OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Nurmonov. So‘z mulkiga sayr

Talabalik va aspirantlik yillarimizda Erkin Vohidovning nomi yoshlar o‘rtasida juda shuhrat topgan, shoirning, ayniqsa, “O‘zbegim” qasidasi el o‘rtasida og‘izdan tushmaydigan bo‘lib qolgan edi. Shu davrlarda men Erkin Vohidov qiyofasida, nimagadir, Alisher Navoiyni tasavvur qilardim. G‘azallarining purma’noligi, ohangining serjiloligi Navoiyni eslataverar edi.

Mana, oradan yarim asr vaqt o‘tibdiki, tasavvurim aldamaganining guvohi bo‘lib turibman. Bugun “Yoshlik devoni”ni o‘qib, “G‘aroyib us-sig‘ar”ni, “So‘z latofati”ni varaqlab, “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni xayolimga keltiraman. Bu ikki she’riyat dahosi o‘rtasida qandaydir tutash nuqtalarni ko‘rish qiyin emas. Alisher Navoiy “turkiyda go‘zal asarlar yozish mumkin emas”, degan aqidaga o‘zining “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa” singari asarlari bilan chek qo‘ygan bo‘lsa, Erkin Vohidov “g‘azal o‘z umrini o‘tab bo‘ldi, hozirgi voqeligimizni bu janr orqali ifodalab bo‘lmaydi”, degan aqidani o‘zining devoni bilan chippakka chiqargan edi.

Forsigo‘ylik ta’siri va an’anasi tufayli turkiyzabon shoirlar ham fors tilida ijod qilayotgan, natijada turkiy til latofati yashirin qolayotgan bir paytda, Alisher Navoiy bu tilning nafosatini o‘z badiiy asarlari bilan amalda namoyish qilib bergan va turkiy tilning forsiydan kam emasligini, hatto ko‘p hollarda ifoda imkoniyatlari kengroq ekanini “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida asoslab bergan bo‘lsa, Erkin Vohidov sho‘rolar yuritgan til siyosati natijasida rivojlanish imkoniyatlari cheklangan tilimizning g‘amxo‘ri sifatida maydonga chiqdi va bizni qurshab turgan olamning turfa ranglarini ifodalash uchun beqiyos katta imkoniyatlari mavjudligini “So‘z latofati” asari orqali yoritib berdi.

Til – millat qalbi. Til bor – millat yashaydi. Shunday ekan, millatini sevgan har bir inson tilining taqdiriga beparvo qarab turolmaydi.

Tilimiz xazinasining sergak posbonlari qator izlanishlari bilan uni qo‘riqlab, takomili uchun kurashib kelganlar. P.Qodirovning “Til va el”, A.Rustamovning “So‘z xususida so‘z”, N.Mahmudovning “Tilimizning oltin sandig‘i”, Ahmad A’zamning “Til nomusi”, Eshqobil Shukurning qator maqolalari ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Bugungi o‘zbek nazm gulistoni andalibi E.Vohidovning ushbu asari el bilan til haqida el tilida tillashishi, til jumboqlarini jonli til bilan yechib berishga urinishi bilan ajralib turadi.

Asar dur marjoni donalaridek tizilib turgan 37 maqoladan iborat. Shulardan 28 maqola tilimizning xilma-xil muammolariga, 9 tasi g‘azallar tahliliga bag‘ishlanadi.

Alisher Navoiy so‘zni duru gavharga, so‘zlovchini g‘avvosga qiyoslagan holda, daryo­dan gavhar g‘avvos vositasi bilan jilva namoyish qilishi va g‘avvosning bahosi gavhariga ko‘ra belgilanishi, so‘z duri notiq vositasi bilan sayqal topishi va notiqning mahorati ham so‘zni jilvalantirish qobiliyati bilan belgilanishini, gavhar qiymat jihatidan turli darajalarga – bir diramdan yuz tumangacha bo‘lingani kabi, so‘z duri ham turli darajaga ega bo‘lishini bayon qilgan bo‘lsa, E.Vohidov so‘zni zabarjad, gavhar, oltinga, shoirni zargarga qiyoslaydi. Zargar oltinni havas bilan kaftiga olib, undan mashaqqatli mehnati natijasida go‘zallik yaratsa, shoirlar so‘zga mehr qo‘ygandagina, ta’sirchan misralar yarata oladi.

So‘z – gavhar, oltin,

Zargarlikning mashaqqati ko‘p.

So‘zni baytga qadashdan oldin

Kaftingga qo‘y, to‘yib qara, o‘p!

So‘zning paydo bo‘lishi haqida antik davrdan buyon bahs-munozaralar to‘xtamaydi. Qadimgi yunon olimlarining bu masalada ikki qarama-qarshi guruhga bo‘linganliklari, biri nom bilan u ifodalagan narsa o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi g‘oyasini ilgari sursa, ikkinchi guruh esa, aksincha, hech qanday aloqa yo‘qligini, shuning uchun bir narsa turlicha nomlanishini bayon qiladilar.

Aflotun har ikki guruhning fikri bir yoqlama ekaniga tanqidiy yondashgan holda, nom bilan u ifodalagan narsa o‘rtasida tabiiy munosabat ham, shartli munosabat ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.

