Tabiiyki, Lev Tolstoyning quyidagi nordon gaplarini o‘qib, buyuk yozuvchiga nisbatan shubhangiz ortmasa ham, harqalay, hech bo‘lmaganda ajablanib qo‘yasiz:
“U juda rasvo yozadi, ataylab xunuk yozadi, ha, ishonchim komilki, ataylab, erkalik qilib shunday yozadi. U tilni zo‘rlaydi; “Telba”da u: “Tanishuvni surbetlarcha tiqishtirish va afishalashtirish”, deb yozadi. Chamamda, u “afishalashtirish” so‘zini begona, g‘arbcha so‘z bo‘lgani uchun atay buzib ishlatgan. Ammo uning tilida kechirib bo‘lmas xatolarni topish mumkin. Telba: “Eshak — yaxshi va foydali odam”, deydi-yu, bunga hech kim kulmaydi. Holbuki, bu so‘zlar kulgi qo‘zg‘aydi yoki qandaydir e’tiroz uyg‘otadi. Bu so‘zlarni uch opa-singil oldida aytadi. Ular esa telbani kalaka qilishni yaxshi ko‘rishadi. Ayniqsa, Aglaya shunday. Bu kitobni yomon deyishadi, ammo eng yomoni shuki, undagi Mishkin epileptik. Agar sog‘lom odam bo‘lganida, uning soddadilligi, beg‘uborligi bizni maftun qilardi. Ammo uni sog‘lom qilib ko‘rsatish uchun Dostoyevskiyda jasorat yetishmagan. U sog‘lom odamlarni yoqtirmasdi. U o‘zi bemor bo‘lgani uchun dunyoni bemor deb bilardi...”.
* * *
Jahon adabiyotining shoh asarlari, deya tan olingan “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar”, “Qimorboz”, “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “O‘lik uydan maktublar”, “Aka-uka Karamazovlar” singari nodir adabiy obidalarning muallifi sifatida shuhrat qozongan ulug‘ adib xususida shunday keskin tanqidiy gaplarni aytish joizmidi? Lev Tolstoy shunga o‘xshash shafqatsiz tanqidiy mulohazalarni dunyo adabiyotining ustunlari sanalgan V.Shekspir ijodi va hayoti haqida ham hech ikkilanmasdan aytganligiga nima deysiz? Demak, ilgari buyuklar bir-birini ayashmagan, yuzing-ko‘zing demasdan haqiqatni ochiq-oydin aytaverishgan. Endi Belinskiyning so‘zlariga e’tibor bering: “Lermontov ko‘p jihatdan Pushkindan minnatdor bo‘lgani singari, garchi janob Dostoyevskiy ham ko‘p jihatdan Gogoldan minnatdor bo‘lsa-da, lekin Dostoyevskiy aslini olganda aslo Gogolning taqlidchisi emas, balki o‘ziga mustaqil talantdir va g‘oyat zo‘r talantlardandir”.
Dobrolyubov Dostoyevskiyning “Bechora kishilar” qissasi xususida fikr yuritar ekan, yozuvchi yaratgan obrazlarning aksariyati realistik obrazlar bo‘lmay, balki “Hafsala bilan tasvirlangan yaramasliklar, yovuz va hayosiz xususiyatlarning yig‘indisi”dan iboratligini qayd etib o‘tdi. Dobrolyubov “Ezilgan kishilar” maqolasida “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” romanining avra-astarini ag‘darib tashladi.
To‘g‘ri, Dostoyevskiy “Bechora kishilar”ni yigirma besh yoshda, “Oq tunlar” qissasini yigirma yetti yoshda yozgan. “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” romanini esa qirq yoshida yaratgandi. Demak, u shu yoshida ham ulug‘ tanqidchining qamchisiga bardosh bergan.
Gapning ochig‘i, Dostoyevskiy kaltakni yeb, jim ketaveradiganlardan emasdi. U 1861 yildayoq maqola yozib, unda badiiylik to‘g‘risidagi masala ustida munozara boshlab, Dobrolyubovni badiiylikni kamsitishda, san’atga manfaatparastlik bilan munosabatda bo‘lishda aybladi.
