OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akmal Saidov. Daho san’atkor

Jahon adbiyotining buyuk namoyandasi Vilyam Shekspirning o‘nlab asarlari o‘zbek kitobxonlariga Abdulhamid Cho‘lpon va Maqsud Shayxzoda, G‘afur G‘ulom va Komil Yashin, Turob To‘la va Ramz Bobojon, Uyg‘un va Jamol Kamol, Qodir Mirmuhamedov va Sa’dulla Ahmad tarjimalarida taqdim etilgan.

Darhaqiqat, buyuk adiblarning shoh asarlariga turli davrlarda tarjimonlarning qo‘l urishi jahon adabiyotida tez-tez kuzatiladigan ijodiy jarayon.

Chindan ham, G‘arb adiblari orasida asarlari xalqimiz qalbidan Shekspir asarlarichalik joy olgani kam topiladi. Uning asarlari falsafasi va ruhiyati, ma’naviy dunyosi va adabiy qadriyatlari zehniyatimiz va milliy shuurimizga shu qadar yaqin va undoshdir. Shekspir asarlarini o‘qigan kitobxonni qismati ilohiyning qaltis o‘yinlari va inson hayotining turfa manzaralari hayratga soladi. O‘quvchi sevgi va muhabbat ham, mansab va martaba ham, bir so‘z bilan aytganda, bu dunyoda umr deb ataluvchi qisqa muddat odamzod uchun g‘oyat mashaqqatli bir sinov, nozik imtihon ekaniga yana bir karra ishonch xosil qiladi.

Vilyam Shekspir — Angliyaning umuminsoniy ahamiyatga molik buyuk dramaturgi. Mutafakkir va shoir sifatida u turli xalqlar va zamonlarning boshqa daho yozuvchilari bilan bir qatorda kishilar qalbi to‘ridan joy olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu boisdan biz bugungi kunda Shekspir nomini tilga olganda inson aql-zakovatining kuch-qudratini, bu qudratning avloddan avlodga o‘tishini, baynalmilal tabiatini his qilamiz. Adabiyotning jamiyatdagi oliy missiyasini Shekspir nomi bilan bevosita bog‘lash o‘rinlidir.

Albatta, bu adib to‘g‘risida yangi gap aytish nihoyatda mushkul, chunki jahon adabiyotshunosligida butun bir yo‘nalish — shekspirshunoslik sohasi shakllangan. Shu sababli, oddiy kitobxon va dramaturgning o‘lmas asarlari tomoshabini sifatida ayrim fikrlarni bildirishga jur’at qilamiz, xolos.

Ba’zan, axir, Shekspir zamonida uning vatandoshlari orasida ham, boshqa mamlakatlarda ham mashhur yozuvchi va shoirlar bo‘lgan-ku, deb o‘ylab qolasan. Biroq faqat Shekspir va Servantes asarlariga, necha yuz yildan keyin, bizning kunlarimizgacha faol va yaratuvchi ta’sir kuchini yo‘qotmasdan yetib kelish nasib qilgan. Buning boisi nimada?

Hozirgi zamon jahon adabiyotining mumtoz so‘z san’atkori Ch.Aytmatov obrazli qilib aytganidek, agar Shekspir va uning hamkasblarini o‘z karvonini kelajak sari yeldirib borayotgan sarbonlar, deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, Shekspirni eng umrboqiy sarbon, deyishimiz mumkin. Uning yo‘ldoshlari allaqachonlar tarix so‘qmoqlarida qolib ketdi. Ayrimlari yo‘qlikka ravona bo‘ldilar, boshqalari karvonidagi mollari qadrsizlangani bois unutildilar, ba’zilari inqilob bo‘ronlariga duch kelib, davr g‘oyalari, ijtimoiy asoslar ularni rad etgani bois yuklaridan ayrildilar. Va faqat Shekspirning ijod merosi karvoni vaqt to‘zonlarini yengib, badiiy so‘zning asl ma’nosida davlatlar sarhadlarini, tog‘lar va sahrolarni, dengiz va daryolarni oshib o‘tib, butun jahon bo‘ylab kezmoqda, tobora ko‘proh xalqlar Shekspir karvoni ne’matlaridan bahramand bo‘lmoqda. Bu karvon ilgarilab borgani sayin sayyoramiz xalqlarining Shekspir bilan muloqotlari yanada kengayib bormoqda, Shekspir dunyoning barcha tillari va lahjalarida yashamoqda.

