OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shomirza Turdimov. Alpomish va Otabek

http://n.ziyouz.com/images/alpomish.jpg

Abdulla Qodiriyning yozuvchilik talanti, badiiy salohiyati “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarida namoyon bo‘lgan. Yozuvchi bu asarlarida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga an’anaviy adabiyot va xalq badiiy tafakkur tarzini yangi o‘zan — realistik bayon usuliga o‘tkazish orqali erishgan. Yuzaga kelgan shart-sharoit, yozuvchining ichki sezgilari an’anaviy xalq eposining mag‘zini yangilash imkonini bergan.

Xalq eposi xotira va orzu chegarasida tug‘iladi. Chunki epos tanazzul ­avlodlarining ijodi sanaladi. Xalq tanazzuldan chiqish uchun ibrat axtaradi va xotirasida yarq etib ko‘ringan ibrat misolini topib, uni barchaga birdek yetib boradigan tayyor epik qoliplarda bayon etadi.

Abdulla Qodiriy ushbu qonuniyat va zaruratni dildan his etgan. Eng muhim jihat — eskirgan ifoda vositasi o‘rniga zamon bilan mos keluvchi yangisini yaratish ehtiyojini aql bilan anglab yangi shakl — roman janriga murojaat qilgan. «O‘tkan kunlar» o‘z zamonining yangi shaklga kirgan eposidir.

Insoniyatning adabiy estetik tafakkuri rivojida miflar, miflar zamiridan epos va epos asosidan roman paydo bo‘lganligi aytiladi. Qodiriyning intuitiv ravishda ushbu yo‘lga kelishi zaruriyat, tabiiy ehtiyojdan tug‘ilgan. Har bir badiiy-estetik yangilanish ana shu tabiiy ehtiyoj va talabdan paydo bo‘lishi o‘zgarmas qonundir. Mumtoz eposning qahramonlik turida epos va etnos masalasi bosh maqsad hisoblanadi va bu mazmun sirtqi bayon botinida keladi. Ayni holatni «O‘tkan kunlar» romanida ham ko‘ramiz. «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari voqealari sirtdan sevgi qissalariga o‘xshasa-da, ularning zamirida Vatan taqdiri, Vatan qayg‘usi yotadi.

