OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdukarim Zikiryoyev “Hind sori”da pishgan qovun yoxud Mirzo Bobur kashfiyotlari

Bobur... banan ekkanmi?

Kokos yong‘og‘i qanday chaqiladi?

“Bobur qomusi”ni yaratish ehtiyoji

Yurtimiz dunyoning eng qadimiy tamaddun o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Ko‘hna Turon zaminida yashab ijod etgan olimlar dunyo tarixi, ilm-fani, madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shganlar. Bu asarlar dunyo tsivilizatsiyasining o‘lmas yodgorliklari sifatida alohida e’zoz topgan. Butun jahonga ma’lum va mashhur bo‘lgan shunday yodgorliklardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asaridir.

XVI asrning noyob yodgorligi hisoblangan bu asarda Mirzo Boburning tarixda nafaqat kuchli sarkarda, hukmdor va shoir, balki yetuk ilmiy iqtidorga ega bo‘lgan tabiatshunos alloma sifatidagi faoliyati ham aks etib turibdi. Akademik Aziz Qayumovning ta’kidlashicha, “Boburnoma” mazmun e’tibori bilan qomusiy asardir. Unda Markaziy Osiyo va Hindiston o‘lkalarining tarixi, adabiyoti, geografiyasi, tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosiga oid qimmatli va eng ishonchli ma’lumotlar jamlangan. “Boburnoma“ni hajmi va qimmati, materiallarning boy va rang-barangligi, ma’lumotlarining ko‘lamiga ko‘ra alloma ilmiy merosidagi shoh asar deyish mumkin.

Mirzo Boburning kuzatuvlari shunchalik aniq va obrazliki, ular XV — XX asrlardagi mashhur Yevropa sayohatchilari ma’lumotlaridan ahamiyati, to‘liq va ishonchli bayonlari bilan ustun turadi. Bobur shunday yozadi: “Hisor va Xatlon va Samarqand va Farg‘ona yayloqlari tamom Kobul viloyatining yayloqlariga o‘xshashdir... Tog‘lari tamom Kofiristondur (hozirda Nuriston). Tog‘larida noju (qarag‘ay) va chilg‘o‘za (kedr) va balut (dub) va yong‘oq yog‘ochlari bisyor bo‘lur, o‘simliklari serob...”.

“Boburnoma”dan keltirilgan ma’lumotlarning naqadar ishonchliligini aynan mana shu joylarda Boburdan to‘rt asr keyin — 1916 — 1926 yillarda ilmiy safarda bo‘lgan akademik N.I.Vavilovning murakkab ekspeditsiyasi kundaliklari ham tasdiqlab turibdi. Uning “Besh qit’a” deb nomlangan kitobida ekspeditsiya kundaliklari quyidagicha bayon etilgan:

“... Kobul tumani katta edi. Biz bu yerning florasi sovetlar O‘rta Osiyosidagi o‘simliklardan kam farq qilishini ko‘ramiz....”. N.I.Vavilov Nuriston tog‘ yonbag‘irlarini: “Nuriston 2950-3000 metr balandlikdan boshlanadi. U yerda tipik o‘rmon zonasi, ninabarglilar saltanati; qarag‘ay, yong‘oq va dub o‘sadi. O‘t qoplamlari boy, ajoyib o‘simliklar makoni...”, deya ta’riflaydi.

Bu ikki kitobda keltirilgan ma’lumotlar bir jihatdan bir-biriga naqadar yaqin bo‘lsa, ikkinchidan, “Boburnoma”ning nihoyatda yuqori ilmiy saviyada yozilganini tasdiqlaydi.

“Boburnoma”ning katta bir qismi biologiya fanining turli tarmoqlari, xususan introduktsiya, sistematika va klassifikatsiya, biologik xilma-xillik, ekologiya, qo‘riqxonalar va bog‘ yaratish sohalariga bag‘ishlangan. Ularni o‘rganish, ilmiy izlanishlarda foydalanish, tarixiy-ilmiy haqiqatni ro‘yobga chiqarish va barkamol avlodni tabiatsevarlik ruhida tarbiyalashda nihoyatda qo‘l keladi.

