OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Chashmalardan yig‘iladigan nahrul hayot

http://ziyouz.uz/images/ilm.jpg

O‘zbek tili Markaziy Osiyoda katta bir hududni qamrab olgan, bugun u qirq million, balki ko‘proq odamlarning ona tili. Adabiy til uning ichida – misoli davlat ichidagi davlat, bu davlatning asosi esa O‘zbekistonimiz, qo‘shni davlatlardagi o‘zbeklar asosan o‘z sheva va lahjalarida so‘zlashadilar; adabiy tilning ulardagi rivoji juda ko‘p jihatdan bizga bog‘liq, bizda adabiy til davlat maqomida hamda qonun himoyasida va shu bois bu tilni asrab-avaylash, toza saqlash, chet tillar ta’sirini bir me’yorga keltirish zaruriyati bizning, ko‘proq qalam ahlining zimmasida.

Avom tilining rivoji asrlar ­davomida tabiiy kechdi, o‘tgan asr boshlarigacha arabiy va forsiy tillar bilan doimiy muloqotdan boshqa unchalik ta’sirlarga uchramagan: adabiy til esa avom tili, qora til (ham ulkan, ham ishlov berilmagan, yombi ma’nosida) chashmalaridan chiqadigan zilollardan yig‘ilib, asrlar mobaynida ishlov berilib, sayqal topgan va bugungi zamon talabi ­bilan yana ham sheva ne’matlaridan oziqlanib takomilda kelayotgan ­narqul hayot.

Avom sarfu nahv qoidalarini ataylab o‘rganmaydi, buning unga zarili ham yo‘q, uning tili tabiiy tug‘ma, u til qoidalaridan maxsus dars olmagan holida ham bu qoidalarga to‘kis amal qiladi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, tabiiy til jarayonini ilm uchun biz qoida-qolipga solib o‘rganamiz, nazariya bilan mezon-me’yorlarga solamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda shu mezon-me’yorlar bilan ham ishimiz bo‘lmay qoldi.

Avom tilini, do‘ppini yechib o‘ylasak, xalqning o‘zi buzmaydi, buzadigan yot istiloh-iboralarni bu tirik oqim ustiga biz – qalam ahli sochamiz, xalq esa ularni o‘z talaffuziga moslab, so‘zlashuv nutqiga qo‘shib olib ishlataveradi. Mana, masalan, “varaqa”, “xuruship”, “karcho‘pka” so‘zlarining asli ruschada nima bo‘lganini birdan anglash qiyin: “varaqa” “voroxoochistitel”(ko‘sak chuvish uskunasi)dan, “xuruship” yo “xurushcho‘p” – “Xrushchyov”dan... “Karcho‘pka”ni bolaligimda g‘o‘zaning cho‘pini ildizidan qirqqani uchun o‘zimizning “cho‘p”dan olingan deb o‘ylar edim, bu so‘z “korchyovka”, “korchevatel”dan ekan. Matbuot tiliga o‘zimizdagi sixmola “borona” deb kirgan, xalq “barana” deb qo‘llayveradi. Keng omma uchun begona so‘z kirib keldimi yo o‘z so‘zini buzib ishlatyaptimi, uncha farqi yo‘q, istiloh o‘z vazifasini bajarsa kifoya, lug‘aviy ma’nosi so‘zning a’moli bo‘laveradi. Tilimizdagi talaffuz qonuniyatlari bilan hisoblashmay qanday bo‘lsa shundayicha kiritilgan so‘z-atamalarni xalq o‘z lahjalariga moslab olgan. Bu ham g‘alati jarayon – juda ko‘p xorijiy tillarda chet so‘zlar tubjoy aholi talaffuziga muvofiq qilib iste’molga kiritiladi, biz esa hatto boshqa turkiy tillardan ham farqli o‘laroq, asl holida, hatto biron tovush harfini ham o‘zgartirmay olamiz: “empiriokrititsizm”, “kommunikatsiya” va h.k. Biz qalam ahli “tsement” deb yozamiz, xalq esa “semon” deydi, biz “tsellofan” deb yozamiz, avom esa “salafan” deb ketaveradi. Xalqning aytgani to‘g‘ri, chet atamani uning talaffuziga zo‘rlab tiqishtirgan bizniki noto‘g‘ri. Yapon nasroniylari Iso alay­hissalomni ”Esu Kiristo” (“Esu Kiristo-sama”) deb o‘z talaffuzlariga moslab yozadilar. Bu bilan o‘zlari sig‘inadigan Iusus Xristosga shak keltirgan bo‘lmaydilar-ku. Biz ham rus tilidanmi, boshqa tillardanmi bizda o‘zi bo‘lmagan, muqobil atamasi yo‘q istilohlarni til talaffuzimizga moslab olsak bo‘lmaydimi? Xo‘p, deylik, “tselluloid”ni kim shunday talaffuz qila oladi? “Empiriokrititsizm” degan mafkura so‘zini baribir “imprakratizm” deb ketgan emasmidik? Yozmada bir xil yozib, og‘zakida boshqacha talaffuz etib, tilimizni qiynadik.

