OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olimjon Davlatov. Alisher Navoiy va Amir Temur

O‘rta asrlarda Sharqda ikkinchi Renessans jarayonini boshlab bergan temuriylar davlatidagi millat ma’naviyati bog‘ining eng gullagan davri aynan Sulton Husayn Boyqaro va amir Alisher Navoiy zamoniga to‘g‘ri keladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Mirzo Bobur qayd etganidek, “Sulton Husayn mirzoning zamoni ajab zamone edi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiri shahri mamlu edi. Har kishiningkim bir ishga mashg‘ullug‘i bor edi, himmati va g‘arazi ul edikim, ul ishni kamolg‘a tegurgay”. Xuroson o‘lkasi, ayniqsa, Hirot shahrining fozil kishilar shahriga aylanishi, Mir Alisher Navoiydek so‘z mulkining sohibqironi “kamol olami ahlining akmali” (Ahliy Sheroziyning ­Navoiyga nisbatan qo‘llagan ta’rifi) bo‘lishining ijtimoiy-ma’naviy asoslari buyuk sohibqiron Amir Temur zamonida qo‘yilgandi. Buni, ayniqsa, hazrat Navoiy teran anglagan va asarlarda o‘z munosabatini bayon etgan.

Amir Temurning nomi Navoiyning besh asarining sakkiz joyida ehtirom bilan tilga olingan. “Hayrat ul-abror”da “To‘rt ulus xoni Temur Ko‘ragon”, “jahon xoni Temur Ko‘ragon”, “Farhod va Shirin ” dostonida “Temurxon”, ­“Muhokamat ul-lug‘atayn”da “Sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon”, “Munshaot” hamda “Nasoyim ul-muhabbat”da turk avliyolardan Xoja Boyazid va Bobo Sungu zikridagi boblarda “Temurbek” nomlari bilan eslangan.

Navoiy asarlarida Amir Temur nomi zikr etilgan holatlarni o‘z mohiyat-muddaosiga ko‘ra quyidagicha tasnif etish mumkin:

1.Muayyan ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-didaktik masalalarning talqini jarayonida Amir Temurni misol keltirish;

2.Amir Temur bilan bog‘liq rivoyatsimon hikoyatlar;

3.Amir Temur hayotidan tarixiy lavhalar;

4.Turk mashoyixining Amir Temur bilan bog‘liq kechgan karomatlari.

Navoiy ikki joyda Amir Temur nomini ­mashhur hukmdorlar qatorida qayd etib o‘tadi. “Hayrat ul-abror”ning 48-bobida olamning baqosizligi, umrning o‘tkinchiligi, olam ­barcha uchun sinov maydoni ekanligi haqida kutilmagan tashbehlar, favqulodda istioralar bilan so‘z yuritadi.

Shuningdek, “Majolis un-nafois”tazkirasining temuriy hukmdorlar ijodiga ­bag‘ishlangan yettinchi majlisi Amir Temur haqidagi fiqra bilan boshlanadi. Navoiy Amir Temurga “muluk shajarlarining bo‘stoni va salotin gavharlarining ummoni, ­xoqoni jahongiri sohibqiron, ya’ni Temur Ko‘ragon”, deya ta’rif berib, bu tavsiflari ­orqali uning buyuk sulolaga asos solganligi, temuriy shahzodalar, ayniqsa, ­Sulton Husayn ­Boyqaroning yaxshi fazilatlari, ­jumladan, she’riyatda tab’i nozikligi “jaddi ­buzurgvor”laridan meros ekanligini ­ta’kidlab o‘tadi.

She’rni tushunish zavqi, tab’i noziklik, o‘z vaqtida jo‘yali so‘z topa olish salohiyati she’r yoza olishlikdan-da ustun fazilat ekanligi ­Sohibqiron hayotidan keltirilgan lavha ­orqali yanada ta’sirchanroq ifoda etilgan. “Farhod va Shirin” dostonida esa shahzoda Abulfavoris nasihatiga bag‘ishlangan bobda shahzodani ilm o‘rganishga da’vat etib, donishmand podshohning timsoli bo‘lmish Mirzo ­Ulug‘bekning ilmu fanga bo‘lgan kuchli ­ishtiyoqiga asl sabab – Temurxon avlodidan bo‘lganligini nozik ishora qilib o‘tgan:

Temurxon naslidin Sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek...
Rasadkim bog‘lamish — zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu nav’ ilmi osmoniy
Ki, andin yozdi «Ziji Ko‘ragoniy».
Qiyomatg‘a degincha ahli ayyom,
Yozarlar oning ahkomidin ahkom.

Amir Temur hayotiga bog‘liq yana bir lavha “Hayrat ul-abror”ning 38-bobida o‘zining manzum ifodasini topgan. Vafo haqidagi maqolatdan keyingi hikoyat quyidagi baytlar bilan boshlanadi:

Andoq eshittimki, shahi komron
To‘rt ulus xoni Temur Ko‘ragon.