Bobur zamonida biologiya hali fan sifatida shakllanmagan edi. Shunga qaramay, u o‘z asarida birinchilardan bo‘lib tabiat va uning muvozanati, o‘simlik va hayvonlarni nomlash, ularning tasnifi, turli mintaqalarning o‘simliklarini iqlimlashtirish, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirib o‘tqazish hamda tabiatni e’zozlash haqida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan. “Boburnoma” muallifi o‘simliklar introduktsiyasi, ya’ni o‘simlik turlarini ilgari o‘smagan, tabiiy sharoiti o‘zgacha joylarga ko‘chirish, iqlimlashtirish va tarqatish masalalariga katta e’tibor bergan. Bu jarayon butun jahon ko‘lamida asosan XVI — XVII asrlarda boshlangan. Olimlarning ta’kidlashicha, hozir yer kurrasining barcha qit’alarida yetishtirilayotgan madaniy o‘simliklarning aksariyati introduktsentlar hisoblanadi. XVI — XVII asrlarda Amerikadan Yevropaga makkajo‘xori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, tamaki, qalampir va boshqa ne’matlar keltirilgan. Shakarqamish esa Amerikaga Janubi-sharqiy Osiyodan Kanar orollari orqali introduktsiya qilingan. XVII asrdan boshlab Amerikada Yevropadan keltirilgan olxo‘ri, olma, nok, kashtan va boshqa daraxtlar o‘stiriladi.

O‘simliklar tabiiy yashash joylaridan yangi hududlarga ko‘chirilganda uning xo‘jalik jihatidan qimmatli hisoblangan belgilari yaxshilangan. Ya’ni hosildorlikning oshishi, o‘simlik vaznining ko‘payishi, har xil kasallik va zararkunandalarga nisbatan chidamliligi ortishi kuzatiladi. O‘rta Osiyo ham bir qator madaniy o‘simliklarning kelib chiqish markazi hisoblanadi. Shu bilan birga XVI asrda va undan avvalroq O‘rta Osiyoga ham bu yerning tabiati uchun noma’lum bo‘lgan o‘simliklar keltirilgan. Shunday o‘simliklardan biri shakarqamish. U Hindistondan Afg‘onistonning Kobul viloyati orqali hozirgi Surxondaryo viloyatining Denov va Sariosiyo tumanlariga keltirilgan.

“Boburnoma”ni mutolaa qilgan kitobxon Markaziy Osiyoda o‘simliklar introduktsiyasi yer kurrasining boshqa qit’alari kabi aynan XVI asrda boshlanganligiga guvoh bo‘ladi. Lekin ilmiy va o‘quv adabiyotlarida bu haqda ma’lumot berilmagan. Ayrim olimlar Yevropadan Hindiston va Xitoyga dengiz yo‘llarining ochilishi Markaziy Osiyoga yangi, noyob va g‘aroyib o‘simliklarning kirib kelishini cheklab qo‘ygan, O‘rta Osiyo xonliklarining tarqoqligi tufayli nafaqat Amerika va Yevropadan, balki qo‘shni yurtlardan ham o‘simliklarni olib kelib iqlimlashtirishning iloji bo‘lmagan, deb hisoblaydilar.

Bobur 1514 yili Odinapur qo‘rg‘oni janubida (Kobul viloyati) “Bog‘i vafo” degan katta bog‘ yaratadi. O‘sha yili Paxor Xonni yengib, Laxor va Dibolpur shaharlarini egallaydi va u yerlardan banan keltirib, “Bog‘i vafo”ga ektiradi. Bananlar yaxshi hosil beradi. Undan bir yil avval shu bog‘ga shakarqamish keltirib ektirgan edi. U ham yaxshi o‘sadi. Shundan so‘ng shakarqamishni Buxoro va Badaxshonga yuboradi. O‘sha paytlar Badaxshon va Buxoro mamlakati kengliklari Denov va Sariosiyo hududlarida bir-biriga tutash bo‘lgan. Shuning uchun ham Denov va Sariosiyoning tabiiy shakarqamishzorlari sho‘rolar davrigacha saqlanib qolgandi. Sobiq imperiya davrida bu yerlarda shakarqamish xo‘jaligi tashkil etilib, uning xomashyosidan Samarqand vino zavodida rom ishlab chiqarilardi. Demak, biz O‘zbekistonning janubiy tumanlarida o‘suvchi shakarqamish XVI asrda dastlab Bobur tomonidan introduktsiya qilingani uchun buyuk vatandoshimizdan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi.

