Nobel mukofotiga tobingiz qalay?
Keyingi yuz yil ichida adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ijodkorlarning hayoti va ijodi, dunyoqarashi, mukofotni topshirish chog‘idagi ma’ruzalari, umuman, bu nufuzli sovrin atrofidagi rasmiy-norasmiy, oshkora-pinhona gap-so‘zlardan iborat qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishar ekanman, ko‘ngilda ba’zi mulohazalar ham tug‘ildi.
Lev Tolstoy Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishni istamagan. Syulli Pryudom, garchi o‘zi nochor ahvolda bo‘lsa-da, mukofot pulini yosh shoirlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflagan. Alfred Nobel o‘zi joriy qilgan mukofotni “millati va kelib chiqishidan qat’i nazar, eng munosiblar”ga berilishini vasiyat qilgan ekan. Fikrimcha, bu vasiyatga hamisha ham amal qilinmagan ko‘rinadi. Iosif Brodskiy mukofotni olar ekan, “Men bu yerda mendan avval mukofot olganlardan emas, balki munosib bo‘la turib, ololmaganlardan xijolatdaman” degan va Osip Mandelshtam, Mariya Svetaeva, Anna Axmatovaning nomlarini keltirgan. Rossiyalik tanqidchi Vadim Kojinovning fikricha, “mukofotning ba’zi-ba’zida Osiyo va Afrika yozuvchilariga ham berilishi uning xalqaro maqomga ega ekanini ko‘z-ko‘zlash uchun qilinayotgan ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas”.
Dunyo shundayki, har qanday mukammal qaror ham, zarur bo‘lib qolsa, shubha ostiga olinishi mumkin. Zarurat esa kutilmaganda paydo bo‘lib qoladi. Men ayni shu holatga emas, ushbu mukofotga munosib ko‘rilganlarning ayrim fikrlariga qiziqdim.
Yevropada ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan «Yovuzlik» romani muallifi, Nobel mukofoti sohibasi Gerta Myuller xonimning sotsialistik tuzumga bergan bahosi juda aniq va ishonarli chiqqan: «Sotsializmning bosh g‘oyasi shundayki, bu tuzumni qo‘lingdan kelganicha aldashing mumkin, ammo ming uringaning bilan sen uni u seni aldaganichalik alday olmaysan”.
Shimoliy Irlandiyaning Derri grafligida tug‘ilgan Sheymas Xinining fikricha, yer, ya’ni ona-zamin insonlar taqdirining timsol beshigi, unda hamma narsaning asosi va intihosi — yaralish va buzilish, tug‘ilish va o‘lim, mangu orom va qayta kelish... kabi jarayonlar birlashib ketadi. Undan “Sizga Nobel mukofotining berilishi adolatli qarormi?”, deb so‘raganlarida u quyidagicha javob qaytargan ekan: “Asarlari va ijodiy faoliyati munosib bo‘lgan barchani taqdirlashga mukofotlar yetishmaydi. Juda ham oddiy bir ish — bordiyu har bir mamlakatda Nobel mukofotiga munosib darajada ijod qilgan, ammo taqdirlanmagan ijodkorlar ro‘yxati tuzib chiqilsa, masala ravshanlashgan bo‘lardi. Mana, misol uchun, Joys olmadi, Nabokov taqdirlanmadi. Menga bu mukofotni berishganida, dastlab yaqin do‘stlarimga — shoir Tedi Xyuz va dramaturg Brayan Frilga qo‘ng‘iroq qildim, ulardan uzr so‘radim, meni kechiringlar, mukofotni menga adashib berishibdi, loyiq nomzodga berishmabdi, dedim”.
