OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Karim. “Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen”

Odamni turmushdagi turli holatlar, quvonchli hodisalar, ko‘rgiliklar shoir qiladi, yozuvchiga aylantiradi. Haqiqiy san’at asarlari dard, go‘zal his-tuyg‘ular mahsuli. Adabiyotshunoslar ham dardli va tuyg‘un odamlar, badiiy ijod ahlining hamdardlari...

Muayyan bir sohaga, deylik, adabiyotga qiziqish har kimda turlicha kechadi. Kimdir ustoziga ergashadi, boshqasi kitoblar bilan oshno tutinadi. Kundalik hayotning o‘zi bir dunyo.

Bolalikdan bir shingil... Ikkinchi jahon urushi bizdan ancha yiroq. Biroq urush dahshati, uning aziyatini buvi-enamdan ko‘p eshitdim. Karim buvam urushdan qaytmagan. To‘rt bolasi bilan yigirma uch yoshida enam beva qoladi. Boshqa turmush qilmaydi. Urushning yurakni o‘rtagani, oila tayanchidan, bir qanotidan ajratgani shu. Yetti yoshida yetim qolgan otamning xotirlashicha, yaqinlari enamni “hali yoshsan” deb majburan qayta turmushga bermoqchi bo‘lganlarida, ilojsizlikdan hatto o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ekanlar. Allohning marhamati bilan tirik qoladi. Shundan so‘ng yana oltmish yil umr ko‘rib, sakson uch yoshida bandalik qildi. Buvimizning so‘zi qat’iy, suhbati shirin edi. Aytayotgan voqealari biri ikkinchisiga zanjirdek ulanib ketaverardi. Bunday o‘ylab topilmagan hikoyalarning “syujet”iga, tuguni va yechimlariga hali-haligacha hayratlanib yuraman. Enamning ko‘z yoshini deyarlik ko‘rgan emasman. Taqdir hukmiga bo‘yin eggan, diydasi qotgan, kunlik ibodatda qoyim edilar, rahmatlik. Muammolarni juda oson hal qilardi. Gaplari qisqa, keskir, buyruqli, mazmunli, maqolli yoki bir-ikki satr she’riy hikmatli bo‘lardi: “Tinmasang tinarsan, tinsang tinmassan”, “Istaganing emgak bo‘lsa, ikki ko‘zing ko‘mgak bo‘lar”, “Yig‘laganni so‘rama – o‘lgani bordir, kulganni so‘rama – bilgani bordir”. Agar kayfi chog‘ bo‘lsa, ba’zan qo‘shiq aytib qolardi: “Taxta ko‘pir ustidan, Toyib tushdim yor-yor” yoki o‘zi to‘qigan “Qora kishi qora telpak kiyarmi? Bizni qo‘yib tul ... suyarmi?” tarzda. Bu qo‘shiqlar uncha ko‘p emas, sanoqli, doim takrorlanadigan. Ertak, cho‘pchaklarni yoqtirmas edilar. So‘ralsa, javobi bir og‘iz so‘z: “Bilmayman”. Yoki “Karim buvamizga turmushga chiqqaningizdan so‘zlab bering”, degan iltimoslarga, hayo-ibo qilganidanmi, har tugul “Uning nimasini so‘zlayman. Sovchi keldi. To‘y bo‘ldi. Bir tuya arava yuk bilan keldim. Manglayimga sig‘magan ekan, buvang ketdi, men qoldim” deb javob berardi. Enamning boshidan o‘tgan voqealar shunday hazin, shu darajada qisqa, aniq va aksar holatlarda detallashtirilgan bo‘lardi. Balki shular izhori meni so‘z yo‘liga boshlagandir.

