OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurazzoq Samarqandiy. Oliyhimmat malika qissasi

Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asari o‘nlab temuriy hukmdorlar, shahzodalar, amirlar, vazirlar, elchilar qatorida bir necha malikalarning hayoti va jamiyatda egallagan yuksak mavqei haqida ham qimmatli ma’lumotlar beradi. Xususan, o‘zbek xalqiga Mirzo Ulug‘bekdek alloma farzandni tug‘ib bergan Gavharshodbegim to‘g‘risidagi ma’lumotlar batafsilligi va izchilligi bilan ajralib turadi. Asar mutolaasidan temuriylarning bunyodkorlik faoliyatiga malikalar ham katta hissa qo‘shganlari o‘quvchiga ayon bo‘ladi. Malika Gavharshodbegim eri Shohrux Mirzo tirikligida, ayniqsa, uning vafotidan keyin mamlakatning siyosiy hayotiga ham faol aralashuvi va bu hol oxir-oqibatda uning fojiali tarzda qatl qilinishiga sabab bo‘ladi...

Sakkiz yuz yigirma birinchi (1418) yil voqealari

Hazrat xoqoni sa’idning* nurli Mashhadi muqaddas ziyoratiga yuzlanganligi zikri. Oliysha’n sulton sha’bon oyining boshlarida (3 sentyabr) Xuroson sultonining, — bayt:

Ali ibn Muso Rizodesang, yetarlidir,
Chunki uning nomidan laqablarkamol topa beradi, —

ziyoratiga borishga jazm qildi va u tabarruk maqom va Mashhadi muborakka yetgach, ziyorat shartlarini bajo keltirib muhtojlarga nazr-sadaqalar ulashdi hamda onhazrat yaxshi niyat bilan yasatib bezattirgani uch ming misqol tillodan ishlangan bir qandilni qabr gumbaziga osdilar. Bundan ilgariroq mahdi ulyo2 Gavharshod oqo Tangri salomlarini yo‘llagur hazrat Imomning qabri qubbasi yoniga g‘oyatda hashamatli va ziynatli bir masjidi jome qura boshlagan edi, shu kunlarda qurilib bitay, deb qoldi. Bu latif ishlangan imorat hazrat xoqoni sa’idning nazariga g‘oyat ma’qul ko‘rindi. Onhazrat Mashhadning sharq tomonida bir chahorbog‘ va bir saroyning tarhini belgilab, har mahal Mashhad ziyoratiga kelsa, humoyun mavkab3 shu bog‘ va saroyga qo‘nadigan qilib mukammallashtirdi...

