OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Manzar Abdulxayrov. So‘z maxzani

Alisher Navoiy asarlaridagi e’tibordan chetda qolgan so‘z va iboralar talqini

Turkiy tildagi so‘z va iboralarni to‘plash, ularni ilmiy asoslash an’anasi X asrda yaratilgan “Devonu lug‘otit turk” asarining boy tajribasiga borib taqaladi. Zero, lug‘at muallifi Mahmud Koshg‘ariy o‘z davridagi turli qabila-urug‘lar tiliga mansub so‘z va iboralarni yig‘ish printsiplarini belgilab, o‘z asarida aks ettirgan. Bu borada lug‘atshunos shunday yozadi: “Men turklar, turkmanlar, o‘g‘uzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, lug‘atlarini to‘pladim, turli xil so‘z xususiyatlarini o‘rganib, aniqlab chiqdim. Men bu ishlarni til bilmaganim uchun emas, balki bu tillardagi har bir kichik farqlarni ham aniqlash uchun qildim. Ularni har tomonlama puxta bir asosda tartibga soldim”.

O‘rta asrlarda turkiy qabilalar tillarini bu qadar keng qamrovli o‘rganganlardan Koshg‘ariyga faqat Alisher Navoiyni qiyoslash mumkin. Zotan, ulug‘ shoir asarlarida “Devonu lug‘otit turk”dagi ko‘plab etnonimlar, sof tilshunoslikka oid lingvistik atamalar, qadimgi ilmiy-badiiy, yozma va og‘zaki ijod namunalari bilan birga kenagas, qovchin, qo‘ng‘irot, chig‘atoy, barlos, qiyot, tarxon, arlot, jaloyir, turkman, nayman, mang‘it va boshqa turkiy urug‘, elatlarning nomi takror-takror keladi.

Shoirning boy adabiy, ilmiy merosidagi so‘z va iboralarni to‘g‘ri sharhlash, chuqur talqin qilishda lug‘at manbalarning o‘rni beqiyos. Shu jihatdan Navoiy asarlari yuzasidan o‘tmishda va hozirda ham bir qancha lug‘at manbalar yaratilgan. Masalan, “Badoe’ ul-lug‘at”, “Xamsa bo halli lug‘at”, “Abushqa”, “Sanglox”, “Lug‘ati atrokiya”, “Lug‘ati turkiy”, “Lug‘ati chig‘atoyi va turkiy-usmoniy”, “Halli lug‘ati “Xamsa”yi Navoiy”, “Halli lug‘oti chig‘atoyi “Xamsa”yi Navoiy”, “Nisobi Navoiy”, “Lug‘ati Amir Navoiy”, “Dar bayoni lug‘ati Navoiy”, “Halli lug‘oti chig‘atoyi” hamda Porso Shamsiev, Sobirjon Ibrohimov tomonidan tuzilgan “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at”(1953) va yana shu mualliflar ishtirokida “Alisher Navoiy asarlari lug‘ati”(1972), “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”(1983 — 1985), Botirbek Hasanov tomonidan tuzilgan “Navoiy asarlari uchun qisqacha lug‘at”(1993) kabi lug‘atlar shular jumlasidandir. Bu lug‘atlarda Navoiy asarlarida qo‘llanilgan minglab turkiy, forsiy, arabiy so‘z va iboralarni izohlash maqsad qilib qo‘yilgan. Shulardan hozircha nisbatan to‘larog‘i “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” (4 jildli) hisoblanadi. Ushbu lug‘at buyuk mutafakkir shoirning bebaho asarlarini o‘qish va tushunish uchun kitobxonlarga katta yordam beruvchi fundamental tadqiqotdir.