Sirtdan qaralsa, «O‘tkan kunlar» romanida Otabek bilan Kumushning sevgisi yetakchi mavzudek tasavvur uyg‘otadi. Lekin nima uchun adib katta nufuzga ega ota-onaning yolg‘iz farzandi bo‘lgan Otabekni «o‘zboshimchalik» bilan xizmatkor — quli Hasanali boshchiligida Marg‘ilondan uylantirmoqda? Nega Otabek ota-onasidan rozi-rizolik olmay o‘z yo‘rig‘ida ish tutmoqda? To‘g‘ri, Otabek qizni bir bora ko‘rib yoqtirdi. Kumush ham uni ko‘rib pinhona ko‘ngil qo‘ygan, lekin u kuyovning aynan o‘sha o‘zi yoqtirgan yigit ekanligini to‘y oqshomidagina bildi. Asardagi muhabbat mavzusi an’anaviy — bir-birini ko‘rib: «Men seni yaxshi ko‘raman, sen meni yaxshi ko‘r, deb yonib-kuyish» qolipiga tushmaydi. Kumushning yigit haqidagi tasavvurlari pinhon, umuman, uning kimgadir tegishi kerakligi uchun, ota-ona xohishi, deb kelin libosini kiyib chimildiqqa kirgani ayni haqiqat. Uning ko‘ngli ariq labida bir bor nigohi tushgan yigitga bog‘langan bo‘lsa-da, buni oshkor eta bilmaydi. Kuyovning aynan o‘sha yigit bo‘lib chiqishi chindanda «kutilmagan baxt» va hammaning nazdida «kiroyi kuyoving shundog‘ bo‘lsa», deb havas qilgulik bo‘ldi. Otabek uylanganidan keyin Homidning qutqusi bilan dor tagiga bordi. Toshkent tomonlarda esa, qo‘zg‘olon boshlandi. Hasanali najot istab Toshkentga, Kumush qaynotasining xati bilan xonlik idorasiga murojaat qildi. Otabek va kutidor dor tagidan omon qaytishadi. Lekin O‘zbek oyim bosim o‘tkazib, Otabekka Zaynabni olib beradi. Orada yana Homidning tuhmati bilan Otabek Kumushdan vaqtincha ayriladi. Otabek Marg‘ilon va Toshkent orasida qatnab, Homid xataridan qutuladi. Usta Alim vositachiligida haqiqat oshkor bo‘lib, Otabek va Kumush yarashadilar. Orada qipchoq qirg‘ini bo‘lib o‘tadi. Kumush Marg‘ilondan Toshkentga kelgach, bu oila Kumushni o‘zlarining haqiqiy kelini sifatida qabul qiladi. Kundoshlik kuyigiga chiday olmagan Zaynab Kumushni zaharlaydi. Kumushdan qolgan o‘g‘ilni Yodgor ataydilar. Taloq olgan Zaynab savdoyi bo‘lib qoladi. Otabek Avliyootada o‘ris bosqinchilariga qarshi kechgan jangda shahid ketadi. Roman yakunida yozuvchi tomonidan quyidagi izoh berilgan: «Keyingi Marg‘ilon borishimda yaqin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risida surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu ­asrning o‘n to‘qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o‘g‘il qolibdir. O‘g‘illaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan bo‘lib, ikkinchisi... Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luk-tirigi ma’lum emas, deydilar».

Biz yuqorida qo‘ygan savollar, asarning qisqacha tafsiloti va asar so‘ngida berilgan izoh «O‘tkan kunlar» romani zamiridagi mazmunning oydinlashuviga yordam beradi. Abdulla Qodiriy Otabekning «o‘zboshimchalik» bilan ko‘ngli istagan qizga uylanish voqeasiga katta ijtimoiy ma’no yuklagan. Sirtdan muhabbat tasviri bo‘lgan bu voqea Otabek yashagan davrdagi ilg‘or fikrli yoshlarning Vatan qayg‘usini ifodalaydi va ularning bu yo‘ldagi kurashlarini badiiy aks ettiradi. Chunki Otabeklardagi Vatan qayg‘usi katta avlod — Yusufbek hojilar kayg‘usidan farqli edi. Otabeklar yurt ozodligi va kelajagini o‘ylab kuyinganlar. Bu o‘rinda irim-sirimlar olamida o‘ralashib qolgan O‘zbek oyimlar haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Otabeklarning o‘y-xayollari ularning hatto tushiga ham kirgan emas. Lekin Otabeklar istagi xalqning ko‘ngil tubida pinhon bo‘lsa-da, ochiq-oshkor aytilgan emas edi. Xalq Kumush singari ko‘nikmalar bo‘g‘ovidan «ota-ona» — xon va beklar tizginidan chetga chiqa bilmas edi. Bu pinhonlik Kumushning Otabekka bo‘lgan mayli orqali bildirilgan. «Kutilmagan baxt» ushbu pinhona muhabbatning qovushuvi bo‘lib yuzaga chiqqan. Ammo bu harakat g‘unchaligidayoq Homidlarning chirkin istak-xohishlari bilan xavf ostida qoladi. Homidlar kim edi? Uning ichki qiyofasi kitobda Homid bilan Rahmatning so‘zlashuvidan oydinlashadi.