Adolatsizlik, tengsizlik, tuhmatlar, kamsitishlar, haqoratlar, ko‘ra-bila turib birovning ko‘ziga cho‘p tiqish – bular odamni ruhan toliqtiradi. Kichik bir maktab jamoasida, ziyolilar muhitida haqiqat, to‘g‘rilik, adolat uchun yakka o‘zi turib, ko‘krak kerib mardona so‘z aytgan otam nohaqlikka, tuhmatga uchragani – bolalik xotiramdan o‘chmaydigan hodisa. Maktabdagi otam parvarishlagan bog‘ning mevalarini yeb, qoldiq va toshdek danaklarini uning o‘ziga qarab otishgan. Bu hodisa enamning sochini oqartirgan. Besh yoshlarimda bir mahkamaga men bilan birga kirib: “Bolamni yerga urdinglar-a!” deb alam va nafrat bilan qo‘rqmay gapirgani hali-hali qulog‘im ostida jaranglab turibdi. Onam rahmatli tibbiyot hamshirasi bo‘lganlar. Bizga bildirmasdan onamning (Alloh rahmat qilsin, joylari jannatda bo‘lsin) yig‘lab olganlarini butun vujudim bilan, yurak-yurakdan his qilgan pallalarim bo‘lgan. Esimni tanigandan beri bilardim: qishloq ahliga yordamini ayamadilar. Uyi­miz go‘yo dorixona – har vaqt bemorga dori-darmon bizdan. Kechasimi-kunduzi – farqi yo‘q. Yarim tunda derazani kimdir chertadi yoki darvoza taqillaydi: “Chechamni dard-to‘lg‘oq tutib qoldi, Ziyoda opa, yordamingiz kerak”. Borib enagalik etib, tong yorishganda uyga qaytadilar. Bunday hodisalar ko‘p bo‘lgan. Ammo biror marta qosh chimirganini yoki og‘ringanini eslay olmayman. Bugun o‘sha muruvvatlarni tafakkur tarozisiga solib tortaman...

Shu xotiralarning o‘zi qiziqarli tarix, realistik adabiyot. Hayot odamni ijodkor qiladi, ko‘nglida ezgulikni uyg‘otadi. Balki shunday hodisalar bois yo‘lim So‘z tomon burilgandir. Yaxshi so‘zdan ko‘ngil o‘sadi, yomonidan cho‘kadi.

Qolaversa, adabiyot bilan shug‘ullanishimga mak­tabdagi adabiyot muallimlarim Xudoybergan Bek­chanov, Olim To‘raevlar barobarida ko‘proq otam sababchi bo‘lganlar. O‘zi fizika-matematika o‘qi­tuv­chisi bo‘lsalar ham, adabiyotni, she’riyatni yaxshi ko‘rar edi. Oiladagi suhbatlarda, maktabdagi dars mahallarida biror bir formula yoki teorema yoniga beixtiyor Alisher Navoiy, Maxtumquli, Hamid Olimjon, Mayakovs­kiy yoki boshqa bir shoirning misralarini misol qilib keltirar edi. Bu fizika darsidagi lirik chekinish bizga zavq bag‘ishlardi. Fizika, matematikani yaxshi o‘qiganman. Hozir ham shu soha mutaxassislarining suhbatlarini eshitib qolsam, zavqlanib ketaman. Bir hasadim ham keladi. Agar filolog bo‘lmasam, fizika yoki matematika muallimi bo‘larmidim, deb o‘ylab qo‘yaman. Chunki maktabda shu sohaga tegishli ma’lumotlarni kichkina yon daftarchamga yozib yurar edim. Olimpiadalarga ham shu yo‘nalish bo‘yicha qatnashib, o‘rinlar ham olgan edim. Ammo hozir ham o‘sha aniq fanlarni sog‘inib qolsam, bolalikni qo‘msab ba’zan adabiyot darslarida ularga murojaat qilaman. Universitetda matematik, fizik o‘rtoqlarim bor. Ularning men tushunmaydigan raqamlar ustidagi bahslaridan zavqlanaman, ammo suhbatlariga aralasha bilmayman. Adabiyotshunoslikda ham shunday murakkab nuqtalar bor. Bu ruhiyat va estetik did masalasi. Shuni anglamaslik va shu didning shakllanmasligi badiiy adabiyot kushandasi deb hisoblayman.