Chet istilohlarni shundayicha kiritish ona tilimiz ifoda boyliklarini qashshoqlantiradi. Bu boyliklar ichida tovush talaffuzi ham alohida o‘rin tutadi. Men bu bilan o‘tmishda qolgan atamalarga qaytish kerak demoqchi emasman, buning iloji ham yo‘qdir endi, lekin tilimizda shunaqa so‘zlar bilan birga ularning ohori, tovushning o‘zidagi qadr­don ma’no kengliklari ham orqada qolib ketyapti, ya’ni tilimizda so‘z boyliklari iste’moldan chiqishi barobarida ifoda imkoniyatlari ham torayib boryapti. Ko‘plar “Bayrut”ni “Beyrut”, “Bahrayn”ni “Bahreyn”, “o‘tar”ni “otar”, “Balujiston”ni “Belujiston”, “Tiyonshon”ni “Tyanshan”, “Qoraqurum”ni “Korakorum”, “Baytulloh”ni “Betlexem”, “Damashq”ni “Damask” deb talaffuz qilishda uncha farq ko‘rmaydilar, xuddi “borlaring”, “kellaring” (mas., “Bu yerda turmalaring”) adabiy tilga xilof ekanini bilmaslikka olishdek, lekin ayni shu talaffuzda milliy til ohanglari, shu ohanglar uyg‘otadigan shuurosti sezimlarigacha buziladi. Mana, singarmonizm yo‘qolyapti, uning yo‘qolishi tugul, o‘zi haqida tasavvur ham yitib ketyapti va buning oqibati o‘z navbatida fikr ifodasini qashshoqlashtiryapti.

Germaniyaning “Olmoniya”, Livanning “Lubnon”, Bolgariyaning ­“Bulg‘oriston” bo‘lgani xotiramizdan o‘chyapti, endi o‘zimiz ham “Misr”ni “Yegipet”, “Habashiston”ni “Efiopiya” deyishga o‘tib ketyapmiz. “Ierusalim” Quddusni, “Aljir” Jazoirni siqib chiqaryapti. Vengriyaning “Majoriston”, vengrlarni “madyar”, “major” bo‘lgani o‘tmishga aylandi. Nimaga “Hollandiya”ni o‘rischa yozib, o‘rischa talaffuz qilamiz? Nima uchun xorijiy istilohlarni rus tili orqali ikki aylantirib yozishimiz kerak? Muqobili o‘zimizda mavjud atamalarni ham rus tilidagisini olamiz, o‘zimizda “h” tovush harfi bo‘lgani holda rus tilidagi “g” tovush harfini qo‘llaymiz. “Gonkong”, “Geyne”, “Gyote”... Bunaqa nom, atamalarni sanasak bir qop bo‘ladi.

O‘rganib ketganimiz bois e’tibor qilmaymiz: o‘tgan asr boshlaridan ruscha egalik qo‘shimchasi “-ov”ning keng yoyilishi (turkshunoslikda asli bu turkiy “-ev” (uy, uyi)dan olingan degan qarash ham bor) ismi sharifni aytishda talaffuzni, yozuvda tovush harflarini ham o‘zgartirib yubordi...

Tillarni unifikatsiya qilish, olis kelajakda ular qo‘shilib ketib, bitta umum bo‘lib qoladi degan ishonchdanmi, lug‘atchilarimiz ham ancha o‘rinlarda teskari g‘ayrat ko‘rsatganlar. Ellik to‘qqizinchi yilgi o‘zbekcha–ruscha lug‘atda “Mo‘g‘uliston” – “Mongoliya” deyilib, o‘zbekcha asl istiloh – “Mo‘g‘uliston” eskirgan toifaga kiritilib, “mongollar”, “mongolga oid” deb zamonga moslangan bo‘lsa, sakson uchinchi yilgi ruscha-o‘zbekcha lug‘atda umuman tushirib qoldirilgan. Ya’ni, “mongol” – “mongol”, vassalom! Sho‘ro davrida zimdan yuritilgan til siyosatining oqibatimi, “Vavilon”ni “Bobil” deb eskirgan atamalar qatorida unutishga hozirlab qo‘yilgan. “Baltika” – “Baltika”, “Baltiyskoe more” – “Baltika dengizi” deb yozilib, “Boltiq” istilohi qavsga olinib, buning ham “kovushi“ to‘g‘rilangan.

