Kuyga, qo‘shiqqa ishtiyoqmand xalqmiz. Ashula, ohangsiz kunimiz o‘tmaydi. Ba’zan qo‘shiq aytib yoki ijrochiga jo‘r bo‘lib dardimizni to‘kib olamiz. Ilgarilari musiqa, qo‘shiq shinavandalari hozirgi tinglovchilarday istaganini eshitib, rohat qilishavermagan. Radio yoki televizordan qaysi qo‘shiqni qo‘yishsa, shuni tinglagan. Harholda, u vaqtda televidenieda ham, radioda ham juda yaxshi qo‘shiqlar berilardi-da. Shundanmi, ular sog‘inch bilan kutilardi.
Bugun-chi? Endi zamon ancha o‘zgardi. Shunga yarasha qo‘shiqlar ham. Ularning ko‘pligidan qaysi birini tinglashni ham bilmaysan. Yoqqanini eshitadi-da, deyishingiz mumkin. Ammo dilga yoqadiganini topib olish kerak-da.
Qo‘shiqning ko‘pligi yaxshi. Yaxshi qo‘shiq bo‘lsa, bosh ustiga. O‘ylab ko‘ring-chi, bugungi yaratilayotgan qo‘shiqlarning yaxshisi ko‘pmikin, yomonimi? Umuman olganda, qo‘shiqning yomoni bo‘lmaydi. Yomonmi, demak, u qo‘shiq emas. Nima dedingiz?
LIBOSINGIZ KIMNIKI?
Qo‘shiq, avvalo, ohangi bilan go‘zal. Undagi musiqa qanchalik yaxshi va dilga yaqin bo‘lsa, qo‘shiq shuncha muvaffaqiyatli chiqadi. Musiqa — qo‘shiqni bezab turuvchi libos. Libosning mos kelgan-kelmaganligini san’atkor bilishi kerak. Bo‘lmasa, «libos egasi»ni elga ko‘z-ko‘z qilishdan ne foyda?
Hozir yarashsayu yarashmasa, duch kelgan «libos»ni qo‘shiqqa «kiydirish» hollari ko‘p uchramoqda. Ya’ni, musiqasi matnga mos kelmaydigan qo‘shiqlarning sanog‘i ortib boryapti. Hijron mavzusidagi she’rlarni sho‘x musiqa bilan qo‘shiq qilib barmoqni qarsillatib o‘ynayotgan xonandani tushunolmaysiz: yo yoridan ayrilganiga xursandmikan? «Muxlislar»i ham unga «hamdardlik bildirib» raqsga tushyaptilar.
Endi xorij qo‘shiqlarining musiqasini ko‘chirib olib, unga matn (she’r emas) yozib aytadiganlar ham ko‘payib qoldi. Hozir hindcha yoki turkcha qo‘shiq tinglayman, deb zavq bilan o‘tirganingizda, birdaniga o‘zbekcha so‘zlar yangray boshlaydi. Hayron bo‘lasiz — boshqa qo‘shiq qo‘yib yuborildimikan?! Yo‘q, yana o‘sha musiqa, keyin o‘zbekcha so‘zlar: «sevar edim», «kelmading, jonim», «qomatlari barno yor, qilding meni xoru zor»... Tutaqib ketasiz. «Libos»ni «ijara»ga olgan ekansiz, aytib qo‘ymaysizmi? Birovning libosi yarashsa ham, baribir, birovniki-da, o‘zingiznikidan qo‘ymasin.
Yana bir qo‘shiq eshitiladi. Qiziq, uning «libos»i kimniki ekan? Ishqilib, o‘zinikimikan?
KLIPLAR NEGA BIR XIL?
Efir orqali namoyish etilayotgan kliplarni tomosha qilgandirsiz. Bir kunda qancha-qancha klip beriladi, axir?!
