“...Hoji bobo, kitobdagi (“Jangnomayi Abomuslim Sohibqiron” nazarda tutilyapti, — I.Q) bir masalaga shubha qilib qoldik. Abo Muslimi sohibqiron bilan Nasirisayyor Beor dashtu Xurosonda jang qilganda ul janobning boshlariga-ku Nasirisayyor to‘qson olti ming botmonlik gurzigaron bilan urgan edi. Shunda ul janob tizzagacha yerga botgan edilarmi, yoki belgachami?”.
“Shum bola” filmi yoki asari haqida gap ketganda dastavval shu lavha xayolimda jonlanadi. Va G‘afur G‘ulom istehzosiga ich-ichimdan tasanno aytaman. Biroq o‘ylantiradigani mana shu achchiq tabassumning klassikaga aylangani, ya’ni uning mangulik to‘nini kiyayotganidir. Bilasiz, bu “purma’no fikr”lar mullayu mudarrislar tomonidan aytilyapti. Ya’ni o‘z davrlarining “olimu fuzalolari”. Mana ularni tashvishlantirayotgan mavzu!
Bir o‘ylab ko‘raylik... Yigirmanchi asrning boshlari... Dunyo qay ahvolda? Nigohini samoga tikkan alloma Ulug‘bek kashfiyotiga qariyb besh asr bo‘lgan... Rossiyada teatr reformatori Konstantin Stanislavskiy va Nemirovich-Danchenko sa’y-harakati bilan Moskva badiiy teatri allaqachonlar o‘z ishini boshlagan. Teatr san’atida keskin islohotlar kechayotgan palla... “Esini yo‘qotib qo‘ygan Dunyo” esa Alfred Nobel vasiyati tegrasida charx urib aylanayotgan kezlar... Kommunikatsiya tushunchasi insoniyat hayotining ajralmas qismiga aylanib bo‘lgan... Yevropada shaxmat taxtasi jang maydoniga aylangan. Lasker degan bir nemis yahudiysi Steynitsdan olgan tojini kubalik yigitdan himoya qilish bilan ovora. Yerning yana allaqaysidir burchagida esa “kino” degan “dunyocha” paydo bo‘lib, unda Devid Griffitu Chaplin degan odamlar yashay boshlagan... Xullas, bu davrda dunyo “Hamlet”, “Faust”, “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Urush va tinchlik” kabi hodisalardan sarmast edi. Ehtimol, Markaziy Osiyo hududi asosan quruqlikda joylashgani tufayli, dengiz yo‘llari bo‘lmagani bois bizda jarayon sust kechgandir. ...Shunday bo‘lsa-da, milliy uyg‘onish davri ma’rifatparvarlarining qalbiga quloq solasan: dunyo olimlari olamshumul kashfiyotlar xaqida bosh qotirib, osmon ilmini o‘rganayotgan pallada bizning mullalarimiz madrasa hujrasiga o‘ng oyoqda kirish kerakmi, yo chap oyoqda deb bosh qotirib yurganlar!
Bugun nega yana o‘sha eski gaplarni qo‘zg‘ayapsan, dersiz. Albatta, ma’lum bir fikrga o‘z-o‘zidan kelib qolmaysan. Nega deganda, bugun gazeta-jurnal va televideniedagi turli chiqishlar, san’at haqidagi ayrim kitoblar yuqoridagi manzarani bot-bot esga solyapti. Tanqidnamo yoki tanqid ohangini eslatuvchi nelarnidir fahmlagudek bo‘lasanu, lekin o‘sha havoyi tanqidni suyab turguvchi fikrga duch kelmaysan. Ayniqsa, san’at va adabiyot haqida gap ketganda bu kemtikliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ayrim maqolalarni gazetada va yoki qo‘lyozma nusxasida o‘qish asnosida shunday fikrlarga duch kelamiz: “Filmlarimizda qahramonlar ota-onaning yuziga tik qarab «Sizning oq fotihangizsiz ham yashayveraman», deydi. Biz ekran orqali nimani targ‘ib qilyapmiz?”, “Har bir film millatni ulug‘laydigan, Vatanni sharaflaydigan bo‘lishi kerak. Fellini va Raj Kapur ham shu orqali o‘z mamlakatlarining dovrug‘ini dunyoga olib chiqqanlar!”. Endi sariq matbuotda ishlaydigan hamkasblar fikriga qarang: “Qaysi filmni qaramang, hammasida Ulug‘bek Qodirov. Nima bundan boshqa aktyor yo‘q-mi?” “Ulug‘bekning reytengi tushib ketdi. Filmlarga tushmay qo‘ydi. U havolanib ketgani bois rejissyorlar uni taklif qilmay qo‘yishdi”. Kechirasiz, bu kabi yig‘indi gaplarni ko‘chadagi allakim emas, universitetni tamomlagan, o‘zini oliy ma’lumotli sanagan, qo‘lida “jurnalist” degan diplomga ega kishilar aytyapti. San’at haqida gap ketsa, san’atkor tomoshabinni o‘z ortidan ergashtirishi kerak, deb ayyuhannos solinadi. Endi ayting-chi, qalam ahli kimning yoki nimaning ortidan ergashib ketyapti?..