 “Ibtido” maqolasida ham ana shu azaliy va abadiy muammo o‘zbek tili materiallari asosida qiziqarli bir shaklda ko‘tariladi. Muallif uzum, g‘ujum, qultum, yutum, tuzum qurum; tuvak, chapak, qarsak, yurak, ko‘kaldosh singari yasama so‘zlarda yasash uchun asos bilan yasovchi qism o‘rtasida mazmuniy muvofiqlik, sababiylik munosabati mavjudligini to‘g‘ri ta’kidlaydi. Tub so‘zlar nima uchun shunday deyilishi, nima uchun ko‘rish organini turkiylar ko‘z, arablar ayn, forslar chashm, ruslar glaz nomlari bilan yuritishi, nega toshni bizning ajdod toshdegani, boshqalar xajar, sang, kamen, stoun, shtayn ataganligini bayon qilib, bu sir-sinoat olami ekani, u olisdagi yulduzlardek noayon qolaverishini yana bir bor tasdiqlaydi va keyingi maqolalarda o‘quvchini so‘zning sirli olamiga sayr qilishga yetaklaydi.

Muallif so‘zning shakli va ma’nosi o‘rtasidagi munosabatning umuman erkinligini ma’qullagan holda, undov va taqlid so‘zlar hamda ulardan yasalgan so‘zlarda bu ikki tomon o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini ishonarli dalillar bilan isbotlaydi. Bu bilan tilning paydo bo‘lishida undov va taqlidlarning ma’lum darajada roli borligini, tilning paydo bo‘lishi haqidagi undov, tovushga taqlid nazariyalari tamoman puch nazariya emasligini ko‘rsatib beradi.

Kitobda bayon qilinishicha, qadimgi ajdodlarimiz tog‘dan shovullab tushgan suvni shovva, shar-shar to‘kilganini sharshara deb ataganlar. Qushlarning lak-lak qilgani laylak (aslida, laklak), qag‘illagani qarg‘a bo‘lgan. Chug‘urchuq, olashaqshaq, kakku, g‘ulg‘ul (kurka), bulbul singari qush nomlari; to‘qmoq(to‘qillab urgani), taqa (tuyoq ostida taqillagani), zang(zangillagan qo‘ng‘iroq) singari buyum nomlari; dang‘ (dong) (dong‘illagan sado), dang‘illama (dong chiqargan) singari so‘zlar ham tovushga taqlidga bog‘lanadi.

 Garchi asar boshida adib muqaddas kitoblarda bayon qilingan avval kun “bo‘l” so‘zi yaralgan, degan fikrni keltirsa ham, muallif keyinchalik taqlid nazariyasiga shu qadar berilib ketadiki, neandertal odam, ya’ni rosmana insonga aylanmagan ibtidoiy ong egasining birinchi so‘zi toshni toshga urib chaqetgan tovushga taqlidan chaqdegan so‘z bo‘lgan, degan fikrni aytadi. Adibning fikricha, keyinroq tosh bilan danak chaqqan, yong‘oq chaqqan, bolasiga ham chaq!.. deb buyurgan. Bora-bora toshdan o‘t chiqarib uni ham chaqdedi. Ko‘kda chaq etib yongan olov ham chaqbo‘ldi. Keyinchalik chaqmoq, chaqin, chaqmoqtosh so‘zlari paydo bo‘ldi. Chaqaning o‘zi bir necha ma’noda qo‘llanildi: tosh bir-biriga urilganda uchgan yeri chaqa, toshga qoqilganning oyoq barmog‘i chaqa, ko‘p gapirganning tili chaqa.

Tosh maydalab chaqadegan inson uchun hamma mayda narsalar chaqa bo‘ldi. Pul maydalab chaqa dedi. Mayda bolasini bola-chaqa dedi. Eng maydasi chaqaloq bo‘ldi.

Taraqqiyot insonga aql-zakovat berdi. Zakovatli inson tosh chaqishdan gap chaqishga o‘tdi, toshdan uchqun chiqargan bo‘lsa, gapdan o‘t chiqardi. Chaqimchi, chaqmachaqar, chaqimchilik, chaq (1) ilonning tishlagani, chayonning nayza sanchishi; 2) gugurt cho‘pini yondirish; 3) so‘z mag‘zini tushunish), chaquv, chaqchaqlashuv so‘zlari ham ana shu ibtidoiy chaqdan kelib chiqqanligi aytiladi.

Bu so‘zlarning hammasida mazmuniy bog‘lanish mavjudligi ko‘rsatib beriladi. O‘zbek tilidagi chaq so‘zi bilan mazmunan bog‘liq bo‘lgan barcha keltirilgan so‘zlar yuzasidan bildirilgan fikrlarga qo‘shilish mumkin. Lekin bu so‘zni ibtidoiy odamning birinchi so‘zi bo‘lgan, degan fikrini shoirning shaxsiy fantaziyasi, mubolag‘alashtirish natijasi sifatida baholashga to‘g‘ri keladi. Chunki ibtidoiy odam dastlab dunyoning qaysi tilida so‘z aytgan? Bu masala shu kungacha yechib bo‘lmaydigan jumboq sanaladi. Bir vaqtlar akademik N.Ya.Marr insonning dastlabki fonetik tili somiy tillar (to‘g‘rirog‘i, o‘zi mansub bo‘lgan kavkaz tillari)dagi to‘rt elementdan (sal, ber, yon, rosh so‘zlaridan) iborat bo‘lgan, degan fikrni olg‘a tashlagan edi. Agar ibtidoiy odamning ilk so‘zi chaq bo‘lgan degan shoir fikriga qo‘shilsak, dastlabki inson o‘zbek bo‘lgan ekan-da, degan xulosaga kelinadi.