Ba’zan lug‘atchilarni ham tushunolmaysan: “mыs Dobroy Nadejdы» – «Yaxshi niyat buruni», «Berega slonovoy kosti» – «Fil suyagi qirg‘oqlari” deb o‘zbekchaga o‘girilgan bo‘lsa, mas., “Drakonovыe gorы» – “Drakon tog‘lari” deb ag‘darilganki, tilmochlikning tamoyil-tayini bo‘lganmi o‘zi degan shubhaga borasan, kishi. Bu lug‘atlardan maqsad o‘zbek tilining so‘z boyliklarini ochib berishmi yo tilimizga rus tilini kiritishmi, deb gumonsirab, lug‘at zahmatkashlarida milliy oriyat tuyg‘usi juda zaif ekaniga amin bo‘lasan.

Talay-talay baynalmilal istilohlar endi o‘zimizniki bo‘lib ketdi. Albatta, ko‘pining tilimizda muqobili azaldan bo‘lmagan. Eski lug‘atlardan ularga muqobil axtarish befoyda, lekin atamani o‘z tilimiz boyliklariga suyangan holda yangidan yasash mumkin, lug‘atlarimizda esa buning tersi: istilohni tayyor holicha o‘zga tildan ko‘chiradilar yoki muqobilini izlashga erinib o‘zlari mafhuman tarjima qilib qo‘ya qoladilar: “gus – erkak g‘oz”, “vitrina” – “vitrina”, “magazin vitrinasi” (“peshoyna” yoki “peshtaxta”, “do‘kon”ni go‘yo bilmaydilar).

Chet tillar oldida o‘z tilimizning qadrini tushirmasligimiz kerak. Misol uchun, shahrimiz ko‘chalariga bir qarang! Uchrashuv, konferentsiyalarning taklifnoma yo dasturlarini olaylik: inglizcha yo ruscha tarjimasi bor, o‘zbek tilida yozilgan qismi ham yo inglizcha, yo ruscha terminlarga to‘lib toshgan. Beparvomiz. Mana, «mыshka», «prezentatsiya», «layk» («layk qilmoq»), «parol», «login», «post» «status», «mobil versiya», «domen», «operator», «moderator», «chat» va hokazo shunday o‘nlab atamalarni qanday bo‘lsa, ­shundayicha o‘zimiz tilimizga kirityapmiz, bularning anchasi o‘zbek tilida muqobiliga ega, yo‘qlarini esa bor so‘zlarimizdan yaratishimiz mumkin. Lekin shunga qaramay, ­chetdan kirib kelayotgan so‘zlarga tilimiz to‘ridan joy beryapmiz.

Ko‘p xorijiy atamalar adabiy tilga singib ketgan, lekin avom tilida kam qo‘llanadi. Bu ham tabiiydek tuyuladi. Masalan, “shimol”, “janub”, “sharq”, “g‘arb” atamalari asosan yozma nutqda, ilmiy ma’ruza, ma’lumot beriladigan holatlarda keng iste’molda, ammo hali-hanuz so‘zlashuvda uncha ko‘p qo‘llamaymiz. Avom hali ham “kunbotish”, “kunchiqish”ni ma’qul ko‘radi, shevalarda esa ana shu to‘rt arabiy istilohning sof o‘zbekcha muqobillari bor: “betkay“, “terskay“, “chiqish”, “kunchiqish”, “botish”, “kunbotish”. “Kuntug‘ar”, “to‘manbet” (g‘arb) “orqabet”, “orqovul” (shimol, ba’zi shevalarda g‘arb ham), “manglaybet”, “o‘ngbet”, “kunyurar” (janub), “obqora” (janubi g‘arbiy) va hokazo. Mana bir-ikki misol: “Kun yurarga uch chaqirim yursang, yetasan”, “Obqoraning shamoli turdimi, havo yog‘adi”, “Kunchiqar yorishibdi” – har bir so‘zi yuqumli-suykumli, har bir tovush harfi qadrdon lo‘nda-yig‘noq jumlalar. Adabiy tilda bu xil “eskirgan” istilohlarimizni keyingilari bilan muvoziy tarzda, masalan “to‘manbet, ya’ni g‘arbdan”, deb ishlatsak, shu tarzda til boyliklarimizni yanada tiklab borish mumkin-ku.

Yo‘q, zamon talabi deb yopishib qolganmiz, “tuppa” ming yillik taomimiz bo‘lsa-da, “lapsha”da oy ko‘rganmiz, har kuni o‘n martalab “lapsha”ni reklama qilaveramiz. Qiziq, o‘zimizda mavjud istilohlar o‘rniga o‘rischasini qo‘llamasak, ­birov urishadimi!