* * *
Ulug‘ yozuvchi Dostoyevskiyning hayoti nihoyatda qiziqarli, ziddiyatli, aytish mumkinki, hatto fojiali bo‘lgan. Uning tuzukroq yostiqdoshga yolchimaganini tadqiqotchilar afsus bilan yozadi.
“Bechora kishilar” qissasi bilan bahor osmonida chaqnagan chaqmoqdek ko‘ringan, harbiy kiyimda kamtargina bo‘lib yuradigan Dostoyevskiy Semipalatinskda yuragi bir hapqirib ketadi. Uning nozik hissiyotlarga to‘la qalbini zabt etgan ayol shahar amaldorlaridan biri Isaevning xotini Mariya Dmitrievna edi. U bilan uchrashuv shunchalik hayajonli kechadiki, hattoki ular bir-birlariga oshiqu beqaror bo‘lib qolishadi. Keyin bilsa, Mariya ko‘zni o‘ynatar darajada go‘zal bo‘lgani bilan ko‘ngilni aynitar darajadagi xunuk jihatlari ham bor ekan! Tajangligi, sirkasi suv ko‘tarmaydigan fe’l-atvori, qiliqlari odamning joniga tegib ketardi. Shunday ayolni nega sevib qoldi ekan? Buning ustiga, hali eridan ajrashmagan bo‘lsa... Uning muhabbatiga hatto Mariyaning qaysar, xarakteri og‘ir o‘g‘li ham g‘ov bo‘lolmadi. 1821 yili tug‘ilgan, so‘qqabosh bo‘lib yurgan Fyodor Mixaylovichning birdaniga oilali, bolali ayolni sevib qolgani ko‘plarni hayratlantirdi.
Eri Isaevni juda olis joyga xizmatga yuborishgani uchun Mariya ham u bilan birga ketib qoladi. Beadad ayriliq onlari boshlanadi. Sog‘inch hissi Dostoyevskiyning yuragini o‘rtaydi. Nihoyat, eri ichkilik balosidan qazo qiladi. 1855 yil avgust oyida Mariya qarz olib, uni dafn etadi.
Kambag‘allik Mariyaning joniga tegadi, kechalari uxlay olmaydi, qarzlari ko‘paygandan-ko‘payaveradi.
Dostoyevskiyning sabr-bardoshini qarangki, hatto Mariyaning eri o‘lganidan so‘ng ham bir yarim yil kutdi. So‘ngra 1857 yil 6 fevral kuni ularning to‘yi bo‘lib o‘tdi.
Lekin huriliqo Mariya fe’l-atvoridagi salbiy jihatlar — urushqoqligi, janjalkashligi Dostoyevskiyni bezor qilib yuboradi. Mariya Dmitrievnaning bu xarxashalari, ayniqsa, o‘pka sili dardiga giriftor bo‘lganidan keyin avjiga minadi. Turgan gapki, bunday injiqliklar adibning sevgi olovida yongan yuragini muz kabi yaxlatib yuboradi. Endigina qad rostlagan oila qo‘rg‘onining tiniq ko‘zgusiga darz ketadi.
Uch yildan so‘ng ular boshqa-boshqa shaharda — Mariya Moskvada, Dostoyevskiy esa Peterburgda istiqomat qila boshlaydi.
1864 yili fojialar boshlandi. Aprel oyida ayoli Mariya, 25 sentyabrda do‘sti va safdoshi, shoir va tarjimon Apollon Grigorev qazo qildi. Yozda to‘satdan akasi Mixail Mixaylovich olamdan o‘tdi.