Ushbu hikoyat Amir Temurning Hindistonga qilgan yurishi haqida. Hindlarning qattiq qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, fotih jahongirga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lib, “Charx aduv qalbiga soldi shikast”. Jang maydonida “ikki bechora yor” Temurning sipohiga duch keladi. Askarlarning biri shohning amrini ado etish uchun ular tomon ot soladi. Ikki do‘st bir-birining ustiga o‘zini tashlab, mening boshimni kes, do‘stimni omon qoldir, deb yolvoradi. Qotil har ikkisining ham boshini kesmoqchi bo‘lganida, do‘stlar boshini tig‘ ostiga tutib, oldin meni o‘ldir, men do‘stimning o‘limini ko‘rishga toqatim yo‘q, deb iltijo qiladi. Shu tariqa, bir muddat o‘tib, to‘satdan “al-omon”(omonlik, kechirim) degan buyruq keladi:

Bir-biriga kechti alar qonidin,
Shoh dag‘i kechti ulus qonidin.

Amir Temurning ismi Navoiyning eng mashhur asarlaridan biri – “Muhokamat ul-lug‘atayn”da ham eslanadi. Unda donishmand shoir arab, fors va turkiy tillarning rivojlanish omillarini milliy davlatchilik masalasiga bog‘lab tushuntirishga harakat qilgan. Jumladan, turkiy tilning shakllanishi va adabiy til sifatida iste’molga kirishini Amir Temur shaxsiyati va faoliyatiga bog‘lab yozadi: “To mulk arab va sort salotinidin turk xonlarg‘a intiqol topti, Huloguxon zamonidin sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon davronig‘acha turk tili bila andoq shoir paydo bo‘lmadikim, ta’rif qilg‘ucha asar zohir bo‘lmish bo‘lg‘ay. Va salotindin ham andoq nima manqul emaski, birov qoshida aytsa bo‘lg‘ay. Ammo Sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon zamonidin farzandi xalafi Shohrux sultonning zamonining oxirigacha turk tili bilan shuaro paydo bo‘ldilar”. Navoiy bu bilan millatning madaniyati va ma’naviy olamining rivoji uchun o‘z davlatchiligiga ega bo‘lishi, ayni paytda, har bir millat o‘z davlatchiligini saqlab qolishi uchun o‘z tafakkur olamini saqlashiga, ma’naviy olamning asoslaridan bo‘lmish til va adabiyotini rivojlantirish uchun qayg‘urishi lozimligi, bu borada Amir Temur va uning avlodi o‘rnak bo‘lishini ta’kidlagan. Ushbu ma’noni boshqa bir joyda shunday nazm qilgan:

Dahr aro turk shohi foyiqdur,
El aro turk lafzi loyiqdur.

Navoiy ona tiliga g‘amxo‘rlik qilish davlat olib boradigan siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi lozimligi, ona tiliga muhabbat umummilliy ishtiyoqqa aylanishi barcha davru zamonlarda hayotiy zarurat ekanligini jondan his etib, bu muhim masalaga o‘zbek davlatchiligi tarixida birinchilardan bo‘lib Amir Temur va uning muhtasham sulolasi e’tibor qaratganini iftixor bilan e’tirof etgan hamda yosh temuriyzodalarni bunday xayrli ishlarning sobitqadam davomchisi bo‘lishga da’vat etgan. Umuman, Navoiy yosh temuriy shohzodalarni doimo Sulton Husayn Boyqaro va Amir Temurdan o‘rnak olishga chorlagan. Jumladan, marhum ustozimiz Najmiddin Komilov “davlat boshqaruvining dasturi” deya baholagan valiahd Badiuzzamonga yuborilgan mashhur maktubda yosh shahzoda yo‘l qo‘ygan kamchiliklardan biri sifatida quyidagi dalilni keltiradi: “Mirzoga (Husayn Boyqaro nazarda tutilmoqda – O.D.) Temurbek to‘rtunchi nasabdur. Mirzo xutbada bekning otig‘a sharif ruhig‘a masjidi jome’da har odina kuni duo qildururlar. Bu ishta Mirzog‘a ham duodin o‘zga ne kelgay. Siz nishoningiz tug‘rosidin Mirzoning muborak otin chiqorursiz. Kerak Iroqdin Makka, balki Mag‘ribzaming‘acha olsangiz bu voqea bo‘lmas erdi”. Navoiy aqidasi bo‘yicha, qaysiki hukmdor Amir Temurdek zotlarni duo bilan yod etsa (ya’niki, ehtiromini bajo keltirsa), o‘zining ham obro‘-e’tibori yuksalib boraveradi. Aksincha, ulug‘ ajdodlariga bepisand munosabatda bo‘lgan, tarixdan to‘g‘ri saboq chiqarmagan, o‘zini mutlaq hukmdor deb tasavvur etgan davlat rahbarlari saltanatining asosi mo‘rt bo‘lib, tanazzul topishi muqarrar.

