“To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, yoshlar bugun axborot va ma’lumotlarni asosan Internet orqali olyapti, dunyoni televidenie, kompyuter orqali taniyapti. Ota-onasi, o‘qituvchilari ming targ‘ib-tashviq qilmasin, bugungi yoshlar “O‘tkan kunlar”, “Urush va tinchlik” kabi mumtoz romanlarni yoppasiga o‘qiyapti, deb ayta olamizmi?
Modomiki, shunday ekan, endi odamlar, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb faqat nolib o‘tirmasdan, ana shu ta’sirchan zamonaviy axborot vositalari orqali adabiyotimizni keng targ‘ib etish, xususan, Internet imkoniyatlaridan foydalanib, yetuk badiiy asarlarni yoshlarga yetkazish ustida ham jiddiy bosh qotirish zarur, deb o‘ylayman”deyiladi Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor, ma’naviyatga – kelajakka e’tibor” risolasida.
Zamondosh inson kundalik hayotini internetsiz tasavvur qilish qiyin. Chunki har bir inson o‘ziga kerakli muloqot vositalaridan unumli foydalansa, hayotining qaysidir bo‘g‘ini uchun uning nafi tegsa buning hech qanday zararli tomonlari bo‘lmasa kerak. Kunimizda juda ko‘pchilik (shoir, yozuvchi, o‘qituvchi, jurnalist, san’atkor, sportchi, haydovchi, quruvchi, fermer) ijtimoiy tarmoqlarning u yoki bu turlariga a’zo bo‘lgan. Kundalik hayotini mazmunli va vaqtichog‘lik bilan o‘tkazishning nimasi yomon? Bugungi kunga kelib yer yuzida Facebookdan foydalanuvchilar soni 1,5 mld kishidan oshdi. Jumladan, yer yuzi aholisining 7 % ni tashkil qiladi. O‘zbekistonda Facebookdan foydalanuvchilar soni kundan-kun ortib bormoqda. O‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra foydalanuvchilar sonini quyidagicha ajratish mumkin:
- Biznesmenlar (tadbirkorlar), 2. Adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlar, 3. San’atkorlar, 4. Psixologlar, 5. Har xil kasb-korga oid kishilar.
Facebook – o‘ziga xos muloqot vositasi bo‘lib, kunimizda foydalanuvchilar asosan, chat va yangiliklar, video, fayllar, guruhlar, reklama afishalarni joylash maqsadida murojaat qilishadi. Biz maqolamizda Facebookning bitta qirrasi – u adabiyot o‘rnini bosa oladimi yoki adabiy-badiiy tasavvurlarni rivojlanishiga xizmat qiladimi degan savolga javob topishni maqsad qilib oldik.
Facebook ijtimoiy tarmog‘i O‘zbekistonda urf bo‘lganiga va ommalasha boshlaganiga 6 yildan oshdi. Ijtimoiy armoqning qulay tomoni shundaki, shoir yoki yozuvchilar bilan jonli muloqot qilish imkoniga ega bo‘lishdadir. Muloqot ko‘ngillarni o‘ziga yaqinlashtiradi. Etika, estetika doirasidan chiqib ketmaslik, o‘zbekona sharm-hayo, andisha, o‘zaro hurmat-izzat tarzida olib borilsa, har ikki tomon uchun ham foydalidir. Negaki, matnni e’lon qilayotgan muallif dunyoqarashi bilan o‘sha matnni o‘quvchi dunyoqarashida juda katta farqlar borligini anglash kerak. Facebook adabiyot bo‘la oladimi? Savol javobini har kim o‘zicha talqin qiladi. Facebook bugungi kunda o‘ziga xos adabiyot manbaidir. Kutubxonada, har xil adabiyot saytlarida badiiy matnlar saralangan, sayqallangan, ma’lum kitob holiga, tartibga keltirilgan bo‘ladi. Facebookda esa bugun yoki kechagina yozilgan haroratli to‘rt qator she’r, maqola yoki mulohazalar e’lon qilinib boriladi. Facebook adabiyotining faol vakillari hozir xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat yuritishmoqda. Bir qator shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olim, jurnalistlar, jumladan, Xurshid Davron, Murod Muhammad Do‘st, Ulug‘bek Hamdam, Luqmon Bo‘rixon, Nurulloh Muhammad Raufxon, Isajon Sulton, Shermurod Subhon, Muhammad Ismoil, Xosiyat Rustamova, Oydinniso, Nodira Afoqova, Jabbor Eshonqul, Faxriyor, Sanjar Nazar, Abug‘afur Iskandar, Alisher Nazar, Gulnoz Mo‘minova, Hamidbek Yusupov, Salomat Vafo, Bahrom Ro‘zimuhammad, Botirjon Ergashev, Mavlon Boboxonov, Umid Ali, Xoliyor Safarov, Asliddin Mustafoev, Maqsud Jonixonov, Rahim Jumaniyoz, Odil Ikrom, Shavkat Jo‘rabek, Ruxsora Oripova, Dilbar Rajabova kabilar bu tarmoqning faol a’zolaridan sanaladi. Yuqorida nomlari keltirilgan adibu shoirlar, adabiyotshunosu havaskor qalamkashlarning ijod namunalari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida muntazam ravishda berib boriladi.