60-yillarning ikkinchi yarmida akademik Ergash Fozilov rahbarligida O‘zR FA Til va adabiyot institutida tarixiy etimologik lug‘atlar bo‘limi ochilib, izohli lug‘atni tuzish ishlari boshlab yuboriladi. Keng jamoatchiligimizga yaxshi tanish bo‘lgan, arab, fors, turkiy tillar bilimdoni Qutbiddin domla Muhiddinov ham lug‘atni tuzishda faol ishtirok etadi. Domla lug‘atni tuzishda qatnashgan turkiyshunos olimlardan Hamidulla Dadaboev, Ziyodulla Hamidov, Nishonboy Husanov, Ishoqjon Nosirov va boshqalarga qadimgi turkiy hamda forsiy lug‘atlarni o‘rganish, Navoiy asarlari tilining asl hamda ko‘chma, majoziy ma’nolarini anglash borasida o‘z qimmatli o‘git va maslahatlarini beradi. Keyinchalik lug‘at Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining tarixiy leksikologiya va leksikografiya (1983 — 1985) bo‘limida tayyorlanib, nashr etiladi. Uning nashr qilinishi o‘z davrida tadqiqotchilar uchun ham boy faktik materiallar beradi. Izohli lug‘atdan faqat o‘zbek mumtoz asarlari tilinigina emas, balki ko‘pgina boshqa turkiy xalqlarning adabiy va tarixiy qo‘lyozma manbalarini o‘rganishda ham foydalaniladi. Ammo shoir asarlarining til xususiyatlarini o‘rganish, uning yangi-yangi qirralarini kashf etish davom etaveradi. Zero, Alisher Navoiy merosi mangulikka daxldor so‘z maxzani hamdir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, diniy qadriyatlarga, ota-bobolarimizning merosiga munosabat o‘zgardi. Ilgari mumtoz asarlarda “xudo”, “payg‘ambar” so‘zlari, g‘azallardagi hamd, na’tlar tushirib qoldirilgan bo‘lsa, mustaqillikdan so‘ng ularni yozish, o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu esa shoir asarlarini to‘laroq anglashga, tushunishga yordam beradi. Shoir asarlarini to‘la nashr qilinishi uning lug‘atini ham to‘la holda nashr qilinishini taqozo qiladi. Darhaqiqat, biz ana shu imkoniyatdan foydalanib, asliyat asosida shoirning 20 jildlik asarlar to‘plamidagi so‘z va iboralarni qariyb chorak asr muqaddam yaratilgan “Alisher Navoiy tilining izohli lug‘ati”ga qiyoslab chiqdik. Natijada hali juda ko‘p so‘z va iboralar izohlanishi zarurligi ma’lum bo‘ldi va biz ularni aniqlab, izohlashga kirishdik. Shu ma’noda Navoiy asarlari tilidagi yangi aniqlangan so‘z va iboralarni ilmiy asoslab to‘plash, ularning shoir nazarda tutgan ma’no inkishofi esa alohida ilmiy ahamiyatga ega.

Navoiy asarlariga shunchalik ko‘p lug‘atlar tuzilgan bo‘lsa-da, hatto ularning barchasi birgalikda ham ulug‘ bobomizning so‘z boyligini to‘la aks ettira olmaydi. Navoiy asarlaridagi ba’zi so‘zlar bironta lug‘atda qayd qilinmagan bo‘lsa, ba’zilarining ma’nosi faqat qisman bayon qilingan. Holbuki, ulug‘ shoir ijodida ko‘p ma’nolilik juda kuchli bo‘lib, bir so‘zga ko‘plab ma’nolar yuklangan. Biz quyida shunday so‘z va iboralardan bir nechasining tag ma’nodagi talqinini keltirmoqchimiz:

Chekmay malak lutfung kunijuz zikr ila tasbih uni
“Odam debon qahring tunihar dam “zalamno rabbano”.

Shoir ushbu baytning ikkinchi misrasida Qur’oni karimdan “zalamno rabbano” (“zalamno rabbano anfusano” — ey rabbim, biz o‘zimizga zulm qildik) iqtibosini keltiradi. Bundan murod Tangri taolo odamga jon ato etayotganida, uning (odam) birinchi bor aksa urishi va barcha maloiklar istig‘for keltirishi, shayton alayhi la’na esa men nurdan, odam balchiqdan yaraldi deb, sajda qilmay kibrga ketganligi kabi ilohiy ma’nolarga ishoradir.

Solib majmarg‘a tun udi qamoriy,
O‘ti xurshid bo‘lub, anjum sharoriy.

Ma’lumki, Sharqda maxsus majmar (mijmar, majmara) deb atalgan manqalga qora rangli daraxt cho‘plari — udni tashlab yoqimli hid taratish odati qadimdan mavjud. Hindistonning Qumor degan shahrida esa eng sara ud bo‘lar ekan. Shoir baytda qamoriy so‘zini ana shu shahar nomiga nisbat berib, udi qamoriy — udning eng yaxshi turi” ma’nosida qo‘llagan. Qamoriy ayrim tarixiy manbalarda qumoriy shaklida ham ishlatiladi.

“Xantila binni Safvon Qahr binni Qahiton o‘g‘lidur. Oni tengri taolo Ashobur-rasqakim, Kalomullohda mazkurdur, yibordi va Ras podshohe erdi...”

Ushbu misolda “Ashobur-ras” so‘zi “Ras do‘stlari”, “Ras suhbatdoshlari”, “fahsh ahli”, “fohishalar” kabi ma’nolarni ifodalagan. Biroq shoir bu bilan nima demoqchi ekanligini yanada aniqlashtirish zarur. Manbalarga ko‘ra, qadimda (G‘arbda) Samud avlodidan Ras ismli bir xudoparast podshoh bo‘lgan. Lekin u umrining oxirlarida o‘z toju taxtiga mag‘rurlanib, xudolikni da’vo qiladi. Uning davrida fahsh ishlar avjiga chiqadi: “Va xotunlar charm va teridin olat yasab, o‘zlarig‘a isti’mol qilurlar erdi. Va holo go‘yoki bu nav’ zuafoni ras ham derlar...”. Ras haq hukmiga ishonmay, bir mis qoplamadan yasalgan qo‘rg‘onga kirib yashirinadi, ammo bu foyda bermaydi. Zero, Qur’oni karimda Valav kuntum fi buruvjim mushayyadatin — “Qaerda bo‘lmangiz, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topib olur”, deyilgan (“Niso”, 78).

Ko‘rki ne bir lahzada bo‘ldi qatil,
Tayri abobil ila ashobi fil.