* * *
Mariya ulug‘ yozuvchining hayotida shunday o‘chmas iz qoldirdiki, adib uni hatto asariga prototip qilib ham oldi. Negaki, o‘zi yaxshi bilgan, anglagan inson xarakterini romanda aks ettirish o‘ng‘ayligini u yaxshi bilar edi. Talantli adib uchun o‘zi his etgan, ko‘rib-bilib yurgan, bevosita ishtirokchisi bo‘lgan voqea-hodisalarni tasvirlashdan ham qulayi bormi? Uning ba’zi romanlaridagi obrazlarni eslasak, ularda ayni Mariya xarakteri aks etganiga ishonchingiz komil bo‘ladi. Misol uchun, “Aka-uka Karamazovlar” romanidagi Grushenka, “Telba” asaridagi Nastasya Filippovna obrazlarini bir eslang. Yoki “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” romanidagi Natasha, “Jinoyat va jazo”dagi Katerina Ivanovna obrazlari Dostoyevskiyning ilk ayoli Mariya Dmitrievna xarakteriga o‘xshab ketadi. Tabiiyki, yozuvchi yuqoridagi ayol qahramonlarga Mariya xarakteridagi ijobiy tomonlarni, shuningdek, undagi jizzakilik va tajanglikni singdirib yubora olgan. Natijada biz tilga olgan romanlardagi kuchli xarakterlarning tabiiyligi, hayotiyligi ta’minlangan.
Turli xil fojialarga to‘la xarakterlar yaratgan Dostoyevskiyning o‘z hayoti ham fojialarga limmo-lim edi. U 27 yoshdayoq Petroshevskiyning siyosiy to‘garagida qatnashganligi uchun chor hukumati tomonidan osib o‘ldirishga hukm qilingan. Hukm, ijro etilish arafasidagina, surgun jazosi bilan almashtiriladi. To‘rt yillik katorga, olti yillik Sibir surguni jabri... Adib 1859 yilda surgundan ozod bo‘lib, Peterburgga qaytib keladi.
U surgundagi yillarida “Nahotki endi qo‘limga qalam ushlamasam, agar yozmasam o‘lib qolaman-ku. O‘n besh yilga qamalsam ham qo‘limda qalam bo‘lgani yaxshi edi”, deb zorlanadi.
Surgundan qaytganida Dostoyevskiy 37 yoshda edi. Bu yoshda, masalan, Pushkin o‘ziga haykal qo‘yib ulgurgandi.
1856 yil 1 oktyabrda unga — Semipalatinskdagi 7-batalon harbiy xizmatchisiga — praporshik unvoni berilgan. 1859 yili esa, Omsk qal’asining sobiq siyosiy mahbusi Tver shahriga jo‘natilgan, harbiy xizmatdan ozod etilgan. Mana, endi u erkin qush...
Ehtimol, Sibir surgunida jabru jafolardan yelkasi yag‘ir bo‘lmaganida “O‘lik uydan maktublar”dek hayotiy, badiiy jihatdan xiyla pishiq asar dunyoga kelmasmidi? Sibir, qamoqxonadagi chirkin hayot tasviri bunchalik tabiiy chiqmagan bo‘lardi, balki...
Nihoyat, Dostoyevskiyning hayot osmonida baxt yulduzi charaqlay boshlagandek bo‘ladi. Negaki, adib endigina yigirma ikki yoshga qadam qo‘ygan Apolinariya Suslovadan ehtiroslarga to‘la ishqiy maktub olgan edi. Xotinining injiqliklariga dosh berolmagan yozuvchi uchun bu ayni muddao bo‘ladi. Biroq uning sevinchi sarob bo‘lib chiqdi. Apolinariyani qattiq sevib qolgan bo‘lsa-da, bu ayol ham adibning zimiston bo‘la boshlagan ko‘nglini yorita olmadi.
Dostoyevskiy adabiyot fondidan 1500 rubllik zayom olgandi. Bu mablag‘ hisobiga ular Frantsiyaga borishmoqchi edi. Nima bo‘ldi-yu, Apolinariya Parijga Dostoyevskiydan oldin jo‘nab ketadi. Bu ham kamlik qilganday, ispaniyalik bir erkak bilan tanishib ham oladi. Avvalgi, Peterburgdagi ishqiy kayfiyatdan asar ham qolmaydi. Ular o‘rtasida jarlik paydo bo‘ladi. Eng yaxshisi, ajralib ketish... Chunki Apolinariya ispaniyalik yo‘lovchiga turmushga chiqmoqchi ekanligini ochiqdan-ochiq aytishdan ham uyalmaydi.