Bu tarmoqda ijodkorlar tomonidan maxsus “ijodiy guruhlar” tashkil qilingan bo‘lib, unda asosan shu guruhning mavzu-mundarijasida aks etgan materiallar e’lon qilinadi. Mazkur guruhlar quyidagilardan iborat:
“Adabiyot bo‘stoni”, “Siz o‘qigan ilmiy va badiiy asarlar”, “Bugungi adabiy jarayon”, “XX asr jahon she’riyati” kabi katta mavzularni o‘z ichiga olgan guruhlarni tashkil qiladi. Mazkur guruhlarda nazm, nasr, dramaturgiya, adabiy tanqid va adabiy jarayonga bog‘liq maqolalar, ixcham tadqiqotlar joy egallagan.
Facebook adabiyot(mi?) degan o‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu ijtimoiy tarmoqqa a’zo bo‘lgan va nima maqsadlarni ko‘zlab a’zo bo‘lgan degan qarashlar ham muhokamaga kelib qo‘shiladi. Ya’ni e’lon qilinayotgan she’rlar, ibratli hayotiy fikr-mulohazalar mohiyatida o‘zbek adabiyoti va mumtoz adiblarimiz ijodiy faoliyatiga daxldor baquvvat maqolalarning berib borilishi o‘quvchiga ham vaqtni tejashni, ham zamon bilan birga hamnafas yashash imkonini beradi.
Facebook – adabiyotdir. Avvalari kutubxonalarda izlagan narsalarimizni topish maqsadida borganimizda soatlab qolib ketishga to‘g‘ri kelardi. Endilikda kerakli ma’lumotlarimizni bir paytning o‘zida topib, o‘qib, fikr bildirish imkoni mavjud bo‘lmoqda...
Dunyo avzoyiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlarda bu tarmoqdan foydalanishning o‘ziga xos qonun-qoidalari, dasturlari ishlab chiqilmoqda. Bizda ham buning yorqin amaliy ifodasini ko‘rishimiz mumkin. Fan-texnika taraqqiyoti shunday suratlarda ilgarilash bilan ketar ekan, albatta, adabiyot masalasi yana o‘sha mangu savolligicha qolaveradi. Ijtimoiy tarmoqlardan yoshlarga faqat to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish, “nimalarni olish”, kerakligi xususida tushuncha berish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Internet (Facebook) adabiyoti tarmoqqa a’zo bo‘lganlar soni bilan emas, undan oqilona foydalanayotgan sifat miqdori bilan belgilanadi. “Ha, xavotirga ham o‘rin yo‘q emas, chunki Internet – har kim o‘z fikrini aytish huquqiga ega bo‘lgan umumiy demokratik makondir. Lekin kelajakning muloqot texnologiyasi hozircha mana shu. Baribiram, Internet bir tomondan yangi fenomenni hosil qilgani bilan, yozuvchi yoki o‘quvchisiz mavjud bo‘la olmaydi” (I.Sulton). Zotan, Facebook adabiyoti, deya e’tirof qilinayotgan ijtimoiy tarmoqlar taraqqiyot sari qadam tashlayotgan O‘zbekistonning, hamda yoshlarining barkamol inson bo‘lib ulg‘ayishi, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishiga xizmat qilsa, bas!