Til – bir ummon. U shevalardan, boshqa tillardan oqib kelgan jilg‘alar hisobiga to‘lib-toshib turadi. Shuning uchun tilning lug‘at tarkibi ochiq sistema, deyiladi. Jamiyat taraqqiyotida yangi-yangi tushunchalarning dunyoga kelishi bilan tilda ularning nomlari ham paydo bo‘ladi. Yoki bir narsaning turfa nomlari maydonga kelib, ifoda imkoniyatlarini kengaytiradi. E.Vohidov “Uch daryodan suv ichgan dengiz” maqolasida tilimizning ichki va tashqi omillar asosida rivojlanib borishi haqida fikr yuritadi. Adib “o‘zbek tilining buyuk dengizi uch buyuk daryo – turkiy, arabiy va forsiydan suv ichish barobarida eski lotin, xitoy, hind, mo‘g‘ul, rus, Yevropa tillaridan bahramand bo‘lgan”ini to‘g‘ri ta’kidlaydi.

Ana shu daryolardan suv ichgan o‘zbek tilining leksik imkoniyatlari g‘oyat kengligidan adib faxrlanadi. Xususan, birgina “osmon” tushunchasining o‘ndan ortiq nomining kamalak ranglaridek tovlanib turishini ta’kidlaydi. Masalan, osmon, falak, samo, charx, gardun, fazo, ko‘k, arsh, davvor, minu va boshqalar.

Darhaqiqat, boshqa tillardan so‘z olmagan birorta til yo‘q. Barcha tillar o‘zining ichki imkoniyatlari bilan birga, tashqi omillar hisobiga ham boyib boradi. Tilimizga kirib kelgan arabiy, forsiy so‘zlarni sohalar bo‘yicha tasnif qilar ekan, muallif diniy, ilmiy, ijtimoiy atamalarning ko‘pi arab tilidan, bir qator ish qurollarimiz, jomadon, hokandoz, dastsho‘, jomashu, dazmol, qog‘oz kabi hunarmandchilikka oid so‘zlarimiz, shuningdek, yuksak she’riy uslubga xos suxanlar fors tilidan olinganini, ayrim so‘zlarning o‘zbekchasi ham, forschasi ham tilimizda barobar ishlatilishini bayon qiladi. Masalan, arabcha Olloh, forscha xudo, o‘zbekcha tangri; o‘zbekcha yurak, arabcha qalb, forscha dil; arabcha ism, forscha nom, o‘zbekcha ot; arabcha lison, forscha zabon, o‘zbekcha tilkabi. Bularning barchasi o‘zbek tilidan mustahkam o‘rin olib, o‘zimizniki bo‘lib ketgan. Shu sababdan tilimiz boy va rangin ekani, hech bir boshqa tilda bo‘lmagan shakldosh so‘zlar san’ati – tuyuq o‘zbek tilida borligi, hech bir boshqa tilda yo‘q askiya, so‘z o‘yini bizda mavjudligi ta’kidlanadi.

O‘zbek tili, umuman turkiy tillar boshqa tillardan so‘z olishi bilan birga, boshqa bir qator tillarga so‘z ham bergan. “Oy farzandi” maqolasida turkiy so‘zlarning dunyo kezgani haqida fikr yuritiladi.

Kelib chiqishi mojar bo‘lgan amerikalik turkolog olim Andrash Bodrogligetti nomini o‘zbek tilshunoslari yaxshi biladi. Garchi bu familiya turkiychadan ancha uzoq ko‘rinsa ham, Andrash domlaning o‘zi Erkin Vohidovga familiyasining sof turkcha Badr (oy) ogli getti so‘zlari birikuvidan hosil bo‘lganini aytadi. Shu nasab orqali turkiy so‘zlarning dunyoning to‘rt tarafiga tarqalgani va turkiy so‘zlarning til egalari bilan birgalikda boshqa yurtlarga yoyilgani haqida faylasufona mushohada yuritiladi.

“Badr o‘g‘li ketdi” nasabini eshitib, xayol shoirni ming yillar narida Itil va Yoyiq sohillarida yashagan, keyin Volga va Ural deb ataladigan daryolardan suv ichib, bepoyon kengliklarda ot surgan o‘zbeklar yurtiga olib ketadi. Xalqimizning tatar, bulg‘or, mojar, o‘rus ellari bilan yelkadosh kun kechirgan yaylovlari ko‘z oldiga keladi. Xayolan o‘n ming yillar olisda Sibirdan Alyaskaga ko‘chgan turkiy qabilalarning qo‘shiqlarini eshitadi. Arabcha badr, forscha moh, o‘zbekcha oy bo‘ladi. Badr o‘g‘li, Moh o‘g‘li, Oybekarabiy, forsiy, turkiy ma’nodagi so‘zlar ekanini ta’kidlagan holda, ing­liz adibi Redyard Kiplingning Hindiston mavzusida yozgan asarining bosh qahramoni Maugli nomini ham adib mah o‘g‘liga bog‘laydi. Bir qarashda, bunday bog‘lanish nojoizday ko‘rinadi. Lekin muallifning tarixiy, lingvistik va mifologik asoslarini o‘qisangiz, bu bog‘lanishda asos borligiga ishonch hosil qilasiz va shoir fantaziyasiga qoyil qolasiz.

