichki radioeshittirishlar orqali dasturlarning boshlanishi va tugallanishi oldidan...” ijro etilishi aytilgan. Balki qonun qabul qilingan paytda yurtimizda faqat davlat teleradiokanallari faoliyat yuritgani uchun moddada “xususiy” so‘zining yo‘qligi nodavlat teleradiokanallarga bahona bo‘layotgandir.
Unda nima uchun kabel va nodavlat telekanallarga ulanganlar 2006 yilni faqat Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarning madhiyasi bilan kutib olishdi? Dunyoning qaysi kanalini uzatishlaridan qat’iy nazar shaharlarimizdagi nodavlat telekanallar, uzluksiz ishlayotgan kabel televidenielari, radiokanallar shartli ravishda bir kunda ikki marotaba (efirga xalaqit bermagan holda, albatta) — kech soat 24 va tongi 6 da O‘zbekistonimizni madh etuvchi qo‘shiq — Davlat Madhiyasini efirga uzatishlari kerakmasmikin? Ehtimol, shu bahona tomoshabinlarimiz dunyo telekanallarini o‘z vatandoshlarining xizmati evaziga ko‘rayotganliklarini, kun bo‘yi xorij musiqalarini eshitayotgan tinglovchilar dunyoda o‘zbekcha qo‘shiqlar ham borligini, O‘zbekistonda yashayotganini his qilarmidi?!
Ovloq ko‘chada kuylagan xonanda
Televidenie — millionlab fuqarolarning nazari tushadigan minbar. Ekran qarshisida xonandalarning yarim-yalang‘och tarzdagi chiqishlarini, kliplardagi o‘zligimizga yot kadrlarni nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, endi mustaqil hayotga kirib kelayotgan qizlarimiz, yigitchalar tomosha qiladi. Bachkana, fahsh oshkora targ‘ib qilinayotgan kliplar, tabiiyki, iymon-e’tiqodli kishilarni asabiylashtiradi.
Bir chet el kinosida ota-bola nemislarga asir tushib qoladi. Shunda ota urushning butun dahshati va yozuvligini farzandiga sezdirmay, bu yerda o‘yin bo‘layapti, deb o‘g‘liga mohirona tarzda tushuntiradi. To urush tugab ozodlikka chiqqunlaricha ham bola chin haqiqatni bilmaydi.
Bizda ham hayotdagi barcha yomon narsalar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasin, deb berkitiladi. Ikkinchi jahon urushi paytida o‘zbek ayollari bolasiga otang o‘qishga, senga kiyim olib kelish uchun Moskvaga ketgan deb jigarbandlariga aslida nima bo‘layotganini ham oshkor qilishmagan. Nazarimda, bizning zamondoshlarimiz hayotda nima bo‘lsa, hammasini ochiqcha ko‘rsatish tarafdori. Ularda agar ozgina or-nomus, hayo bo‘lganida “Fotima va Zuhra” kinofilmini reklama qiluvchi bir yo‘la ikkita (“Hayot ayt” va “Qayt” qo‘shig‘ida uchta barzangining bir o‘zbek qizini majburlab, nomusiga tegayotganini bolalarimizga ko‘rsatishdan iymangan bo‘lardilar.
Kinofilm O‘lmas Umarbekovning “Fotima va Zuhra” romani asosida yaratilgan. Lekin asarni o‘qiganlar bunchalik “ochiq”likni ko‘rmaydi.
O‘zbeklar go‘shangaga, yotoqxonasiga boshqalar kirishini nomus deb bilishadi. Begonalar u yerga kiritilmaydi. Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” asari qahramoni — shoh Iskandarga ustozining to‘rt nasihatidan biri ham haramiga begonalarni kiritmaslik edi. Rayhona esa (“Yodingdami?...”) to‘shakda qo‘shiq kuylaydi.
Sogdiana (Oksana Nechitaylo)ning “Sen kelma” ashulasi klipini ko‘rib xuddi AQShning tashlandiq, ovloq ko‘chalariga borib qolganday bo‘lasiz. Aslida chet elda axlatxonalar uchun mo‘ljallangan yerning sport maydonchasiga aylantirilgan joyida qo‘shiq kuylashga bu yurtdoshimizni nima majbur qilgan ekan? Nahotki, bepoyon dalalarimiz, purviqor tog‘larimiz, jannatmakon yurtimizning go‘zal manzaralari shu oddiygina qo‘shiqqa ishlangan “kino”ga sig‘magan bo‘lsa?
Biz har qanday sharoitda ham ma’naviy mas’uliyatni unutmasligimiz, qizlarimiz yuzlaridan sharm-hayo pardasining ko‘tarilishiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan kliplarni yaratishdan mutlaqo tiyilishimiz kerak.
Xulosa
Zamonaviy estrada, uning xalqimiz uchun yangi bo‘lgan barcha turi rivojiga hech kim qarshi emas. San’atkorlarimiz xuddi maqomdek bu yo‘nalish orqali ham dunyoni lol qoldirsin. Lekin bu rivojlanish, lol qoldirish fahsh oshkora tarzda targ‘ib qilinayotgan kliplar, milliyligimizga mutlaqo mos kelmaydigan G‘arb madaniyatini yoshlarimiz ongiga singdirish evaziga bo‘lmasligi kerak.
Olloyor BOBONOV,
Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi mas’ul xodimi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.