Abdulxoliq G‘ijduvoniy naqshbandiya tariqatida xojalar silsilasining asoschisi hisoblanadi. Uning ta’limoti, ya’ni tasavvuf sohasida u qoldirgan yo‘l-yo‘riqlar, odob va qarashlar yuksak ahamiyatga ega.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy kim edi, xojalar tariqatiga qanday hissa qo‘shdi va hozirgi zamonda u qoldirgan ta’limotning ahamiyati nimada?
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy 1103 yili G‘ijduvon shahrida tug‘ilib, 1179 yili o‘sha joyda hayotdan ko‘z yumgan. U Xoja Yusuf Hamadoniyning to‘rtinchi xalifasi sifatida xojalar tabaqasining sarhalqasi hisoblanadi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ayrim o‘rinlarda xojagon, ya’ni “xojalar” so‘zi o‘rnida “xojagonlar” deb ishlatiladi. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Chunki “xojagon” so‘zi “xoja” so‘zining ko‘pligi bo‘lgani sababli “xojagonlar” jam’uljam’ — ko‘plikning ko‘pligi shaklida to‘g‘ri emas va hech qanday ortiqcha ma’noni ham ifodalamaydi. Shuning uchun “xojagon” va “xojalar” so‘zlarini ishlatish kerak.
Shayxning otasi Abdulmajid nomli mashhur bir shaxsiyat bo‘lib, molikiy mazhabi asoschisi Imomi Molik ibn Anas avlodlaridan bo‘lgan ekan. U ilgari Rum deb atalib kelgan Turkiya hududida yashab zohiriy va botiniy ilmlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, hazrat xojaning onasi usmoniy sultonlar avlodidan bo‘lgan. Ular zamon taqozosiga ko‘ra o‘z oila a’zolari bilan Buxoroga ko‘chib kelib, G‘ijduvonda istiqomat qilganlar. Farzandlari Xoja Abdulxoliq Buxoro shahrida tahsil olgan va o‘z ustozlaridan tasavvufga tegishli ta’limotlarni o‘zlashtirgach, ma’naviy kamolot sari harakat qila boshlagan.
Xoja Yusuf Hamadoniy Buxoroga kelganda, G‘ijduvoniy u kishi bilan uchrashib, suluk usullarini kengroq miqyosda undan o‘zlashtirib oladi.
O‘shanda yassaviya tariqatining asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy ham Xoja Yusuf Hamadoniy bilan suhbatda bo‘lib, irfon va tasavvuf ta’limotini kengaytirish bilan mashg‘ul edi. Keyinroq har ikkala so‘fiy ikki yo‘nalish asoschisi bo‘lib, biri yassaviya tariqatiga asos soladi, ikkinchisi xojalar tariqatining tamal toshini qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi.
Tariqat yoki tariqa o‘zi nima? “Tariqat”ning lug‘aviy ma’nosi yo‘l-yo‘riq. Tasavvuf ilmida irfonga tegishli bo‘lgan ko‘p yo‘nalishlardan muayyan bir yo‘nalishni bildiradi. So‘fiy komil imonga ega bo‘lib, aynul-yaqin yoki haqqul-yaqinga erishish uchun o‘sha yo‘lni tanlab oladi.
Tasavvuf ahliga tegishli imon taqlid asosida erishilgan yoki aqlu istidlol orqali hosil bo‘ladigan imon emas. Negaki, bunday imon shak-shubhaga o‘rin qoldiradi, ammo so‘fiyning imoni uning atrofida mavjud bo‘lgan narsalar, yuz berib turadigan hodisalardan ta’sirlanmaydi va hech qanday shubhaga yo‘l qo‘yilmaydi. Imom Rabboniy “Maktubot” kitobida aytganidek, olimlar imoni bilan komil shayxlar, ya’ni tasavvuf ahlining imoni o‘rtasidagi farq shundan iboratki, olimlarning ma’rifati ilmiy istidlol va mantiqiy uslub bilan hosil bo‘lsa, so‘fiylar va oriflar ma’rifati — kashfu zavqu shavq, ya’ni vijdoniyot va qalb ishroqi(nuri) orqali hosil bo‘ladi. Jaloliddin Rumiy aytganidek:
Poyi istidloliyon cho‘bin buvad,Poyi cho‘bin saxt betamkin buvad.Ya’ni: istidlol ahlining oyoqlari yog‘ochdandir, albatta, yog‘och oyoq nihoyat zaif va kuchsiz bo‘ladi.