Mazkur baytda ashobi fil so‘z birikmasi diniy tushunchani o‘zida mujassam etgan: Qur’oni karimning “Fil” surasida xabar keltirilishicha, islomiyatdan ilgari o‘tgan Abriha ismli habashistonlik Yamanga hokim qilib tayinlangan tarixiy bir shaxs fillar hujumi bilan Makka shahridagi Ka’bani vayron qilishga otlanadi. Biroq jang chog‘ida Ollohning irodasi bilan osmondan Abobil qushlari uchib kelib, dushmanlar ustiga tosh yog‘diradi, Abriha va uning qavmi qiriladi. Tarixda payg‘ambarimiz (Muhammad s.a.v.) tavallud topishlaridan ellik kun oldin sodir bo‘lgan bu voqea “Fil mingan askarlar”, “Fil jangi” yoki “Fil qavmi” nomi bilan xotirlanadi. Zero, payg‘ambarimizning “Fil yili”da tug‘ilganlar deyilishi ham shunga ishoradir.

“Ta’olo sha’nuka va ammo ehsonuka va lo iloha g‘ayruka. Yo vadud va Ma’budi vojib ul-vujud.”

Alisher Navoiy ushbu munojotida vojib ul-vujud so‘zini diniy-tasavvufiy tushunchalarni teran ifodalashda qo‘llagan. Negaki, o‘rta asr Sharq falsafasidagi tasavvufiy tushunchalardan biri vojib ul-vujud (zaruriy mavjud narsalar). Forobiy butun mavjudotni 6 darajaga bo‘ladi. Shulardan birinchisi vojib ul-vujud — Olloh; qolgan 5 tasiaql, jon, shakl, borliq, osmon — mumkin ul-vujud. Qur’oni karimda e’tirof etilganidek, vojib ul-vujud Ollohni bildiradi. Demak, ushbu diniy-tasavvufiy atama baytda “vujudi uning o‘z zotiga bog‘langan va hech kimga muhtoj emas”, “qat’iy mavjud zot”, “Olloh” degan ma’nolarni beradi.

Dayr piri ancha tuttielga jomi fayzbaxsh,
Kim qadah buyla ushatqaytavba bo‘lsa yuz Nasuh.

Shoir mazkur baytda Nasuh (ushbu so‘z nashrda kichik harflar bilan yozilgan — M.A.) so‘zini “chin ko‘ngildan qilingan ilohiy tavba” ma’nosida qo‘llaydi. Bu so‘zning asl ma’nosini chuqurroq anglash uchun, dastavval diniy, tasavvufiy manbalarga murojaat qilish kerak. Ularga ko‘ra, qadim zamonda bir podshohning haramiga qarashli ayollar hammomida ayol qiyofali, xushsurat bir yigit xizmat qilgan ekan. Uning ismi Nasuh bo‘lgan. U o‘zining tashqi ko‘rinishidan foydalanib, podshoh haramiga o‘rnashib olgan. Bir kuni haramdagi ayollardan birining uzugi yo‘qolib qoladi. Podshoh mulozimlari haram ayollarini birma-bir taftish qila boshlaydilar. Nasuh eng orqa qatorda bo‘ladi. Mulozimlar haram hammomidagi har bir ayolni tekshirganda Nasuhning joni go‘yo halqumiga keladi, joni tanasidan chiqayozadi. Navbat Nasuhga yetganida mulozimlardan biri uzuk topildi, deb qoladi. Taftish to‘xtatiladi. Nasuhning siri oshkor bo‘lmay, sirligicha qoladi. Lekin joni omon qolgan Nasuh Ollohga ming bora shukronalar keltiradi. “Bu haramni yelkamning chuquri ko‘rsin, to tirik ekanman, hargiz bu ishni boshqa takrorlamayman”, deb ont ichib, tavba qiladi va haramga boshqa yo‘lamaydi. Nasuh umrining oxiriga qadar shu va’dasiga sodiq qoladi. Shuning uchun ham Qur’oni karimda: “Yo ayyuhallazina omanu tubu ilallohi tavbatan Nasuhan” — “Ey imon keltirganlar, agar tavba qilsalaring xuddi Nasuh tavbasiday chin tavba qilinglar”, deyilgan (“Tahrim” — 8). Tasavvufiy manbalarda ham aslida haqiqiy tavba Nasuh tavbasiga nisbatan aytilib, ilohiydir deyiladi. Zotan, naqshbandiya tariqatining mashhur namoyondalaridan biri bo‘lgan Xoja Ahror Valiy ham “Barcha dunyoviy, uxroviy, ma’naviy va suvariy azoblarga mustahiq bo‘lgan solik — bu balodan “Tavbai Nasuh”ga erishish orqali forig‘ bo‘ladi”, degan fikrni ilgari surgan.

Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy asarlaridagi hozirgacha e’tibordan chetda qolgan so‘z va iboralar talqini ham, shubhasiz, shoir ijodiyoti haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Ularni alohida va qiyoslab o‘rganish hali qilinajak g‘oyat muhim ishlar sirasidandir.

Manzar Abdulxayrov, filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 34-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.