Universitet yoki tahsil... Milliy universitetning o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qidim. Bir soat dars bergan har qanday muallimdan minnatdorman, qarzdorman. Ustoz ulug‘ inson, so‘zi, maslahati tabarruk. U zotlar sabog‘idan bahramandlik, tavsiya etgan kitoblarini o‘z vaqtida o‘qish biz talabalarni o‘stirdi. Universitetda katta avlodga mansub adabiyotshunos, tilshunos ustozlardan filologiya ilmining sir-sinoatlari bo‘yicha ma’ruzalar eshitdim; keyinchalik boshqa ulug‘ olimlar, ko‘plab ijodkorlar suhbatlaridan bahramand bo‘ldim... Darvoqe, o‘qigan yillarimiz fakultetda yosh, talantli munaqqid Rahmon Qo‘chqorov “Yosh tanqidchi” to‘garagini boshqarar edi. Bahs-munozara, hatto devoriy gazetada chiqqan maqolalar muhokamasi, so‘ngra “Yoshlik”ning anketa savollariga javoblar, dastlabki qadamlar – bularni eslash maroqli. Bir payt shu to‘garak anjumanida ma’ruza qildim. Badiiy asar tili to‘g‘risida. Ma’qul kelib, matnni Rahmon aka “Sharq yulduzi” jurnaliga tavsiya etdi. Yurakda ishonch ulg‘aydi. Oradan ancha vaqt o‘tib, talabalikning oxirgi yili shu “Nasrdagi nazokat” maqolam chiqdi. Birinchi chiqishlar gashti boshqacha. Qayta-qayta yozganingga qaraysan, quvonasan, umidlanasan, orzularga berilasan...

Negadir birinchi chiqish, birinchi kitob yoki umuman kitob chiqarishning keyingi davrlarga kelib yuki ancha yengillashib qoldi. Bunda ham gasht bormikin?

To‘qilmagan latifa: Bizning o‘quv dargohimiz bi­­­lan Leyptsig universiteti orasida shartnoma bor edi. Ulardan talabalar bizning universitetga kelar, yoz­da bizdan o‘n-o‘n besh nafar talaba u tomonga borar edi.   

1989 yil yozi. Talaba edik. Universitet talabalari bilan poezdda Moskva, Brest, Polsha orqali Germaniyaga bordik. Tunda Berlin vokzaliga borib tushildi. Ochiqqan edik. Besh-oltitadan tamaddi qilish niyatida atrofga tarqaldik. Qorong‘u tushgan, shahar aholisi shirin uyquda. Biz esa oshxona izlaymiz. Bir oz yurgach, yosh bolasini yelkalab kelayotgan bir kishiga duch keldik. Endi xorijga chiqqan kishi til bilishi lozim. Talabalarimizdan har kim qaysidir tilni biladi. Nozim ingliz tilida, Ne’mat frantsuz, men esa nemis tilida shu atrofda oshxona bormi, degan mazmunda chaynalib so‘raymiz. Ammo qarshimizdagi kimsadan sado chiqmaydi. Yelka qisadi. Jim. Shunda umuman biror chet tilini bilmaydigan Farrux qo‘lini og‘ziga olib borib: “Hyam-hyam, nyam-nyam”, dedi. Ro‘paradagi kimsaga jon kirdi: “Naverno tam, tam, rebyata”, dedi qo‘li bilan ishora qilib. Sharaqlagan kulgu ko‘tarildi, Berlin shohbekati yonida. Chunki hammamiz rus tilini bilar edik. Haligi kishi ham bizga o‘xshab endi poezddan tushgan va navbatdagi reysni kutib, aylanib yurgan ekan. U zamonlar Germaniyada rus tili keng quloch yoygan edi. Shu-shu saboq bo‘ldiki, bir oy davomida olmon yurtida yurib biror notanish kimsadan avval: “Shprehenzi russish?” deya so‘raydigan bo‘ldik.

Hayotda bir umrga esdan chiqmas voqealar, ota­dek mo‘‘tabar insonlar, tabarruk maskanlar bo‘ladi. Shaxsan men uchun O‘zbekiston Milliy universiteti – beshikdek tabarruk maskan. Bu dargohdagi ustozlar o‘giti bir umrlik saboq; topgan qadrdonlarim ko‘ngil do‘stlarim. Inson jismi zaminning qaysi bir go‘shasida bunyod bo‘lishi, tug‘ilishi mumkin, ammo chin ma’nodagi ma’naviyat maskanlarida ruhan tavallud topadi; fikri yetiladi; meva beradi. O‘zbekiston Milliy universiteti muallimi sifatida xorijda o‘tadigan anjumanlarda qatnashish ham ko‘ngilga surur bag‘ishlaydi. Leyptsig, Berlin, Istanbul, Anqara, Qrim­ga bordim. Ayniqsa, iste’dodli matematik, fi­­zika-matematika fanlari doktori, professor R.R.Ashurov bilan birga 2005 yil bahorida Pekindagi Mil­latlar Markaziy universiteti rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik, o‘sha universitetda o‘zbek tili bo‘limini ochish masalasi bo‘yicha O‘zMU nomidan muzokaralar olib borgan edik...