Mirzo Bobur o‘simliklarni nafaqat janubdan shimolga, balki shimoldan janubga ham tarqatgan. Bu haqda “Kobul va kentda Sardseriy mevalaridan uzum va anor, o‘rik va olma, behi va olmurut, shaftoli va olxo‘ri, bodom va yong‘oq ko‘p bo‘ladi. Men olu-bolu (tog‘ olcha) nihollarini keltirub ektirdim, yaxshi tog‘olchalar bo‘ldi va hanuz taraqqiy etmoqda”, deb qayd etgan. “Boburnoma”da atirgulni, qovunni va uzumni ham Hindistonga introduktsiya qilingani to‘g‘risida ma’lumot bor. Bobur 1526 yili Panipat shahrida “Kobul-Baxt” bog‘ida birinchi marta O‘rta Osiyo qovuni bilan uzumini o‘stirish bo‘yicha tajribalar o‘tkazadi. Uning ta’kidlashicha, balxlik polizkor dehqonni taklif qilib, qovun ekishni buyuradi. Dehqon yetishtirgan qovunlaridan bir nechtasini Bobur huzuriga olib keladi. Asarda hiylagina yaxshi qovunlar bo‘lgani ta’kidlangan. Bobur “Hasht behisht” bog‘iga bir-ikki tok ko‘chatini ham ektiradi. Ular ham rivojlanib, yaxshigina hosil beradi. Shayx Go‘ran shu uzumdan bir savatini Mirzo Boburga yuboradi, uning hosili ham yomon bo‘lmagan ekan. Bobur o‘z memuarida Hindistonda qovun va uzumning bunchalik yaxshi hosil berganidan o‘ta xursand bo‘lganini yozadi. 1988 yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda qatnashgan Kashmir universiteti professori N.K.Pandit va shoir A.Bismillahning guvohlik berishicha, Hindistonda hozir ham uzumning “Anguri Samarqandi” navi yetishtirilar ekan.

Fanda o‘simliklarni qo‘sh nom bilan, ya’ni oq qayin, qora tol deb atash shvetsiyalik biolog olim K.Linney tomonidan kiritilgan deb e’tirof etiladi. Shuningdek, o‘simliklarda ham jonivorlarda bo‘lgani kabi jinsiy ko‘payish mavjudligini K.Linney aniqlagan deb tan olingan. Holbuki, aynan shu davrlarda Bobur ham (1483 — 1530) ayrim o‘simliklarni qo‘sh nom bilan ifoda etgan. Boburning yozishicha, Kobul yaqinidagi Gurband tumanida “Dashti shayx” degan joy bo‘lib, u yerlarning bahori juda yaxshi keladi, xilma-xil lolalar o‘sadi. Bobur lolalarning xillarini sanab chiqishni buyuradi. O‘ttiz ikki-o‘ttiz uch xil lola borligi ma’lum bo‘ladi. Bir nav loladan qizil gulning hidi kelgani uchun uni Bobur “Lolai gulbo‘y” deb atashni taklif etadi. Lolaning bu turi “Dashti shayx”ning bir bo‘lagida uchrashi, o‘zga yerlarda esa o‘cmasligi ham ta’kidlangan. Yana shu joydan quyirokda, Gurbandan chiqishda lolaning boshqa turi ham uchraydi. Unga “Lolai Sadbarg” deb nom beriladi. Bu lola ham bir bo‘lak joydagina uchraydi xolos. “Boburnoma”da keltirilgan deyarli barcha daraxtlar, o‘t-o‘lanlarning nomlari qo‘sh nom bilan yozilgan. Masalan, qulon quyruq, ko‘k shiboq, mehri giyoh, sebi Samarqandi, anori donakalon va hokazo.

Bobur ayrim hollarda bir so‘z bilan aytiladigan o‘simlik nomlarini ham to‘liq ifoda orqali ikki so‘z bilan yozishga harakat qilgan: “Andijon viloyatida bu o‘tni butka o‘ti deydilar. Nima sababdan shunday nom bilan atalishi ma’lum emas edi, Kobul viloyatida uni “Butai kax” der ekanlar, chunki u buta-buta bo‘lib o‘sar ekan”.

Bobur Hindistonning juda ko‘p o‘simlik va gullariga ham ta’rif beradi. Hindiston xurmosi to‘g‘risida yozar ekan, u daraxtning ba’zi jihatlarini hayvonlarga o‘xshatadi. Sigirlar buqasiz qisir qolganiday, xurmo ham erkak gulli shoxlarini, urg‘ochi gulli shoxlarga tekkizmasa yaxshi meva bermasligini yozadi.

Binobarin, Bobur K.Linneydan 200 yil avval o‘simliklarni qo‘sh nom bilan atab, ularda ham hayvonlarga o‘xshash jinsiy ko‘payish mavjudligiga birinchilardan bo‘lib ahamiyat bergan.

Bugun bozorlarimiz issiq iqlimli mamlakatlarning mevalari bilan ham to‘lib-toshmoqda. Ayniqsa, banan, ananas, kivi, kokos yong‘og‘ini yilning xohlagan faslida xarid qilishingiz mumkin. Biroq ilmiy-texnik saviya taraqqiy etgan hozirgi kunda ham ko‘pchilik kokos yong‘og‘ini qanday chaqishni bilishmaydi. Uni og‘ir narsalar bilan urib sindirish natijasida yong‘oq ichidagi sharbatning katta qismi to‘kilib ketadi. Holbuki, “Boburnoma”da kokos yong‘og‘i sharbatining bir tomchisini ham isrof qilmasdan ajratib olish yo‘llari ko‘rsatilgan: “...Yana norguldur, arablar norjil derlar. Hindistonliklar nolir deydi. Norgul mevasi Hindiston yong‘og‘idir, andin qora qoshiqlar yasaydilar, ulug‘rog‘idan g‘ijjakning kosasini qilurlar. Xuddi yong‘oqqa o‘xshash ustida ko‘k po‘sti bo‘lur. Norgulni po‘stini artgach, bir uchida musallas uch tushuk (chuqurcha) o‘rni zohir bo‘lur, ikkitasi qattiq, biri esa bo‘sh, andak ishorat bilan teshiladur, bu tushukni teshib, ul suvni ichadurlar. Mazasi yomon emas...”.

