Keyingi yillarda tadqiqotchilar tomonidan XIX asr Qo‘qon adabiy muhitida “toj ush-shuaro”, “shohi shoiron” deya e’zozlangan zullisonayn shoir, muarrix va xattot Muhiddin Muhammad Rizo oxund o‘g‘li Muhiy Xo‘qandiyning adabiy taxallusini “Muhyi” shaklida yozish urfga aylanmoqda. Bu urf, meningcha, adabiyotshunos N.Zohidovning “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali(1994 yil 3-son)da e’lon qilgan maqolasidan boshlangan. Bu taxallus professor Sh.Yusupov maqolalarida ham “Muhyi” shaklida yozilgan. Taxallusning shunday shaklda yozilishini isbotlashga uringan mualliflar ham bor. Jumladan, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi Ahadxon Muhammadiyev “Muhiymi yoki Muhyi?» nomli maqolasi(“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2005 yil 5-son)da shu paytgacha ishlatib kelingan “Muhiy”ni negadir xato hisoblaydi va uni “Muhyi” deb yozish tarafdori ekanini, bu hodisa arab tili qoidalariga ham mos tushishini isbotlashga urinadi. Unutmaslik lozimki, arab yoki fors tilidagi nom yoxud atamalar o‘zbek tiliga o‘zlashganda, shu til me’yorlariga ko‘proq amal qiladi. Boz ustiga o‘zagi “h” bilan tugaydigan taxalluslar turkiy adabiyot tarixida juda ko‘p uchraydi. Ammo ularning birortasida “-yi” qo‘shimchasi mavjudligi ko‘zga tashlanmaydi. Mabodo shunday hol joriy yozuvdagi nomlarda uchrasa, bilingki, u tabdilchi-noshirning juz’iy xatosidir.
Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da Yah’yo Sebak ismli shoirning aruzshunos olim va xattot ekanligini, bir emas, to‘rt taxallus qo‘llaganini, ulardan dastlabki ikkitasi “Tuffohiy” va “Fattohiy” bo‘lganini yozgan. Ulug‘ shoir temuriyzodalardan Sulton Mas’ud mirzoning “Shohiy”, shuningdek, o‘z jiyani, aniqrog‘i, tog‘avachchasi Mir Haydarning “Sabuhiy” taxallusi bilan ijod qilganini yozgan. Tazkirada Subhiy, Ohiy, Masihiy, Salohiy, Mahviy va Volahiy kabi shoirlar haqida ham ma’lumotlar bor. Ko‘rinadiki, taxallusning o‘zagi “h” (umuman undosh) bilan tugasa, unga faqat “-iy” (ba’zan -viy) qo‘shimchasini qo‘shish tarixiy jihatdan ham to‘g‘ri bo‘lar ekan. A.Muhammadiyev yuqorida eslangan maqolasida o‘z fikrini isbotlovchi dalillardan biri sifatida “Muhyi”ni ramal bahriga mos tushishini aytib, mulohazalariga yakun yasaydi. Bizningcha, bu fikr “Muhiy”ning ramal yoki aruzning boshqa bir bahriga mos tushishini inkor qilmaydi. Agar biz ushbu maqola muallifining fikriga qo‘shilsak, “Shohiy”ni “Shohyi”, “Sabuhiy”ni “Sabuhyi”, “Ogahiy”ni “Ogahyi” deb yozishimizga to‘g‘ri kelmaydimi?!
Taxalluslar tarixi bilan qiziqqan, ular haqida g‘oyat ko‘lamli tadqiqotlar olib borgan marhum adabiyotshunos olim Toji Qorayev biror o‘rinda undosh bilan, xususan “h” bilan tugagan adabiy unvonlarga “-yi” qo‘shimchasini qo‘shmaydi. U kishi bir necha taxalluslar ichida ko‘pchilikka noma’lum “Muvashshahiy” nomini ham tilga oladi.
“Muhiy”ni “Muhyi” shaklida yozishni tavsiya etuvchi olimlar shoirning asl ismini “Muhyiddin” tariqasida yozadigan bo‘lishdi. Xo‘sh, ularga “Muhiddin”ning nimasi noma’qul tuyuldi ekan?!
Xullas, “Muhiy”ni o‘zgartirishga hech qanday asos ham, ehtiyoj ham yo‘q.
Abdurahmon Pirimqulov,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 30-sonidan olindi.