Alisher Navoiy asarlarining nemis tiliga tarjimoni Alfred Kurellaning ta’kidlashicha, tarjimondan uch narsa talab etiladi: u o‘zi tarjima qilayotgan xorijiy tilni, o‘girilayotgan asarda gapning nima haqida borayotganini, undagi maxsus tushunchalar, voqea-hodisalarni va o‘zining ona tilini, uning lisoniy kategoriyalarini mukammal bilishi lozim. Haqiqiy tarjimonni o‘girilayotgan asarni ipidan ignasigacha biladigan, hatto eng sinchkov tanqidchidan ham kuchli sharhlovchi, deb ta’riflaydilar.
Filologiya fanlari doktori, professor Ninel Vasilevna Vladimirova zullisonayn olima, xalqimiz urf-odatlari, an’analari, madaniyatini chuqur biladigan, o‘zbek tilida shirin gapiradigan, mohir tarjimon va tadqiqotchi, zukko munaqqid va malakali lug‘atshunos edi. Men opaning tarjima ilmi bilimdoni sifatida o‘zining ham, boshqa tarjimonlarning ham ishlariga qay darajada talabchanlik bilan yondashganiga ko‘p marta guvoh bo‘lganman. Cho‘lpon, Fitrat, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev hikoyalari, Mirzakalon Ismoiliyning «Farg‘ona tong otguncha», Mirmuhsinning «Me’mor», Said Ahmadning «Ufq», Ulug‘bek Hamdamning «Isyon va itoat» romanlari tarjimalarining yutug‘i, shubhasiz, mutarjimning o‘girilayotgan asar muallifi ijodini chuqur o‘rgangani, asarni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qila olishi, ilmiy salohiyati, yozuvchi dunyoqarashi, ijodiy yo‘nalishi va uslubi bilan chuqur tanishligiga bog‘liqdir. Zamonaviy o‘zbek adabiyotining bir qator yirik namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan maqola va monografiyalari, “XX asr o‘zbek nasrining rivoji va badiiy tarjima masalalari” nomli kitobi N.Vladimirova umrining oxirigacha o‘zbek adabiyotshunosligi va tarjima ilmining fidoyi vakili bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.
Olima ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Tarjimashunoslar Gulnora G‘afurova, Ra’no Fayzullayeva, Muhabbat Isroilova, Yanglish Egamova, Munira Karimova va boshqalar uning saboqlaridan bahramand bo‘ldilar. Opaning o‘ziga xos tarjima maktabi va bu maktabning talablari, qonun-qoidalari, tamoyillari bor. Unga ko‘ra, har qanday tarjimon (asliyat muallifi ham) o‘zining kamchiliklarini bilishi, tanqidiy fikrlarni eshitishga doimo tayyor bo‘lishi lozim. Tarjimon mustaqil ishlaydi, tarjimasini har kim bilan muhokama qilavermaydi, chunki boshqalar tarjima tamoyillarini bilmasliklari va tarjimonni tanlagan to‘g‘ri yo‘lidan chalg‘itishi mumkin; tarjimon o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lib, qiladigan ishini qat’iy reja asosida bajaradi; tarjimon har kuni, muntazam ishlashi, malakasini va mahoratini oshirish uchun muttasil o‘qishi, o‘rganishi kerak; haqiqiy tarjimon umr bo‘yi o‘qiydi va o‘z ustida ishlaydi; tarjimon o‘zi o‘girayotgan asarni to‘g‘ri tushunganiga ishonch hosil qilish uchun matnshunos tadqiqotchiday uni tahlil qila bilishi shart. Agar tarjimon bir milliy adabiyotning noyob obidasi bo‘lmish asarni tushunib yetmay, paypaslab, tusmollab, hijjalab o‘girsa, muallif va uning asariga xoinlik qilgan bo‘ladi, derdi opa.
N.Vladimirovaning tarjimalari asliyatga monandligi bilan haqqoniy. Masalan, yozuvchi juda baxtli, omadi bor, baxt kulib boqqan, toleli kishi, peshonasi ko‘hlik (yoki peshonasi yaraqlagan), degan iboralarni ishlatganda, ularni kontekstga muvofiq tarzda rus tiliga obrazli tarzda roditsya v sorochke (yoki rubashke) turg‘un birikmasi bilan almashtiradi. Yoki o‘zbek tilida ilonning yog‘ini yalagan frazeologizmini soddagina xitrыy, lovkiy chelovek, plut, proydoxa kabi ma’nolari bilan bera qolmay, kitobxon ongi-shuuriga estetik ta’sir ko‘rsatadigan muqobili — gus lapchatыy iborasini qo‘llaydi. Shuningdek, “polnoe bezdeneje”ni bildiruvchi xemiri yo‘q iborasini karmannaya chaxotka; “gapni olib qochmoq”ni govorit ne po suщestvu, deya qolmay xodit vokrug da okolo bilan almashtiradi...