Shekspir merosining hayotiyligi kuchi nimada va XXI asr odamlarini u nimasi bilan o‘ziga rom qiladi? Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, Shekspir so‘z san’atkori va mutafakkir sifatida bir vaqtning o‘zida ham oddiy va ham buyukdir. Balki shu jihati bilan u biz uchun sevimlidir. Fikrimizcha, uning asarlari bizni aslo eski zamonlarning ekzotikasi, va, albatta, saroylar va qirollar tarixi tufayli o‘ziga jalb etmaydi. Shekspir adabiy merosining barhayotligi siri shundaki, adib inson hayotining eng tub, odatiy va abadiy muammolarini, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini hayratga solarli badiiy obrazlarda ifodalagan, abadiy mavzularning eng hayajonli, “arximedona nuqtalari”ni topishga musharraf bo‘lgan. Bil’aks adabiyotning mavzusi insondir.

Haqiqiy inson qanday bo‘lishi kerak, uning oliy matlabi, hayotining mazmuni nimadan iborat — bu Shekspirni to‘lqinlantirgan va hozirgi zamon kishilarini ham o‘ylantirayotgan oddiy, ammo doimiy muammolardir. Shekspir turmushning ushbu tarixiy va hayotiy savollariga javob berarkan, asarlarida ulkan badiiy-falsafiy umumlashmalar chiqarganki, adibning hukm-xulosalari qahramonlarining his-hayajonlari, hayotiy maslak va muddaolariga aylangan.

Aslida oddiy, biroq abadiy jumboqlarga diqqatni tortarkan, dramaturg yomonlik va makr-hiyla, pastkashlik va hokimiyatparastlik hamda bedodlikning shafqatsiz fosh etuvchisi sifatida namoyon bo‘ladi. U o‘z qahramonlari timsolida tafakkur va ruh erkinligini kuylagan, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi murosasiz kurashni aks ettirgan, adolatni yoqlovchilarni, vijdoniga qarshi bormaydigan oliy fazilatli insonlarni yuksaklikka ko‘targan, olijanob xatti-harakatlari, vijdon tozaligi, sevgida, maqsad va niyatlarida sof qalbli odamlarni sharaflagan. Uning aksariyat qahramonlari yovuzlikning qora kuchlari bilan olishuvlarda fojiali halok bo‘lishlariga qaramay (aytmoqchi, uning realizmi va tarixiyligining haqqoniyligi qisman mana shunda) buni hayotbaxsh fojia, nurning zulmat, yangilikning eskilik ustidan ma’naviy g‘alabasi sifatida idrok etamiz.

Uyg‘onish davrining buyuk so‘z ustasi sifatida Shekspirning dohiyona realistik mahoratidan hayratga tushish, u yaratgan insoniy fazilatlarga ega qahramonlarning hayotiy bus-butunligiga tahsin o‘qish mumkin, xolos. Uning qahramonlari siyratida qarama-qarshiliklarning murakkab kurashi kechadi, shubha va rashk, muhabbat va nafrat tuyg‘ulari, jamiyat oldidagi burchi va o‘zining shaxsiy taqdiri to‘g‘risidagi o‘y-xayollar charx uradi.