Sakkiz yuz yigirma uchinchi (1420) yil voqealari

Movarounnahr kechmishlarining so‘ngi. Mahdi ulyo Gavharshod oqoning jannatmonand Samarqand tomon otlanganligi zikri. Hazrat xoqoni sa’id Iroq va Ozarboyjon tomon yurish qilgan vaqtda mahdi ulyo Gavharshod oqo Hirot dorus-saltanasida turib qolgan va shahzoda Muhammad Jo‘giy bahodir volidayi buzurgvoriga mulozimlikda edi. Iroq va Ozarboyjon fath etilib, amir Qaro Yusuf turkmon daf’ qilingach va bu xabarlar Xuroson va Movarounnahrga yetgach, Mirzo Ulug‘bek “Jannat onalar qadamlari ostidadir”, degan hadis buyrug‘iga amal qilib, bir necha kunni zamona Bilqisi4 bo‘lmish shuhratli volidasi Gavharshod oqo xizmatida o‘tkazishni istadi. Ammo shahzoda o‘zi Movarounnahrdan Hirotga kelishi mushkul ekanligi tufayli, Mahdi ulyo Samarqandga kelsin, deb iltimos qildi. Poklik panohidagi taxtiravon rabi’ al-avvalning boshlarida (1420, 16 mart) yo‘lga tushdi;; mirzo Muhammad Jo‘giy unga mulozim edi. Mirzo Ulug‘bek volidasining yo‘lga chiqqanligini eshitgach, uning istiqboliga yuzlandi va Buxoro yaqinida muloqot saodati muyassar bo‘lib, oyoq o‘pish sharafiga yetishdi va birgalikda Samarqand dorus-saltanasi tomon yo‘l olib, rabi’ al-oxirning o‘rtalarida (28 — 29 aprel) jannatmonand Samarqandga kelib tushdilar. Oyning o‘rtasida Bog‘i Chinorda podshohona to‘y va xusravona ziyofat tuzildi hamda bir necha kun shod-xurramlik bilan o‘tkazilgach, Mirzo Ulug‘bek saqirlotlar, qirmiziy qatiyfalar5 va boshqa nafis to‘qquz-to‘qquzlar6 ortilgan saf-saf xachir va tuyalaru tilla egarli otlarni sovg‘a qilib tortdi. So‘ng Mahdi ulyo Xurosonga otlandi va Mirzo Ulug‘bek uni ta’zimu ehtiromlar bilan Raboti Yomgacha kuzatib borgach, hazrat volidasining qistoviga binoan orqaga qaytdi, mirzo Muhammad Jo‘giy bilan ham xayrlashib, unga ham lutf-marhamatlar ko‘rsatdi va volidasi bilan hamroh qilib jo‘natdi...

Sakkiz yuz o‘ttiz oltinchi (1432 —1433) yil voqealari

... Mahdi ulyo Gavharshod oqo Hirotning shimolida Sari Puli Injilda qurdirayatgani oliy madrasa va ulug‘vor imorat shu yili tamomlandi. U shunday bir imoratki, olamning butun ma’mur yerlarida unga o‘xshashi topilmaydi. Yuksak fikrli chapdast ustalar bu imoratning latofat va matonatini diqqat nazari tomoshasi uchun bir manzara qilib, unga bir balandlik baxsh etganlar hamda hunarmandchilik asosini shu qadar yuqori ko‘targanlarki, agar uning sharh va ta’rifini baland osmon devonining ravshan fikrli dabiri quyoshning zarhalidan siyoh qilib, gavhar yog‘diruvchi qalami bilan nurli oyning kumushrang lavhasiga yozsa ham arziydi;; balog‘at osmonining yorug‘ yulduzlari bo‘lmish yetti iqlim adiblarining so‘z bezovchilari agar jahonni ko‘ruvchi ko‘z qoraligidan siyoh yasab, insofning dur sochuvchi qalami bilan ko‘zning kofuriy7 oqligiga yozsalar ham loyiqdir...