Mukofot sohibi Iosif Brodskiyning quyidagi fikrlari har qanday kishini jiddiy o‘ylantirib qo‘yadi: “O‘zini anglash va tushunish — insonning bosh vazifasi. Uning o‘ziga beradigan birinchi savoli: “Men amerikalikmanmi, italiyalikmi, shvetsiyalik, shveytsariyalik yoki yaponiyalikmi, Xudoga ishonamanmi yo ishonmaymanmi, qaysi din, qaysi falsafaga e’tiqod qo‘yganman — bular haqida emas, aksincha, “Xo‘sh, men o‘zi kimman, qo‘rqoq emasmanmi, odamlar bilan munosabatda qat’iy va jur’atlimanmi, halolmanmi yoki halol emasmanmi, boshqa jins vakillari bilan muomalam qanday, ular bilan kelisha olamanmi — mana shunday savollardan iborat bo‘lmog‘i kerak. Har bir odam bu borada aniq bir qarorga kelishi lozim”.
Aleksandr Isaevich Soljenitsin Nobel ma’ruzasini qilish uchun minbarga ko‘tarilar ekan, hayajon og‘ushida shunday deydi: “Men hamma yozuvchilarga ham nasib qilavermaydigan, nasib qilganda ham faqat bir marta imkon beriladigan ushbu minbarga tekis uch-to‘rtta zinapoyadan chiqib kelganim yo‘q. Aksincha, yuzlab, balkim minglab chala-yarim, muz qoplagan qirrali zinapoyalarni bosib, zulmat qa’ridan o‘lmay chiqib keldim. Boshqalar, ehtimol, mendan ortiq iqtidorli va kuchli bo‘lganlar, halok bo‘lishdi. Minglab orollarga sochilib ketgan Gulag arxipelagida ulardan ayrimlarinigina uchratdim. Ta’qiblarning zil-zambil toshlari va ishonchsizlik oqibatida hamma bilan ham ochilib gaplasha olmadim. Ayrimlari haqida faqat eshitganman, boshqa birlarini tasavvur qilganman, xolos. Adabiyotda nom qozonib, o‘sha jarliklarga qulaganlarning hech bo‘lmasa nomi qoladi. Ammo tanilmagan, nomi ochiq-oshkora aytilmaganlar qancha?! Ulardan deyarli hech kim tirik qaytmadi. Butun boshli milliy adabiyot u yoqlarga nafaqat tobutsiz, hatto ichki kiyimsiz, yap-yalong‘och holda, oyoq barmog‘iga bog‘langan yorliq bilan ko‘mib tashlandi. Biroq rus adabiyoti bir soniya ham to‘xtab qolmadi. Chetdan qaraganda, u o‘lik tuyulardi. O‘rmon gurkirab o‘sishi mumkin bo‘lgan joyda hamma daraxtlar qirqilsa ham yashashda davom etadi, chunki bir-ikkitasi tasodifan chetda qolib ketadi”.
Mukofot sohibi Ivo Andrichning fikricha, tarixda sodir bo‘lgan voqealar, aslida, inson hayotining mazmun-mohiyati haqidagi yagona tarixdir. Albatta, ular qaysi vaqtda, qanday holat va kayfiyatda, nima maqsadda yozilganidan kelib chiqib, shakli, uslubi, yakuniy xulosasi jihatidan farq qilishi mumkin, biroq bir haqiqatni unutmaslik kerak — tarix hech qachon o‘zgarmaydi.
Nobel mukofotining boshqa bir sohibi Sen-Jon Pers o‘z ma’ruzasida e’tiborni muhim bir jihatga qaratadi: “Nima uzoq yashaydi: fikrmi yo she’riy farosat? Faraz qiling, tun qorong‘uligida ikkita tug‘ma ko‘r paypaslanib borishyapti. Biri ilm bilan qurollangan, ikkinchisi esa ichki sezim bilan harakatlanadi. Qaysi biri bu vaziyatdan oldin chiqadi, qaysi birining dilida yo‘l ko‘rsatuvchi yorug‘lik ko‘proq? Javoblarni farqlash qiyin... Poeziya, nafaqat dunyoni bilish, balki u hayotning o‘zi hamdir. Shoirlik qabilachilik davrida yerto‘lalarda yashagan odamning qalbida ham bor edi, u atom asri odamining ruhida ham yashaydi”.
Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganida endi qirq to‘rt yoshga kirgan Alber Kamyu o‘z ma’ruzasida hayajonini yashirmaydi: “Har bir odam, ayniqsa, san’atkor obro‘ orttirishni istaydi. Men ham shular qatoridaman. Sizlarning qarorlaringizni eshitib, uning qimmatini o‘zim bilan taqqosladim. Axir, hali yoshman, yagona boyligim turfa xil shubhalaru yozilmagan kitoblarim bo‘lsa, ishda ham, o‘zaro munosabatlarda ham yolg‘izlikka o‘rganib qolgan bo‘lsam, qo‘qqisdan meni osmonu falakka chiqarib qo‘yadigan qarorni eshitganda sarosimaga tushmay bo‘ladimi? Yashirib o‘tirmayman, men sarosimaga tushdim, ichimda bir hayajon qalqdi. O‘zimni bosib olish uchun menga bu qadar saxovat ko‘rsatgan qismat bilan hisob-kitob qilishimga to‘g‘ri keladi. Men o‘zimni bunday martabaga loyiq, deb hisoblamayman. Ammo, aytishim zarurki, butun umrim davomida turli vaziyatlarga duch kelganimda menga madad bergan bir narsa bor, bu — mening san’at va yozuvchi mas’uliyati haqidagi tasavvurlarim...”.
Amerikalik yozuvchi Uilyam Folkner ijodi bilan tanish bo‘lmagan kitobxonlar unchalik ko‘p emas. Adibning o‘zi esa ijodi, asarlari va musharraf bo‘lgan mukofotlari bois shuhrat pillapoyasiga ko‘tarilishni mutlaqo istamagan. Suhbatlaridan birida qabr toshiga bitiladigan: “U kitoblar yozdi va olamdan o‘tdi” degan bir jumla hayotining ma’no-mohiyati, o‘y-qarashlari, jamiki intilishlarining maqsad-muddaosi ekanligini ochiq ta’kidlaydi. “Ba’zi yozganlarimga imzo qo‘ymasam to‘g‘ri bo‘lardi”, deydi.
“Qalbaki pul yasovchilar” romani bilan yigirmanchi asrning yetuk yozuvchilari safidan joy olgan frantsuz adibi Andre Jidning mukofot to‘g‘risidagi fikri esa butunlay boshqacha: “Uzoq yillar mobaynida mening ovozim sahroga singib ketayotgandek tuyulardi, — deydi u Shvetsiya Akademiyasiga yozgan minnatdorlik maktubida. — Keyinroq esa bu ovoz juda ozchilikka yetib borayotgandek taassurot bilan yashadim. Ammo bugun sizlar mening o‘sha ozchilikka ishonganim to‘g‘ri bo‘lganini isbotlab berdingiz...”.