Tarixiy asos shundaki, muallif Javoharlal Neruning Markaziy Osiyoliklar dastlab Hindistonga to‘rt ming yil muqaddam ko‘chib kela boshlagan, degan fikriga tayanib, turkiy qavmlar ham ular orasida bo‘lgan, bu qavmlarning qadimiy rivoyatlari, dostonlari ham Hindistonga borgan, degan xulosaga keladi.

Lingvistik asos shundaki, turkiy oy, arabcha badr, forscha moh deyiladi. Adib fikricha, oy yonida badr ham, moh ham ishlatilgan. Mah o‘g‘li so‘zidagi h undoshi tushib qolib, Maugli deb talaffuz qilingan, degan g‘oyani ilgari suradi.

Mifologik asos shundaki, rivoyatlar turk naslini bo‘ri zotiga bog‘laydi, ona bo‘ri emizib katta qilgan, deyiladi. Boshqird shoiri Mustay Karim ham o‘z xalqining nomini Bosh qurd, ya’ni Bosh bo‘ri deb ishonch bilan aytganini, Maugliga ham bo‘ri onalik qilganini, demak, bog‘lanish borligini bayon qiladi.

Muallif “Ismiyaminning ismi Yaminmi?” maqolasida ham ism-nasablar etimologiyasi haqida fikr yuritishda davom etadi. Unda hazrati Ya’qub alayhissalom Rohila ismli xotinidan ko‘rgan farzandining ismini ibroniy tilida “o‘ng qo‘l” ma’nosini beruvchi Benyamin deb qo‘ygani, bu nomni Qur’oni Karim tafsirlarida Ibn yamin shak­lida ifodalangani, G‘arbga bu nom Benjamin shaklida tarqalgani, o‘zbekchada Ibniyamin, Emniyamin, Ismiyamin shaklida ishlatilgani to‘g‘ri ko‘rsatiladi.

“Kenguru va Belmes” maqolasida ham boshqa tillarga turkiydan o‘tgan so‘zlar haqidagi fikr davom ettiriladi. Unda ingliz sayyohi Jeyms Kuk Avstraliyada o‘ziga noma’lum hayvonning nomini so‘raganda, ular ingliz tilini tushunmay bir-birlariga qarab kenguru deyishgani, bu so‘z, aslida, “tushunmadim” ma’nosini bildirgani, Kuk esa bu hayvonning nomi kenguruekan deb daftariga yozib olgani, natijada bu nom dunyoga tarqalgani bayon qilinadi. Xuddi shunga o‘xshash hodisalar turkiylar bilan ruslar o‘rtasida ham mavjud bo‘lganini balbes so‘zi orqali ochib beradi. Muallif rus tilidagi balvan, yeralash, kavardak, post, karaul, yesaul, kalpak, shtanы singari bir qancha so‘zlarning turkiy ekanini, ularning asl ma’nolarini to‘g‘ri yoritib beradi.

Asarda so‘z ma’nosi, undagi mazmuniy o‘zgarishlar haqida juda qiziqarli materiallar beriladi. Xususan, “Maosh va osh” maqolasida o‘zbek, arab, fors, hind tillarida uchraydigan jahongashta so‘zlarning qismati, ulardagi ma’no o‘zgarishlari haqida fikr yuritiladi. Maqolada ta’kidlanganidek, maosh deganda biz bugun oylik, ish haqini tushunamiz. Aslida, bu so‘zning ma’nosi “tiriklik, hayot kechirish, yashamoq” ekanini, Alisher Navoiy ham “Maosh aylamoq ajdaho komida”, deya bu so‘zni xuddi shu ma’noda qo‘llaganini bayon qiladi. Maosh so‘zining hozirgi o‘zbek tilidagi “ish haqi” ma’nosi asl “hayot kechirish, yashamoq” ma’nosining taraqqiyoti, uning hosilasi ekani ta’kidlanadi. Muallif fikricha, qadimdan davlat xizmatidagi kishilarga maosh tayinlangan, ya’ni tirikchiligi ta’minlangan. Shu asosda E.Vohidov maosh so‘zining “hayot kechirish, tirikchilik” ma’nosi bilan “ish haqi” ma’nosi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini ochib beradi. Bu so‘z bilan o‘zakdosh bo‘lgan “yashamoq” ma’nosidagi maishatso‘zi bugun o‘zbek tilida “aysh-ishrat” ma’nosini bildirishini, urdu tilida so‘zlashuvchi hindlar esa bu so‘zni “iqtisod” ma’nosida qo‘llashini bayon qiladi.