Butun boshli asar haqida birgina jumladan kelib chiqib hukm o‘qish qay darajada to‘g‘ri? Bu tarzdagi “tahlilcha”lar bizni asosiy manzildan chalg‘itmaydimi? Shu borada rejissyor Jahongir Qosimov bir misolni aytgan edi: “O‘tgan kunlar” filmida bir noo‘rin kadr bor. Lekin tomoshabin buni unutadi... ahamiyat bermaydi. Filmda Kumush Otabekka chap qo‘lda choy uzatadi. Ehtimol, bu chindan ham aktrisaning xayolida bo‘lmagandir yoki kadrga to‘g‘ri kelmagandir. Agar shu film “millatparvar” odam qo‘liga tushib qolgudek bo‘lsa, gapni aynan shu joydan boshlaydi va butun boshli filmni yo‘qqa chiqaradi. U uchun mana shu kichkina bir detal qarshisida filmning san’at asari sifatidagi qiymati hech narsa emas!” San’at asarlariga nisbatan bu tarzdagi yondashuv “Lisonut tayr” dostonidagi Hindistonga borib qolgan ko‘rlar haqidagi mashhur rivoyatni ham eslatadi. Filning xartumidan ushlab, “bu ajdahoga o‘xshash bir narsa ekan” degan sho‘rlikning ahvolini yodga soladi. Ular o‘zlari uchun ko‘nikma bo‘lib qolgan tushunchadan bir on ham siljiy olmaydilar. Qo‘l tegib turgan narsadan-da, boshqa narsalar ham bo‘lishi mumkinligini esa tasavvur qilishga haqiqatanam ojizlik qilishadi.
...Biroz ortga chekinib, nigohni “oq fotihangizsiz ham yashayveraman” degan “beadab” qizga qaratsak... Agar maqsad tanqid bo‘lib, professional nuqtai nazardan filmlarga ko‘z yugurtiradigan bo‘lsak, ulardan yetarlicha kamchiliklar topish mumkin. Lekin bu tarzdagi havoyi tanqidlar bilan faqat o‘zingni fosh etasan, xolos. Avvalambor, mohiyatga sal chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, filmda bu gap tilidan ko‘chgan qizda ruhiy muvozanat buzilgan. U bir dardmand. Zero, kuchli hayajon ichida har qanday sipo-vazmin qizda ham kutilmagan telbaliklarni uchratish mumkin. Qolaversa, muhabbat targ‘ib-tashviq qilinadigan dard emas. Agar ishonmasangiz, odamlar orasida bir so‘rovnoma o‘tkazing, “Sen muhabbat tufayli katta merosni, jamiyatdagi mavqeingni boy berasan. Shunga tayyormisan?” qabilida savol bering-chi, qani, bizning zamondosh pragmatiklarimizdan nechtasi “ha” deb javob berarkan. Qolaversa, shu ko‘yga chalingan odamlarning o‘zidan hol so‘rasangiz, ular oyoqlaringiz ostiga yiqilib “Meni shu darddan xalos et”, deb yolvorishsa kerak.
Bu tarzdagi o‘y-fikrlardan so‘ng o‘ylab qolasan, xon harami ostonasini o‘ziga ep ko‘rmagan, ota-onasi va ukalarining hayotini tahlika ostiga qo‘yib, yarim tunda erkakcha kiyimda ota hovlisini tark etgan Ra’no o‘z davri — muhiti uchun qanchalar o‘gay farzand bo‘lgan ekan-a?