Oradan ko‘p o‘tmay ular birgalikdagi hayotiga nuqta qo‘yishdi: kechagina bir-birlarini jonlaridan ortiq ko‘rgan er-xotin ajralishdi-qo‘yishdi. Ularning sevgisi tez so‘nishida, aksariyat tadqiqotchilarning fikricha, Fyodor Mixaylovichning aybi kamroq. Negaki, Apolinariya sevgisi omonat ekanligini keyingi yillarda yanada yaqqolroq namoyon etdi. Birinchidan, umr yo‘ldoshga yolchimadi. Ikkinchidan, kim bilan oila ipini bog‘lamasin, sal o‘tmay chirt etib uzib ketaverdi. Misol uchun, qirq yoshni qoralaganida endigina o‘n sakkiz bahorni qarshilagan faylasuf V.Rozanovni yoqtirib qoldi. U Rozanovga ham vafo qilmadi: qo‘l siltab ketdi-qoldi.
Tabiiyki, adib hayotining ma’lum bir qismida o‘chmas iz qoldirgan Apolinariya Suslova Dostoyevskiyning yuragida qaysidir jihatlari bilan muhrlanib qolgandi. Shu boisdan bo‘lsa kerakki, bu o‘ziga xos huriliqo va fikr-o‘ylari tez o‘zgarib turadigan ayol qiyofasini asarlarida gavdalantirishga ham imkon topa oldi.
Mana, masalan, “Qimorboz” romanidagi Polina obrazi ko‘p jihatlari bilan yodingizda muhrlanib qoladi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, hayotdagi Apolinariya Suslova bilan romandagi Polina bir-birlariga juda-juda o‘xshash. Anglaysizki, adib Suslovani Polina obraziga bekorga prototip qilib olmagan ekan!
Fyodor Mixaylovichning “Qimorboz” romani yozilishi tarixini eslaganda kishi kulishni ham, achinishni ham bilmay qoladi. Yashay desa, cho‘ntagida puli yo‘q. Nima qilsin? Adib ikki o‘t orasida. Buyog‘i noshir Stellovskiy bilan shartnoma qo‘ygan. Vaqt esa zuvillab o‘tib ketayotir. Shartnoma muddati tugashiga bir oydan ortiqroq fursat qolgan. Pul izlab qayoqqa boshini ursin?
Aslida, yozuvchi romanini “Qimorboz” deb emas, “Reletenburg”, deya nomlagan edi. To‘g‘ri, tafsilotlar, hatto qahramonlar xarakteri, xatti-harakatlarigacha miyada pishitilgan. Uni yanada tezroq yozishning esa imkoni yo‘q. Ikki oyog‘i bir etikka tiqilgan kunlarning birida tanish-bilishlardan biri joniga oro kiradi. U roman matnini tezda ko‘chirib beradigan stenografistka qiz topib berishini va’da qiladi.
Tabiiyki, adib suyunib ketadi. Anna Grigorevna Snitkina degan qizni unga tavsiya etishadi. Endigina yigirma yoshni qoralagan qiz yozuvchiga dastlab yoqmaydi. Adib qirq yoshdan allaqachon o‘tib ketgan, ikki marta uylangan, buning ustiga kambag‘al, kasalmand. Qizga e’tibor ham berib o‘tirmaydi. Kechqurun keling, balki ishlab ketarmiz, deydi sovuqqina qilib.
