Sababdan sabab, deganlaridek, ushbu maqolaning yozilishiga bir voqea turtki bo‘ldi. Kamina nafaqada, bo‘sh paytlarimda kitob mutolaa qilishni xush ko‘raman. Kitob o‘qib charchagan paytlarda ko‘zlarimni dam oldirish uchun ko‘cha va maydonlarni aylanaman. Shunday kunlarning birida sobiq o‘quvchim, hozir A. Qodiriy nomidagi Jizzax pedagogika instituti talabasini ko‘rib qoldim. Hol-ahvol so‘rashgach, talaba: “Domla, uchrashib qolganimiz yaxshi bo‘ldi. O‘zi sizni ko‘rib, bir maslahat olmoqchi bo‘lib yuruvdim — deb qoldi. — Men kundalik tutmoqchiman. Uni qanday yozish, to‘ldirib borishni bilmayapman...“.
To‘g‘risi, javobga og‘iz juftladim-u, biroq bir oz shoshib qoldim. Axir, savolga jo‘yali javob aytish kerak-da. Hozircha noto‘kis fikrlar bilan talabani chalg‘itmaslik uchun shunday dedim:
— Bu bir-ikki og‘iz gap bilan javob beriladigan savol emas. Yaxshisi, shanba-yakshanba kunlari kelsangiz, bafurja o‘tirib suhbatlashamiz, — dedim.
Shu vaqt orasida barcha adabiyotshunoslik lug‘atlarini ko‘rib chiqdim-u, biroq aniq javob topolmadim. 1981 yili nashr etilgan ikki jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da kundalikka shunday izoh berilgan:
a). Har kungi, har bir kunga xos;
b). Kunda bo‘lib turadigan, odatdagi;
v). Hodisalar, kuzatishlar va h. k. yozib boriladigan jurnal, daftar;
g). O‘quvchilarning uyga beriladigan vazifasi yozib qo‘yiladigan daftar.
Bizningcha, birinchi va uchinchi izohdagi javoblar mavzumizga yaqin keladi. Chunki bu javoblarning qamrovi nisbatan keng.
2006 yilda nashr etilgan 9-sinf ona tili darsligining rasmiy uslub bo‘limida kundalik birorta uslubga kiritilmagan. Holbuki, unda badiiy va ilmiy uslublarning unsurlari uchraydi.
Xo‘sh, kundalik nima? U qanday yoziladi?
Kundalik tutish ko‘pchilikka xos odat va an’anadir. Ko‘plab fozilu fuzalolar, adibu allomalarning tarjimai holi bilan tanishsangiz, ular ham kundalik tutganiga amin bo‘lasiz. Psixologlar e’tirof etishicha, odamlarning dastxati, husni xati, imzosi orqali ularning xarakterini aytib berish mumkin ekan. Darvoqe, har qanday kundalikni o‘qib, muallifning xarakteri, bilimi, salohiyatini bemalol aytib bersa bo‘ladi. Deylik, kundalikka darj etilgan voqealar bayonida izchillikka rioya qilingan bo‘lsa, fikrlar aniq va lo‘nda, tili ravon, voqea-hodisalarga xolis yondashilgan bo‘lsa, muallifning teran fikrlovchi kishi ekaniga ishonch hosil qilish mumkin. Aksincha, voqealar noizchil yoritilgan, fikrlar to‘liq emas, tuzilgan jumlalar g‘aliz va to‘mtoq, haddan tashqari bayonchilikka berilib ketilgan bo‘lsa, bu muallifning bilimi yuzakiroq, xarakterida ham bir oz notugallik bor ekan, degan xulosaga kelasiz.
Kundalikni odatda o‘zini bilgan, oq-qorani tanigan, tabiat va jamiyat hodisalariga munosabatini ifoda etishga qodir kishilar tutadilar. Ikkinchidan, kundalik yozishda muayyan yosh belgilanmaydi. Uni aqli raso, ma’lum tayyorgarlikka ega bo‘lgan har qanday kishi yozib borishi mumkin.
Biz ko‘p yillik kuzatishimizdan kelib chiqqan holda, kundaliklarni shartli ravishda uchga bo‘ldik: oilaviy-maishiy kundalik; ilmiy maqsadlarga yo‘naltirilgan kundalik; aralash kundalik. Oilaviy-maishiy kundalik bir shajara, oila yoki oilaning ma’lum bir ardoqli a’zosi haqida yozilishi mumkin. Shajara haqida yozilgan kundaliklarning qamrovi juda keng. Demak, kundalikning hajmi ham shunga yarasha bo‘ladi. Ajdod haqida kundalik yozgan, yozayotgan kishi o‘ta bilimdon, nuktadon, ziyrak, xolis, adolatli bo‘lishi lozim.