Kumushbibi jozibasidan ko‘ra Ra’noning mardligi ko‘proq o‘ylantiradi. Ayni damda zamondoshing qiyofasida marg‘ilonlik suluvni emas, Ra’noni ko‘rging keladi. O‘zbek adabiyotida yaratilgan ayol qahramonlar orasida eng zalvorlisi ham shu bo‘lsa kerak. Nazarimda, yozuvchi sharq ayollarida ko‘rishni orzu qilgan shiddatu qat’iyatni shu qahramoniga singdirgandek. San’at tili bilan aytganda, Ra’no obrazi zamirida aktrisa mazza qilib o‘ynashi va ter to‘kishi mumkin bo‘lgan, aktyor imkoniyatlarini charxlaydigan boy manba bor. Lekin u feministka emas! Kechirasiz-u, o‘sha davrda Ra’noning xon haramini o‘ziga sharaf deb bilgan, o‘nlab dugonalari bo‘lmagan deysizmi? Qayta-qayta murojaat etsa-da, hamisha yangi gap aytish mumkin bo‘lgan qahramon.
Adabiyotda shunday kamyob timsollar bo‘ladi: Gamlet, Antigona, Medeya, Iskandar, Pechorin, Vanya tog‘a va hatto “revizor” — Xlestakov!.. Bular qatoriga hech ikkilanmasdan Otabek va Ra’noni ham kiritish mumkin. Bu obrazlar orqali san’atkor o‘z davri va jamiyatining dardlariga tashxis qo‘ya oladi. Yangi talqinlar evaziga asar zamonaviylashib boraveradi. Shu ma’noda Ra’no ham o‘zining nozik yelkasiga zamonlar yukini, insonlar dardu iztiroblarini ko‘tara oladigan obraz. O‘ylashimcha, Ra’no xarakterining ruhiy qirralari, botiniy tug‘yonlari na ekranda, na sahnada o‘zining to‘laqonli badiiy ifodasini yetarli darajada topa olgani yo‘q.
Mavzuning o‘zani o‘z-o‘zidan san’atga qarab burilyapti. Nachora? Mayli, bir zum jurnalistlardan ko‘zimizni yumib turaylik... Barchaga ma’lumki, bugun taniqli san’atkorlarning matbuotda esdaliklari chop etilishi bilan birga avtobiografik kitoblari ham nashr etib borilyapti. Kunora radio-televidenieda ularning fikrini eshitishingga to‘g‘ri keladi. Albatta, bundan xursand bo‘lasan... Ijod dunyosining sir-sinoatlari bilan bevosita tanishishdan yuraging hapriqadi... Umri san’atning olovli yo‘llarida o‘tgan insonga umid bilan tikilgancha, uning “shonli yo‘l”laridan fikrlar yolqinini izlaysan... izlayverasan... Lekin ko‘ngling satrlar orasidan sizib chiqayotgan rangsiz, xira tuyg‘ulardan allanechuk bo‘lib ketadi. Harqancha urinma, o‘zing kutayotgan iqrorga yuzma-yuz kelmaysan. Aksincha “Men uni choyga taklif qildim, u bormadi. Meni ko‘rolmaydi”, “Falonchi mening asarim haqida bunday dedi, uning o‘zi kim bo‘lipti. Vaqtida unday qilgan va h.k. ” yoki “U mehmondo‘st, pazanda, hotamtoy, saxovatpesha inson edi, dilbar bir shaxs edi” qabilidagi “ayollar diydiyo”si va yoxud ohorsiz tasannolarga yana bir bor duch kelasan. Shu o‘rinda yodimga tushdi. Bir ish yuzasidan Abdulla Qahhor haqidagi xotiralarni bir boshdan o‘qib chiqishimga to‘g‘ri kelgan. Shunda undagi bitiklarni o‘qib, yozuvchining gapga chechanligiyu Kibriyoxonimning pazandaligidan bo‘lak yorqin taassurot qolmagan tasavvurimda. Xullas, sizga hozir shu yo‘nalishdagi kitoblar orasida “Mana bu xotiralar, kechinmalar ruhingizga quvvat bo‘ladi” deb aytishga arziguliklari nihoyatda kam.
... Siz kim uchun yozasiz? Kino haqidagi tanqidiy fikrlaringiz asosan kimga qaratilgan? Kinochilargami? Yozganingizga qaraganda, shunday. Lekin bu tarzdagi mushohadalar bilan ularga fikrimizni uqtirolmaymiz. Chunki, kino va televidenie rejissurasi bo‘yicha san’at institutini tamomlagan mutaxassis, garchi, o‘zi ijod borasida Fellinining yaqiniga borolmasa-da, biroq rejissyor qaysi mavzuda, nima haqida filmlar olgani to‘g‘risida hech qursa umumiy tasavvurga ega. Axir, o‘zingiz ham Abdulla Qodiriy ijodidan bexabar filolog yoki jurnalistni topolmaysiz-ku!
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 44-sonidan olindi.