Kitobli xotiralar... Bolalikda o‘qilgan yaxshi kitoblar ta’sirli bo‘ladi, esdan chiqmaydi: “Robinzon Kruzo”, “Tom tog‘aning kulbasi”... – suratlari bilan ha­li-hali ham ko‘z o‘ngimda. Insoniyat tafakkurining eng bebaho, tengsiz kashfiyoti kitob. Kitob yolg‘izga oshno, bemorga dardkash, muhtojga maslahatchi, yo‘lsizga dar­g‘a; ma’naviy kasalliklarga darmondori...

Ba’zan xotiralarda kitob jonlanadi. Talabalik yillarida “Yillar armoni” kitobining qayta nashriga Xiyobon biqinida joylashgan Yozuvchilar uyushmasi ostonasida turib, Abdulla Oripov menga birinchi dastxat, yonimdagi kursdoshim, shoir do‘stim Bobomurod Eraliga “Dastxat №2” deb tilaklar yozib bergani, noshirlar kitobini qayta chiqarishda shoir suvratini “yodlaridan chiqarib qoldirgan”lari xususidagi bir og‘iz gaplarini eslayman.

O‘sha talabalikning beg‘ubor pallalarida boshqa ijodkorlardan ham dastxatlar olganmiz. Ular be­g‘araz, samimiy, biz intilib, izlab, yutoqib, quvonib olingan dastxatlar. Qadrli, qadrdon, ko‘zga surtiladigan tabarruk va beg‘araz imzolar. Davrlar o‘tgani sari dastxatlarning mazmuni ham, odamiga taqaladigan rost-yolg‘on, samimiy-nosamimiy, chin ko‘ngildan-til uchida kabi sifat ko‘rinishlariga ham ajralib boraverarkan. Adabiyotchi xonadonida kitob bo‘ladi. Kitob javonimdagi dastxatli kitoblar bir dunyo. Ularda ham hikmat bor. Kitoblar mazmuniga qarab e’zozlanadi. Ular ham odamga o‘xshaydi. Ko‘ngling tilamagan, jining olishmagan, yoqimsiz biror kimsaga ro‘baro‘ kelish, suhbatlashish kayfiyatni tushiradi. Javondagi kitoblar ichida bebaholari ruhiyatni ko‘taradi, ularni o‘qish, bama’nilikdan bahramandlik, zavqlanish va hayratlanish muallifi bilan hamsuhbat bo‘lish demakdir.     

Talabalik yillarimiz “Yillar armoni”, “Mu­habbatnoma”, “Sabr daraxti”, “Seni yaxshi ko‘raman”, “Dars”, “Uyg‘oq tog‘lar”, “Bolalikning ovozi”, “Uxlayotgan qiz” kabi she’riy kitoblarni o‘qib chindan zavqlandik, namunalar yod olgan edik. Negadir keyingi davr kitoblaridan bunday zavqni topish qiyin kechmoqda. Yo qalb qotib borayotirmi, mulohazakor bo‘lib qoldikmi, manfaatparastlikka yo‘liqdikmi, maydalashdikmi yoki she’­ru dostonlar ahvoli nochormi? Bilmadim, bilol­madim. Sababi ob-havomi yoki narx-navo? Bilol­may hay­ronman.

Yoshlik yillari katta orzular dengizida suzasan. Imkondan ulkan orzu-niyatlar. O‘zing istab, kitob o‘qish sururi – boshqacha zavq. Majburiyat uchun, imtihon top­shirish yoki mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun o‘qilgan kitob bilan ko‘ngling tusab o‘qilgan kitob o‘rtasida farq bo‘ladi.

Hozir ba’zan sohamiz, kasbimiz taqozosiga ko‘­ra kitoblarning qo‘lyozmalarini yoki yangi nashrga taq­riz yozish uchun o‘qishga ham to‘g‘ri keladi. To‘g‘risi, ko‘p hollarda tugay qolsa edi, degan ilinjda, oxirgi sahi­falarini qo‘msab, zerikib, og‘rinib, malollanib, kinna kirgandek tinimsiz esnab, uyqusirab, g‘ijinib, ko‘ngil aynib o‘qiydi odam.

Nima demoqchiman? Yozayotgan odam o‘z asaridan o‘zi zavqlanmasa, birovning qalbida tuyg‘ular tug‘­yo­nini kutish kerakmas. O‘z yozganiga ijodkorning o‘zi hayratlanmasa, birovdan hayrat kutish to‘g‘ri emas.