Gimnaziyani tugallaganiga ko‘p bo‘lmagan qiz dastlabki kunlari ishlari unchalik o‘ngidan kelmaganligidan xijolat bo‘ladi. Axir, u ro‘parasida turgan mashhur bu adibni ko‘rishni, u bilan gurunglashishni havas, hatto orzu qilgandi. Ajoyib asarlarini o‘qib huzurlangandi, romanlari, qissalari qahramonlari hayoti qizni larzaga solgandi. Endi bo‘lsa... O‘sha taniqli adib ishga taklif qilib o‘tiribdi. Bundan ortiq baxt bormi?! Tabiiyki, qiz dastlab suyunib ketgandi. Ishlash kechqurun — soat sakkizga qoldirilgach esa, negadir ko‘ngli biroz g‘ash bo‘ladi.
Nima bo‘lsa bo‘lar, deb kech tushishi bilan u yana keladi. Lekin, omadni qarangki, yoshlari o‘rtasida katta farq bo‘lsa-da, ular tezda til topishadi.
Anna Grigorevna boy-badavlat bo‘lmasa-da xiylagina jahldor bu adibga ko‘nikib ham qoladi. Yozuvchining injiqliklari, kasalmandligi ularning inoqlashuviga xalal bermaydi.
Ular bir-birlari bilan apoq-chapoq bo‘lib ketadilar. Hatto biri ikkinchisini sal vaqt ko‘rmasa turolmaydigan darajada sog‘inishardi.
Turgan gapki, stenografistkaga aytib yozdirilgan asar noshir Stellovskiy belgilagan muddatdan oldin — 1866 yil 29 oktyabrda tugallandi. Bunda yoqimtoy qiz Anna Grigorevnaning ulkan hissasi borligidan ko‘z yumib bo‘lmas edi.
Ilk muvaffaqiyatdan ruhlangan adib yeng shimarib ishlay boshlaydi: “Jinoyat va jazo” romanining davomini yozishga kirishadi.
Gapning ochig‘i, dastlab Anna yozuvchining o‘zi o‘ylagandek emasligini bilgach vahimaga tushib qoladi. Dostoyevskiy oldiga qo‘yilgan taomni yog‘och qoshiqda tanovul qilar, buning ustiga qo‘liga pul tushsa orqa-oldiga qaramasdan xarj qilib yuboraverardi. Go‘yo madaniyatdan uzoq odamday tuzukroq kiyinishni ham bilmasligi qizni hayratga soladi. Endi bo‘lsa mana shunday odamni bir ko‘rishdayoq yoqtirib-sevib qolganiga nima deysiz?
Tavba, mehr-muhabbat qo‘yish uchun boshqa tuzukroq — chiroyliroq, yoshroq erkak qurib ketganmidi, deysiz beixtiyor. Fyodor Mixaylovichning faqat mashhur yozuvchiligini aytmasa... Jahli hamisha burnining uchida turadigan, yoshi qirqdan oshib ketgan odamni sevish...
Dostoyevskiyga ham oson tutib bo‘lmasdi. Ayoli Apolinariya boshqaga turmushga chiqib ketib qolgan, o‘gay o‘g‘lini boqishga majbur. Shu boisdan, bir oqsoch ayolni xizmatkorlikka yollagan edi. Buning ustiga qashshoqlik balosi ezadi, qarzlari anchagina. Horg‘in, hayot azob-uqubatlari ezib qo‘ygan, norozi qiyofadagi bu odam Anna Grigorevnadek yoshgina sohibjamol qizga yoqib qoldi.
Annaga dastlab ellik so‘m pul berib, o‘sha adibga biroz ishlagin, deya tayinlashgandi. Ammo qiz adibga butunlay bog‘lanib, uni ko‘rmasa turolmaydigan darajaga yetadi.
1867 yilning 15 fevralida ularning to‘ylari bo‘lib o‘tadi va adib vafot etgunga qadar — 1881 yilgacha birga yashashdi.
Fyodor Mixaylovich qazo qilganida Anna endigina o‘ttiz beshga qadam qo‘ygandi. Ammo adibdan bir necha farzandlar, o‘nlab shoh asarlar qoldi.
