Bu ikki tushuncha nafosat falsafasida alohida ajralib turadi. Ular orasidagi aloqadorlik, deylik, go‘zallik va xunuklik kabi, o‘zaro ziddiyatga asoslanmaydi, aksincha, ular bir-birini to‘ldiradi, ba’zan muayyan estetik yaxlitlikni tashkil etadi. Har ikkala xususiyatning kelib chiqishi mif — asotirlarga borib taqaladi.
Hozirgacha estetikaga doir adabiyotlarda ularga jiddiy e’tibor berilmagan. Ayniqsa, mo‘‘jizaviylikning tom ma’noda kamsitishga uchraganini ko‘ramiz. Buning asosiy sababi shundaki, estetik xususiyat sifatida ular “sovet voqeligi” talablariga, kommunistik mafkuraga to‘g‘ri kelmasdi. Chunki har ikkisida ham siyosiy tuzum va sotsialistik jamiyat tomonidan o‘rnatilgan qonun-qoidalar orqali izohlab bo‘lmaydigan, ularga bo‘ysunmaydigan sirli, sehrli hodisalar aks etardi. Tabiiyki, bu hodisalar, ma’lum ma’noda, “sovet kishisi”ning erkin fikrlash miqyosini kengaytirishga xizmat qilardi. Shu sababli mo‘‘jizaviylikka ko‘proq o‘tmishdagi xalq og‘zaki ijodi namunalariga, xususan, ertaklar va dostonlarga taalluqli estetik xususiyat sifatida qarash qonunlashtirilgan edi. Darhaqiqat, u xalq ertaklari va dostonlarida o‘zining eng ko‘p va rang-barang ifodasini topgan. Masalan, “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlaridagi baxt maskani — Chambil shahri, Go‘ro‘g‘lining afsonaviy Ko‘hi Qof va Bog‘i Iramdan go‘zallik timsoli bo‘lmish Og‘a Yunus va Misqol parilarni olib kelishi, uylanishi, G‘irotning qanotli tulpor ekani singari hodisalar, qahramonlarning mo‘‘jizaviy kelbatga, qudratga ega odamlar tarzida tasvirlanishi kabi holatlar shular jumlasidan.
Mo‘‘jizaviylik san’at asarida badiiy qiyofalarning g‘alabasiga havas uyg‘otadigan taqdir egasi sifatida tasvirlanishini ta’minlaydi va faqat badiiy mantiq doirasida o‘zini namoyon etadi. U ham diniy, ham dunyoviy tabiatga ega mo‘‘jizaga asoslanadi. Diniy mo‘‘jiza mohiyatan muqaddas kitoblarda, ilohiy rivoyatlarda Xudoning va aziz avliyolarning qudratini bevosita aks ettiradigan karomatlardir. Dunyoviy mo‘‘jiza karomatga emas, ilohiy aralashuvlarsiz, voqelikdagi yashirin imkoniyatlarni xayoliy idealga mos tarzda ochib beradigan sehrga asoslanadi. Biroq sehr ijodiy tabiatga ega bo‘lgandagina, yuksak insoniy orzu-umidlarga xizmat qilgandagina mo‘‘jiza deb e’tirof etiladi va mo‘‘jizaviylikka asos bo‘ladi, aksincha esa, u jodugarlik sifatida tubanlik doirasiga kiradi.
Mo‘‘jiza tushunchasi dastlab Qadimgi Sharqda vujudga kelgan, tabiiyki, mo‘‘jizaviylik ham ilk bor Sharq san’atida o‘zini namoyon qilgan. Chunonchi, qadimgi Somir muhrlarida aks etgan qanotli ajdarholar ustida turgan erkak bilan ayol, yetti boshli ajdarhoni o‘ldirayotgan pahlavon, qush-odam, odam-arslon tasvirlarida, Qadimgi Misr ma’budalari qiyofalarida mo‘‘jizaviylik ifodasini ko‘rish mumkin.