Bobur O‘rta Osiyoning deyarli hamma shaharlarida bo‘lgan. U joylarning iqlim sharoitlari va atrof-muhit tozaligiga tavsif bergan. U shunday yozadi: “Farg‘ona shaharlaridan biri O‘sh. U yerda havo toza, oqar suvlar ko‘p. Bahori ko‘p yaxshi bo‘ladi, Andijon soyi O‘shning mahallalari ichi bilan o‘tib Andijonga boradi. Bu soyning har ikki tomonida bog‘lar ko‘p. Bog‘lar soy bilan qo‘shilib ketgan, binafsha gullari ko‘p latif bo‘ladi, oqar suvlari bor, bahori juda yaxshi bo‘ladi, qalin lolalar va gullar ochiladi. Farg‘ona viloyatida safo va havoda O‘shga o‘xshash shahar yo‘q”.

“Boburnoma”da Kosonsoyga ham yaxshi ta’rif berilgan. Uning yozishicha, Kosonsoyning havosi yaxshi safoli, bog‘lari ko‘p, bog‘lar asosan soy yoqasida bo‘lgani uchun “po‘stini besh barra”, ya’ni xuddi qorako‘l terisi bilan bezatilgan po‘stinga o‘xshaydi, safo va havoda O‘sh bilan Kosonsoyning o‘xshashligi bor. Havoning musaffoligini shoir bog‘ va uzumzorlar serobligi bilan bog‘laydi. “...Andijonning oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi bisyor yaxshi bo‘lur. Andijonning noshpotisidin yaxshiroq noshpoti bo‘lmas”. Biroq, Andijon havosi toza bo‘lmagani uchun, kuzda ko‘pchilik bezgak bilan kasallanadi. “Farg‘onaning qadimiy shaharlaridan biri Xo‘janddur. Uning shimoliy tarafida tog‘ bor. Bu tog‘da feruza koni va ba’zi boshqa konlar mavjud. U yerning havosi juda ham toza emas. Aytishlaricha, bu holat shimolda joylashgan tog‘lardagi kon ishlari bilan bog‘liq”...

Boburning havoni, tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalar haqida yozgan ma’lumotlari ham uning ekologik muvozanat qonunlariga birinchilardan bo‘lib ahamiyat bergan donishmand inson ekanini ko‘rsatadi. Boburning tabiatga, uni bilishga, ona yurtning o‘ziga xos tabiiy xususiyatlarini anglashga muhabbati benihoya kuchli bo‘lgan. U hayotdan, tabiatdan zavqlangan, tabiat va jamiyat hodisalariga ilmiy tafakkur, ya’ni olimona e’tibor bilan yondoshgan. Bobur “Yomonlik qilganingdan keyin ofatlardan emin bo‘lmagin, chunki tabiatning jazosi aniqdir”, deb yozishining boisi ham shunda.

Bobur qaysi viloyatga borgan bo‘lsa, u yerning tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosining xilma-xilligini ilmiy asosda tasvirlagan. “Boburnoma”da keltirilgan ekologiyaga oid ilmiy dunyoqarash bilan tanishuv orqali har bir kitobxonning tabiat in’om etgan mo‘‘jizalar, hayvonot va o‘simlik olami, tabiiy resurslar, musaffo havoni e’zozlash, himoya qilish va kelgusi avlodlarga yetkazish burchini ongli ravishda idrok etish hissi kuchayadi.

“Boburnoma”da Markaziy Osiyo va Hindistonning tabiati, hayvonot va o‘simlik dunyosi, iqlimi, atrof-muhit holatiga oid boy ma’lumotlar mavjud. Bu qomusiy asarni chuqur tahlil qilish tabitatshunoslik, biologiya va ekologiya fanlari tarixini o‘rganishda ham muhim tarixiy manba bo‘lib xizmat qiladi. “Boburnoma”ni ana shu nuqtai nazardan o‘rganish va tahlil qilish ayni chog‘da Bobur qomusini yaratishni ham kun tartibiga qo‘yadi, deb o‘ylaymiz.

Abdukarim Zikiryoev,

      biologiya fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 6g‘sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.