Keyingi yillari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi sahifalarida adabiyotshunoslik, xususan, mumtoz adabiyotimiz tarixiga doir qiziqarli maqolalar e’lon qilinmoqda. Bu maqolalarning ayrimlarida muhim ilmiy yangilik haqida xabar berilsa, ayrimlarida esa adabiyotimiz tarixidagi ba’zi munozarali mavzular haqida fikr yuritilib, bahsga chorlanadi. Jumladan, tadqiqotchi Abdusattor Jumanazarning o‘tgan yilgi gazeta sahifalarida e’lon qilingan maqolalari ayni shunday qiziqarli maqolalardir.
Gazetaning shu yilgi 26 iyul sonida “Munosabat” ruknida bosilgan “Muhyi emas, Muhiy?” sarlavhali maqola ham bahsga chorladi. Maqola muallifi filologiya fanlari nomzodi Abdurahmon Pirimqulov XIX asrning II yarmi — XX asr boshidagi Qo‘qon adabiy muhitining zabardast vakillaridan biri shoir, muarrix va xattot Muhyi Ho‘qandiy(1836 — 1911)ning taxallusi “Muhyi” tarzida yozilishini noto‘g‘ri hisoblab, bu shoir haqida maxsus tadqiqot yaratgan A.Muhammadiyev bilan bahsga kirishadi hamda mazkur taxallus “Muhiy” tarzida yozilsa to‘g‘ri bo‘ladi, degan fikrni isbotlashga urinadi. Ammo muallif Muhyi hayoti va ijodi haqidagi ilmiy adabiyotlardan yaxshi xabardor emasligi sababli yanglish tasavvurga borgan. Maqola avvalida u, jumladan shunday deb yozadi: “Keyingi yillarda tadqiqotchilar tomonidan XIX asr Qo‘qon adabiy muhitida “Toj ush-shuaro”, “Shohi shoiron” deb e’zozlangan zullisonayn shoir, muarrix va xattot Muhiddin Muhammad Rizo oxund o‘g‘li Muhiy Xo‘qandiyning adabiy taxallusini “Muhyi” shaklida yozish urfga aylanmoqda. Bu urf, meningcha, adabiyotshunos N.Zohidovning “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida (1994 yil, 3-son) e’lon qilingan maqolasidan boshlangan”.
Avvalo, shuni aytish kerakki, shoir taxallusining “Muhyi” shaklida yozilishi “keyingi yillarda” emas, balki bundan salkam oltmish yil avval, ya’ni Qo‘qon adabiy muhiti ilmiy o‘rganila boshlagan XX asrning 50-yillaridan beri ilmiy muomalada. Taniqli adabiyotshunos olimlar — Hodi Zarifov “Muqimiy” (1955), Hoshimjon Razzoqov “Zavqiy” (1955) kitoblarida, G‘ulom Karimovning Muqimiyning ikki tomli asarlar to‘plami(1960)ga yozgan so‘zboshisida, “Muqimiy” monografiyasi (1970) va O‘zbekiston xalq shoiri Sobir Abdullaning “Mavlono Muqimiy” (1965) asarlarida ham bu taxallus “Muhyi” shaklida berilgan. Faqat bu mualliflar o‘z tadqiqotlarining ob’ekti Muhyi bo‘lmaganligi bois bu taxallusning kelib chiqishi, lug‘aviy ma’nosi haqida to‘xtalib o‘tirmaganlar. Sho‘rolar davrida Muhyi “reaktsion, saroy shoiri” deb qaralgani uchun bunga alohida e’tibor berilmagan. Shoir hayoti va ijodini chinakam ilmiy o‘rganish faqat mustaqillik yillarida boshlandi. Bu borada “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan maqolalar diqqatga sazovordir. Bu gazeta sahifalarida atoqli adabiyotshunos olim professor A.Haytmetovning Muhyiga bag‘ishlangan “Taqdir va tahsinga loyiq” (1992 yil, 6 oktyabr), professor I.Abdullayevning “Shoir qadri” (1993 yil, 5 mart), professor Sh.Yusupovning “Muqimiy va Muhyi” (1996 yil, 21 noyabr) singari jiddiy maqolalari chop etildi. Bularning barchasida shoir taxallusi “Muhyi” shaklida to‘g‘ri yozilgan. Zero, bu atoqli olimlar mumtoz adabiyotimizning, arab-fors tillarining bilimdonlari edilar. Professor A.Abdug‘afurovning shu gazetada e’lon qilingan “Muhyining suddan ham oldin chiqargan hukmi” (1997 yil, 5-son) maqolasida ham “Muhyi” deb yozilgan.
A.Pirimqulovning yanglish tasavvuri “Muhyi” so‘zining o‘zagini “muh” deb bilganidan kelib chiqqan. U maqolasida shunday deb yozadi: “Boz ustiga o‘zagi “h” bilan tugaydigan taxalluslar turkiy adabiyot tarixida juda ko‘p uchraydi. Ammo ularning birortasida “yi” qo‘shimchasi ko‘zga tashlanmaydi. Mabodo shunday hol joriy yozuvdagi nomlarda uchrasa, bilingki, u tabdilchi-noshirning juz’iy xatosidir”. Birinchidan, “Muhyi” so‘zining o‘zagi A.Pirimqulov o‘ylaganidek, “muh” emas. O‘zak — so‘zning asosiy ma’nosi bildirib, boshqa ma’nosi qismlarga bo‘linmaydigan eng kichik ma’noli qism, demakdir. “Muh” o‘zagida hech qanday ma’no yo‘q. Aslida “Muhyi” arabchadan olingan bo‘lib, arab tilidagi “ahya” (jonlantirish, tiriltirish) fe’lidan hosil bo‘lgan. “Muhyi degani “jonlantiruvchi, tiriltiruvchi” demakdir. Muhyiddin — dinni tiriltiruvchi, jonlantiruvchi degan ma’noni anglatadi. Ikkinchidan, bu so‘zdagi “yi” taxallus qo‘shimchasi emas, balki so‘zning tarkibiy qismidir. “Muhyi” so‘zi ikki tomlik “Persidsko-russkiy slovar”ning ikkinchi tomi(Moskva, 1983, 478-bet)da ham shu shaklda berilib, “ojivlyayuщiy, jivotvornыy” (jonlantiruvchi, tiriltiruvchi), deb tarjima qilingan. Xullas, “Muhyi” taxallusi “Muhiy” tarzida emas, oltmish yildan beri qanday yozilib kelingan bo‘lsa, shunday yozilishi kerak. Chunki bu ilmiy jihatdan to‘g‘ridir.
Abdullatif Turdialiyev,
filologiya fanlari nomzodi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 46-sonidan olindi.