TV-radio tili alohida murakkab til, u keng ommaga aytiladi va omma bilan doimiy muloqotdaligi bois bu til adabiy til bilan so‘zlashuv tili o‘rtalig‘idagi martabada bo‘ladi, undagi nutq ishlov berilib, tajribadan o‘tib, xatboshilardan tortib o‘qishda urg‘ularning joy-joyiga qo‘yilishigacha qoidalashgan til. U qanchalik ravon, jonli tilga qanchalar yaqin bo‘lsa, unga ishlov berilganini tinglovchi shuncha sezmaydi. Lekin eshituvchi sezmas ekan deb sidirg‘asiga, nafas rostlamay, surib ketaverish insofdan emas. Atay shevada “vottilash”, “mag‘an-sag‘an”, “buytib-shuytib”, “galdi-gatti” qilish (TV-radioda shevada gapirgan odam ataylab qiladi, chunki u maktabda adabiy tilda o‘qigan, baloday biladi ham), o‘zidan boshqa shevalarga bepisandlik, umuman elga behurmatlikdan boshqa narsa emas. Shuning uchun ham ekranda gapirgan odamning, hatto talaffuzidagi sheva ham eshitganning g‘ashiga tegadi.

Bugungi kunda chet so‘zlar yozma adabiyot, matbuot, ommaviy nashrlar, radio-TV, ko‘chaning yozuv va shiorlari, reklama matnlari orqali kirib kelayotir. Bir-bir yarim asr burun avom tili har biri nisbatan ihotalangan shevalardan iborat bo‘lib, adabiy til asosan bitma kitoblarda muhrlangan, istifodasi maktab va madrasalar ta’siriga bog‘liq kechgan, boshqacha aytsak, axborot-kommunikatsiya ko‘lamining torligi adabiy til taraqqiysiga ham uncha erk bermagan. Toshbosma matbaaning paydo bo‘lishi gazetachilik rivojiga olib keldi va natijada adabiy tilning istifoda ko‘lami kengaya boshladi. Gazeta-jurnal, kitoblarning ko‘plab chop etilishi, keyinroq radio, undan so‘ng televideniening paydo bo‘lishi adabiy tilni umumtasarruf miqyosga olib chiqdi. Jumladan, matbuot va televidenie keng xalq ommasini qamrab oldi, OAV adabiy tilda bo‘lishi lozimligi bois, bugungi kunda o‘zi shu til o‘rgatuvchi martabasiga ko‘tarildi. Burunda shoirlar oldingi bitmalardan, baxshilar xalq orasida yurib adabiy tilni (ming afsuski, endiga kelib sheva boyliklari kabi folklor tilini ham adabiy tildan sal mundayroq ko‘ramiz, uning xazinasiga mahliyo bo‘lganimiz holda, adabiy tildan juda kam foydalanamiz) o‘rgangan bo‘lsa (bu gap ham havodan nafas olgan deganga o‘xshaydi), bugun esa o‘rgatuvchilikning asosiy yuki OAV, xususan ­radio va TVning zimmasiga ­tushyapti.

Qiziq bir o‘rama halqa hosil bo‘ladi. Mana, lug‘at izohida yozadilar: “Kam qo‘llanadigan, eskirgan, dialektal va folklorga oid so‘zlarning hozirgi o‘zbek adabiy tilida mavjudligini tasdiqlash, ularning individual qo‘llanishini ko‘rsatish uchun, zarur o‘rinlarda, o‘zbek badiiy adabiyoti, folklor va matbuotdan tsitatalar keltirilgan eskirgan va dialektal so‘zlardan o‘zbek sovet yozuvchilari asarlarida ko‘p uchraydiganlari, ko‘chma ma’noda ishlatiladiganlari yoki maqol va matallar tarkibida uchraydiganlarigina olingan so‘zlar yoniga tegishli pometalar qo‘yilgan”. Bu izohning ikki jihatiga e’tibor qiling: “o‘zbek badiiy adabiyoti, folklor va matbuotdan tsitatalar keltirilgan eskirgan va dialektal so‘zlardan o‘zbek sovet yozuvchilari asarlarida ko‘p uchraydiganlari yo maqol va matallar tarkibida uchraydiganlarigina olingan so‘zlar yoniga pometa qo‘yilgan” – ya’ni bularga ahamiyatsiz degan tamg‘a bosilgan: ikkinchi jihati lug‘atda so‘z shunaqa toifalangan bo‘lsa, demak ko‘pi “eskirgan”, “kitobiy” sifatida safdan chiqarilib, til boyliklari toraytirilgan, oqibatda “badiiy asar – lug‘at – badiiy asar” tor o‘ramasi yuzaga kelgan va bu o‘rama hozirgacha ochilay demaydi. Shevalarimizdagi so‘z boyligi har biri o‘z elatining ko‘chasida bee’tibor qolgan. Holbuki adabiy til sheva, dialekt, lahjalardagi so‘z zahiralari hisobiga tinmay ­boyib, rivoj topib borishi kerak. Ishlatilmay yotgan zahiraning ko‘lami nihoyatda keng. Hatto adabiy tilga asos qilib olingan qarluq-chigil-uyg‘ur shevalarining (fonetika Toshkent, grammatikasi Farg‘ona shevalaridan) o‘zidagi rang-baranglik ham hali to‘lig‘icha o‘rganilmagan. Siz T.Nafasovning “Qashqadaryo xalq so‘zlari”, B.To‘ychiboyev va Q.Qashqirlining “Zominning til qomusi” degan tadqiqotlarini yana bir o‘qing, ne-ne so‘z boyliklarimiz qaerlarda ko‘milib yotganiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Ayni paytda chet so‘z, iboralarning o‘rinli-o‘rinsiz tarzda iste’molga kirishi, gap tarkibida sun’iy ifodalarning paydo bo‘lishi chet tillar ta’siri va kommunikatsiya oqibati o‘laroq tilimizning buzilish holatlarining avom tiligacha kirib borishi ham shular tufaylidir.