Shariat va boshqa ilmu fanlarni o‘rganish yo‘llari turli-tuman bo‘lganidek, tasavvufda ham turli-tuman tariqalar mavjud. Har bir tariqat o‘ziga xos yo‘ldan haqiqatga erishmoqchi bo‘ladi. Tasavvufdagi mashhur tariqatlardan yassaviya, kubraviya, naqshbandiya, qodiriya, shoziliya, chashtiya, mavlaviya va boshqa ko‘p yo‘l-yo‘riqlarni eslatish mumkin.
Tasavvufiy tariqalar xilma-xil bo‘lsa-da, ularning asosiy maqsadi bitta, ya’ni haqiqati mutlaqqa erishish, ilohiy zot haqida ma’rifatga ega bo‘lib, uning roziligini hosil qilish va ahadiyat zotiga yaqinlashishdir.
Iroqlik tasavvufshunos olim shayx Amin Alovuddin Naqshbandiy ta’kidlashicha, tasavvuf tariqatlari bir xil bo‘lmasa ham, barchasi bir manba — bir asosdan sarchina oladi. Bu bug‘doy unidan turli-tuman ovqatlar, go‘shtu guruchdan xilma-xil taomlar pishirishga o‘xshaydi. Ular bir-biridan har qancha farqli bo‘lmasin, hammasining asosiy manbai bitta, ya’ni bug‘doy yoki go‘shtu guruchdir.
G‘ijduvoniygacha zikri jaliy — zikri jahr, ya’ni baland ovoz bilan zikr qilish ma’mul edi. Hozircha ham yassaviya, qodiriya, chashtiya va boshqa bir qancha tariqatlar zikri jaliy — zikri jahr bilan shug‘ullanadilar. Ammo Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy zikrni xafiy shaklda olib borishni tavsiya qilib, ushbu uslubni afzal va shariatga muvofiqroq deb qo‘llagandan keyin zikri xafiy xojalar silsilasi va naqshbandiya tariqatining asoslaridan biriga aylandi.
Naqshbandiya tariqati o‘n bitta so‘z yoki qoida yoxud irfoniy shior asosida qurilgan. Ushbu qoidalar tariqat peshvolari tomonidan keng ko‘lamda o‘rganilib, har biri haqida mufassal ma’lumotlar berib o‘tilgan. Ulardan sakkizta qoida Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyga mansub va uchta qolgani Bahovuddin Naqshband tomonidan belgilangan.
Ta’kidlaganimizdek, naqshbandiylik zikri xafiy — xufyaga asoslangan. Zikr esa, yaratuvchining zoti haqida shunday diqqat va taammul bilan o‘ylashki, zokirning barcha vujudi qalbiga tobe’ bo‘lib uning izidan borsin. Undan maqsad ko‘ngilni nopok tuyg‘ular, yomon maqsadlar va shahvoniy istaklardan pokizalab, har doim Olloh yodi bilan mashg‘ul qilib turishdir. Yaratuvchiga faqat shu yo‘ldan yaqinlashish va haqqa erishish mumkin. Ko‘ngil pokizalanib sayqal topgandan keyin ilohiy nur unga tajalliy qiladi(porlaydi), ya’ni ko‘zguda quyosh qanday aks etsa, ilohiy nur ham solik qalbiga shunday jilva qilib huzur hosil bo‘ladi. O‘shanda zikr to‘xtaydi. Zahiriddin Bobur “Risolai volidiya” tarjimasida ifodalaganidek:
Ayni mazkur bo‘lur zokir til.
Alovuddin Naqshbandiy ta’kidlashicha, bunday yaqinlashish zotiy qurb, ya’ni ilohiy zotga yaqinlashish emas, balki ilohiy nur bilan botiniy taqarrub — ruhan yaqinlashishdir. Bunday yaqinlikni faqat qalb ko‘zi bilan ko‘rish mumkin, bosh ko‘zi bilan emas. Bu ishroq, ya’ni qalb ko‘zi bilan ko‘rish deb ataladi. Bu tushda ko‘rgan kabi holatlarga o‘xshaydi, albatta, uyquda biz ko‘zimiz bilan ko‘rmaymiz.
Navoiy asarlarida ham ko‘ngil ko‘zgusi dunyoviy istaklar va mosivo, ya’ni yaratuvchi yodidan boshqa narsalardan poklanib sayqal topgandan keyin unda ilohiy nur tajalliy qilishi — porlashiga munosib bo‘ladi. U “Xamsa”da (“Saddi Iskandariy”) Olloh inson qalbini ilohiy sirlar xazinasi qilib, unda tajalliy etgandan keyin, barcha farishtalar unga qarab sajdaga bosh qo‘ydilar, deydi:
Qilib ko‘nglini roz ganjinasi,Yuzin aylading zot oyinasi.Anga aylogach nuri husnung zuhurO‘qubon malak xayli “Ollohu nur”.Shayx Amin Alovuddin Naqshbandiy o‘zining juda ko‘p ishonarli manbalarga asoslanib yozgan “Tasavvuf haqiqati va naqshbandiya tariqati” nomli qimmatli kitobida Bahovuddin nima uchun “naqshband”, deb laqab olganligini tekshirib uning ota-bobolari naqqosh ekanligiga doir rivoyatni noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Uningcha, “naqshband”ning ma’nosi ma’naviyatdan kelib chiqadi. U qalblar naqqoshi bo‘lgan, ya’ni Olloh naqshini o‘z muridlarining qalblarida ma’naviy jihatdan naqsh qilib qoldirgan. Bir naqshbandiy shoir bunday degan edi: Ey, naqshbandiya tariqatida mening yo‘ldoshim, Haq zikrini qalbingda mustahkam o‘rnatgin, naqsh qilgin.