Mo‘‘jizaviylik go‘zallik va ulug‘vorlik bilan mustahkam bog‘liq bo‘lgani holda, ayni paytda, ulardan muayyan tarzda farq qiladi. Agar go‘zallik bizda xush kayfiyat, quvonch hissini, ulug‘vorlik hayrat tuyg‘usini uyg‘otsa, mo‘‘jizaviylik o‘zining noodatiyligi bilan mahliyo qilish va qoyil qoldirish xususiyatlariga ega. Mo‘‘jizaviylik asosiga qurilgan asarlarda yorug‘ bir hayotbaxshlik mavjud. Bu esa atrofdagi real hayot, shart-sharoit, vaziyatning qandayligidan qat’iy nazar, odamda baxtli bo‘lishga ishonch paydo qiladi.
Totalitar tuzumlar, jumladan, sho‘rolar davrida ertaklar, afsonalar, xalq dostonlari juda kam yaratildi. Ularning syujetlari, mavzulari qaysi san’at turlarida bo‘lmasin, ko‘proq o‘tmish bilan bog‘lanardi. Zamonaviy mo‘‘jizaviylik esa sovet voqeligining bir qismi sifatida mafkuraviylashtirilgan holda taqdim etilardi. To‘g‘ri, goh-goh iste’dod bilan yozilgan zamonaviy asarlar ham vujudga kelib qolardi. Masalan, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” roman yoki M.Gorkiy nomidagi Bolalar va o‘smirlar kinostudiyasi mahsuloti bo‘lmish mashhur “Chol ibn Xattob” filmi shunday muvaffaqiyatli hodisalar sirasiga kiradi. Biroq bunday asarlar, asosan, sovet voqeligini ulug‘lashga xizmat qilardi va ko‘proq mo‘‘jizaviylikning kulgililikka yon berishi, uning jiddiylikdan yiroqlashishi bilan shartlanardi. Natijada ulardagi mo‘‘jizaviylik o‘z salmog‘ini, teranligini ma’lum ma’noda yo‘qotardi.
Mo‘‘jizaviylik tushunchasi nafosat falsafasida boshqa ma’noda ham qo‘llaniladi. Shaklan va mazmunan noyob asar vujudga kelganda, uni “mo‘‘jiza” deb atash odat tusiga kirgan. Ya’ni bu tushuncha estetik baholash mezoni sifatida yuksak talablardan kelib chiqadi va voqelikning odatdagi tasvirlaridan favqulodda baland saviyada ekani bilan ajralib turadi.
Xayoliylik mo‘‘jizaviylikka nisbatan kengroq qamrovga ega. Unda garchi ertaknamo syujetlar asos vazifasini bajarsa-da, mo‘‘jizaviylikka o‘xshab xayoliylikning ildizi asotirlarga borib taqalsa-da, u musiqa, rangtasvir yo adabiyot vositasida voqelikning yashirin imkoniyatlari, sirli ma’nolari borligi to‘g‘risida kutilmagan va dadil taxminlarni o‘rtaga tashlaydi. Xayoliylikda san’atkorning ijodiy tasavvuri orqali reallikda mavjud bo‘lmagan ob’ektlar, voqeliklar qadriyat tusini olishi, ba’zi badiiy qiyofalar idrok etuvchi tomonidan namuna tarzida qabul qilinishi mumkin. Ayni paytda bu tasavvur mahsuli bilan real hayot orasidagi masofa hech qachon yo‘qolib ketmaydi.