Bugungi kunda zamonaviy mavzuda qalam tebratayotgan yozuvchilar uchun ba’zan mana shunday shekspirona badiiy teranlik, hayot hodisalarini keng qamrab olish salohiyati yetishmayotgandek. Globallashuv sharoitida, XXI asrda insonning ma’naviy yangilanishi, og‘ir kechayotgan jarayonlar bilan tavsiflanadigan ziddiyatli voqealarga boyligini ta’kidlash zarur. Bu borada, nazarimizda, yozuvchilar jamiyat oldida qarzdor bo‘lib qolmoqdalar. Shu munosabat bilan badiiy mahoratni ko‘proq Shekspirdan o‘rganish zarurga o‘xshaydi. Birinchi navbatda, ijobiy qahramon, insoniylik va maqsadga intilishni tasvirlovchi buyuk san’atkor bo‘lganligi uchun ham undan o‘rganish lozim. Uning ijod namunalaridan qay birini ko‘zdan kechirmaylik yorqin, qalbi butun, his-hayajonli qahramonlarni ko‘ramiz. Aynan ortida Shekspirdek dramaturg “men”i turgan ijobiy qahramonlar muallif ideali va muhabbatining timsoli ekanligini ham qayd etish zarur. Kuchli ehtiroslar olovidan alanga ichida qolgan, yovuzlikka bo‘yin egmagan, o‘z vijdoniga qarshi bormagan, yaramasliklar va qora illatlarga qarshi ochiq kurashga otlangan bunday ajoyib qahramonlar biz uchun bugungi kunda ham g‘oyatda qadrli va sevimlidir. Hamlet, Otello, Qirol Lir Romeo va Juletta yoki boshqa bir adabiy qahramon bo‘ladimi, o‘sha davrdagi hayot sharoitlari ortida ularning inson sifatidagi mohiyatini aniq ko‘ramiz, bamisoli zamondoshimizdek ularning quvonch va qayg‘ulariga sherik bo‘lamiz.

Shekspirning ijobiy qahramonlari timsolida biz nihoyatda mushkul vaziyatdagi inson qalbining behad buyukligini kuzatamiz. Chunonchi, saroy fitnalaridan zada bo‘lgan Hamletning aql-zakovati va chinakam qahramonga xos shijoati, navqiron Romeo va Julettaning sof muhabbat tuyg‘ulari hanuz tiniqligi, xuddi kechagina yuz bergan hodisalar kabi qalblarimizga iztirob soladi, samimiylikning yuksak namunalaridan saboq beradi. So‘zsiz, Shekspir zamonidan beri sayyoramizda ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. Biroq adabiyotning mohiyati va vazifasi, ya’ni xalq manfaatlariga xizmat qilishi, inson hayotini realistik tasvirlashi o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgani yo‘q.

Darhaqiqat, hozirgi davrimizning dolg‘alariga diqqat bilan quloq solsak, Shekspirning adabiy merosi karvoni kelajakka tomon o‘z yo‘lini davom ettirayotganini ko‘ramiz. Inson vijdoni, sofligi va ulug‘ligini o‘zida tashiyotgan bu buyuk karvonning zamonlar osha dunyo bo‘ylab kezishi nihoya topgani yo‘q. Zotan, XX asrda Shekspir karvoni bizgacha yetib kelganligini faxru g‘urur bilan ta’kidlash joiz. Qolaversa, Vilyam Shekspir badiiy ijodi, jahon adabiyotning uzviy bir qismi o‘laroq, barcha ellar va elatlar madaniyatiga, ma’naviyatiga daxldordir. Zero, jahonda Shekspir asarlari namoyish etilmagan teatr topilmasa kerak.

O‘zbek milliy teatri shakllangan ilk kunlardan boshlab Shekspir asarlari sahnalarimizda ona tilimizda jarangladi va biz umuminsoniy madaniy merosga bo‘lgan chanqog‘imizni qondirish uchun uning san’at bulog‘idan bahramand bo‘ldik. O‘zbek teatr san’atida o‘chmas iz qoldirgan atoqli rejissyor Mannon Uyg‘ur 1935 yildayoq Abdulhamid Cho‘lpon tarjimasidagi “Hamlet”ni, keyinroq “Otello”ni sahnalashtirgan. Hozir O‘zbekistondagi teatrlarda uning ko‘plab dramalari, tragediyalari va komediyalari, asarlari syujetlariga yozilgan opera va balet spektakllari namoyish qilinmoqda. O‘zbekistonda Shekspir qahramonlari rollarini yuksak mahorat bilan ijro etgan ulkan teatr darg‘alarining butun bir avlodi yetishib chiqdi. Ulardan Abror Hidoyatov, Shukur Burxonov, Olim Xo‘jaev, Sora Eshonto‘raeva, Nabi Rahimov nomlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

XXI asrda ham Shekspir ijodi timsolida insonning hayot tajribasi avloddan avlodga o‘tishini, umuminsoniy madaniyat bardavomligini, go‘zallik tushunchasi barqarorligini ko‘rish mumkin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 3-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.