Anna Grigorevna yozuvchining og‘ir va uqubatli hayotiga sherik bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, avvalo, muhtojlik Dostoyevskiyning yelkasidan zil-zambil yuk bo‘lib bosib turardi. Ikkinchidan, undagi tutqanoq dardi ancha yillardan beri azob berardi. Buning ustiga, Sibirda surgunlik yillaridagi azob-uqubatlar asorati bezovta qilardi. Bular ham kamlik qilganday, yostiqdoshga yolchimaslik, hadeb umr yo‘ldoshni yangilayverish...
Aslini olganda, Dostoyevskiyning muchali chayon bo‘lib (24 oktyabrdan 22 noyabrgacha tug‘ilganlar shu muchalga tegishli), bu davrda dunyoga kelganlarga quyidagicha ta’rif berilgan: «Muchal sohibi juda hissiyotga boy, tashqi ko‘rinishidan bosiq bo‘lsa-da, jahli tez. Agar uni sevib qolsangiz ko‘p qiyinchiliklarga bardosh berishingizga to‘g‘ri keladi. U hech qachon tuyg‘ularini ochiq namoyon qilmaydi. Sizni ko‘pchilik oldida izza qilishi mumkin. Shunga bosiqlik bilan chidasangiz baxtga erishasiz. Bu muchal sohibini bir ko‘rgan odam hech qachon unutmaydi. “Chayon” kishilarning xotirasida quvnoq va dilkash, yoki jahldor, kamgap odam qiyofasida saqlanib qoladi. Uni hech qachon yengib bo‘lmaydi. “Chayon” go‘zallik va boylik shaydosi. U hamisha sevib yashaydi...»
Dostoyevskiy xarakterida, muchalida ta’riflanganidek, fazilat va qusurlar yo‘q emasdi. Lekin Anna Grigorevnaga uylanganidan keyin serjahlligi biroz yo‘qolgandek, hayotidan mamnunlik hissi zimiston ko‘nglini charog‘on etgandek bo‘ldi.
Ammo... Baribir, nima bo‘lganida ham o‘lim jazosiga mahkum etilgani uning ruhiyatiga qattiq ta’sir etgandi. Aks holda, ijodining asosiy qismini o‘lim mavzui egallamagan bo‘lardi. “Mas’uma” hikoyasidagi tafsilotlarni, “Jinoyat va jazo” romanidagi Raskolnikov obrazini bir eslang. Ulardagi o‘lim dahshati sizni ham vahimaga soladi. Adib o‘lim jarayonini, holatini asarlarida erinmasdan, hafsala bilan tasvirlaydiki, demak, yozuvchining o‘zi bir vaqtlar o‘lim jazosi ijrosini hayajon bilan kutganida ko‘nglidan o‘tgan adoqsiz, qayg‘uli his-tuyg‘ular romanlari, qissalari, hikoyalari tasvirida qo‘l kelgan. Misol uchun, “Kulgili odamning tushi” hikoyasini o‘qisangiz o‘lim haqidagi tasavvurlaringiz yanada kengayganini his etasiz. Bir qarashda Dostoyevskiy ezmalik qilayotgandek tuyuladi. Diqqat bilan mutolaa qilgan kishi bu so‘zamollik emas, balki tafsilotlar, voqealar, obrazlar tadqiqi, o‘ziga xos batafsil tasvir uslubi, mavzuni ichdan yoritish, uning tub-tubidagi noma’lum mo‘jizalar bilan kitobxonni oshno qilish usuli ekanligiga ishonchi ortadi.