Xayoliylik mo‘‘jizaviylikdan o‘ziga xos jihatlari bilan farqlanib turadi. Birinchi tafovut shundaki, mo‘‘jizaviylik hech qachon reallikka aylanmaydi, ya’ni go‘zal ertak bo‘lib qolaveradi. Xayoliylik esa ko‘p hollarda ertami-kechmi reallikka aylanadi. Masalan, “Ming bir kecha”dagi Alouddinning chirog‘i va undan chiqadigan dev — mo‘‘jiza mo‘‘jizaligicha qoladi. Lekin uchar gilam xayoliylikka taalluqli. Chunki u tadrijiy tarzda reallikka yaqinlashib boradi. Bu yaqinlashuv uning shaklida ham, materialida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, ertaklardagi matodan to‘qilgan uchar gilam dastlab “to‘qson to‘qqiz murvatli” (mexanizmli), dastak o‘rnini bosadigan quloqlari vositasida boshqariladigan yog‘och otlarga, ya’ni tasavvurdagi mexanik qurilmaga aylanganini ko‘ramiz. Keyinroq esa ular reallikdagi havo sharlariga, so‘ng “po‘lat qushlar” — uchoqlarga, undan keyin sayyoralararo safar qiladigan fazo kemalariga aylandi. Demak, mo‘‘jizaviylik uchun so‘nggi maqsad — tasavvurning o‘zi. Xayoliylikda esa tasavvur muayyan bosqich, g‘oyani reallikka olib chiqadigan pillapoya vazifasini o‘taydi. Shu sababli u ilmiy tafukkur, fan taraqqiyoti bilan bog‘liq. Hozirgi paytda badiiy adabiyotda ilmiy-xayoliy janr keng tarqalgan. Bunda san’atdagi xayoliylikning real ilmiy voqelikka katta ta’sir ko‘rsatib kelayotganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Lekin xayoliylikning asl maqsadi ana shunday ta’sir bilan chegaralanmaydi. Uning maqsadi ilmni targ‘ib qilish ham, ilmiy muammolarni o‘rtaga tashlash ham emas, balki inson bilimini oshirish, xayolotni, insoniy reallikni yaxshilashga xizmat qildirishdir. Xayoliylikning xayolotdan farqi ham shunda. Xayolot bizdagi g‘aroyib istak, bizni mavjud reallikdan yuksakka, kenglikka olib chiqadigan hodisa bo‘lsa, xayoliylik ana shu g‘aroyiblik, yuksaklik va kenglikni ideal bilan boyitib, aniq maqsadga yo‘naltiradigan insoniy xususiyatdir. Demak, shunday deyish mumkin: xayolot “shirin xayollar”ning betartib, tasodifiy yig‘indisi sifatida turli xil (ilmiy, badiiy, diniy va hokazo) tasavvurlarimizning asosini tashkil etadigan ruhiy evrilishdir. Xayoliylik o‘sha “xirmondan” idealga mos ravishda tanlab olinib, estetik xususiyat tarzida tizimlashtirilgan xayollar majmuining badiiy asardagi in’ikosidir.
Mo‘‘jizaviylik bilan xayoliylik orasidagi yana bir farq shunda ko‘rinadiki, mo‘‘jizaviylik doimo baxtli yechim bilan tugaydi, xayoliylik esa goh fojeaviylik, goh keskin dramatik holatlarni ham yechimga olib kelishi mumkin.
Hozirgi paytda mo‘‘jizaviylik bilan xayoliylikning ko‘proq odamzod hayotining ikki qutbiga yo‘naltirilgani tobora bo‘rtib ko‘zga tashlanayotir. Bu ikki tushuncha bir ildizga — xayolotga asoslanishiga qaramay, ularning biri insoniyatning o‘tmishiga, ikkinchisi kelajagiga yo‘naltirilgan. Chunki XXI asr kishisi bilan mo‘‘jizaviylik orasidagi estetik masofa o‘ta uzoqlashib ketdi — odamlar mo‘‘jizaga xayolan ham ishonmaydigan bo‘lib qoldi, fan-texnikaning yuksak taraqqiyoti, aqlning hissiyot ustidan gegemonligi hayotiy reallikni o‘ta ratsionallashtirib yubordi. Endi mo‘‘jizaviylikni, asosan, o‘tmishdan meros bo‘lib kelayotgan xalq og‘zaki ijodida va baxshilik san’atida uchratamiz. Xayoliylik esa kelajakdagi hayot tasviriga bag‘ishlangan ilmiy-xayoliy janr tufayli hali ham o‘z mavqeini saqlab turibdi. Lekin insoniyat bolaliksiz mavjud bo‘lolmaydi, bu tabiiy hol, toki bolalar bor ekan, mo‘‘jizaviylik ham yo‘qolib ketmaydi.
Shunday qilib, mo‘‘jizaviylik bilan xayoliylik estetik xususiyat va nafosat falsafasining asosiy tushunchalari sifatida jiddiy o‘rganishga loyiq ma’naviy hodisalardir. Hozirgi paytda bizda boshqa ijtimoiy voqeliklarda bo‘lganidek, fanga ham mustaqil, mafkurabozlikdan xoli xolisona yondashuvning qaror topganligi bunga keng imkoniyatlar ochib beradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 14-sonidan olindi.