Tumshug‘idan narini ko‘rmaydigan, nafsining quli bo‘lgan va qamchisidan qon tomishi bilan maqtanib, o‘zini er sanaydigan, ibtidoiy fikrli odamlar toifasining vakili bo‘lmish homidlar sabab yurt boshiga ko‘p balolar yog‘di. Homidlar sabab Kumush — endi uyg‘onib kelayotgan xalq ommasi va Otabek — yagona, ma’rifatli, ozod, hur fikrli avlod vakillarining orzu-istaklari amalga oshmadi. Homidning «...boshlab uylanishing albatta ota-onang uchun bo‘lib ulardan ranjib yurishingni o‘rni yo‘q», degan so‘zlari Otabekning ota-onasidan uzoqda, ulardan beso‘roq uylanishi misolida an’analarning buzilishi ekanligini ilg‘ash qiyin emas. Otabek joriy an’analarga zid fikrli, uyg‘oq shaxs. Lekin uning bu dunyoqarashi o‘z davrasidan chetga chiqib keng yoyilmadi. Ustiga ustak ibtidoiy istak-xohishlar iskanjasida qolib ketgan O‘zbek oyimning ra’yi Zaynabni Otabekka bog‘ladi. Bu «istak-xohishlar» bo‘roni, yurtda homidchilikning keng yoyilgani «qipchoq qirg‘inlari» bo‘lib, bu o‘lkalarni mustamlakaga aylantirdi. Ushbu ma’nolar sathida olib baholansa, asardagi har bir obraz o‘z davri ma’lum sotsial qatlamlarining badiiy tasviri ekanligi anglanadi va roman zamiridagi mazmunning oydinlashuviga yordam beradi.

«O‘tkan kunlar» romanida tasvirlangan voqealar zamiridan kelib chiquvchi ma’nolar Abdulla Qodiriyni qalam olishga va ushbu romanni yozishga undagan, ilhomlantirgan. Otabekning xatti-harakatlari, taqdiri tasvirida istibdod kuchlari egallab olishi arafasidagi Vatan fidoyilarining hayoti, taqdiri badiiy ifodasini topgan. Abdulla Qodiriy ana shu «buzuq davr» ibratini qalamga olgan, xalqqa timsol qilib ko‘rsatgan. Otabek qalbida ungan Vatan muhabbati vaqt o‘tib jadidlar harakati bo‘lib bosh ko‘tardi.

«Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» kabi qahramonlik dostonlarida ham bo‘lingan, tanazzulga tushgan yurt taqdiri va uni ana shu foje holatdan olib chiquvchi alp hayoti kuylanadi. Masalan, «Alpomish» dostonidagi har bir obraz ma’lum ijtimoiy guruhning timsoliy obrazi hisoblanadi.

Shu ma’noda Alpomish va Otabek, Oybarchin va Kumush, Qultoy va Hasanali, Boybo‘ri va Yusufbek hoji, Ultontoz va Homid obrazlari o‘rtasida mohiyatan uyg‘unlik mavjud.

«Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» dostonlari va «O‘tkan kunlar» romanining botiniy mazmunini qiyoslash ular o‘rtasida hayratlanarli yaqinliklarni ko‘rsatadi. Bu yaqinlik shunchaki tasodif mevasi emas. Abdulla Qodiriyning yozuvchilik talanti va «buzuq davr” tahlili hamda badiiy tafakkur rivojidagi tadrijiylik ushbu uyg‘unlikni ta’min etgan. Shu ma’noda «O‘tkan ­kunlar»ni o‘z davrining eposi ­deyishga haqlimiz.

Xalqning asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib epik tafakkur qoliplarida pishib mumtoz shakl olgan qahramonlik eposining zuvalasi Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romanida yangilangan shaklda bo‘y ko‘rsatishi bu asarning badiiy tafakkur rivojining qonuniyatlari o‘zanida paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi. Abdulla Qodiriyning epik mezonlarda tafakkur qila olgan ulkan adib ekanligini va uning ijodi bevosita xalqning keng ko‘lamli epik tafakkuriga chambarchas bog‘langanligini ­isbot etadi.

Shomirza Turdimov,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 15-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.