Tarjima ob’ekti birgina so‘z emas, balki so‘z birikmasi yoki ma’no tashuvchi so‘zlar guruhi, sintagma, jumla, muayyan kontekst. Asliyat va tarjimadagi bunday so‘z va birikmalarning ma’nolarini ko‘proq sabab-natija munosabatlari birlashtirib turadi. Bunda voqea-hodisalarning sababini natija bilan yoki natijani sabab bilan almashtirish tarjimaning aniqligiga putur yetkazmaydi, aksincha, asliyat mazmunini to‘la-to‘kis berishning eng maqbul, ba’zan esa yagona ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi. N.Vladimirova tarjimalarida ma’noni mantiqan to‘ldirish yo‘li bilan matniy (kontekstual) almashtirishga erishilgan. Bu ba’zi epizodlarni tushunmagan yoki tarjima qilish qiyin bo‘lganligi bois tashlab ketmaslikning ishonchli yo‘li.
Tarjima amaliyotida so‘z yoki gap emas, butun matn tarjima birligi hisoblanadi. Tarjimaning yutug‘ini ba’zi bir so‘z va iboralarning mutlaq o‘xshashligi emas, matnning muqobilligi ta’minlaydi. Bu N.Vladimirova uchun qat’iy qoida edi.
Mohir tarjimon matnni hech qachon so‘zma-so‘z o‘girmaydi. Ingliz adibi Jerom K. Jerom (1859-1927) fikricha, yaxshi tarjima uchun ikkita narsa zarur: asliyat tili badiiyatini idrok etish va shunga mos tarzda tarjima tilini bilish. Tarjima tili omma uchun begona bo‘lmasa, tarjimadagi so‘zlar kitobxonning qalbini «jizillatsa», matn ifodali va ta’sirchan bo‘lsa, u tabiiy hisoblanadi. Tarjima matnidagi shakl va mazmun, ularning o‘ziga xos barcha xususiyatlari bajarayotgan vazifalariga ko‘ra ham asliyatga mos bo‘lishi kerak. Buning uchun asliyat unsurlarining tiynatiga o‘xshamasa ham ma’no va badiiylik jihatidan bir xil til vositalarini ishlatish ko‘zda tutiladi. Masalan, Ulug‘bek Hamdamning “Isyon va itoat” romani dunyoning yaratilishi haqidagi quyidagi sahna bilan boshlanadi: “Olam uzra zulmat hukmron edi u paytlar. Na qittay yorug‘lik bor edi va na jinday harakat. Ehtimol, mavjud edi ular. Biroq zulmatning qa’rida cho‘kib yotardi. Boshqa yoqdan esa yorug‘likni, harakatni ko‘ra oladigan, ularni idrok eta oladigan xilqatning o‘zi yo‘q edi”. Ushbu tasvir qoyilmaqom o‘girilgan: “V tu poru nad mirom vlastvovala tma. Ni probleska sveta, ni teni dvijeniya. Bыt mojet, oni i bыli, no pogrujennыe vo mrak, v neproglyadnuyu tmu. I ne bыlo nikogo, kto bы mog sozdat eto». Asliyatda qirqta so‘z, tarjimada esa ular o‘ttiz to‘rtta. Benihoya aniq, puxta va tabiiy tarjima. Bunday tarjimada so‘zlar, gap tuzilishi, uning uzun-qisqaligi o‘zaro mos. Biror narsa qo‘shilmagan va olib tashlanmagan, ma’noda zarracha o‘zgarish yo‘q. Buni ekvilinear tarjima ham deyishadi. Bunga erishish juda qiyin masala. Buni faqat mahorat sohiblarigina uddalay oladi. Yozuvchi yorug‘lik va harakat so‘zlarini bir joyda ikki marta ishlatsa, tarjimon rus tilining qisqalikka moyilligini nazarda tutib, aniqlik va puxtalik nuqtai nazaridan asliyat yo‘lini qaytarmay, birgina eto deya qolgan. Mana mahorat belgisi. Asar boshdan oxirigacha shu tarzda o‘girilgan. Bu hodisani ozarbayjonlik hamkasbimiz professor Bayram Tohirbekov quyidagicha tenglama bilan ifodalagan:
[Yo i + M z]• Z m = TS
Bu yerda: Yo i – yozuvchi iste’dodi, M z – musiqachining zehni, Z m – zargarning mehnati, TS – tarjima san’ati. Ya’ni yozuvchi iste’dodi bilan musiqachi zehnining uyg‘unligini zargar mehnatiga ko‘paytirsa, tarjima san’ati yuzaga keladi.