“Nima uchun yozasan? Yozganing kimga kerak? Yozmasang bo‘lmaydimi? Shu darak gaplarning ega-kesimini almashtirib “she’r qilib” yozding nimayu, yozmasang nima?” Yosh, boshlovchi ijodkorni shunday savollar hamisha bezovta etsin.

Yozish... Har kim o‘zining manglayiga bitilgan taq­diri yozuvi izmida hayot kechiradi. Har kimning ishlash tarzi har xil. Intizom asosida ishlangani yaxshi. Hozir vaqt va joy tanlashga vaqt yo‘q. Adabiyotchi uchun fikr muhim. Yangicha qarashlar, yangicha tahlillar, qiyoslar... Fikr vaqt va joy tanlamaydi, eng yomoni tutqich bermaydi. Keladi-ketadi. Shunda “mehmon”ning izzatini o‘z vaqtida joyiga qo‘yib, bir parcha qog‘ozga nimadir qayd qilaman. So‘ng hammasi xayolda yurgan mulohazalar sekin-asta tiziladi, shakllanadi. Rejalar tuziladi, manbalar jamlanadi: yozib o‘chiriladi, o‘chirib yoziladi. Shakllanayotgan fikrni aniq bir izga solish, ora-orada iboralar yoki o‘xshatishlarni qo‘llashni yaxshi ko‘raman. “Ustoz, yozishni qanday o‘r­gansa bo‘ladi?” Yodimdan chiqmaydi – bir vaqtlar jurnalistika fakultetini bitirgan yigit shu savolni bergan edi. U radioda gapirishga ixtisoslashgan, shekilli. Avvaliga hayron qoldim, so‘ngra tushundim. Nima deyman? Yozishni faqatgina yozib o‘rganiladi! O‘xshamagan devor qayta quriladi, parchalanadi, ta’mirlanadi. Hofizlarga ham, notiqlarga ham, rassomlarga ham – umuman har qanday sohada iste’dodli odamning mashqlari oqibatda ulkan tajriba va san’at maqomiga chiqadi.

Ba’zan yozadiganlarim rejalarda, sarlavhalar­da uzoq qolib ketadi. Masalan, bir maqola uchun “Taqriz nima? Taqrizchi kim?” sarlavhasini qo‘yib, bir-ikki jumla yozganimga bir necha yil bo‘ldi. Deylik, unda ajoyib shoirimiz Nodir Jonuzoqning: yoshligida o‘z asarlariga o‘zi yashirin taqrizlar yozgan “ustozim””, degan fikridan ham foydalanishni mo‘ljallagan edim. Oradan ancha vaqtlar o‘tdi, lekin haligacha shu maqola yozilgani yo‘q. Ehtimol, ko‘ngil to‘ladigan yaxshi bir maqola bo‘lar, balki shu holicha oxirigacha yozilmasdan qolib ketishi ham mumkin. Shunga o‘xshab yillab navbat kutganlari, haligacha kutib turganlari bor. Bundan o‘zim ham xursandman. Ba’zan fikrni sinovdan o‘tkazish-aprobatsiya uchun talabalarni auditoriyasiga olib kiraman. Ko‘zlar chaqnasa, savollar yozilsa, manbalarni surishtirish boshlanib, qiziqish ortsa, demak, bunda bir hikmat bor, ob-havodan bahor nafasi keladi.

Ijod sururi, zavqi butunlay boshqa narsa. Uni boshidan o‘tkazgan his qiladi. Bugun negadir ijod deganlari yamoqchilikka o‘xshab qoldi. Ayrim yozadiganlar kitoblardan, birovlarning maqolalaridan ki­toblar yasash yo‘liga o‘tib oldi. Bunga rukn topib qo‘ydim: “Ko‘rganlarimdan ko‘chirganlarim” deb.

Aslida yozish har kimda har xil kechadi. Bu ijod ishining hammaga tatbiq qilinadigan, hamma uchun mos keladigan aniq bir formulasi yo‘q. Har kuni tinimsiz yozib, har oyda bitta kitob chop ettiradigan yozuvchilar ham bor. Bunday asarning tez yozilgani uchun qiymati tushib ketmaganidek, bir necha o‘n yillab yozilgan asar uzoq davr mobaynida yozilgani uchun qadri oshib ham ketmaydi. Gap asarning tez yoki sekin yozilganida emas, hamma gap uning haqiqiy san’at namunasi sifatida yashab qolishida, inson ruhiy-ma’naviy dunyosiga ozuqa berishidadir.