Sakkiz yuz qirq beshinchi (1441 — 1442) yil voqealari

...Shu yili mahdi ulyo Gavharshod oqo Samarqand tomon otlandi. Buning sababi quyidagicha edi: mirzo Abdulatif yoshlik chog‘idan boshlab buzurgvor buvasi baxtli xoqonning xizmatida bo‘lib, onhazrat shahzodani bir necha yil kamoli shafqat va inoyat bilan tarbiya qildi. Bu yilning boshida Abdulatif ijozat so‘rab, xafalangandek Samarqandga ketib qolgan, uning ranjiganligi ko‘proq mahdi ulyo Gavharshod oqodan edi, chunki mahdi ulyo amirzoda Alovuddavlaga nisbatan ortiq muhabbati borligi sababli, boshqa farzandlariga ko‘pda iltifot ko‘rgazmas edi. Abdulatif ketib qolgach, onhazrat u jigargo‘shaning firoqida kecha-kunduz betoqat bo‘lib, o‘z muhtaram harami(Gavharshod oqo)dan ranjib yurar va “farzandimni mendan judo qildilar”, der edi. Iffatshiorli Mahdi ulyo majburiyat yuzasidan Samarqand safarini ixtiyor qildi. U Jayhundan o‘tganida, kutib olish uchun daryo yoqasigacha kelgan Mirzo Ulug‘bek qullik va xizmatkorlik marosimlarini bajo keltirdi va buzurgvor volidasi zamona Bilqisining taxtiravoniga mulozim bo‘lib, Samarqandga keltirdi. Bu yerda u volidasiga podshohona peshkashlar tortdi;; poklik panohidagi Mahdi ulyo u yerda turgan bir qancha muddat davomida saodatmand farzand har kuni o‘z volidasi xotirini loyiq bir tuhfa ham munosib bir sovg‘a bilan xushnud qilib turdi. Xurosonga qaytayotganida esa, yo‘rg‘a otlar va qimmatbaho tuhfalarni taqdim qildi hamda mirzo Abdulatifga podshohona asbob-jihozlar inoyat qilib buzurgvor volidasiga mulozimlikda jo‘natdi, kuzatib qo‘yish rasmi bo‘yicha o‘zi ham suv (Jayhun) yoqasiga kelib, farzandi bilan vido’lashdi. Ular o‘n to‘rtinchi shavvolda (1442, 25 fevral) Hirotga yetib keldilar.

Hazrat xoqoni sa’id Abdulatif kelganligidan ko‘p shod-xurram bo‘ldi va Yaratuvchining mehribonchiligi evaziga shukr aytishni bajo keltirib, ehtiyojmandlik tili bilan aytar edi. Bayt:

Men do‘stimning diydoriga qarab ko‘z ochganligim evaziga
Ey, ishlarni o‘nglovchi bandanavoz,senga shukr aytsam bo‘ladi!

Sakkiz yuz elliginchi (1446 — 1447) yil voqealari

Mirzo Abdulatif dahshatli voqea yuz bergan, ya’ni Shohrux Mirzo vafot etgan birinchi kuniyoq Samarqand tomonga, Mirzo Ulug‘bek huzuriga bir choparni jo‘natdi.

Jahon lashkarlari tartibsiz ravishda Xuroson tomon bir-ikki manzil yo‘l yurgan edilarki, bir guruh fitna qo‘zg‘atuvchi yovuzniyat kishilar mirzo Abdulatifga: “Mahdi ulyo Gavharshod oqo tarxonlar jamoasi bilan ittifoqlikda xoinlik qilish niyatidadir”, degan gapni yetkazdilar. Mirzo Abdulatif aslida o‘zgaruvchan tabiatga ega bo‘lib, buning ustiga mahdi ulyo Gavharshod oqoning mirzo Alovuddavla ibn mirzo Boysung‘urga bo‘lgan muhabbati unga ma’lum edi. Kimki eshitishga o‘ch bo‘lsa, u xayolga beriladi, degan maqol hukmi bo‘yicha til va og‘izlarning katta yo‘lidan ogoh kishi xotirining to‘rida sho‘‘lalangan har bir so‘z nuri, agar eshitish quvvati unga mone’lik qilishga chora topa olmasa, har qalay xotir oynasida taraddudga tushish aksi yuz ko‘rsatadi hamda andisha qalami uning naqshini fikr lavhasiga boshqacha tarzda chizadi. Ana shunga binoan mirzo Abdulatif bag‘oyat vahimaga tushib, fikrga toldi va bir guruh mufsidlar yovuzlikka fursat topib, uni shu darajaga yetkazdilarki, u Mahdi ulyo va amir Nizomuddin Ahmadning tarxonlar jamoatini talon-torojga topshirib, qaysi kishidanki hadiksirab yurgan bo‘lsa bandga oldirdi. Bu hol zulhijja oyining oxirida (1447, 18 mart) Rayning Xor degan mavzei bilan Simnonning Surxa degan mavzei orasida ro‘y berdi.