Yaxshi ishlangan klip, albatta, ko‘pchilikka yoqadi. Qo‘shiq mazmunini boyitish, ta’sir doirasini kuchaytirishda klipning ahamiyati kattaligini e’tirof etamiz. Ammo badiiy jihatdan past, mazmunan sayoz ishlangan kliplar-chi? E’tibor bergan bo‘lsangiz, juda ko‘p kliplar deyarli bir xil. Muhabbat haqidagi qo‘shiqlarga ishlangan kliplar ba’zi muxlislarga yod bo‘lib ketgan. Klipi uchun qo‘shiq eshitadiganlar ham topiladi. Ularning stsenariysi haqida qisqacha aytib o‘tsak. Albatta, chiroyli qiz bo‘ladi. Uning «oshig‘i» rolida kelishgan bir yigit. Voqealar tizimi (agar uni bor deyish mumkin bo‘lsa) hind kinolaridagidek ko‘pchilikka oldindan ma’lum: yo qiz boshqasini yaxshi ko‘radi, yo yigit... Yoinki ularning ra’ylariga ota-onalari qarshi chiqishadi... Yo bo‘lmasa, qahramonlardan biri avtohalokatga uchraydi. Qisqasi, qo‘shiqlar singari kliplar ham bir-biriga juda-juda o‘xshaydi. «Serial-klip»lar ham paydo bo‘ldi. Bunga sabab nima? Klip rejissyorlarimi yoki xonandalarning o‘zlari shuni xohlashadimi? Ayrim kliplar (afsuski, ularning soni ko‘p) faqatgina ochiq-sochiq kiyingan qizlarning xonanda atrofida girdikapalak bo‘lib yurishi bilan o‘tib ketadi. Hadeb qator-qator mashina, dang‘illama uyni ko‘rsataverish nima uchun kerak? Umuman, yaxshi qo‘shiq uchun klip shartmi? Odatda, bitta klip ishlash uchun ham ozmuncha pul sarflanmaydi. Klip bilan qo‘shiqdagi kamchiliklarni berkitmoqchi bo‘lishar, balki.
Demoqchi bo‘lganimiz, kliplar qo‘shiqqa mos holda ishlanib, mavzuni yanada boyitishga, ijrochi dardini ochib berishga xizmat qilsin. Aks holda, ortiqcha xarajatga ne darkor?
«BOSHI YERDA, OYOG‘I OSMONDA»
Yaxshi qo‘shiq, albatta, yaxshi she’r asosiga quriladi. Tanqid qilinayotgan ko‘pgina qo‘shiqlarning matni she’r emas, uslubiy jihatdan ham, mazmunan ham g‘aliz bo‘lgan gaplar, «boshi yerda, oyog‘i osmonda» jumlalar. Fikrlarimizni tasdiqlash maqsadida misollar keltiramiz:
Harorat yonadi, yonadi,
Xayolim tonadi, tonadi...
... soya bormi yuragingda...
***
Hammadan zo‘r, boshqachasan, jonginam,
tamom qilding-ku sen meni.
Men seni, jonim seni, sevging xohlayman-ku seni,
Qanchalar azob berasan, kuydirasan-ku meni... va hokazo.
Bu haqda shoir Rustam Musurmon shunday deydi:
— Hozir ko‘pgina qo‘shiqlarning musiqasi hind, arab yoki turk ohanglaridan ko‘chirilgan. Tayyor musiqaga matn yozib, uni qo‘shiq qilib kuylashyapti. Qo‘shiqning musiqasi milliy bo‘lmagandan keyin matn ham yaxshi bo‘lmaydi, mantiqsiz jumlalar ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun ham matn musiqadan emas, musiqa matndan kelib chiqishi kerak.
2004—2005 yillari O‘zbekiston televideniesi «Musiqa» direktsiyasining badiiy kengashida ishlaganman. Taqdim etilgan juda ko‘p qo‘shiqlar matni sayozligi tufayli efirga berilmagan.
Fikrimizcha, o‘zbek tilini mukammal bilmasdan turib, o‘zbekcha qo‘shiq aytmaslik kerak. San’atkorlar ham, avvalo, o‘zbek tilini juda yaxshi bilishlari zarur.