Yana misollarga qaytamiz. Mulohaza uchun reklamadan bir misol: “Uzoq va qulay hayot kechiring!”. Bunaqa masxarasi o‘ziga esh jumlalarni har kuni o‘n martalab ko‘ramiz, eshitamiz, fikri balog‘atga yetmagan bola-yoshlarning qulog‘iga quyamiz. “Buni bilishni xohlardim deb o‘ylardim”, “Aksariyat bug‘uchalar shu yerda dunyoga kelishadi”, “Bu hududda juda irodali jonzotlar yashashadi”, “Ular (ya’ni pashsha) bu yerlarda ko‘ldan ko‘lga uchib hayot kechiradilar”, “Oddiy ko‘z bilan ham bu betakror manzaraning shohidi bo‘lish mumkin”, “Bu zaminning musaffo osmonida Andi kondorlari parvoz qilishadi”, “Gobi bo‘rilari quvlashadi” (tuyani), “bo‘rilar foydalanishadi”, “bo‘rilar bo‘g‘izlashadi”, “Devorlarga ishlov berilgan somon qatlami yemirilib tushgan”, “Qal’a devorlari loydan tiklangan”– bu qanaqa til o‘zi?

G‘aliz jumla, xato so‘zni qancha ko‘p gapirsangiz, shuncha ko‘nikasiz, g‘aliz-xato ekani bilinmay qoladi. Quloq o‘rgangani, ko‘nikkanimiz bois shunisi tabiiydek tuyuladi, sirtdan o‘zbekcha, lekin bir razm soling: birinchisi “Ya xotel bыetogo znat” iborasining juda beo‘xshov o‘girilishi; undan keyingi jumlada hayvon ko‘plikda aytilyapti, “bug‘uchalar” deb “olenyonki”dan shundoq ag‘darib qo‘ya qolingan; shuni “Aksariyat bug‘u shu yerda bolalaydi”, desa bo‘lmaydimi? Undan keyingisida yana shu: hayvon ko‘plik fe’lida xuddi sizlangandek; “iroda” insonga, hayvonga nisbatan esa “chidamli” so‘zi qo‘llanadi. “Bu yerlardagi jonzotlarning joni qattiq” desa odamga sal tushunarli bo‘larmidi? Bo‘ri(lar) qanday qilib foydalanishadi? Bir narsadan foydalanish uchun aql bo‘lishi kerak-ku. Bo‘rilar quvlashib o‘ynashmayapti, balki o‘ljaning iziga tushgan, uni quvlayapti. Keyin, bo‘ri tuyani odamga o‘xshab pichoq bilan bo‘g‘izlamaydi, bo‘g‘izlab ketadi. To‘g‘rirog‘i, bo‘ri tuyaga “teginadi” yoki uni “oladi”.

Navbatdagi jumlani o‘zimiz gapirgandek osongina qilib “Devorning somon suvog‘i ko‘chib tushgan”, oxirgisini “Qal’a devori paxsadan (tiklangan)”, desak bo‘lmas ekanmi? Rus tilida “paxsa”ning muqobili yo‘q, ularda loy ham, uning quritilgani ham, tuproq ham “glina” deyiladi (“glinobыtnaya stena” – “paxsa devor”). “Oddiy ko‘z” degani nimasi, Anddan boshqa “Andi” tog‘i ham bormi? Kondorlar parvoz qiladi, “qilishadi” emas! Pashshalar “hayot kechiradilar”mi?