* * *
Dostoyevskiyni qiynagan, unga hamisha ruhiy azob beradigan narsa oldingi ayollaridan keladigan xatlar edi. Buni so‘nggi umr yo‘ldoshi Anna Grigorevnaning kundaligidagi quyidagi yozuvlardan ham ilg‘ab olish qiyin emas. “Ko‘p o‘tmay xayolimda uyga qaytish va Fedyaning yozuv stolidan topilgan xatni o‘qish fikri chaqmoqday “yalt” etdi. (Albatta, erkak kishiga yozilgan maktubni yashirincha o‘qish yaxshimas. Ammo, bundan o‘zimni saqlashga qurbim yetmadi. Xat S.dan (adibning ikkinchi ayoli Apolinariya Suslovadan — J.X.) edi. Uni o‘qiganim sari shunaqa hayajonlanib ketdimki, ochig‘i nima qilishni bilmay qoldim. Bir paytlar bog‘langan ko‘ngillar shafag‘i boz yorishayotganday, uning menga nisbatan ishq yulduzi so‘nayotganday tuyuldi. Bundan dahshatga tushmay bo‘ladimi? Ey xudo, menga bunday baxtiqarolikni ravo ko‘rma! Men butkul g‘amga botdim”.
Boshqa bir kuni esa Anna Grigorevna quyidagicha zorlanadi: “Ahvolimiz og‘ir va tayanch nuqtani topolmasdan azob va tashvishda yuramiz. Bu nochor ahvoldan chiqishimizga o‘zing ko‘mak ber, xudoyim. Agar tirikchiligimiz ko‘ngildagidek, pulimiz yetarli bo‘lganida edi, o‘rtamizdagi muhabbat haqqi, dunyoda bizdan baxtliroq kishilar bo‘lmasdi. Uyga qaytganimga yarim soatlar bo‘lgandi, qovog‘idan qor yog‘ib Fedya kirib keldi. Choyga o‘tirganimizda menga atayin stolni surib qo‘yayapsan, deya gina qildi”.
Dostoyevskiyning ayoli o‘z kundaliklarida adibning injiqliklari, qo‘rs va tajang bo‘lib yurgan kunlari haqida ham batafsil yozishni unutmagan: “... uyqum qochib, o‘zimni qo‘lga ololmay turganimda xirillashidan birdan Fedyani tutqanoq tutayotganini sezib qoldim. Ochig‘i, xudo ohimni eshitgan ko‘rinadi. Sonechka yo Misha (tug‘ilishi kutilayotgan farzandlarimizni u shunday atamoqchi) hozircha tutqanoqdan biror-bir zarar ko‘rganicha yo‘q. Ko‘p sinadim. Tutqanoq oldidan uyqum qochgan yo uxlolmayotgan bo‘laman, bunaqada qo‘rqish, dovdirash yaramaydi. Ishqilib, bolamizning to‘rt muchasi tugal bo‘lsin-da.
Shu lahzadayoq to‘shagimdan uchib turib, shamni yoqdim va uning oldiga bordim. Menimcha, bu safargi tutqanog‘i kuchli bo‘lgan, u holsiz, hatto kuchsizgina ihrab qo‘yardi. Yo rabbim, uning shu lahzadagi qiyofasiga boqsangiz edi. Azobdan burishgan yuzini ko‘rib kapalagim uchib ketdi. U go‘yo to‘ngib qolganday, ayniqsa, burni ko‘karib yotardi. O‘lib qoldi-yov, deb o‘yladim. Bundan meni dahshat bosdi”.
Eru xotin o‘rtasidagi bunday dahshatli holatlar ularning hayotini “bezagan”, ko‘ngil uylarini obod qilgan, deb o‘ylaysizmi? Bu voqealar ortida qanchalik ruhiy ezilishlar, dilxiraliklar... Ammo bularning birortasi Anna Grigorevna bilan Fyodor Dostoyevskiy o‘rtasidagi buyuk muhabbatga rahna sololmadi. Ular umr bo‘yi bir-birlariga sadoqatli, mehr-oqibatli bo‘lishdi, birgalikda kechirishgan o‘n to‘rt-o‘n besh yillik hayot sevgining qudratini namoyon etdi. O‘limidan to‘rt yil avval Peterburg Fanlar akademiyasining muxbir a’zoligiga saylangan Fyodor Mixaylovich rus adabiyotida Lev Tolstoy bilan deyarli teng tilga olinadi.