Sakkiz yuz ellik birinchi (1447 — 1448) yil voqealari

... Mirzo Alovuddavlada buzurgvor amakisi Mirzo Ulug‘bekning roziligini olish va Movarounnahrga katta bir mablag‘ ham qimmatli tuhfalar yuborish istagi bor edi. Ammo mirzo Abdulatif ibn Mirzo Ulug‘bek mahdi ulyo Gavharshod oqoga nisbatan behurmatlik yo‘lini tutib, dushmanlik tariqida yurganligi va isyonga jazm qilganligi haqidagi xabarlarni eshitgach, mirzo Alovuddavla ham xiloflik izhor etdi va iqbol terisini istiqlol nog‘orasiga tortib, Ixtiyoruddin hisoriga bordi hamda jahon xazinalarini ochib, lashkarga shunchalik ko‘p mablag‘ tortiq qildiki, undan ortig‘i xayolu gumon xazinasiga sig‘maydi. So‘ngra u shahzodalardan mirzo Solih valadi mirzo Pir Muhammad Sheroziyni, amir Uvays tarxonni va amir Ahmad tarxonni shamolu shabadaga hamrohlikda tezlik bilan Nishopur tomonga borib, g‘olibona jang qilib mirzo Abdulatif jamiyyatning asosini qo‘porib tashlashga va mahdi ulyo ham tarxon amirlarni hibsdan xalos etishga tayinladi.

Amirlar Saraxs yo‘li bilan muqaddas Mashhadga kelib, mirzo Abdulatif ulardan g‘ofil o‘tirganligi, badxo‘ylik va qo‘pol so‘zlashni odat qilib olib, el va ulus xonumonini g‘oratu torojga tashlab qo‘yganligini bildilar. Bayt:

Uning ishi butkul jabru bedodlik bo‘ldi-yu,
Ana shu qabilda xaloyiq uning giriftori edi.

Amirlar muqaddas Mashhaddan Nishopurga keldilar, bu ish tadbirini ko‘rishga to‘g‘ri andisha va ziyrak fikr bilan qarab, har bir guruh bahodirlarini bir burchakka tayinlab qo‘ydilar va bir-birlari bilan jahon ishi yurishmaganlar dilidek siyoh bo‘lib, kecha lashkari ustidan g‘alaba qozongach, kelishilgan qarorni imzoga yetkazishga va xotirlarini bu muhim ishdan jam qilishga va’dalashdilar.

Falakning shahsuvori oftob tulporini osmon maydonidan tashqariga yugurtirib, shom qora otiga sof durlar qashqasi (oy) va gavhar bezaklari (yulduzlar) bilan oro bergan, qutb tevaragidagi ravshan yulduz aylana boshlab, farqadon (yulduzlari) nazoratchilardek zamona hodisalaridan hayron bo‘lgan, shodlik keltiruvchi Zuhra yulduzi ishratni tark etib, qon to‘kuvchi Bahrom sayyorasi o‘tkir tig‘ va xunrez shamshir dastasini tutgan, sobita yulduzlar surmarang parda (osmon) tepasida tamoshoga joylashib, gardun nayrangbozining chapdastligiga ko‘z tikkan bir vaqtda, safar oyining o‘n uchinchisi shanba kuni(1447, 30 aprel) sahar paytida amirlar va bahodirlar yondiruvchi otash va baloyi nogahondek shahzoda Abdulatif o‘rdusiga bostirib kirdilar-da, mahdi ulyo Gavharshod oqo va tarxon amirlarini hibsdan xalos qilib, o‘rdudan olib chiqib ketdilar va burg‘u chalib suron soldilar. Bayt:

Zarrin surnaydan chiqqan sado gardunga yetdi,

Lashkar daryosi to‘lqinga keldi.