Odam tabiatan nasihatga, maslahatga, o‘zi amal qilmaydigan gaplarni aytishga usta. Ammo amal qi­lish, so‘zi ustidan chiqish – bu qiyin gap. Men ijodkorning so‘zi o‘ziga, o‘zi so‘ziga o‘xshashi tarafdoriman. “Hayhot, men toza telba” deb yozgan shoirning “tovlamachi” ekanini bilib qolib, yomon xafa bo‘ldim. 

Ijodkorga ahamiyat bu muhim tamoyil, jamiyatning madaniy, ma’rifiy darajasini namoyon qiladi. Ammo ahamiyat deganlari bu doimiy opichlab, yetaklab yurish, tuvakdagi guldek parvarishlash emas, albatta. Bu ahamiyat bir soniyalik, bir soatlik, bir kunlik bo‘lishi mumkin. Ammo ana shu ruhiy, ma’naviy, moddiy quvvatning inertsiyasi asarlarga ta’sir etadi; asrlarga yetadi.

Nazarimda, “O‘z ishimdin bul ajabroq dostone topmadim” yoki “Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen” kabi tamoyil haqiqiy ijodkorga xosdir. O‘z ishini bilish, unga muhabbat, o‘z ijodidan taajjublanish va undan qoniqmaslik – bu muhim tuyg‘u harakat manbaidir. Biror ishni qoyilmaqom qilib qo‘ydim, degan shoir, adib, adabiyotchi adashadi. Chunki tabiatan inson zaif qilib yaratilgan, uning ijodida, kitobi yoki maqolasida ham­­ma vaqt nomukammal o‘rinlar, bahs-munozarali masa­lalar, ochiq nuqtalar, bo‘shliqlar bo‘ladi. Ba’zan menga ulkan, dabdabali ilmiy unvonlar bilimsizlik yuziga tutilgan pardaga o‘xshab ko‘rinadi.

Ehtimol avval ham aytgandirman. Ijodkorlarning bolaligi beg‘ubor. Endi ijod maydoniga birinchi asarlari bilan kirib kelgan har qanday ijodkor o‘z ijodiy biografiyasining go‘daklik davrini boshidan kechirayotgan bo‘ladi. Yosh bolaning, endi dunyo yuzini ko‘rgan chaqaloqning ko‘zlariga hech qaraganmisiz? Chaqaloq ko‘zida beg‘uborlik, tozalik, hali dunyoning turfa o‘yinlariga ro‘baro‘ kelmagan bir pokiza ko‘n­gilning, hali yozilmagan oppoq qog‘ozdek tozalikning in’ikosi bordir. Manfaatlar, unvonlarga, mukofotlarga, shuhratga, o‘zini targ‘ib-tashviq qilishga o‘chlik ijodkor ko‘ngli va ko‘zini ko‘r qiladi.

Uzoq tarixda shunday ijodkorlar bo‘lganki, ularning jismi allaqachon foniy dunyoga yuz tutgan. Ammo asarlari hamon tirikdir. Bu asarlar har kuni odamlar bilan muloqotga kirishadi; ishqi, dardi, armoni odamlarning yuragiga o‘rlaydi; yuragini o‘rtaydi.

Yaqin tarixda shunday ijodkorlar o‘tganki, jild-jild asarlar yozgan va ular o‘z vaqtida ko‘p ming nusxada bosilgan ham. Biroq ulardan yolg‘iz “yozg‘uvchi” nomining o‘zigina meros qolgandek; o‘zlari ham, asarlari ham rahmatli bo‘lib ketgandek taassurot qoldiradi.

Adabiy jarayonda, yon-atrofimizda shunday iste’dodli ijodkorlar borki, ularning o‘zlari ham, asarlari ham tirik. Hozirda jisman va ruhan tetik. Ular o‘zini, o‘zligini, kimligini, “men”ligini, darajasini, o‘rnini qaysidir ma’noda juda yaxshi anglaydi. Ruhi jonidan asarlari umrboqiylik quvvatini oladi; tiriklik suvini ichadi. Mabodo bu toifa ijod­korlar ajali yetib, fano diyoriga yo‘l olsalar ham, asarlari uzoq umr ko‘radiganga; ko‘rkam haq so‘zi uchun qalam egalariga rahmat eshigidan savobi yetib tu­radiganga o‘xshaydi.

