Atoqli shoir Hamid Olimjonning barchamizga yod bo‘lib ketgan shunday satrlari bor:
Bolalik kunlarimda,Uyqusiz tunlarimda, Ko‘p ertak eshitgandim, So‘ylab berardi buvim. Esimda o‘sha damlar, O‘zi uchar gilamlar, Tohir — Zuhra, Yoriltosh Oyni uyaltirgan qosh.Sezyapsizmi, bolalikda oshno bo‘lgan ertaklarini eslayapti shoir! Ko‘rinadiki, hayotga, odamlarga, kitoblarga, adabiyotga muhabbat aynan o‘sha paytlarda boshlangan.
Ana endi savol tug‘iladi. “Bizning kitob mutolaasiga munosabatimiz qanday? Farzandlarimiz bugun “Uchar gilam”laru “Tohir-Zuhra” yo “Yoriltosh”ni bilisharmikan?»
“Munosabatimiz yaxshi, bilishadi”, deging keladiyu o‘ylanib qolasan kishi. Zamonaviy kompyuter texnikasi va internetni suv qilib ichib yuborgan yigit-qizlar badiiy adabiyotni sevib o‘qishyapti, deyish qiyin. Taassufki, ayrim yoshlar kitobxonlikdan anchayin yiroqlashib ketishgan.
Yaqinda viloyatlardan biridagi kollejda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda talabalardan qanday kitoblar o‘qishayotgani haqida so‘radik. “O‘tgan kunlar”, “Robinzon Kruzo”, “Shum bola”, “Garri Poter”, ”Shaytanat” va hokazo” degan javobni eshitib xursand bo‘ldik. Keyin bilsak, ko‘pchiligi ana shu asarlarni ular asosida suratga olingan filmlar orqali bilisharkan. Eng zo‘r badiiy film ham hech qachon kitobning o‘rnini bosa olmaydi. Kitobning o‘z nafasi, ruhi, hidi va quvvati bor.
Sohibqiron bobomiz Amir Temur ta’kidlaganidek, kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchanlik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir. Frantsuz faylasufi Deni Didro esa: “Odamlar o‘qishdan to‘xtashlari bilan fikrlashdan ham to‘xtaydilar”, deb aytgan.
Demak, hayotni kitobsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’naviyatimizning teran ildizlari, dunyoning tayanch nuqtasi, turish-turmushimizning ma’no va mazmuni, eng avvalo, kitoblar bilan mushtarak bo‘lib ketgan.
Uzoqqa bormaylik, poytaxtimizda qad ko‘targan muhtasham “Ma’rifat markazi”da Alisher Navoiy nomidagi respublika Milliy kutubxonasi joylashganining o‘ziyoq xalqimiz ma’naviy boyligiga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning namunasi.
Xalqimiz azal-azaldan kitobxon xalq. Kitobni nondek aziz va mo‘‘tabar deb biladi. Darhaqiqat, kitob odamzot aql-idroki va iste’dodi tufayli yaratilgan eng noyob boyliklardan biri, ta’bir joiz bo‘lsa, dunyoning sakkizinchi mo‘‘jizasidir. U bilimlar xazinasi, tafakkur qanoti hisoblanadi. Garchi ildizi milliy zamindan oziqlansa-da, shoxlarida umumbashariy mevalar unadi. Kitob har bir millatga o‘z madaniyatini namoyish etish, ayni chog‘da, boshqa xalqlarning urf-odatlari va an’analari bilan tanishish imkonini beradi. Binobarin, u taraqqiyot va madaniy rang-baranglik ko‘zgusi, o‘tmish bilan bugunni, bugun bilan kelajakni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Shu bois kitob o‘qigan, ayniqsa, badiiy adabiyotga mehr qo‘ygan odam ezgulikka oshno tutinadi. O‘z bilimi, dunyoqarashi, ruhiyati va ma’naviyatini boyitib, olamni teran anglay boshlaydi. Hayot va go‘zallikni qadrlashni, ajdodlarimizdan qolgan merosni asrab-avaylashni o‘rganadi.
Aytishlaricha, bir zamonlar qariyb hamma o‘zbek xonadonlarida So‘fi Olloyoru Fuzuliy, Sa’diyu Hofiz, Navoiyu Mashrab asarlari o‘qilgan, oilaviy davralarda qissaxonliklar uzun kechalar davom etgan, “Kalila va Dimna”, “Ming bir kecha”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” va “Alpomish”lar mutolaa qilingan ekan. Shundan ham ko‘rinyaptiki, ma’naviyat xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Uning tomirlari olis moziyga borib taqaladi.