Sakkiz yuz oltmish birinchi (1456 — 1457) yil voqealari

... Onhazrat (ya’ni Abu Sa’id) Bog‘i shahrdan tashqari chiqdi, mahdi ulyo Gavharshod oqo bilan muloqot qilib, izzat-ikrom rasm-rusumlari va ehtirom shartlarini bajo keltirdi. U zamon bonusi va jahon malikasi ham shunday podshohga nisbatan nimaiki munosib bo‘lsa, adoga yetkazdi.

So‘ng Bog‘i Zog‘on saltanat taxti uchun makon bo‘ldi va Abu Sa’id hazrat xoqoni sa’id Shohruxning maskanida orom olib, rub’i maskunning farmon beruvchisi Jamshidu Faridun taxtgohida qaror topdi.

Mahdi ulyo Gavharshod oqoning qatl etilishi qissasi

Shu asnoda bir guruh fasodchi kishilar oliy quloqlarga: “Mirzo Sulton Ibrohim9 tomonidan mahdi ulyo Gavharshod oqo huzuriga doimo xabarchilar kelib turadilar, lashkar ahvoli va boshqa axborotlarni aniqlab, Sulton Ibrohimga yetkazadilar, nogoh biror voqea yuz berib, uning tadorikini ko‘rish imkoni hech bir yaratilgan banda qo‘lidan kelmay qolishi mumkin, yaxshisi shuki, u (Mahdi ulyo)ning xoinlik va makru hiylasidan xotirja’m bo‘lib olish kerak va bu ishni kechiktirish ham galga solish yaramaydi”, deb yetkazdilar. Natijada bir siqim yovuz kishilarning sa’y-harakati bilan, muborak ramazon oyining to‘qqizinchisida (1457, 31 iyul) u zamon Bilqisi va u davron Qaydofasi qatlga yetdi.

Gavharshod oqo muborak soyali va baland martabali, shiori pokizalik va iffat pardasiga o‘ralgan, xatti-harakati odilona va qilmishlari pok, oliyhimmat va ulug‘ orzuli, iffat pardasida Robia sifatlik va pokizalik yoping‘ichida Zubayda yanglig‘ bir malika edi. Uning ezgu fazilatlari adolat nigoristoniga soyabonu maqtovli qilmishlari oliyjanoblik debochasiga mundarija edi. U shuhratli bonudan tiriklik olamida ko‘p xayrli yodgorliklar qoldi: dorussaltana Hirotning shimolida Baytulmag‘fira, Mashhadi muqaddasda Masjidi Jome. Bu xayrli imoratlar uchun unum ish ekin yerlari va munosib asbob-mablag‘larni vaqf qildi. Buyuk tangrim undan qabul etsin. Bu imoratlar sifatlaridan ba’zilari o‘tgan yillar voqealari orasida o‘tdi. U yaxshi nomli bonuning manzil va maqomi g‘orati omga uchradi va ellik yil muddat ichida nimaiki ja’mlagan bo‘lsa, barchasini zamona qahrining izg‘irini taraf shamolida uchirdi...

Izohlar: 1. Xoqoni sa’id — “baxtli xoqon”, Shohrux Mirzoning laqabi. 2. Mahdi ulyo — “Oliy belanchak”. Odatda valiahd shahzoda onasi bo‘lgan malikalarga beriladigan laqab. 3. Humoyun mavkab — podshoh va uning arkoni davlati. 4. Bilqis — podshoh va payg‘ambar Sulaymonning xotini. 5. Saqirlot, qatiyfa — qimmatbaho matolarning nomlari. 6. To‘qquz-to‘qquz — turkiy xalqlarda martabali shaxslarga qilinadigan sovg‘alar, odatda, har jinsdan to‘qqiztadan bo‘lgan. 7. Kofuriy — oq rangli modda. 8. Shingarf — bo‘yoq turi. 9. Mirzo Ibrohim — Gavharshodbegimning suyukli nevarasi Alovuddavlaning o‘g‘lidir.

Fors tilidan Asomiddin O‘rinboyev tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.