Muallif dunyoning turli tillariga tarqalgan jahongashta so‘zlarning har qaysi tilda bir-biri bilan bog‘liq, lekin boshqa-boshqa ma’no ifodalashiga juda qiziqarli faktlar keltiradi. Jumladan, hind tilida kaminaso‘zi “tuban”, “pastkash” ma’nosida, muhbir so‘zi “ayg‘oqchi”, “josus” ma’nosida, taklifso‘zi “kulfat”, iflos so‘zi “qashshoq” ma’nosida ishlatilishini, iflos, muflis so‘zlari mumtoz adabiyotimizda ham “faqir”, “yo‘qsil” ma’nosida qo‘llanilganini ta’kidlaydi. O‘zbek tilida “parhez” ma’nosida ishlatiluvchi dieta, aslida, yunon tilida “taom” ma’nosini bildirganini, qadimgi Yunonistonda eng yuqori davlat organi bo‘lgan xalq majlisi a’zolariga beriladigan ish haqi ham dieta deyilganini bayon qiladi. Adibning mushohada doirasiga tan berish kerakki, u o‘zbek tiliga kirib kelgan va mazmunan tilimizda bir-biridan ancha uzoq bo‘lgan kelib chiqishi yunoncha dieta so‘zi bilan asli arabcha maoshso‘zi mazmuniy mundarijasida umumiylikni ko‘radi. Yunoncha dieta so‘zining “hayot kechirish” ma’nosi ham, “tanovul” ma’nosi ham, “mablag‘” ma’nosi ham arabcha maosh so‘zining ma’nolariga muvofiq kelishini kashf etadi.

“Bo‘yinbog‘ desang o‘larmiding”, “Zimiston”, “Qoyil” singari maqolalarda ham jahongashta so‘zlarning ana shunday ma’nolari haqida fikr yuritiladi.

“Bo‘yinbog‘ desang o‘larmiding” maqolasi mazmunan Jaloliddin Rumiyning ma’noni tushunmasdan so‘z shakliga qarab o‘zaro ixtilofga kirishgan turli til vakillari haqidagi hikoyatini eslatadi. Bu maqolada o‘zbek tilidagi “yotishga xoslangan uy anjomi” ma’nosidagi kravat so‘zi turk tilida “galstuk” ma’nosida qo‘llanilishi, bir so‘zning ikki tildagi ikki xil ma’nosini tushunmagan o‘zbek va turk tili vakillari bu so‘z orqali janjal qilish darajasiga borganini juda qiziqarli hikoyat bilan bayon qilib beradi.

“Zimiston” maqolasida forscha “qish” ma’nosidagi zimiston so‘zining qanday qilib o‘zbek tilida “qorong‘ulik, zulmat” ma’nosiga o‘tib qolishi haqida gap boradi. Qish qanday qilib qorong‘uga aylanganidan, bu ikki so‘z tamoman boshqa-boshqa tushunchalarni bildirishidan hayratga tushgan adib uning sababini qidirishga bel bog‘laydi va javobini:

Yaldo kechasi birdur, bir yilda bir yaldo,

Yo rab, bu nechuk yaldo? Bir yilda ikki yaldo!– degan chistondan topadi. Chistonning ma’nosi: Yaldo kechasi bir yilda bir keladi. Lekin bir oyda ikki yaldo bor. Chistonga shoir shunday javob beradi: Yorning yuzi – oy, ikki o‘rim sochi qoraligi va uzunligi bilan – yaldo kechasi. Bir oy yuzli ikki o‘rim sochini tashlab qo‘ysa, bir oyda ikki yaldo bo‘ladi. Shundan adib xulosa chiqaradiki, qish kechasining uzun va qorong‘uligi uchun zulmatli tun, zimiston qorong‘usi deyilgan, ya’ni qish qorong‘usi. Zulmat qorong‘usining qanday qilib zimiston bo‘lib qolganini tilda mavjud bo‘lgan so‘zlarning tovush tomonini tejashga intilish tamoyili asosida tushuntirishga harakat qiladi.

Darhaqiqat, inson o‘z amaliy faoliyatida kam kuch sarflab ko‘proq natijaga erishishga intiladi. Ana shunday intilish tilda fonatsion vositalarni tejashda kuzatiladi. So‘zda yoki gapda ma’no saqlangani holda, tovush tomoni qisqartiriladi. Masalan: 1. Muhammad sharif→Mamasharif→Masharif; 2. O‘qigan odam – olim, o‘qimagan odam – zolim→O‘qigan – olim, o‘qimagan – zolim. Keltirilgan misollarning birinchisida tovushlar, ikkinchisida so‘zlar ma’noga ta’sir etmagan holda tushib qolgan. Tushib qolgan so‘zning ma’nosi oldidagi so‘zda saqlangan.

Adib tildagi ana shu qonuniyat asosida zimiston qorong‘usi birikmasidan qorong‘usiso‘zi tushib qolishi natijasida uning ma’nosi zimistonso‘ziga yuklanganini aytadi.

Asli “sovuq” ma’nosini ifodalovchi xunuk so‘zining hozirgi o‘zbek tilida “ko‘rksiz”, “badbashara” ma’nosiga o‘zgarib qolishini ham xuddi ana shu tejash tamoyili asosida tushuntirib beradi. Muallifning fikriga ko‘ra, avvalda xunukso‘zi “sovuq” ma’nosida to‘g‘ri ishlatilgan. Turqi sovuq odamni turqi xunuk deyilgan. Keyinchalik turq so‘zi tushib qolib uning ma’nosi ham sovuqqa yuklangan.