Nemis romannavisi, tanqidchi va publitsist German Gessening adabiyot, madaniyat va ma’naviyat to‘g‘risidagi fikrlari o‘zining jozibali ta’sir kuchi bilan e’tiborni tortadi: “Men butun odamzotni ma’naviy jihatdan bir qolipga tushirib qo‘yish maqsadida milliy xususiyatlarni dazmoldan o‘tkazish tarafdori emasman. Yo‘q, bu go‘zal va betakror zaminda turfa xil ranglar, xilma-xillik, izchil yuksalish bo‘lsin. Turli irq va elatlarning, turli tillarning, son-sanoqsiz dunyoqarashning mavjudligi — buyuk hodisa”. Adibning ma’naviy kamolotga doir fikri shuki, “Biror bir maqsad yo‘lida tahsil olishning o‘zi haqiqiy ta’lim bo‘la olmaydi. Kamolot yo‘lidagi har qanday intilish singari, haqiqiy ta’lim ham o‘ziga xos teran mazmunga ega. Jismonan baquvvat, epchil va kelishgan qad-qomatga erishishga intilishdan maqsad boy-badavlat bo‘lish, shon-shuhratga burkanib yashash, cheksiz qudrat sohibiga aylanish emas. Biroq bu intilish tufayli bizning hayotga muhabbatimiz yanada ortadi, yanada shodmon va masrur bo‘lamiz, o‘zimizni sog‘lom his etamiz, turli xil tajovuzlardan yaxshiroq himoyalanamiz. Shunga o‘xshash, ta’lim olish, ma’naviy-ruhiy barkamollikka erishish — mahdud bir a’molga olib boradigan iztirobli yo‘l emas, balki ongimiz, dunyoqarashimizni kengaytiradigan quvonchli hodisadir... Ana shunday ta’limga olib boradigan yo‘llar ichida eng muhimi — jahon adabiyotini o‘rganish, ko‘pgina xalqlarning yozuvchi va mutafakkirlari asarlaridagi bizga o‘tmishdan tuhfa bo‘lib qolgan noyob fikrlar, qimmatli hikmatlar, boy tajriba va ramzlar xazinasini izchillik bilan o‘zlashtirishdir”.
1933 yilda asarlari bugun ham e’tibor bilan o‘qilayotgan Buninga Nobel mukofoti beriladi. Bu paytda u xorijda, muhojirlikda yashayotgan edi. Yozuvchi Boris Zaytsev akademiya qaroridan ta’sirlanib, shunday degan ekan: “Qarang-a, biz — muhojirlar, ikkinchi darajali odamlar bo‘lsak, muhojir yozuvchiga mukofot berishibdi-ya. Siyosiy yozishmalari uchun emas, harqalay, badiiy ijodi uchun”.
Shunisi ajablanarliki, o‘tgan yuz yil ichida adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan badiiy asarlarning juda ko‘pi oradan hech qancha vaqt o‘tmay adabiy jamoatchilik e’tiboridan tushib qolgan. Bugun ularni boshqa mamlakatlardagina emas, mukofotga sazovor bo‘lgan mualliflarning vatanida ham yaxshi bilishmaydi. Bu asarlarni kutubxonalarning nodir asarlar saqlanayotgan maxsus bo‘limlaridan topish mumkin. Topilganda ham, bugungi o‘quvchi uchun u qadar qiziqarli emas. Nega endi shunday?
Bu savolga boshni ko‘p qotirmay ham javob bersa bo‘ladi. Gap shundaki, mukofot qo‘mitasining ba’zi qarorlari o‘sha paytning o‘zidayoq jiddiy e’tiroz va istehzolarga sabab bo‘lgan. Ba’zi mualliflar mukofotga sazovor bo‘lganlarini eshitib, taajjubda qolishgan. Chunki shved akademiklari, birinchi navbatda, dunyoda kechayotgan murakkab ijtimoiy-siyosiy, diniy-irqiy va boshqa g‘ala-g‘ovur jarayonlarni, adabiyotga bevosita daxli bo‘lmagan yana ko‘plab holatlarni hisobga olishadi. Bu, bir qarashda, o‘zini oqlagandek tuyuladi. Ammo u yoki bu asarning adabiyot tarixida qolishini u qanday mukofotga sazovor bo‘lgani emas, badiiy va estetik qudrati hal qiladiki, bu haqiqatni aslo rad etib bo‘lmaydi.
Ko‘ngilda tug‘ilgan mulohaza shuki, o‘zbek adabiyotida yaratilgan bir emas, bir necha asarlarni keyingi yuz yillikda Nobel tojini kiygan asarlar bilan bemalol yonma-yon qo‘yish mumkin...
Ahmad OG‘A
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 37-sonidan olindi.