Bunday o‘ylab qarasang, ko‘pincha muqobili bo‘laturib, ba’zi hollarda esa ilojsizlikdan kiritilgan yot so‘zlarning uncha ham zarari yo‘qdek tuyuladi, loydan tiklangan, desa nima bo‘pti, odamlar tasvirda paxsa ekanini ko‘rib turibdi-ku, “matras” “to‘shak”ka nisbatan tushunarli, ham aniq, hamma nima desa, shuni qilaylik-da. Endi “barana” (“borona”)dan “sixmola”ga qaytib qancha baraka topardik! Silovsin bilan qoraquloqni ko‘rmagan bo‘lsak, farqini bilmasak, ikkovi ham yo‘q bo‘lib ketayotgan bo‘lsa, ularni “yovvoyi mushuk” deganimiz o‘ng‘ayroq emasmi? (Bir filmda ruscha “karakal” o‘zbekchaga “karakol” deb o‘girilgan, holbuki “qoraquloq” deb o‘girilsa bo‘lardi) Oldingi lug‘atlardan birida “dvoynik” – “hamaft”, “hambet” deb tarjima qilingan ekan (“betdosh”, “aftdosh” demabdi yaxshi ham). Men shu ba’zi lug‘atlarni varaqlab talay atamalar tarjimasi lug‘atchilarning o‘z ijodi emasmikan degan shubhaga boraman. Masalan, “Serna – tog‘ ­kiyik, qora echki”. “Serna”ning tubi turkiy emasmikin, yo‘q esa qora tilda “tog‘ kiyik”, demaydilar, keyin bu o‘zi kiyikmi, echkimi, uning aniq bir atamasi bo‘lishi kerak. Balki turdoshligi bordir, lekin bizda kiyik bilan echki farqlanadi.

O‘z tilimiz, sheva so‘z boyliklariga e’tiborsizligimiz tufayli, masalan, ohu, kiyik, maral, bug‘uni ­farqlamaymiz. Sayg‘oqni bir “saygak”, “kiyik” deymiz, bir “ohu”, uning nomini ham ruschadan o‘zbekchalashtirganmiz (ruslarning o‘zi bizdan olgan shekilli), yo‘q esa asl istilohlari bor: “bo‘ka”, “oqquyruq” (Amerika qit’asidagi oqquyruq bilan aralashtirmaslik kerak). “Kiyik bolasi” deymiz, “quralay” esa folklorda qolib ketyapti yo ko‘chma ma’noda ishlatiladi (“ko‘zlari quralay”). Bir filmda gnu antilopasi “gnu ohusi” deb tarjima qilindi. Gnu – gavdasi qoramoldek, shoxi ham buqa shoxiga mengzash yirik hayvon, biz esa ohuni nozik kiyik sifatida tasavvur qilamiz. Asl muqobilini bilmagandan keyin har maqomga yo‘rg‘alashning nima keragi bor: “hayvonlarning ko‘payish mavsumi” emish! Bu fasl lug‘aviy ma’nosida ham ko‘payish mavsumi emas, kuyga kelish, kuyikish, iliqish, qochish pallasi. Ko‘payishning jonivorlarning turiga qarab, “qo‘zilash”, “qulunlash”, “kuchuklash”, “bolalash” kabi o‘rnida qo‘llanadigan istilohlari mavjud. Matbuot tilidagi beo‘xshov “qo‘zilatish mavsumi”ni xalq soddagina qilib “to‘l” deydi-qo‘yadi. “Yomg‘irlar mavsumi” emas, “yomg‘ir mavsumi”, aniqrog‘i “yog‘in mavsumi”, yana ham aniqrog‘i “yog‘ingarchilik”, avom tilida bundan ham to‘g‘riroq – “ho‘lgarchilik”.