Asli “istak, xohish” ma’nosini ifodalovchi tamannoso‘zining hozirgi o‘zbek tilida “nozu karashma”, “tannoz” ma’nosini ifodalashini ham fonatsion energiyani tejash tamoyili asosida tamanno ayol “Istagi ko‘p ayol” birikmasidan ayol so‘zining tushib qolishi natijasi ekanini izohlab beradi.

Hozirgi o‘zbek tilidagi “yuvilgan, artilgan, pok” ma’nosidagi toza so‘zi asli “yangi” ma’nosini, hozirgi “uquvli, ma’nili” ma’nosidagi tamiz(li), “uquvsiz, ma’nisiz(odam)” ma’nosidagi betamiz so‘zlari, aslida, “pok, yuvilgan” (tamiz), “yuvuqsiz, nopok” (betamiz) ma’nolarini bildirganini bayon qiladi. Bu fikrlar adibning so‘zga, uning ma’no taraqqiyotiga naqadar sinchkovlik bilan e’tibor berganining, nozikta’b shoirlik bilan sinchkov so‘zshunoslik qobiliyati omuxta bo‘lganining hosilasidir.

So‘z ma’nosining o‘zgarishi haqidagi fikrlar rangso‘zi misolida ham davom ettiriladi. Hozirgi o‘zbek tilida “xiyla” ma’nosidagi nayrang so‘zining ham rangso‘ziga bog‘liqligi fors tilida “har rang” ma’nosidagi ne rang arab yozuvidagi “yoy” harfining ikki xil o‘qilishi bois nayrangga aylanishi, bu so‘zning “har rang” ma’nosining “xiyla, aldov” ma’nosiga o‘tishida “ko‘zni aldab har rangda tuslanish” belgisi asos bo‘lgani bayon qilinadi.

Hozirgi tilimizda “olov” ma’nosidagi alvon so‘zi asli arab tilida “rang” ma’nosidagi lavnso‘zining ko‘pligidan yuzaga kelganligini ta’kidlab, rang so‘zining turfa ma’nolari xaqida bahs yuritadi.

Muallif Navoiy asarlari lug‘atida bu so‘zning faqat beshta ma’nosi ko‘rsatilganini bayon qilgan holda, o‘zi fors tilida yozilgan “Kanzul lug‘ot”, “Muntahobul lug‘ot”, “Baxrul javohir”, “Lubbul albob”, “Kashful lug‘ot”, “Firdavsul lug‘ot” singari hali Respub­likamiz olimlarining qalami yetmagan o‘ttizdan ortiq lug‘atlar xazinasidan rang so‘zining o‘ttiz bir ma’nosini topadi. Bu bilan shoir noyob sharqshunoslik qobiliyatini ham namoyon qiladi.

Adib hozirgi lug‘atshunos olimlar oldiga ajdodlarimiz qoldirib ketgan ana shunday nodir lug‘atlarni nashr etish va ular bag‘rida yashirinib yotgan, lekin bugungi kun voqeligini ifodalash uchun juda zarur bo‘lgan yuzlab so‘zlarni istifodaga kiritishdek dolzarb vazifani qo‘yadi.

Adib pul so‘zi fors tilida “ko‘prik” ma’nosini ifodalagani, uning o‘zbek tilidagi “qimmatli qog‘oz, kupyor” ma’nosi bilan fors tilidagi “ko‘prik” ma’nosi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham ochib beradi: ko‘prik qirg‘oqlarni tutashtirsa, qimmatli qog‘oz odamlarni birlashtiradi.

So‘z ma’nolari taraqqiyotida bir so‘zni tamomila qarama-qarshi ma’noda ishlatish ham tilimizda ko‘p uchraydi. Bunday hodisaga tilshunoslikda enantiosemiya deyiladi. Mazkur hodisa turkiy tillarda qadimdan mavjud bo‘lib, Mahmud Koshg‘ariyning ham diqqatini jalb qilgan edi. U suchik so‘zini ilgari “achchiq” ma’nosida, keyinchalik “mazali” ma’nosida qo‘llanganini, o‘r “chuqurlik” ma’nosini bildirishi bilan birga “tepalik” ma’nosini xam ifodalaganini ko‘rsatgan edi.

Adib xuddi ana shunday hodisani qalb so‘zida ko‘radi. Uning fikricha, tilimizda “ikki qalb bor”. Ular shu darajada bir-biridan uzoqki, tutashmog‘i sira mumkin emas. Biri – inson yuragi, poklik, to‘g‘rilik, oliyjanoblik timsoli bo‘lgan qalb. Boshqa biri – qalbaki, qallob so‘zlarining o‘zagi, ya’ni egrilik, aldamchilikni ifoda qiluvchi qalb. Muallif hazrat Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” asaridagi g‘azallar tahlili orqali qalb so‘zining yana “qo‘shin markazi” va “kofir” ma’nolarida ham qo‘llanganini aniqlaydi va yurak nima uchun qalbdeyilgan, uning qalloblikka, yolg‘onchilikka nima aloqasi bor? – degan savolga shunday javob beradi: “Inson ongi shakllangandan beri aql va yurak o‘rtasidagi bahs tugamagan. Odamzodni hissiyot ko‘p aldagan. Hamma xalqlarda: “Ko‘ngil ko‘chasiga kirma”, degan mazmundagi hikmat bor. Demak, yurak ko‘chasiga kirib aldangan odamlar unga qalbdeya nom qo‘yibdilar.