SIZ BITTASIZ, LEKIN...
Xonandalar orasida ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning yaxshi qo‘shiqlari, jozibali raqslari e’tiborni tortmay qolmaydi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, keyingi paytlarda «Men, baribir, boshqachaman», «Men bittaman», «Hech kim menga o‘xshamaydi» qabilidagi quruq gaplar ko‘plab ayol xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib aytilayapti. Hatto qo‘shiq orqali «Mendan go‘zal qizni onam boshqa tug‘maydi» deyishgacha borganlar ham bo‘ldi. Qo‘shiq shunchaki o‘zini ko‘z-ko‘z qilish yoki «husnda tengsiz» ekanligini aytish uchun ijro etilmaydi-ku?! Biz nazarda tutayotgan qo‘shiqlar esa, faqat shuning uchun aytilayotganday. «O‘zim bir donaman, yagonaman» deya takror-takror aytilavergandan keyin shunday xulosaga boradi kishi. Qiziq, ayollar uchun qo‘shiq aytishga bundan boshqa mavzu yo‘qmi?
FM — FOYDAMI, ZIYON?
Qo‘shiqchiligimiz rivojida, san’atkorlarning elaro mashhur bo‘lishida G‘M radiokanallarining o‘rni katta. Bir kunning o‘zida olti-etti marta efirga berilayotgan qo‘shiqlar ham ko‘p. Eng muhimi — radioning juda qulay vosita ekanligi. Uni deyarli hamma joyda — uyda, ko‘chada, transport vositalarida tinglash mumkin. G‘M orqali efirga uzatilayotgan qo‘shiqlarning hammasi ham mazmunli, yaxshi emas. «Zamin» radiosida berilayotgan «Yangi nom, yangi ovoz» dasturi yosh iste’dod egalarini kashf qilayotgani e’tirofga loyiq. «Poytaxt infomedia» radiosi orqali efirga uzatilayotgan qo‘shiqlar mavzusi mazmuni jihatdan yaxshi. Ushbu radioning «Fayz» dasturida milliy qo‘shiqlar beriladi va tinglovchilar bilan shu yuzasidan telefon orqali muloqot qilinadi. Dastur allaqachon o‘z muxlislarini topib ulgurgan. Biz mavzu haqida fikrlarini bilish uchun shu radio musiqa muharririga murojaat qildik.
Nodira Muhammedjonova, «Poytaxt — infomedia» radiosi musiqa muharriri:
— Radio tinglovchilar soni ko‘pligi uchun efirga beriladigan kuy-qo‘shiqlarni har jihatdan ko‘rib chiqamiz. Musiqasi, matni yaxshi bo‘lgan original qo‘shiqlarni berishga harakat qilamiz. Efir vaqtiga qarab qo‘shiqlar taqsimlanadi. Ertalabki 7 dan 11 gacha sho‘xroq qo‘shiqlar, tungi efirda mahzunroq taronalar efirga uzatiladi. Turk, arab qo‘shiqlari ham beriladi. Qo‘shiqchilar bilan hamkorligimiz bor. «Fayz» dasturida dilga yaqin, o‘lmas navolarni tinglash mumkin.
Demak, qo‘shiqchiligimiz rivoji, xalqqa faqat yaxshi qo‘shiqlarni yetkazish uchun radiostudiyalar ham munosib hissa qo‘shishlari kerak.
SMS VA QO‘SHIQLAR
Uyali aloqa vositalarining paydo bo‘lishi qo‘shiqchiligimizga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Qo‘l telefonlarining ajoyib imkoniyatlaridan biri bo‘lgan SMS ko‘p jihatdan qo‘shiqchilarga ham «xizmat qilyapti». U haqida qo‘shiqlar ham paydo bo‘ldi.
Televidenie va radioda muxlislar SMS vositasida qo‘shiqqa ovoz berishyapti. SMS orqali eng ko‘p ovoz olgan qo‘shiq, rostdan ham, yaxshimi? Bizningcha, asl qo‘shiq hech qanday SMSsiz ham qadr topadi.
