OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdug‘afur Rasulov. Tilshunoslar sardori edi

http://ziyouz.uz/images/ayub_gulomov.jpgAyyub G‘ulomov roppa-rosa yetmish ikki yil umr ko‘rdi. Ilmiy faoliyati o‘tgan asrning 40-yillardan umrining oxiriga qadar izchil davom etdi. U fonetika, grammatika, so‘z yasalishi, uslubshunoslik, nutq madaniyati, etimologiya, leksikografiyaga doir ilmiy ishlar muallifi.

O‘rta maktabda, pedagogika bilim yurti va institutlarida o‘qituvchi, O‘zR FA Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim, O‘rta Osiyo (Toshkent) davlat universiteti tilshunoslik kafedrasida kafedra ­mudiri bo‘lgan.

Domla iste’dodli muallim — mudarris edi. 1938 yilda Sadriddin Ayniy, Ozod Sharafiddinov, Vohid Abdullo singari olim-yozuvchilarga dars o‘tgan. Taniqli olimlar Mustaqim Mirzaev, Abdug‘ani Aliev, Azim Hojiev, Ahmad Safoev, In’omjon Rasulov, Maqsuda Sodiqova, Karim Nazarov, Mamlakat Jo‘raboeva ustoz yaratgan ilm bog‘ining nihollari edi, keyinchalik ular baquvvat chinorlarga aylandilar.

Iste’dod — millat intellektual boyligining tez, betakror shaklda aks etishi. U zinhor o‘zicha alohida holatda rivojlanmaydi. Turli soha kishilari iste’dod samarasidan foydalanaveradilar. Geologiya-minerologiya fanlari doktori Ibrohim Hamroboev o‘zbek tili nazokatini teran anglardi. Domla “soqov shoir” edi — tuyg‘ularni rangtasvirda ifodalardi. Akademik To‘rabek Dolimovning da’vati bilan professor Shavkat Rahmatullaev “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”ni tuzdi. Akademik Yolqin To‘raqulov so‘z ma’nosiga qattiq qiziqardi. Ilk uchrashuvimizda savolga tutib qoldi:

— “Qopchig‘ay” degani nima? Bu haqda qaysi shoir doston yozgan?

— Rafiq Mo‘minning “Qopchig‘ay” ­dostonidan bilib olganman.

Javobimni eshitib domla xursand bo‘lib ketdi.

— Men Namanganda yetimxonada yashardim. Rafiq Mo‘min biz bilan bot-bot ­uchrashib turardi. O‘sha odam Abdulaziz ­ismimni Yolqinga almashtirib bergan.

Akademiklar M.O‘rozboev, Hosil Fozilov, fizika-matematika fanlari doktori Tursun Azlarov ham ona tilimiz nozikliklarini chuqur his etardilar. Tilshunoslikning bunday yuksak e’tiborga sazovor bo‘lishida Ayyub G‘ulomovning xizmati katta bo‘lgan.

Domla ilmiy kengashlarda va boshqa tadbirlarda muntazam ishtirok etar, odaticha, ko‘zlarini yumib, indamay o‘tirardi. Jamoada ustozning obro‘si juda baland edi. Darsni har tomonlama mukammal o‘tar, ta’bir joiz bo‘lsa, Ayyub aka auditoriyada o‘zini bir kishilik teatr aktyoriday tutardi. Aksariyat hollarda misollarni badiiy asarlardan, she’riyatdan keltirardi. Tilshunos bo‘lmaganida, shubhasiz, adabiyotshunos bo‘lardi. Darsda ochilib-yayrab ma’ruza o‘qir, tinglovchilarni ilm ummoniga olib tushardi.

Ayyub G‘ulomov rind tabiatli inson edi: kiyimning yarashganini kiyar, ohorli fikr aytar, g‘aroyib misollar keltirar, taxtaga qog‘oz bilan o‘ralgan bo‘rda yozardi. Oq yuzli, qiyg‘och qoshli, yurish-turishi o‘ziga yarashgan ustozga kattayu kichik havas bilan qarardi. Talabalar, tadqiqotchilar orasida domlaning xatti-harakati, so‘zlash yo‘sini, hatto bo‘ynini egibroq gapirishiga taqlid qiluvchilar bor edi. Ustoz o‘zidan yoshlarga sensirab murojaat qilardi. Bunday samimiy muomala hech kimga malol kelmasdi.

1966 yil may oyining ­o‘rtalarida Ayyub akaning ­Govkush mahallasidagi hovlisiga avtoreferatimni olib bordim. Chog‘roqqina hovliga qo‘yilgan katda yoqasi ochiq, oq ko‘ylak kiygan Ayyub aka va keksa bir onaxon o‘tirishgan ekan. Mezbon o‘tirishga taklif qildi, qatiq, rayhon qo‘shilgan ovqat olib ­kelishdi. Domla meni savolga tutdi... Domla bilan ikkinchi bor Karim Nazarovning Qang‘lidagi ­bog‘ida uchrashdik. Ko‘pchilik edik, Ayyub aka askiyalar aytib, hammamizga xush ­kayfiyat ulashgandi o‘shanda.

Ayyub G‘ulomov tirik bo‘lganida yuz yoshga to‘lardi. Yigirma sakkiz yildirki, domla o‘z ilmiy ishlarida, shogirdlari faoliyatida, farzandlari qalbida yashayapti. Darvoqe, taniqli tilshunos olimlarimiz Shavkat Rahmatullaev, Miraziz Mirtojiev, Abduzuhur Abduazizov, Yormat Tojiev, Nizomiddin Mahmudov, Abduhamid Nurmonov, Iristoy Qo‘chqortoev, Irisali Toshaliev, Nodira Aloviddinova Ayyub G‘ulomovni o‘zlarining ma’naviy ustozi deb biladilar. Ular qatori o‘zim ham domlaning ma’ruzalarini tinglaganimdan, hayotiy pand-nasihatlarini eshitganimdan hamisha ­faxrlanaman.

Abdug‘afur Rasulov,

professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 15-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.