Amir Temur shaxsiga yuksak ehtirom, unga favqulodda xislatlarni nisbat berish, aziz avliyolar darajasida e’zozlash xalqimiz orasida asriy an’ana edi. Jumladan, Go‘ri Mir oldidan otliqlar buyuk sohibqironga ehtirom yuzasidan otdan tushib, yayov o‘tishlari tarixiy manbalarda qayd etilgan. Bu – shunchaki xurofot yoki qo‘rquvdan hosil bo‘lgan soxta hurmat emas, balki samimiyat va muhabbatga asoslangan ehtirom ifodasi, Temuriylar davlati qilich bilan emas, pokiza zotlarning sidqidildan qilgan duolari barakotidan, oddiy xalqning ishonch-sadoqati tufayli barpo bo‘lganining namunasi ham edi. Sababi, Amir Temur qaerga borsa, eng avvalo, ilm va ma’rifat ahlining ehtiromini bajo keltirishga intilardi, soxta olimlar va riyokor shayxlarni o‘ziga yaqinlashtirmasdi. Uning imonli kishini munofiqdan ajrata olishga qodir, faqat haqiqiy hukmdorlarga xos bo‘lgan farosati haqida turli tarixiy voqealar, rivoyat va naqllar mavjud. Ana shunday hikoyatlardan ikkitasi “Nasoyim ul-muhabbat” asarida turk shayxlari zikrida zimnan bayon etilgan...

Amir Temurning chin so‘fiylar, Haq yo‘lidagi eranlarga munosabati marhamat va ixlosga yo‘g‘rilgan bo‘lsa, soxtakor mullolar, “Shayton valiylari”ga (Hujviriy ta’biri) shafqatsiz va qattiqqo‘l bo‘lgan. Jumladan, o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan Fazlulloh Naimiy – hurufiylik ta’limoti asoschisini hamma joyda ta’qib qilib, oqibatda uning ko‘rsatmasi bilan o‘g‘li – Mironshoh tomonidan qatl ettirilishi Amir ­Temurning din va mazhab sofligidagi kurashchanligi, qat’iyatliligini ko‘rsatadi.

Navoiy nazarida Amir Temur – buyuk saltanat asoschisi, nomi afsonalarga yo‘g‘rilgan o‘tmish podshohlari bilan bo‘ylasha oladigan hukmdor. Uning davlatchilik bobida qilgan ishlari, asos solgan qudratli davlati Kayumars, Jamshid, Faridun, Doro, Iskandar, Chingizxondek olamni o‘z zabtiga olgan sultonlar shavkatidan zarracha kam emas. Amir Temur qahri qattiq shoh bo‘lish bilan birga, kechirimlilik va bag‘rikenglik uning tug‘ma fazilatlaridan bo‘lgan.

O‘zbek tilining adabiy til maqomiga ko‘tarilishi, arab va fors tillari kabi musulmon Sharqi olamida ilm va adab tili sifatida tan olingan tillar bilan bellasha olish salohiyatiga ega bo‘lishi Amir Temur asos solgan davlat olib borgan siyosat tufayli amalga oshdi. Navoiy birinchilardan bo‘lib, temuriylarning o‘zbek xalqi madaniyati rivojiga qo‘shgan ushbu tarixiy xizmatlarini ilg‘agan va ilmiy jihatdan asoslab bergan.

Amir Temur she’r yozishga rag‘bat bildirmagan bo‘lsa hamki, she’rni nozik tushungan va badiiy so‘z qadriga yetgan. U hamisha, hamma yerda ilm-fan va adabiyotning homiysi sifatida ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlagan hamda kerakli paytda she’riyat durdonalaridan nuktadonlik bilan istifoda etgan. Bu esa, temuriy hukmdorlarning tabiatidagi ma’rifatparvarlik, adabiyotsevarlik aynan ulug‘ ajdodlaridan meros bo‘lib o‘tgan fazilat ekanligiga guvohlik beradi.

Buyuk sohibqironning jahongirligiga muhim omil bo‘lgan fazilatlardan yana biri – Xudoning aziz bandalari ko‘nglini ovlash, ularning izzatini joyiga qo‘yishi, shohning qudrati – uning son-sanoqsiz jangchilarida emas, balki shod bo‘lgan siniq ko‘ngillarning duosi barakotidan ekanligini jondan his etishi va bunga izchillik bilan amal qilishida bo‘lgan. Ana shunday hayotiy haqiqatlarni hazrat Navoiy Amir Temur nomi bilan bog‘lab tushuntirarkan, o‘z zamondoshlari va kelajak avlod uchun ibratli o‘git, insonlarning baxt-saodati uchun kurashadigan, ayniqsa, millat va mamlakat taraqqiyotiga mutasaddi shaxslarga dasturilamal bo‘lishini ko‘zlagan va niyatiga erishgan ham.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 14-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.