Tinglovchilardan biri Behzod Berdiyev o‘z fikrlarini shunday ifodalaydi:
— Hozir shou-biznes olamida har kim o‘zicha, kuchi yetganicha «aravasini tortmoqda». Kimdir qo‘shiqchilik bilan birga kinoda, kimdir rep yo‘nalishida omadini sinab ko‘ryapti. Biroq san’at omadni sinab ko‘radigan lotoreya bileti emaski, uni istagandek belgilash mumkin bo‘lsa. Ba’zilarda ovoz, musiqiy bilimlar talab darajasida emas-u, yarim yalang‘och qizlar qatnashgan kliplar, bema’ni harakatlari bilan e’tiborni tortmoqchi bo‘lishadi.
Ming afsuski, kuni kecha hayotimizga kirib kelgan «shou-biznes» ming yillik an’analarimizga putur yetkazmoqda.
* * *
Yaqinda «O‘zbekiston» radiokanalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mahmud Namozov bilan suhbat bo‘ldi. Unda xuddi shu mavzuda ham gapirildi. M.Namozov bunday sayoz qo‘shiqlarning umri qisqa ekanligini ta’kidladi. Xonanda o‘z uyida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» borligini, undan foydalanib turishini aytdi. Darhaqiqat, bu ham so‘zga bo‘lgan hurmat, e’tibordir. Qiziq, boshqa xonandalarning nechtasida izohli lug‘at bor ekan?
«FARZAND»INGIZ FARZANDLARNI TARBIYALASIN
Qo‘shiq ham farzand qatorida muallif uchun aziz. Qo‘shiqlarim — mening farzandlarim, degan gap ko‘pchilik san’atkorlar uchun tegishli. Tabiiyki, barcha ota-ona farzandining yaxshi bo‘lishini istaydi. Uning nuqson-kamchiliklarini yo‘qotishga, yaxshi tomonlarini oshirib borishga harakat qiladi. Ana shundagina u elga manzur bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, boshqalarni tarbiyalaydi. Biz keltirib o‘tgan qo‘shiqlar esa farzandlarni tarbiyalashiga ishonchimiz yo‘q. Ular ham o‘z ijrochisi uchun azizdir, ammo...
— Men bolalarimga bunday qo‘shiqlarni eshittirmaslikka harakat qilaman, — deydi bir ayol. — Televizor yoki radio orqali yengil-elpi qo‘shiqlar berilsa, darrov o‘chirib qo‘yaman. Hech bo‘lmasa, uyda shuni ta’minlasam, deyman. Ko‘cha-ko‘yda, transport vositalarida eshitganida ham uning yaxshi emasligini bilsin. Bu bolaning erkinligini cheklash emas, unga to‘g‘ri tarbiya berishga harakatdir.
Tan olish kerak, tanqid qilinayotgan qo‘shiqlarning ko‘pini yoshlar yaxshi ko‘rishadi. Maktab yoshidagi, hatto bog‘chaga qatnaydigan bola ham ularni yoddan biladi. Shuning uchun ham yosh avlodda musiqa madaniyatini shakllantirish, maktablardagi musiqa darslarini takomillashtirish kerakmikan?
Maqola tayyorlash jarayonida bu mavzuda juda ko‘p kishilar — turli yoshdagi yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib ko‘rdik. Televidenie, radioda ham bu haqda ko‘p gapirilayapti. Aksariyat tinglovchilar bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi, yoshlar bunday qo‘shiqlarni tinglayveradilar, degan fikrda. Aslida ham shundaymi?
Ko‘pchilikning ta’kidlashicha, eng maqbul yo‘l — ularga raqobatdosh bo‘ladigan yaxshi qo‘shiqlarni yaratish.
Ma’lum ma’noda ta’qiqlar ham foyda berar. Axir, buning ortida san’atimiz, tilimiz taqdiri turibdi. Yaxshisi, amaliy takliflarni o‘zingizdan kutamiz, aziz gazetxon.
Behzod Fazliddin
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.