O‘zbekiston Qahramoni, ustoz Ozod Sharafiddinov haqida televizion film suratga olgan kunlarimiz uning huzurida bir necha bor bo‘lganimni yaxshi eslayman. U kishining ulkan kutubxonasini ko‘rib hayratda qolgandim. Bir shoir do‘stimiz aytmoqchi, “Yer kitob, osmon kitob...” Ozod aka o‘zining “Sardaftar sahifalari” degan kitobini menga sovg‘a qilib, ichiga “Erkin, bu kitobni javonga yasatib qo‘yishga emas, o‘qishga berayapman”, deb dastxat yozib berdi va ajablanganimni sezib, horg‘in kulimsirab qo‘ydi: “Bir tanishim bor. Ziyoli odam. Shaxsiy kutubxonasi ham yaxshi. Jild-jild jahon adabiyoti
namunalari bor. Baxtga qarshi, ularning birontasini hatto ochib ham ko‘rmagan. Ana shunisi alam qiladi...”
To‘g‘ri, kitob katta ma’naviy boylik. Kutubxonasi bor uyning fayzi bo‘lakcha bo‘ladi. Lekin, ustoz aytganidek, agar “o‘qilsa!”
Yana bir voqea esimda. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Solihov yangi uyga ko‘chayotgan kunlari hasharga borgandik. Kitoblarning o‘zi bir mashinaga yuk bo‘ldi. Ularni tushirayotganimizda balkonda turgan qo‘shnilardan biri “Ko‘chib kelayotgan kim ekan? Kitobdan boshqa narsasi yo‘q -ku?” deya luqma tashladi.
“Ha, Solihov degan professor ekan”, dedim ensam qotib. Bu gapni Ravshan aka ham eshitdi-da, “Shu kitoblarni umr bo‘yi yiqqanman”, deb g‘ururlanib qo‘ydi. Hamkasblarining xotirlashicha, teatr biron viloyat, shahar yo tumanga ijodiy safarga borsa, aktyorlar bo‘sh paytlarida bozor yo do‘konlarni oralab ketishar, Ravshan aka bo‘lsa, o‘sha yerdagi kitob do‘konlarini izlab yurarkan...
Bunaqa misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Kitobga muhabbat odam bolasiga sut bilan kiradi, yillar osha shakllanadi va ma’naviy hayotimizning shox tomiri bo‘lib qoladi. Shu sababdan ham kitob ko‘targan odam xuddi shamchiroq ko‘tarib yo‘lni yoritib borayotgan kishiga o‘xshaydi.
Ma’lumki, har yilning 23 aprel sanasi “Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni” deb belgilangan. YUNESKO nomli nufuzli xalqaro tashkilot tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bu xayrli ish dunyo xalqlari tomonidan quvonch bilan qarshi olindi. Bu kunni tom ma’noda “Xalqaro kitob bayrami” deb ham atash mumkin. Chunki bu jahon ahlining diqqat-e’tiborini kitob degan mo‘‘jizaga qaratish, buyuk iste’dod egalarini qadrlash, yoshlarda kitobga muhabbat uyg‘otish, mualliflik huquqini himoya qilishga oid masalalarni kun tartibiga qo‘yish degan gap. YUNESKO mualliflik huquqini himoya qilish borsida Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti kabi qator xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan doimiy hamkorlik qilmoqda.
Jahon miqyosida mualliflik huquqini himoya qilishga yo‘naltirilgan asosiy hujjatlardan biri Adabiy-badiiy asarlarni muhofaza qilish bo‘yicha Bern konventsiyasidir. U a’zo davlatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki barcha qoidalari sohaga oid milliy qonunchilikda aks ettirilgan holda qo‘llaniladi.
O‘zbekiston ushbu konventsiyaga 2004 yili qo‘shildi. Nashr etilayotgan asarlarning badiiy saviyasi va bezagini yaxshilashga, matbaa korxonalari moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnologiyalar asosida mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. 2006 yili respublikamizda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun amaliyotga joriy etildi. Mualliflik huquqini himoya qilishga doir bunday ishlar bilan endilikda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi shug‘ullanmoqda.
So‘zim adog‘ida sizga shunday degim keladi: o‘ylab ko‘ring, oxirgi marta qachon kutubxona yo kitob do‘koniga kirdingiz? Farzandlaringiz yo nevaralaringiz uchun qanday kitoblar xarid qildingiz? Oxirgi o‘qigan kitobingizni eslay olasizmi? Xonadoningizda shaxsiy yo oilaviy kutubxonangiz bormi? Unutmangki, bu savollarga javob berish hech qachon hech kim uchun kech bo‘lmaydi...
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 16-son