Istiqlol yillarida Shayx Fariduddin Attor hayoti va ijodini o‘rganish, adabiy merosini tarjima qilib, nashr etishda kashfiyot davri boshlandi, deyish mumkin. N.Komilov, J.Kamol, M.Kenjabek, E.Ochilov, I.Haqqul, H.Homidiy, M.Mahmud, I.Ostonaqulov, M.Hasaniy, H.Aminov, A.Hasaniy, A.Madraimov kabi adib, olim va tarjimonlar bu borada bir qator diqqatga sazovor tadqiqot va kitoblarni e’lon qildilar.
Professor N.Komilov Shayx Attorning «Ilohiynoma» asarining bir qismi hamda «Mantiq ut-tayr»dan Shayx San’on haqidagi qissasi va bir necha hikoyatlarining nasriy tarjimalarini chop ettirdi. Shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Shayx Attorning eng mashhur mansur (nasriy) asari, avliyolarning tarjimai hollaridan bahs yurituvchi «Tazkirat ul-avliyo» asarini Shayx Muhammad Zohid Qo‘tqu turkchasidan o‘zbekchalashtirdi.
O‘tgan yilning oxirida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Attorning nasrda bitilgan “Tazkirat ul-avliyo” asarini taniqli sharqshunos olimlarimiz M.Hasaniy, H.Aminov, A.Hasaniy, A.Madraimov tomonidan bevosita asliyatdan qilingan tarjimasini chop etdi. Kitobdan o‘rin olgan tarixiy lavhalar juda jonli va ta’sirchanligi bilan asarni yuksak badiiy ijod namunasi darajasiga ko‘targan. Ushbu kitob tarixiy manbadan ko‘ra badiiy asar sifatida qimmatli hamda tasavvuf tarixi va nazariyasi, amaliyotini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.
O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tomonidan Fariduddin Attorning 6ta – «Mantiq ut-tayr», «Ilohiynoma», «Asrornoma», «Pandnoma», «Bulbulnoma» va «Ushturnoma» dostonlari tarjima qilinib, nashr etilishi adabiy-ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, asrlar davomida Shayx Attorning asarlari ta’rifini eshitib kelgan o‘zbek o‘quvchilari nihoyat ona tillarida o‘qib, buyuk ma’naviyat ummonidan bahramand bo‘lish baxtiga erishdilar.
So‘nggi yillarda Sharq adabiyotining muazzam siymolarining purhikmat merosi namunalari bilan o‘quvchilar ommasi ehtiyojini qondirish yo‘lida adabiyotshunos olim va tarjimon Ergash Ochilovning sa’y-harakatlari ham diqqatga sazovordir. Yaqinda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi u yozgan so‘zboshi bilan “Tafakkur tuhfalari” turkumida Fariduddin Attorning “Hikmatlar” kitobini chop etdi.
Ushbu kitob mutafakkir shoirning diniy va tasavvufiy qarashlarini o‘zida ifodalagan, keng bilim va hayotiy tajribalari bilan to‘yingan, badiiy yuksak, ixcham, jarangdor, timsolu tashbehlarga yo‘g‘rilgan go‘zal va teran hikmatlari didi baland o‘zbek o‘quvchilariga katta tuhfa bo‘ldi.
Shayx Fariduddin Attorning teran mazmunli fikrlari, pand-nasihatlari, falsafiy mulohazalarini o‘zida aks ettirgan hikmatli so‘zlar kitobiga tartib berishda Ergash Ochilov «Mantiq ut-tayr», «Ilohiynoma» va «Asrornoma» asarlarining Jamol Kamol tarjimasidan hamda «Pandnoma», «Bulbulnoma» va «Ushturnoma» dostonlaridan foydalangan.
Fariduddin Attor hikmatlari insonni Haq va haqiqatga undaydi, uning komillik sharafini ulug‘laydi:
Mard bo‘lib qoqsang, eshik ochilgusi,Istasang, yo‘l senga ravshan bo‘lgusi.* * *Yaxshilikka yaxshilik eltgay, xolos,Yaxshilik birlan kishi topgay xalos.* * *Kimda bo‘lsa himmati oliy agar,Kiritar qo‘lga u har neki tilar.Jahon so‘z san’atining zabardast namoyandalaridan bo‘lgan Shayx Fariduddin Attor hikmatlari «Alloh – Olam – Odam» munosabatlari bilan bog‘liq deyarli barcha mavzulardagi keng ko‘lamli va rang-barang qirrali beqiyos tafakkur durdonalaridir. Ayni jihatdan Shayx Attor xikmatlarini «Tafakkur ummoni, Hikmat qomusi, Hayot darsligi, Ma’naviyat xazinasi, Nasihatnoma, Zakovat bo‘stoni, Javohirlar sandig‘i» kabi ko‘pdan-ko‘p nomlar bilan ta’riflash mumkin. Zero, tafakkur ummoniga sho‘ng‘igan, bu qomusni varaqlagan, bu darslikni mutolaa qilgan, bu xazinaga kirgan, bu pandnomadan bahra olgan, bu bo‘stonni oralagan, bu sandiqni ochgan kishi o‘ziga kerakli ma’naviy gavharni qo‘lga kiritmay qo‘ymaydi”, deb yozadi nashrga tayyorlovchi E.Ochilov so‘zboshida.
Attor hikmatlari butun dunyoda mashhur. Ul mavlono hikmatlari insonlarni ixlos-iymonga, tavhid-tavakkulga undaydi, ma’naviy-ruhiy poklik, ma’rifiy kamolot yo‘lida xizmat qiladi. Ishonchimiz komilki, Shayx Attor hikmatnomasini o‘qib, zamon ahlining qalbi va ma’naviy dunyosi nurlangay, yorishgay.
“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi “Tafakkur tuhfalari” turkumida yana Sharq mumtoz adiblari: Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Jaloliddin Rumiy, Sa’diy Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Abdurahmon Jomiy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Rizo Ogahiy, So‘fi Olloyor, Ahmad Yugnakiy, Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Kaykovus hikmatlarini jamlagan kitoblarni o‘n bosma taboqda, muxtasar hajmda hamda yuqori badiiy sifatda ikki ming nusxadan chop etishni rejalashtirgan. Haqiqatan ham, Sharq so‘z san’atining tamal toshi hikmat bilan qo‘yilgan: pandu nasihat, teran ma’noli hikmatli so‘zlar bu adabiyotning asosiy xususiyati ekanligi bejiz emas. Hikmatli so‘zdan xoli asar va devonni topish deyarli mumkin emas. Shu bois Sharq adabiyotida pandu hikmat nihoyatda katta o‘rin tutgan.
Akmal Saidov,
professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 14-sonidan olindi.