Takrorlanmas asarlari bilan jahon adabiyotini bezagan ulug‘ yozuvchilar, bir qarashda, ko‘zboylog‘ichlarga ham o‘xshashadi. Ko‘zboylog‘ichning antiqa tomoshalarini hayrat bilan kuzatasizu, u qo‘llagan “sehr-jodu” sirini bila olmaysiz. Xuddi shu kabi ulug‘ adiblar asarlarini to‘la anglash, mag‘zini chaqish juda qiyin. Odatda, bunday asarlarda bildirilgan fikrlar, ishlatilgan ramzlar mohiyatini tushunishga, ajoyib voqealar zamiriga yashirilgan falsafiy g‘oyalarni topishga ko‘p yillar sarflanadi. Ularni ko‘pincha muztog‘larga qiyoslashadi. Dengizdan faqat boshi chiqib turgan muztog‘ning asosiy qismi ummon ostida qoladi.
Mixail Bulgakov XX asr rus adabiyotining eng yorqin vakillaridan biri hisoblanadi. U o‘zining so‘nggi romani “Usta va Margarita”ni o‘n yil yozgan. Real hayot, fantastika va tarixiy voqealar yuksak mahorat bilan bir-biriga bog‘langan bu romanni qiziqish bilan o‘qimagan kitobxon kam topilsa kerak. Lekin o‘quvchilarining yoshi va saviyasidan qat’i nazar, ohanrabodek o‘ziga tortadigan “Usta va Margarita”dagi jumboqlar, ramzlar ma’nolarining hammasi ham hali adabiyotshunoslar tomonidan kashf etilmagan.
Romandagi “qo‘lyozmalar yonmaydi” iborasi juda mashhur bo‘lib ketgan. Atoqli tarjimon Qodir Mirmuhamedov tarjimasida 1987 yili nashr etilgan “Usta va Margarita”da bu ibora quyidagi holatda aytilgan.
Voland Ustadan romani haqida so‘raydi.
“— Romaningiz nima haqda?
— Pontiy Pilat to‘g‘risida.
Shunda shamlarning olov tillari yana tebranib, yelpina boshladi. Stoldagi idishlar zirillab ketdi. Voland misoli momaqaldiroqdek qah-qah urib kuldi, ammo uning bu qah-qahasidan hech kim cho‘chimadi ham, ajablanmadi ham. Begemot negadir chapak chalib yubordi.
— Nima, nima haqida? Kim haqida? — dedi Voland kulishdan to‘xtab. — Shu zamonda-ya? Voajabo! Nima, boshqa mavzu topilmadimi? Qani, ko‘raylik-chi, — Voland kaftini yuqoriga qilib qo‘lini cho‘zdi.
— Afsuski, sizga uni ko‘rsatolmayman, — deb javob qildi Usta, — chunki men uni pechkaga qamab yoqib yuborganman.
— Kechirasiz-u, ishonmayman bunga, — dedi Voland, — bu mumkin emas. Qo‘lyozmalar yonmaydi. — U Begemot tomonga o‘girilib dedi: — Qani Begemot, uzat buyoqqa romanni.
Mushuk stuldan “dik” etib turgan edi, hamma uning dasta-dasta qo‘lyozmalar ustida o‘tirganini ko‘rdi. Mushuk eng ustki nusxani ta’zim bilan Volandga uzatdi”.
Odatda, “qo‘lyozmalar yonmaydi” iborasini ko‘pchilik bir xil ma’noda tushunadi. Ya’ni, Ustaning Pontiy Pilat haqidagi asari yuksak saviyadagi mukammal asar bo‘lgani uchun ham o‘tda kuymagan, deb hisoblashadi. Lekin rus adabiyotshunosi I.L.Galinskayaning fikricha, “qo‘lyozmalarning yonmasligi”ga boshqa sabab ham bor.
Ma’lumki, Bulgakov “Usta va Margarita”ni yozishdan avval xristian dini va uning tarqalishiga oid ko‘plab tarixiy ma’lumotlar, rivoyatlarni o‘rgangan va roman ichidagi roman deb hisoblanuvchi Pilat voqeasini tasvirlashda ham Falastinning Iudeya viloyatida yuz bergan tarixiy voqealardan foydalangan. Olimaning fikricha, “qo‘lyozmalar yonmaydi” iborasi ham tarixiy rivoyatdan olingan. Bu rivoyat XII — XIII asrlarda Yevropada davom etgan salib yurishlari bilan bog‘liq. 1209 yili Rim papasi buyrug‘i bilan Frantsiyaning Provans viloyatida yashovchi, xristian dinini tan olmagan albigoy bid’atchilariga qarshi yurish boshlanadi va 1229 yilga kelib bu o‘lkaning butun aholisi qirib yuboriladi. Rivoyatlarga qaraganda, urush boshlanmasdan avval Dominik de Gusman ismli avliyo bid’atchilar bilan uchrashib, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga uzoq vaqt harakat qiladi va oxiri aytgan gaplarini qog‘ozga yozib ularga qoldiradi. Bid’atchilar yoqib yuborish uchun olovga tashlaganlarida esa qo‘lyozma yonmaydi.
I.L.Galinskayaning fikricha, avliyoning qo‘lyozmasi ham, Ustaning Ieshua va Pilat haqidagi romani ham bir sabab tufayligina yonmagan. Chunki har ikki qo‘lyozmada Injil sharhlangan edi.
“Usta va Margarita” qayta-qayta o‘qiladigan asar, uni har safar qo‘lga olganingizda roman haqidagi taassurotlaringiz yanada boyib boraveradi. Shu bilan birga, asar syujetiga mahorat bilan singdirib yuborilgan sirli epizod va ramzlarga, iqtibos va falsafiy mulohazalarga duch kelaverasiz. Bulgakov qo‘lyozmasining vaqt olovida yonmasligiga ham shular sabab bo‘lsa, ajab emas.
Alisher Otaboyev
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 1-sonidan olindi.