Oilaviy kundalikda o‘zi yashayotgan oila haqidagi muhim voqealar qalamga olinadi. Shajara, oila haqida so‘z borganda tafsilot ob’ekti bo‘lgan shaxs haqida, yuqorida aytganimizdek, muallif xolis, betaraf fikr yuritishi kerak. O‘sha insonning yutug‘i, kamchiligi, ijobiy va salbiy xususiyatlari ro‘y-rost yozilishi zarur. Hatto biror jismoniy nuqson ham nazardan chetda qolmasligi kerak. Tarihda yashab o‘tgan qanchadan-qancha buyuk shaxslar ham kamchiliklardan xoli bo‘lmagan...
Kundalikda muhim voqealar, ularda qahramonning ishtiroki, voqea-hodisaga munosabati aniq berilishi kerak. Bo‘lar-bo‘lmas voqealar bilan daftarni “semirtirish”ga hojat yo‘q. Kundalikda ifoda etilayotgan shaxs qiyofasi, boshqalardan ajratib turadigan o‘ziga xos xususiyatlari, qiziqishi, xobbisi, o‘sha vaqtdagi tabiat tasviri ham kundalikning o‘qishli bo‘lishini ta’minlaydi.
Ilmiy maqsadlarga yo‘naltirilgan kundaliklarda, albatta, ixtiro, kashfiyot, fan ravnaqi bosh maqsad qilib olinadi. Oilaviy-maishiy kundalikning hajmi katta bo‘lib, necha o‘nlab yillar davomida yozib borilsa, ilmiy maqsadlarga yo‘naltirilgan kundalik hajman qisqa bo‘ladi. Chunki muddat boru-yo‘g‘i bir necha kun, oy, nari borsa, bir necha yil bo‘lishi mumkin. Masalan, XVIII asrda yashagan Jon Genter, frantsuz Lui Paster, epidimiolog olim Leonid Isaev va boshqa olimlar o‘zlari tadqiqot olib borayotgan kasallikning virus va mikroblarini ongli ravishda o‘zlariga yuqtirishgan. Per Kyuri (1859-1906 y) esa o‘zi ixtiro qilgan radiy bilan tanasini nurlantirgan. Radiaktiv nurning organizmga ta’sirini o‘rganish uchun kundalik tutgan. Bu haqda ularga yozib borib, ilmiy xulosaga kelganlar. Biz bunday kasb egalarini haqiqiy fan fidoyilari deymiz.
Mashhur sarkardalar, siyosatchi va sayyohlar ham kundalik tutishgan. Ispan sayyohi va elchisi Klavixo, venger etnografi Vamberilar yozgan kundaliklar fikrimiz dalilidir. Klavixo qariyb ikki yil Sohibqiron Amir Temur saltanatida nimani ko‘rgan bo‘lsa, hammasini ro‘y-rost, ochiq, bo‘yamasdan, bo‘rttirmasdan xolis turib o‘z bitigiga kiritgan va shuning uchun ham uning kundaligi jahon tarixining bebaho mulkiga aylangan. Klavixo “Kundaligi” Amir Temur shaxsi va Sohibqironning buyuk davlati tarixini o‘rganuvchilar uchun muhim manbaa sifatida g‘oyat qadrlidir. Daniel Defoning “Robinzo Kruzo”, Gyotening “O‘sh Verterning iztiroblari”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” romanlari ham aslida kundaliklar uslubida bitilgan.
Gidrometerologlarning kunlik kuzatishlarini ham kundalik deyish mumkin. Chunki ular kundalik ob-havo ma’lumotlarini kuzatib, tegishli ravishda qayd etib borishadi. Keyinchalik ma’lumotlar bir-biriga taqqoslanib, ilmiy xulosa chiqariladi.
Kundalikda ham oilaviy, ham ilmiy izohlar uchrasa, ularni aralash kundalikka kiritish mumkin. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si bunga misol bo‘la oladi. Binobarin, kunlik zaruriy ehtiyoj tufayli dunyoga kelib, oilaviy-maishiy, shaxsiy hayot va ilmiy maqsadlarni ko‘zlab yozilgan bitiklarni kundalik deb atash maqsadga muvofiq. Shu sababli, bizningcha, kundalik alohida janr sifatida e’tirof etilib, “Adabiyotshunoslik terminlari” lug‘atiga kiritilishi kerak.
Menimcha, talaba ukamiz bu javoblardan qoniqish hosil qilsa ajab emas. Bordiyu boshqalarda bu fikrlarni boyitadigan mulohazalar bo‘lsa, ularni ham eshitishga tayyormiz. Haqiqat bahslarda tug‘iladi, deb bejiz aytishmaydi-ku.
Abdumurod Yallaboyev,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiyuyushmasi a’zosi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 21-son