N.Vladimirovaning tarjimonlik ish uslubini quyidagicha tavsiflash mumkin. Bu, nazarimizda, uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda o‘giriladigan matn so‘zma-so‘z, ya’ni filologik tarzda idrok qilinadi. Bu bosqichda asliyat tilidagi bir so‘zni rus tilidagi xuddi shunday jaranglaydigan so‘z bilan qiyoslanadi. Shunday qilinganda soxta ekvivalentlar domiga tushib qolish, kontekstni noto‘g‘ri o‘zlashtirish, ayrim xos so‘zlar ma’nosini tushunib yetmaslik, muallif muddaosini anglamaslik kabi holatlarning oldi olinadi. Ikkinchi bosqichda uslubiy omillarga e’tibor qilinadi. Matnni to‘g‘ri o‘qigan kitobxon lisoniy ifodaning uslubiy omillari(kayfiyat, piching, fojeaviy ma’no, ohangdorlik va boshqalar)ni ham anglaydi. Bu sifatlarni kitobxon anglab yetishi shart bo‘lmasa ham, muallif qanday qilib tegishli natijaga erishayotganini tarjimon aniqlashi va tadqiq etishi lozim. Uchinchi bosqichdaayrim til vositalarining uslubiy va ma’noviy mazmunini anglashdan tarjimon asarning badiiy yaxlitligini, badiiy voqelik, xarakterlar, ularning munosabati, muallifning g‘oyaviy niyatini anglashga o‘tadi. Matnni anglashning bu yo‘li ancha murakkab: muallif yaratgan badiiy voqelikni to‘laligicha idrok etish uchun tarjimon keng mushohada quvvatiga ega bo‘lmog‘i darkor. N.Vladimirova ana shunday sermushohada, zakovatli tarjimon edi. Uning uchun badiiy tarjima – sharafli ish sanalgan. U badiiy tarjima ishida quyidagi idealga erishishni o‘z oldiga qo‘ygan: o‘zbek tiliga o‘girilgan tarjimani o‘qiganda, kitobxon bu asar muallifi o‘zbek bo‘lganida, xuddi shunday yozgan bo‘lardi, deyishi kerak. Asarlarini N.Vladimirova tarjimalarida o‘qigan mualliflar uning mehnatini yuqori baholaganlar.
Bugun yurtimizda o‘ziga xos tarjima maktabi yaratildi. Yuzlab tarjimashunos va malakali tarjimonlar yetishib chiqayotir. Oliy o‘quv yurtlarining gumanitar fanlar kafedralarida tarjima asoslari, tarixi, san’ati, tarjima mahorati, tarjima jarayoni muammolari o‘rgatilyapti, tarjimon-referent, tarjimon-o‘qituvchi mutaxassisliklari bo‘yicha bilim berilyapti.
Atoqli ustozlarimiz G‘aybulla Salomov, Ninel Vladimirova, Najmiddin Komilov tarjima amaliyotini nazariya bilan qo‘shib olib bordilar. Endi bu fidoyi tarjimonlarning o‘rnini ularning iste’dodli shogirdlari – bevosita tarjimani amalga oshirayotgan, asliyat tilini biladigan, zullisonayn yozuvchi, shoirlar va “Jahon adabiyoti” jurnali sahifalarida o‘zlarini ko‘rsatayotgan ko‘plab yosh iste’dod sohiblari to‘ldirib bormoqda. Darhaqiqat, N.Vladimirova singari olimlarimizning boy tajribasini chuqur o‘rganib, ilmiy tahlil qilish va ommalashtirish dolzarb vazifadir.
Komiljon Jo‘rayev,
Andijon davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 16-sonidan olindi.