Muammoning yana bir jihati bor. Men hujjatli filmlarni juda yoqtiraman, ko‘p ko‘raman. Turli mamlakatlardagi odamlarning turish-turmushi, har xil yurtlarning tabiati, hayvonoti, nabototi haqida. Bu filmlar chet ellarda juda katta mehnat, undan kam bo‘lmagan mablag‘ bilan yaratiladi. Bir pingvinni suratga tushirish uchun qahraton Antarktidada oylab qolib ketadilar va bu parranda haqidagi jild-jild tadqiqotlar ustida ko‘z nurini to‘kadilar. ­Nahangni tasvirga tushirish va uni gapirib berish uchun u bilan, bilmayman, hayotni garovga qo‘yib, qancha vaqt birga suzadilar. Nahang borasidagi jami adabiyotni titkilab chiqadilar, boshqalar yaratgan ­filmlarni ko‘rib oladilar. E xullas, bu filmlar ming mashaqqat bilan yuzaga keladi va shu mashaqqatlar samarasi o‘laroq tasvirlari ko‘rimli, mazmuni ma’lumotlarga boy, tarjimasiga qarab taxmin qilsangiz, yaratilgan tili ham go‘zal. Xorijiy telekanallarda yaratilgan hujjatli filmlarni rus tiliga qilingan tarjimalarda ko‘raman, ularda har bir giyoh, har bir ashyo, har bir jonzotning o‘ziga xosliklarini aytibgina qolmay, nomigacha, mahalliy aholining o‘zi nima deydi, rus tilidagi muqobili qanday, barchasi aniq-taniq. Lekin biz bunaqa asarlarni ustidan suvab olashovur ag‘daraveramiz. Yaydoq dalami, demak, cho‘l, qumlimi, demak, qum sahrosi, cho‘lmi, unda cho‘l – vassalom! Atamalarning har xilligi, ifoda rang-barangligi, so‘z boyliklari nima kerak, odamlar tushunsa bo‘ldi-da! Toqqa xos so‘zlarni bilib, nima, tog‘chi bo‘larmidik! “Mahobatli”, “osmono‘par” deb qo‘shib qo‘ysak yetmaydimi! Bittasi “jonsiz cho‘qqilar” deb o‘qiyapti, hech bo‘lmasa, o‘rischasini yaxshilab uqqan bo‘lsa ekan: ­“bezjiznennыe skalы»ni shunday o‘girib, cho‘qqini o‘ldiga chiqaribdi. “Bo‘zqoya”, “bo‘sqiyo”ni bilmasangiz, jilla qursa “yalang‘och qoyalar” deb o‘giring, baraka topgur!

Xalqning o‘zi qo‘ygan atamalari aniq-tiniq, sodda va ixcham bo‘ladi.      Masalan, tog‘ning baland cho‘qqisini “osmono‘par qoyalar”, “ko‘kka bo‘y cho‘zgan” deb bo‘yab-bejab cho‘zmaydi, “nurama” deb qo‘ya qoladi (“nurama” qorli yo yaydoq cho‘qqining nur qaytarishidan olingan bo‘lsa ham bordir, yana bilmadim). Cho‘qqi uchi – nuramaning shakl-shamoyili, o‘rniga qarab “qiroq”, “xorra”, “huchchi”, “sala” kabi bir nechta muqobili borki, har biri muayyan o‘shanaqa cho‘qqi yo qoya uchini bildiradi. Xalq “tog‘ning qiyalik joyi” demaydi, balki “enish” deydi, enishning mayda tosh qoplanganini lo‘nda qilib “chag‘il” deydi (“Chag‘il qizima yer bo‘ladi” – bu lo‘nda ibora ma’nosini berish uchun biz qancha ortiqcha so‘z ishlatamiz). “Tog‘ bag‘ridagi ingichka yo‘l” bitta atama bilan “chiziq” deb aytiladi.

Nima bu: nuqul “tog‘”, “qoya” (yo cho‘qqi”), “dara”, toqqa tegishli boshqa atamalar yo‘qmi, deb erinmay lug‘at varaqladim, qarang, qancha atama-nomlarga duch keldim: “qiroq”, (qoyaning usti, “Oy tug‘adi qiroqdan”), “huchchi” (qoya uchi), “shiram” (uzunasiga cho‘zilgan qoya), “sala” (cho‘qqining uch qismi), “qasnoq” (daralarning aylana nuqtasi), “qat” (qir, cho‘qqining baland uchi, unda faqat arxar yuradi), “qatal” (yolg‘izoyoq yo‘li bo‘lgan enish), “chuqun” (tog‘li hududlardagi tabiiy chuqurlik, yashin urib chuqur bo‘lgan joy), “chag‘il” (mayda toshli qiya yonbag‘ir), “chungul” (dara ichida yurish qiyin, chuqur-chop joy), “qasag‘a” ­(quyidan yuqoriga ketgan qat-qat yassi tosh uyumi), “qirrak”, “qisilchang”, “qoyazov”, “chag‘al”, “chag‘at”, “chiyir”, “ching”, “chaltov”, “tarang”...