Darvoqe, bu ikki ulug‘ adib hayotlarida qanday tafovutlar bo‘lgani haqida eshitganmisiz?
Lev Nikolaevich boylikdan, mol-dunyodan qisilmaganini yaxshi bilasiz. Hatto qashshoqlarga mulklarini tarqatib berganidan xabaringiz bor. Fyodor Mixaylovich esa, butun umr kambag‘allik azobini tortgan. Doim odamlardan qarz olib, ulardan qutulish payida bo‘lgan. Lev Nikolaevich esa, Sofya Andreevnaning yozishicha, oilasi uchun aytarli tashvish chekmagan, kuch sarflab bir narsa qilmagan.
Hayotining so‘nggi yillarida Dostoyevskiy umr yo‘ldoshi Anna Grigorevnadan minnatdor bo‘lib so‘zlaydi. Lev Nikolaevich esa ayoli Sofya Andreevnadan zorlanib gapiradi. Bular oilaviy hayotda ikki buyuk yozuvchi ikki olam bo‘lganligini ko‘rsatadi. Ivan Voliginning “Dostoyevskiyning so‘nggi yillari” kitobida bu haqida batafsil fikr yuritilgan. Hatto shunday xulosaga kelish mumkinki, Lev Tolstoy oilani birinchi o‘ringa qo‘ymagan, vaqtini va kuch-quvvatini ijodga bag‘ishlagan. Dostoyevskiy ham butun umrini ijodga sarf etgani holda, asarlaridan kun kechirish uchun ham foydalanishga majbur bo‘lgan, ijod qilib pul topishga intilgan.
Shaxsiy kutubxonamda bundan qirq bir yil oldin nashr qilingan “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” romani (Habiba Ziyoxonova tarjimasi) saqlanadi. “Telba” va “Jinoyat va jazo” kitoblari ham turli yillarda bosilib chiqdi. Negadir Olim Otaxonov ulug‘ yozuvchining “O‘lik uydan maktublar” romanini to‘liq tarjima qilmadi. Tohir Malik, Nurbek kabi tarjimonlar ham bu borada ancha ish qilishdi. Ibrohim G‘afurovning mashaqqatli mehnati tufayli buyuk yozuvchining bir necha asari o‘zbek tilida bosilib chiqdi. Ammo Dostoyevskiydek buyuk adib adabiy merosining, ehtimol, o‘ndan bir qismigina tarjima qilinib o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etilgani unchalik maqtanadigan hol emasdir. “Iblislar”, “Xilvatdan maktublar”, “Netochka Nezvanova”, “Amakining tushi”, “Bechora kishilar”, “Stepanchikova qishlog‘i va uning fuqarolari” singari o‘nlab asarlari, “Kundaligi”, “Xatlar”i, “Hikoyalar” kitobi o‘zbek tilida chiqsa, deb orzu qilamiz.
Shu o‘rinda dunyoning genial adiblaridan atigi ikkitasining so‘zlariga e’tibor qaratsak. Mana, G.Markesning fikri: “O‘z oldingga yuksak namunalarga tenglashish vazifasini qo‘yib yozishing lozim. Men uchun ana shunday namunalar Sofokl, Dostoyevskiy”. Ch.Aytmatov fikri: “Tolstoy va Dostoyevskiy haqiqiy klassiklardir”.
Hech shubhasiz, Shekspir, Tolstoy singari Dostoyevskiy ham jahon adabiyotining cho‘qqilaridan biri sanaladi. Uning sermashaqqat hayoti biz uchun qanchalik qiziqarli bo‘lsa, sermahsul ijodi undan ham ahamiyatli va qadrlidir.
Dostoyevskiy asarlari insonni yashashga o‘rgatadi, xatolardan saboq chiqarishga undaydi. Inson qudrati va fojiasi haqidagi g‘amgin qo‘shiq kabi yangraydigan bu bebaho durdonalar hali asrlar osha odamlarga naf keltirishiga ishonging keladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 42-sonidan olindi.