Qalbso‘zi ifodalagan qarama-qarshi ma’nolar o‘rtasidagi bunday aloqadorlikni topish uchun faqat Erkin Vohidovcha fikrlash, Erkin Vohidovdek mumtoz adabiyotimiz sirlarini anglash kerak bo‘ladi.

Muallif tilimizdagi asl ma’nosi o‘zgargan so‘zlarga shunchalik sinchkovlik bilan yondashadiki, mehnat, fuqaro, mard, mag‘iz, fan, pul, siyohsingari yuzga yaqin ana shunday so‘zlarni topadi va “Adash, dedim, adashdim” maqolasida ularning ro‘yxatini beradi.

Hozirgi tilshunoslikda so‘zning tovush o‘zgarishlari qatorida tovush almashinishi hodisasiga alohida e’tibor qaratiladi. Tilimizdagi bu hodisa ham adib nazaridan chetda qolmagan. “Teskari tushgan tovushlar” maqolasida aylan-aynal shakllarida qo‘llanadigan so‘z asli aylanekani, kift, qulf, avf, bo‘yra, kiprik, yomg‘ir, so‘zlari, aslida, kitf, qulf, afv, bo‘ryo, kiprik, yog‘mir bo‘lganligi, hozirgi tilimizdagi yog‘moq, yog‘in yog‘mur bilan o‘zakdosh ekani, turpoq tuproq so‘zidan, o‘rgilay o‘grilaydan, o‘g‘irlik o‘g‘rilikdan, Iskandar Iksandardan, jo‘nalish, yo‘nalish yo‘lanishdan, teskari terskaridan kelib chiqqani bayon qilinadi.

Har bir tilda xalqning ruhi, milliy madaniyati, o‘ziga xos dunyoni ko‘rishi, idrok etish tarzi namoyon bo‘lish bilan birga, tillar o‘rtasida obraz yaratishdagi shunday umumiy jihatlar borki, ular umuminsoniy tafakkur mahsuli sifatida yuzaga chiqadi. Kitobdagi “Inson va qorachiq” maqolasida bayon qilingan fikrlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Muallif mardum so‘zining “inson” va “qorachiq” ma’nolari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib berish uchun ingliz, rus, arab tili materiallariga murojaat qiladi va bu tillar o‘rtasidagi o‘xshashlikdan hayratga tushadi.

Adibning bayon qilishicha, arablar ko‘z qorachig‘ini insonul ayn (ko‘zning insoni) deydilar va bu tilda ham qorachiq va insonbir so‘z bilan ifodalanadi. Mardum so‘zida “inson” ma’nosi ham, “xalq” ma’nosi ham bor. Rus tilida (V.Dal lug‘atida) zrachok, zenitsa qatorida chelovechek, malchik so‘zlari ham bor. Bu ma’nolar o‘rtasidagi aloqadorlikni adib odamzodning ko‘zida unga tikilib qaragan odamning aksi namoyon bo‘lishi orqali izohlab beradi.

Muallif tilimizdagi Mehmon otangdan aziz, Ustoz otangdan ulug‘ singari qiyosiy qurilmalarni Mehmon otangday aziz, Ustoz otangday ulug‘ shaklidagi o‘xshatish qurilmalar bilan almashtirib ishlatilayotganini til qonuniyatidan kelib chiqib, haqli ravishda tanqid qiladi.

“Barkamol soddalik” maqolasi tilimizning barkamolligini boshqa tillarga qiyoslagan holda yoritib berishga bag‘ishlanadi. Muallif to‘g‘ri ta’kidlaganidek, tillarning barkamolligi qoidalarning aniq va izchilligi, istisnolarning kamligi, ifoda imkoniyatlarining kengligi bilan belgilanadi. Ana shundan kelib chiqib, maqolada o‘zbek tilining barcha sathlarida aniq qoidalarning mavjudligi va bu qoidalar asosida minglab nutqiy hosilalarni yaratish mumkinligi aniq misollar orqali ochib beriladi. Masalan, so‘z yasalishi sathida qo‘shma so‘zlarning ikki va undan ortiq o‘zaklarning qo‘shilishi asosida yasalishi mumkinligi (sopol tovoq, kumush qoshiq, taxta ko‘prik, temiryo‘l) va buning afzal tomonlari rus tiliga qiyoslangan holda yoritiladi. Xususan, ingliz tilida ham xuddi o‘zbek tilidagidek yasalgan futbol so‘zi o‘zbek tilida oyoq va to‘p so‘zlarini birlashtirish orqali transliteratsiya qilinishi mumkinligi, lekin rus tilida noga so‘zi bilan myachso‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lana olmasligi, ularni qo‘shish uchun nogani sifatga aylantirish, buning uchun esa u bog‘lanayotgan so‘zning rod(jins)ini bilish lozim bo‘lishi, buning esa aniq qoidasi yo‘qligi, oxirida yumshatish belgisi bor so‘zlarning yarmi muzakkar, yarmi muannas ekani (den so‘zi mujskoy, noch – jenskiy rod, oktyabr – mujskoy, osen – jenskiy va boshqalar) aytiladi.