Bahovuddin laqabi “Naqshbandiy” emas, balki Naqshbanddir. Naqshbandiy deganda uning tariqati yoki tarafdorlari tushuniladi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Ali Safiy ta’kidlashicha, xojalar tariqatining boshlovchisi edi. Ushbu tariqat avvallari unga nisbat berilib xojalar tariqati deb atalardi.
Naqshbandiya tarafdorlari aytishlaricha, bu tariqat ilgari hazrat Abu Bakrga mansubligi uchun “as-Siddiqiya” deb atalardi, so‘ngra Boyazid Bastomiyga nisbat berilib “Tayfuriya” deb atalgan, uning ismi Tayfur bo‘lgan. Ushbu ta’limot XV asrga kelib Bahovuddin Naqshband nomi bilan ulanib ketib “Naqshbandiya” deb atalgan.
Xoja Bahovuddin Naqshband o‘zining ruhiy safarlarini bayon etishda aytib o‘tganidek, ruhiy va ma’naviy tarbiyani Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniydan olgan ekan.
Mashhur tasavvufshunos olim Usmon Turar qayd etishicha, Bahovuddin Naqshbandning haqiqiy shayxi, uni “uvaysiylik” yo‘li orqali tarbiyalab, kamolga yetkazgan Abdulxoliq G‘ijduvoniy bo‘ladi. Bo‘lmasa, Bahovuddin bilan G‘ijduvoniy orasida Shayx Samosiy, Ali Romitoniy, Mahmud Anjir Fag‘naviy va Orif Revgariy turadi. G‘ijduvoniy va Naqshband yashagan davrlar orasida 200 yildan ko‘proq fosila mavjud.
Bahovuddin Amir Kuloldan xalifalikni olgandan so‘ng Qosim shayx, Xalil ota va Mavlono Orif kabi yassaviy shayxlarining huzurida ko‘p yillar qolib ulardan kasbni ilmu ma’rifat etdi.
Bahovuddin Naqshbandning manqabatlarini yozgan Muhammad Boqir, Xojaning shogirdlaridan biri bo‘lmish Xoja Alovuddin Attordan naql etishicha, u bunday degan ekan: “Men olti yil turkiy mashhur mashoixlardan biri bo‘lgan Xalil Oto xizmatida bo‘ldim. Xalil Oto (Sulton Xalil) Movarounnahr podshohligiga ko‘tarilganidan keyin ham, olti yil uning mulozimatida bo‘lib xizmat qildim, shohlar xizmatida bo‘lish odobini o‘rgandim, uni ko‘p hurmat qilardim, bo‘shlik paytida uning xos mahrami (suhbatdoshi) men edim. U menga ba’zan qattiqqo‘llik va ba’zan esa lutfu marhamat ko‘rgazardi”.
Shu yo‘sinda Bahovuddin Naqshband o‘n ikki yil davomida Xalil Oto (Sulton Xalil) bilan tasavvufiy munosabatlardan tashqari, eng muhim dunyoviy ishlardan biri, ya’ni davlatni idora qilishda ishtirok etib, o‘z amaliy va hayotiy falsafasi uchun o‘rnak bo‘lib keldi.
Usmon Turar ifodasicha, naqshbandiya quyidagi to‘rtta asosiy qoidaga asoslangan: shariat yo‘li bilan zohirni poklash, tariqat orqali botinni poklash, haqiqat yo‘lidan ilohiy qurb (yaqinlik)ga erishish, ma’rifat orqali Ollohga erishish.
Uning ta’kidlashicha, bu tariqat Naqshbanddan keyin Xoja Ubaydulloh Ahrorgacha naqshbandiya, Xoja Ahrordan Imom Rabboniygacha naqshbandiyai-ahroriya, Imom Rabboniydan Shamsiddin Mazhargacha naqshbandiyayi-mujaddidiya, Shamsiddin Mazhardan Mavlono Xolid Bag‘dodiygacha naqshbandiyai-mazhariya, Mavlono Xolid Bag‘dodiydan keyin xolidiya nomlari bilan atalib kelgan.