Cho‘qqi tog‘ning eng baland nuqtasi, u bir tog‘da bitta yo bir nechtagina bo‘ladi, qoya esa o‘nlab, minglab ham bo‘lishi mumkin. Rus tilida “vershina” bilan “skala”ni farq­laydilar, tarjimonlarimiz esa aralash qo‘llayveradilar. Xuddi shunday “skalыstie gorы”ni “qoyali tog‘lar” deb o‘giraveradilar, holbuki tasvirda ko‘rinib turgani faqat bitta tog‘, uni “qoyali” deb aytish ortiqcha. Yassi tog‘ning esa o‘zbek tilida o‘z atamasi bor. Albatta, bu atamalarni, tabiiyki, bilmaymiz, chunki tog‘da yashamaymiz, har kuni toqqa chiqmaymiz. Shu boisdan tog‘da o‘sadigan “umrzoqgul”, “erbahosi”, “echkimchak”, “shatraj”, “qorayaproq”, “qarg‘atirnoq”, “qizilpoycha”, “ayiqquloq”, “shappa”, “beldirg‘on”, “birsepar”, “birchanoq”, “abrik”, “dalachoy”, “karavush”, “bo‘ymodaron”, “darmana”, “dastorbosh”, “guldavg‘ach”, “do‘g‘bo‘yin”, “qilqanot”, “chiranak”. “toshbaqatol”, “janjabil” (“zanjabil”), “igir” kabi o‘nlab giyohlarning (aksariyati dorivor) nomidan ham bexabarmiz (men ham bu atamalarni T.Nafasov, B.To‘ychiboyev, Q.Qashqir­lining kitoblaridan tergilab oldim va hech bo‘lmasa bir yodga olib qo‘yaylik deb, zavq bilan sanayapman). Albatta, tog‘chi odam yo mutaxassis bo‘lmasa, bunaqa atamalarni eslab yurish mushkul, shart ham emas. Lekin shu giyohu o‘tu o‘lanlar o‘z tog‘larimizda o‘sib yotibdi. Tog‘ va uning nabotot dunyosi haqida film bo‘ladimi, maqolami, kitobmi tarjima qiladigan tilmoch bularni bilishi, jilla qursa, lug‘atlardan izlashi kerak. Lug‘at tuzuvchilar ham muqobillarni o‘zidan urchitmay, eski ­lug‘atlarga suyanishi, sheva boyliklaridan izlanishlari lozim.

Mana, masalan, endi keraksizdek bir misolni olaylik. Shevada ­uyurbov – uyurbog‘ istilohi bor, buning izohini qarang: “qora uy tuvurlig‘ining boshiga tikilgan tasma”. Endi bunda “tuvurliq”ni bilmaymiz. Uning ham izohi bor ekan: “Qora uy erganagi bilan tuvur bog‘langan qismidan keraganing chiy yoyiladigan qismigacha yopiladigan to‘rt bo‘lak kigiz”. Endi “erganak” – “qora uy, mol qo‘ra, qo‘tonlarning eshigi”. Xo‘p, “chiy”, “qora uy”, “mol qo‘ra”ni tusmol bilamiz. Qarang-da, qanaqa istilohlarni bilmaymiz, ishlatmaymiz: “qoshg‘ari”, “qushoyoq”, “g‘ildiravik”, “qo‘shqanot”, “qaychiquloq”, “to‘yako‘z”, “to‘dagul”, “barchin”, “qiyagul”, “turum”, “tupak”, “tuynukyopqich”, “tuynukbov”, “qo‘ykuvshurma”, “tuvuq”, “to‘nkarma”, “uvuq”, “uvuqbov”, “chang‘aroq”, “uzuk”, “uzukbov”, “uyqoziq”, “uyarqon”, “uybog‘ish”... O‘tov, qora uyga, uning uzvlariga tegishli mazkur atamalarni yana o‘sha T.Nafasov, B.To‘ychiboyev, Q.Qashqirlining tadqiqotlaridan oldim. Shu boyliklar endi go‘yo keraksiz, og‘zakida qolib ketgan eskilik!

Bunaqa atama, istilohlar adabiy tilga ham kirmagan, ularni yozishga biz qalam ahli injilamiz, ko‘pimiz bilmaymiz ham, bilish shart emas deb qaraymiz, lekin tubi biz bilan bir turkiy tilli qo‘shnilarimiz qora uyning har ashyosigacha nomma-nom biladilar, uni ehtirom qiladilar. Biz nimaga o‘tmishimizni esdan chiqarishimiz kerak? Til o‘tmishidan yuz burish – o‘zligidan yuz burish, so‘z boyliklarini surrogat atamalarga almashtirish – bu tafakkurni surrogat qolipga solib, adabiy tilni muayyan tushovga solib qo‘yishdir. Ming yil ilgarigi “Devonu lug‘atit turk”dan bu yog‘iga taraqqiyda bo‘lgan tilimizni bugun nima ahvolga solayotganimiz o‘zini o‘zbek deb o‘ylaydigan, o‘zini fikr qilguvchi hisoblaydigan har bir fuqaroning o‘z taniga aqllashadigan muammosi va shunga beparvoligi uchun vijdoni, oriyati oldida, qolaversa, davlat tili haqidagi Qonun oldida javob beradigan masaladir. Zero, davlat qanaqadir bir umumiy makon emas, u – o‘zimiz, har birimiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 25, 28-sonlaridan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.