O‘zbek tilida [ot+chi] qolipida kasb-hunar egasi ma’nosini bildiruvchi minglab yangi so‘zlarni hosil qilish imkoniyati mavjud bo‘lsa, rus tilida bunday shaxs nomlari yasashning aniq qolipi yo‘qligi, rabochiy, pisatel, lesnik, molyar singari so‘zlarning har qaysisi alohida-alohida so‘z yasalish qolipi asosida yasalganini dalillaydi.

O‘zbek tili grammatik ma’noni ifodalash uchun ham aniq bir shaklga, masalan, yo‘nalish ma’nosini ifodalash uchun bitta jo‘nalish kelishigi shakliga ega bo‘lsa, rus tilida bu ma’noni ifodalash uchun bir necha shakldan foydalaniladi. Masalan, Kievga so‘zi v Kiev, Ukrainaga so‘zi na Ukrainu, uyga so‘zi domoyshakllaridagi so‘zlar orqali ifodalanishi bayon qilinadi.

Alisher Navoiy diqqatini tortgan va “ikki maf’ullik fe’l” sifatida ta’riflangan fe’lning orttirma nisbat shakllari, xususan, kiymoq kiydirmoqrus tilida farqlanmasligi, har ikki holatda ham odevat shakli ishlatilishi aytiladi.

O‘zbek tilining yana bir fazilati – ma’nodosh so‘zlarga boyligi, muqobili yo‘q so‘zning o‘zi yo‘qligi, bu esa so‘z qaytarilishlarining oldini olishga; shakldosh, ko‘pma’noli so‘zlarga boyligi so‘z o‘yini, askiya san’atining, she’riyatda tuyuq janrining rivojlanishiga imkoniyat yaratishini bayon qiladi.

Bu aytilgan fikrlar Erkin Vohidovning qiyosiy tilshunoslikning ham chuqur bilimdoni ekanidan dalolat beradi.

Hozirgi kunda fanlar tizimida genderologiya alohida o‘rin egallamoqda. Bu tilshunoslikka ham ta’sir qilib, genderolingvistika yo‘nalishi paydo bo‘lmoqda. “Xotin tili” maqolasi ana shu yangi yo‘nalish bo‘yicha o‘zbek tili materiallari asosida ma’lumot berishi bilan qimmatlidir. Unda faqat xotinlar tilida ishlatiladigan bir necha so‘zlar, iboralar keltiriladiki, o‘zbek lingvogendershunosligining bundan keyingi istiqboli uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Kishini tilning sirli olamiga yetaklaydigan, o‘ylashga, chuqur mushohada qilishga chorlaydigan bunday ko‘pqirrali asarda ayrim xayolotga berilgan o‘rinlar, bahstalab jihatlar ham yo‘q emas.

Xususan, muallif: “Ko‘ksimizda urib turgan yurak, aslida, yurakmi yoki urakmi? Yurak uradimi yo yuradimi? Men o‘zimcha, urakdegim keladi. Mantiqan shunday bo‘lishi kerak. Lekin “Devonu lug‘atit turk”da yurak deyilgan”, deb adibning o‘zi yur o‘zagi faqat “yurish”ni anglatmasligi, umuman “harakat” (shamol yurdi, ishimiz yurdi, soat yurdi, qon yurdi kabi) ma’nosini bildirishini tasdiqlaydi. Bizning nazarimizda, turkiy tillarda jurak – yurak – urak, jip – yip – ip , jilan – yilan – ilon singari so‘zlar boshqa-boshqa so‘zlar emas, balki bir so‘zning turkiy tillarning qipchoq – qarluq – o‘g‘uzguruhlaridagi fonetik qonuniyatini o‘zida namoyon qilishidir. Turkiy tillardagi bu qonuniyat haqida Mahmud Koshg‘ariy shunday yozgan edi: “(Qarluqlarda) ﮞ bilan boshlangan ot va fe’llarni o‘g‘uz va qipchoqlar “alif”ga yoki “jim”ga aylantiradilar ... Masalan, turklar (ya’ni qarluqlar) yilig‘ suv desalar, ular (o‘g‘uzlar) ilig‘ suv deydilar”. Demak, yurak, urak turli o‘zakli so‘zlar emas, balki turli turkiy qavmlar tillari o‘rtasidagi fonetik farqlanish (jur – yur – ur)ga ega bo‘lgan bir so‘zning ko‘rinishlaridir.

Umuman, mazkur kitob millatimizga, uning tiliga cheksiz muhabbatning ramzidir. U nafaqat so‘z san’atiga qadam qo‘yayotgan yosh qalamkashlarga so‘z qadriga yetishda ibrat maktabini o‘taydi, balki tilshunoslarni ham so‘z etimologiyasi, so‘z ma’nolarining ko‘chishi singari bir qator masalalar bo‘yicha bahs-munozaraga chorlaydi. U tilimizning tilla sandig‘idagi duru gavharlarni qo‘lga olib, salmog‘ini o‘lchab, har birining peshonasidan o‘pib, ulardan nutqimizda o‘rinli foydalanishga yordam beradigan va har bir o‘zbek xonadonining kitob javonidan joy olishi kerak bo‘lgan asardir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.