Ijodkor uchun yozganini birov o‘qimaganidan kat­taroq falokat va fojia bo‘lishi mumkinmi? “O‘zim uchun yozaman”, degan kamtarlik ortida manmanlik va xudbinlik borga o‘xshaydi. “Tanqidga e’tibor bermayman”, degan ijodkor gapida g‘ayritabiiylik va arazlash borga o‘xshaydi. Badiiy asar adabiy tanqid vositasida adabiyot tarixida yashab qolish vasiqasiga ega bo‘lolmasligiga XX asr guvoh. Badiiy asarni adabiy tanqid sohasi yashattirmaydi, balki adabiy-tanqidiy maqolani badiiy asar yashattiradi. Dunyodagi eng mashhur adabiyotshunoslarning barchasi betakror iste’dod va ulkan qalb egalari bo‘lgan adiblarning xizmatlari evaziga nom qozonganlar; nonini topib yeganlar. Bu ham haqiqat.

Yo‘llar... Bugungi bizning adabiyotshunoslikda tah­­lil va talqin metodlari yangilanishi kerak. Ja­­hon­dagi yangicha adabiyotshunoslik maktablari va tal­qin uslub­­lari jiddiy o‘rganilishi lozim deb hisoblayman. Ba­diiy asar syujetini qayta so‘zlash, badiiy asarning bir qator fazilatlarini muallif ko‘ngli uchun maqtab, “juz’iy kamchiliklari bor” tarzidagi an’anaviy qoliplar o‘zini oqlamaydi. Bu shakldagi adabiy maqolalarni asarni o‘qimasdan ham yozish va o‘sha tipdagi yopinchiq maqolalarni istalgan bir asarning ustiga yopish mumkin. Adabiyotshunos badiiy asardagi birovlar ko‘rmagan nuqtalarini topsin, fazilatini, individual xususiyatini ochib bersin.

Bir davrlar bo‘ldiki, hamma adabiyotshunoslar yoppasiga jadidshunos bo‘lib qoldi. Hozirgi kunda shu yopirilishning hovuri pasaydi. Shaxsan men adabiyotshunoslikda shu sohadagi keng qamrovli, qiyosiy-tipologik tadqiqotlar davom etishi lozim deb hi­soblayman. Chunki o‘sha milliy uyg‘onish davri adabiy manbalarining tabdillarida, hatto qayta nashr­larida o‘nlab xatolar kuzatilmoqda. Qayta nashrlarda, birovlar hozirlagan manbani o‘zlashtirmasdan, tayyor izohlarini stilistik tarafdan o‘z nomiga xatlamasdan, zarur bo‘lsa, asl manbaning o‘zini aynan ko‘rib, o‘qib va shu asosda adabiy matnlar bilan muloqotga kirishgan odam ilm adabining oltin kalitini qo‘lida tutgan bo‘ladi.

Badiiy asarlar to‘g‘risida insholar yozilganda “falon-falon asar menda unga nisbatan naf­rat, hayotga nisbatan muhabbat uyg‘otdi”, degan bos­maqolipli (stereotip) fikrlar bayon etiladi. Aslida inson hayotsevar, umidli bo‘lishi; ichkarisini takomillashtirishi kerak. Bu jarayon istaysizmi-yo‘qmi bir haqiqatni tan olmaguncha kemtik bo‘lib qoladi. Bu haqiqat – o‘lim hodisasi. Har qanday inson boshiga keladigan o‘lim haqida o‘ylash kerak. L.Tolstoyning, haqiqiy faylasuflar oxir-oqibatda o‘lim masalasini muhokama qila boshlashadi, degan mazmundagi gapi bor. O‘lim – badiiy adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi. Dunyo adabiyotida o‘lim bilan hayot chegarasini maxsus tasvirlashni o‘zlari uchun asosiy tamoyil qilib olgan falsafiy yo‘nalishlar bor. Demoqchimanki, badiiy adabiyotning eng muhim vazifalaridan biri insonning o‘lim hodisasiga tabiiy munosabatini ham tarbiyalashdan iborat. Aslida bu vazifa mohiyatida ham ezgulik mavjuddir.