XV asrda Afg‘onistonga mansub bir kishi “Mujaddidi alfi soniy” (Ikkinchi mingyillikning tiklovchisi) va “Imomi Rabboniy” laqablari bilan shuhrat qozongan shayx Ahmad Foruqiy Naqshbandiy Ahroriy Sarhindiy naqshbandiya tariqatining bir shu’basi sifatida “Mujaddidiya” tariqatiga asos soldi. Imom Rabboniy 1650 yili Hindistonning Sarhind mintaqasida tug‘ilib, 1703 yili hayotdan ko‘z yumgan. U zohiriy va botiniy ilmlarni o‘zlashtirgandan keyin Dehliga borib xojalar tariqatining idamachisi Xoja Muhammad Boqiy huzuriga musharraf bo‘ladi. Shayx Muhammad Boqiy olti vosita bilan Xoja Bahovuddin Naqshbandga yetib borardi.
Imom Rabboniy oz muddat ichida undan ko‘p narsalarni o‘zlashtirib olib, naqshbandiya tariqatining homiysi sifatida ish boshladi.
Shayx Ahmad Sarhindiy o‘zining 535 maktubi majmuasi (Maktuboti Imomi Rabboniy) bilan ushbu tariqatning sharhlovchisi, rivojlantiruvchisi va tarqatuvchisi bo‘lib xizmat qildi, uning keng ko‘lamda Hind yarimoroli va Afg‘onistonda tarqalishi uchun zamin yaratib berdi. Maktubot kitobi ayrim tillarga tarjima qilinib katta adadlarda nashr etilgan, jumladan, 1228 hijriyda Toshkent Portsev toshbosmasida ham nashrdan chiqqan.
Imom Rabboniy o‘z zamonasining mashhur davlat va siyosiy arboblari, o‘z xalifalari, buyuk olimlar va mutasavviflar bilan keng aloqa o‘rnatib Hindistondan turib Afg‘oniston, Turkiston va boshqa joylarga maktublar yozib turar, turli mavzulardagi murakkab masalalar, irfoniy va aqidaviy muammolarni yechib berishga harakat qilardi. Masalan, 268 maktubini turkistonlik Xoja Muhammad Qosim Amkanagiyga yozib, unda naqshbandiya tariqatining beshigi bo‘lgan Movarounnahrda topilgan ayrim bid’atlar borasida achinib so‘zlaydi.
Afg‘onistonda naqshbandiya ta’limoti ta’sirini, ayniqsa, adabiyot sohasida XV asrdan boshlab hozirgi davrgacha ko‘rish mumkin. Masalan, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy she’riyatida, bugungi Afg‘oniston ayrim shoirlarining asarlarida ushbu ta’limot keng ko‘lamda o‘z aksini topgan.
Afg‘onistonda naqshbandiylikning ashaddiy muxlislaridan biri Qori Muhammad Azim Azimiy Jo‘zjoniy o‘zbek va dariy tillarining yetuk shoiri sifatida o‘zidan ko‘p asarlar qoldirgan. Uning she’rlar devoni 1993 yili Amir Alisher Navoiy Farhangiy anjumani tomonidan Jo‘zjon davlat matbaasida katta hajmda nashrdan chiqqan.
Ustoz Azimiyning devonida silsilai oliyai naqshbandiyaga (naqshbandiylikning oliy silsilasi) atab bir necha qasida va qit’a she’rlar mavjud. Birinchi qasida 28 bayt, ikkinchisi 52 baytdan iborat. 35 baytni o‘z ichiga olgan uchinchi qasida shoirning ustozi naqshbandiya vakili xalifa Abdulmajid Maxdumga bag‘ishlangan. To‘rtinchisi 16 baytdan iborat bo‘lib, Mavlono Abdulmajid vafoti munosabati bilan yozilgan. Beshinchi qasida mashhur xalifa Objo‘shning o‘rinbosari darzoblik marhum So‘fijon xalifa — Shimol mintaqasidagi naqshbandiya tariqatining yirik vakili va xalifasi vafoti munosabati bilan yozilgan. Shoir uni valilik xazinasining soqchisi va naqshbandiylar tariqasining rahbari deb madh etadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, naqshbandiya tariqati faqat Hindiston yarimoroli, Afg‘onistonda emas, balki Iroq, Suriya, Turkiya va Eron hududlarida ham keng ko‘lamda tarqalgan. Uning nomi bilan Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ismi naqshbandiya tariqatining ajralmas bo‘lagi sifatida o‘z mavqeini saqlab kelgan.
Abdulhakim Jo‘zjoniy,
yuridik fanlar doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 33-sonidan olindi.