Xonadonda tug‘ilgan fikrlar... Chinakam san’at, chin badiiy adabiyot kecha, bugun, erta – shu uch zamon chegarasidan chiqib, abadiylikka yuz tutadi. O‘zbek adabiyotining bugungi holatiga kelsak, bu xususida gapirish oson emas. Ijod qilayotganlar, she’r, dos­ton, hikoya, qissa va roman yozayotganlar soni ko‘p. Kitoblar, she’riy to‘plamlar chiqarayotganlarning soni ham ko‘p. Ammo mazmuni, original badiiy kashfiyot masalasi doim muammo. Biz uchun mumtoz adabiy siymolar va jahon adabiyoti mezon vazifasini o‘taydi. Adabiyotda original badiiy kashfiyotlar yuzaga kelsa, albatta, yangidan-yangi adabiy nazariyalar paydo bo‘ladi. Bugungi adabiyotni boyitishga adabiiy tanqid o‘z hissasini qo‘shishi kerak, degan mulohazalar aytiladi. Biroq adabiy tanqid uchun adabiy maydon, tahlil va talqin qilishi uchun arzigulik badiiy asarlar kerak. Chunki saksovulga hech qachon meva bitmasligini, anor yo anjirga do‘nmasligini hamma biladi. Saksovul o‘tin bo‘ladi. Soyasi ham yo‘q hisobi. Muhimi asar. Uyga o‘xshatib qurilgan bir chayla atrofida girgitton bo‘lib, “bino”ni Misr ehromlariga qiyoslashda qanday mantiq bor?

Ma’naviyati baland, ruhi tetik, yuragi keng ijodkorlarga havas qilaman. Tasavvurimcha, ular So‘zga xiyonat qilmaydilar. Shular borligi uchun dunyo go‘zal, tinch, osoyishta, fayzli. Garchand bir qancha kitoblari ommalashgan bo‘lsa ham, insoniylikdan tuban va ruhan majruhlarini ko‘rib o‘z holimga shukrona aytaman.

Badiiy adabiyot go‘zallik asosiga bino bo‘lishi lozim. Inson qalbi naqadar go‘zal, naqadar olijanob va xolis bo‘lsa, uning asari shu darajada ulug‘vorlik kasb etadi. Agar ijodkor ishqni tasvirlamoqchi bo‘lsa, bu bebaho mavzuni avaylashi, pokiza yurak bilan yozgani ma’qul. Ishq-muhabbat bilan hirs o‘rtasida kat­ta farq bor. Hirsiy mayllar bayonini ayrim yozuv­chilar mu­habbat yo‘lida asar bitganiga almashti­rib qo‘ya­di­lar. Ishq javhari nafs va hirs botqog‘iga ko‘mil­masin.

Darvoqe, ma’naviyat xazinasidagi durdona asar­­­­larni kitobxon tiriltiradi. Asarlari abadiy o‘quv­chilarini topgan qalbi butun ijodkordan ko‘ra sao­datliroq inson bo‘lmasa kerak.

Xonadon xotirjamligi... Bu ijodkor uchun juda muhim ne’mat. Shukr, alhamdulillah, oila muhitidan shikoyatim yo‘q. Xotinim iqtisodchi, hamshira. Ammo bu sohalarda ishlamaydi; uyda bolalarimning ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ul. Kundalik uy vazifalariga, darslariga yordamlashadi. Biz uchun shart-sharoitni juda o‘rniga qo‘yadi. Qizlarimning kattalari litseyda o‘qiydi, kichigi maktabda. Adabiyotga ham, boshqa sohalarga ham qiziqishlari bor. Ularning ayrim yozganlarini ko‘rib yozmaslikni maslahat beraman. Ba’zilarini o‘qib quvonaman.

-------------------------------------------

Bahodir Karim1966 yilda tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Vadud Mahmudning 20-yillar adabiy tanqidchiligidagi o‘rni” mavzusida nomzodlik, “XX asr o‘zbek adabiyotshunosligida talqin muammosi” (qodiriyshunoslik misolida) mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

“XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”, “XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi”, “O‘zbek adabiy tanqidi antologiyasi” kitoblarining g‘oya muallifi va tuzuvchilaridir biri. “Jadid munaqqidi Vadud Mahmud”, “Qodiriy qadri”, “Yangilanish sog‘inchi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin”, “Adabiyotshunoslik metodologiyasi” kabi kitoblar muallifi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.